Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Aprel, 2025   |   30 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:25
Peshin
12:26
Asr
17:14
Shom
19:20
Xufton
20:42
Bismillah
28 Aprel, 2025, 30 Shavvol, 1446

Faqirlikdan emas, boylik to'plashingizdan qo'rqaman

16.12.2022   4358   2 min.
Faqirlikdan emas, boylik to'plashingizdan qo'rqaman

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men sizlar uchun faqirlikdan qo'rqmayman, lekin takosur (ya'ni mol-dunyoni to'plashda musobaqalashingiz)dan qo'rqaman. Men (bexosdan) xato qilishingizdan qo'rqmayman, ammo gunohni atayin sodir etishingizdan qo'rqaman”, dedilar (Imom Ahmad, Bazzor, Hokim rivoyati).

Boylik ham, faqirlik ham Alloh taoloning taqdiri bo'lib, barcha insonlar bu ikkisidan biri bilan sinovdan o'tadi. Alloh taolo bemorning sabrini, boyning shukrini sinaydi.

“Men sizlar uchun faqirlikdan qo'rqmayman” chunki biror bandaga faqirlik etsa bu – Allohning irodasi, sinovidir. Faqir odamning etgan sinovga sabr qilishdan boshqa iloji yo'q. Ko'ngilxushlik, maishatparastlik kabilarga esa “qo'li kaltalik” qiladi. Imkon qadar ko'proq ibodatlar bilan mashg'ul bo'lishga intiladi.

“lekin takosur (ya'ni mol-dunyoni to'plashda musobaqalashingiz)dan qo'rqaman” – ammo boylik va mol-dunyoning ko'payishi og'ir sinovdir. Boyligi ko'paygan banda kambag'allik vaqtida qilmagan gunoh-ma'siyatlarga qo'l uradi, Robbiga itoatsizlik qilib, ibodatlarni tark eta boshlaydi.

Bugungi kunda qancha insonlar mol-dunyosini ko'paytirish ortidan quvib, jinoyatning har qanday ko'rinishini sodir etmoqda. Hatto, boylik uchun o'z ota-onasi va yaqinlaridan voz kechmoqda. Qavm-qarindosh bir-biriga dushmanga aylanmoqda. Bejizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlarining boylik to'plashga ruju qo'yishidan xavfsiramagan ekanlar. Bu ham payg'ambarlik mo''jizalaridan biridir.

“Men (bexosdan) xato qilishingizdan qo'rqmayman” Mo'min banda imkon qadar Allohning buyruqlarini bajarishga harakat qiladi. Bu borada qancha to'siqlarni engib o'tadi, qiyinchiliklarga bardosh beradi. Ammo banda farishta emas, ba'zi vaqtlarda bilmasdan xato qiladi yoki ayrim narsalarni unutib qo'yadi. Lekin tezda tavba qiladi, Robbiga duo qiladi: “Robbimiz, agar unutsak yoki xato qilsak, (iqobga) tutmagin”.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har bir odam bolasi xato qiluvchidir, xatokorlarning eng yaxshisi tavba qiluvchilardir”, deganlar (Imom Termiziy, Imom Ahmad rivoyati).

“ammo gunohni atayin sodir etishingizdan qo'rqaman” – bilib turib qilingan gunohning azobi juda qattiq bo'ladi. Banda bilmay qilgan gunohini Alloh kechirishi mumkin, faqat O'ziga havola. Ammo gunohga jur'atli bo'lish, qasddan qilish gunohning o'zidan ko'ra ulkan va og'irroq gunohdir. Eng muhimi – banda gunohni bilib yoki bilmay qilsa ham, kimga osiylik qilayotganini unutmasligi lozim!

 

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Xonadoningiz jannatga eltuvchi yo‘l bo‘lishi uchun...

25.04.2025   3773   2 min.
Xonadoningiz jannatga eltuvchi yo‘l bo‘lishi uchun...

Qanday qilib xonadoningiz jannatga eltuvchi yo‘l bo‘lishi mumkin?!

Sotib olayotgan yoki ijaraga olayotgan uyingiz imkon qadar masjidga yaqin joydan bo‘lsin. Azon tovushi sizni namozlarni jamoat bilan o‘qishga, shuningdek, kundalik namozlaringizni vaqtida ado etishga undaydi.

Biron uyni vatan tutishdan avval qo‘shnilarni yaxshilab so‘rab-surishtiring. Agar ular solih kishilar bo‘lsalar, narxi sal qimmatroq bo‘lsa-da, uyni sotib olishga shoshiling. Yomon qo‘shni  turmushingizni izdan chiqarib, hayotingizni zaharlashi mumkin.

Agar hovli-joy qursangiz deraza-oynalaringizni qo‘shnining uyiga ko‘zingiz tushadigan qilib o‘rnatmang. O‘z obro‘ingizni saqlagandek, ularning sha’nlarini ham saqlashga harakat qiling.

Agar iloji bo‘lsa, ayollar va erkaklar uchun alohida eshik qoldiring. Erkak-xotin aralash bo‘lishiga imkon qadar yo‘l qo‘ymang.

Uyingizni baland qilib, qo‘shnilar bilan musobaqalashmang,  bezatishda ham isrofga yo‘l qo‘ymang.

Namoz o‘qiydigan alohida xona ajrating.

Keraksiz buyumlarni ko‘paytirib yubormang. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ehtiyojdan tashqari ko‘rpa-to‘shak, kiyim-kechaklardan ogohlantirib: “Er uchun bir ko‘rpa, ayoliga bitta ko‘rpa va bitta ko‘rpa mehmon uchun. To‘rtinchisi shaytonga”[1], deganlar.

O‘g‘il-qiz farzandlaringizga alohida xona ajrating.

Agar zarurat bo‘lmasa uy jihozlarini almashtiravermang. Bu shariat qoralagan isrofning aynan o‘zidir. Agar uy jihozlaringiz ko‘zingizga xunuk ko‘rinayotgan bo‘lsa, ularning joylarini o‘zgartiring. Bu sizga boshqa ko‘rinish imkonini beradi.

Bittadan ortiq televizor o‘rnatishdan saqlaning. Ayniqsa bolalar xonasiga televizor o‘rnatmang. Chunki bu bilan farzandingiz kun bo‘yi bekorchi narsalarni tomosha qilib o‘tirishga odatlanadi.

Kompyuterni ham hammaga ko‘rinib turadigan ochiq joyga o‘rnating.

Kichikroq bo‘lsa-da,  kitob javoniga, albatta, joy ajrating.

Ahli ayolingiz, o‘g‘il-qizlaringizga mehr-muhabbatli bo‘ling.  Duolaringizda Alloh taolodan oilangizga ikki dunyo saodatini nasib etishini so‘rang.


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Imom Muslim rivoyati.