Saudiya Arabistonidagi etakchi elektron ommaviy axborot vositalaridan biri - “Swift News” elektron nashri sahifasida “O'zbekiston - go'zal tabiat va tarixiy obidalar mamlakati” sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda zamonaviy O'zbekiston o'zining go'zal tabiati va rang-barang tarixiy obidalari bilan butun jahon ahlini hayratga solib kelishi, dunyoni Sharqdan G'arbgacha Buyuk Ipak yo'li bilan bog'laydigan O'zbekiston jo'g'rofiy jihatdan o'ziga xos joylashuvga ega bo'lgani bois muhim sayyohlik maskaniga aylanib qolgani alohida qayd etilgan.
Maqolada O'zbekiston o'zining qadimiy tarixi, madaniyati va ma'naviy merosi bilan dunyoga mashhur bo'lib, u bugungi kunda Ibn Sino, Al-Horazmiy, Al-Buxoriy, At-Termiziy, Al-Horazmiy, Al-Beruniy va Alisher Navoiy kabi mashhur alloma va mutafakkirlar yurti sifatida jahon sayyohlari o'rtasida dong taratganiga alohida e'tibor qaratilgan.
“O'zbekiston hududida turli davr va tsivilizatsiyalarga oid 7 mingdan ortiq yodgorliklar mavjud bo'lganligi bois uni haqli ravishda “Tarix xazinasi”, deb atashadi. Horazmdagi “Ichon-qal'a” majmuasi, Buxoro, Shahrisabz va Samarqand shaharlaridagi tarixiy yodgorliklarning aksariyati YuNESKO Jahon merosi ro'yxatidan joy olgan”, deb yozadi elektron nashr.
Maqolada sayyohlik zavqi tabiiy go'zallik, arxeologik tarix va rang-barang madaniyatlar bilan cheklanib qolmasdan asrlar davomida mavjud bo'lgan va o'zbek xalqining urf-odatlari hisoblangan mehmondo'stlik va taomlarining beqiyos ta'mi bilan ortib borishi alohida qayd etilgan.
“O'zbekiston so'nggi besh yilda tubdan rivojlanib bordi. Turizm sohasidagi davlat siyosatining yangi tamoyillari infratuzilmani jadal rivojlantirishga ko'maklashdi. Eng yangi texnologiyalar asosida o'n bitta xalqaro aeroport barpo etildi va bu O'zbekiston milliy aviakompaniyasiga Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va Amerikaning 50 dan ortiq shaharlariga havo qatnovlarni tashkil etishga yordam berdi.
Yangi O'zbekistonning turizmni rivojlantirish siyosati sayyohlarga xizmat ko'rsatadigan barcha qulayliklarni, xususan, hashamatli mehmonxonalar, zamonaviy transport vositalari, mamlakatning turli joylariga olib boradigan tezyurar poyezdlarni yo'lga qo'yishga turtki berdi. “Afrosiyob” tezyurar poyezdi 2011 yildan boshlab xizmat ko'rsatmoqda. Mamlakatda ekologik va geografik turizm, sog'lomlashtirish va madaniy sayyohlik yo'nalishlarini rivojlantirishga ham katta ahamiyat berilmoqda. Bu mamlakatga sayyohlar oqimining ko'payishiga ijobiy ta'sir ko'rsatayotir. O'zbekistonda 1995 yildan boshlab har yili kuz faslida “Toshkent xalqaro turizmi ko'rgazmasi” o'tkazib kelinmoqda. Ushbu sayyohlik anjumani turizm infratuzilmasining rivojlanishi sohasida faoliyat yurituvchi hamkorlar o'rtasida konstruktiv muloqot olib boriladigan muhim maydonga aylandi”, deb yozadi “Swift News”.
Maqolada O'zbekistonning asosiy va tarixiy shaharlari haqidagi atroflicha ma'lumotlar ham o'quvchilarning e'tiboriga havola qilingan.
Bundan tashqari, “Swift News” elektron nashri sahifasida “O'zbekiston Frantsiyadagi muzeylarda o'z mamlakati merosi va madaniyatiga oid ikkita ko'rgazma tashkil etdi” sarlavhali maqola ham rang-barang suratlar bilan birga e'lon qilindi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Kengaytirilgan ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Kengash a’zolari to‘g‘ridan to‘g‘ri va onlayn tarzda ishtirok etishdi. Dastlab, London qirollik kolleji Arxeologiya bo‘limi ilmiy xodimi, doktor Miliana Radivoyevich Namangan viloyatidagi Axsikent mavzeida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasi bilan tanishtirdi.
Miliana Radivoyevich uzoq yillarda beri mamlakatimizda olib borilayotgan arxeologik tadqiqotlarda faol ishtirok etib keladi.
— Axsikent dunyodagi eng qadimiy metallurgiya markazlaridan biri hisoblanadi. Men o‘zbekistonlik, kiprlik va buyuk britaniyalik hamkorlarimiz bilan birga Axsikentda ilk o‘rta asrlarda metallurgiya yuqori darajada rivojlanganini aniqladik. Jumladan, islom olamining dastlabki davrida tayyorlana boshlagan mashhur Damashq qilichlari ham aynan Axsikentda qazib olingan va qayta ishlangan po‘latdan foydalanganini isbotladik. Nasib etsa, Markazning ochilishi marosimida bu tarixiy voqeani alohida medialoyiha sifatida taqdim etamiz, — dedi u.
ITSM xalqaro aloqalar bo‘limi mutaxassisi Yekaterina Soboleva Kengash a’zolarini O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining tantanali ochilishi marosimi konsepsiyasi bilan tanishtirdi. Unda ushbu marosim doirasidan joy olgan tadbirlar, “O‘tmishning boqiy merosi – buyuk kelajak asosi” mavzusidagi IX kongress kun tartibi, ishtirokchilar ro‘yxati, Imom Buxoriy majmuasining yangi binosi va innovatsion muzeyi singari qator masalalar o‘rin olgan.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov Markazning ochilishi munosabati bilan o‘tkaziladigan Xalqaro ko‘rgazma, xorijdan olib kelinadigan qo‘lyozmalar, eksponatlar haqida ma’lumot berdi. Xorijiy mamlakatlardagi qator muzey va kutubxonalar, shaxsiy kolleksiyalar rahbarlarning ushbu ko‘rgazmasidagi ishtiroki bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilayotganini qayd etdi.
— Biz 25 aprel-2 may kunlari Buyuk Britaniyaning “Sotbis” va “Kristis” auksionlaridan O‘zbekiston madaniy merosiga oid 46 ta lotni saraladik, — dedi Markaz rahbari. — Ayni paytda ularni sotib olish va O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha muzokaralar davom etyapti. Biz bu tarixiy merosni qaytadan qo‘lga kiritayotganimizni jahon ilmiy jamoatchiligiga yetkazishimiz kerak. Shu bois, Buyuk Britaniya va Fransiyada shu masalada xalqaro tadbirlar o‘tkazishni rejalashtiryapmiz.
Kengash a’zolari tomonidan ushbu yirik anjumanlarga tashrif buyuradigan xorijiy mehmonlar ro‘yxati ham taqdim etildi. Kengaytirilgan ilmiy kengash a’zolari tomonidan ushbu xalqaro tadbirlarda ishtirok etadigan o‘zbekistonlik olimlar va ekspertlar ro‘yxati tasdiqlandi.
Kengash davomida, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy xodimi Alisher Egamov O‘zbekistonning turli hududlaridagi muzey fondlaridan Markaz ekspozitsiyasida namoyish qilish uchun to‘plangan tarixiy eksponatlar haqida ma’lumot berdi. Mart-aprel oyida joylarga uyushtirilgan ekspeditsiyalar natijasida 1500 dan ortiq tarixiy eksponatlar aniqlangan. Mamlakatimiz tarixining turli davrlariga mansub bu tarixiy buyumlar orasidan saralanganlari Markazning ochilishi munosabati bilan o‘tadigan xalqaro ko‘rgazmadan joy oladi.
Shuningdek, Markaz ekspozitsiyasi uchun 2-toifali medialoyihalarning ilmiy-amaliy materiallar bazasini yaratish masalasi ham kun tartibiga qo‘yildi. Boshqa bir qator masalalar bo‘yicha Kengash a’zolari o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Kengash uchrashuvida Markaz hamda O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati qo‘shma loyihasi - "O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida" turkumidagi kitob-albomlarning 81-90 jildlarini nashr qilish masalasi ko‘rib chiqildi. Shuningdek, nashrga tayyorlanayotgan yettita sovg‘abop kitob-albom haqida ma’lumot berildi.
Bundan tashqari uchrashuvda Kengash a’zolari Qur’oni karim zalining yangi dizaynini ham tasdiqlashdi.
— Qur’on zali binoning markaziy qismidan o‘rin olgani uchun uning dizayniga alohida e’tibor berilyapti, — dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi boshlig‘i Azimjon G‘afurov. — Biz Kengash a’zolari e’tiboriga Hazrati Usmon Qur’oni joylashtiriladigan ayvon ustida joylashadigan nurli installyatsiyaning ikki xil ko‘rinishini taqdim qildik. Yig‘ilishda eng maqbul variant tanlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizatsiyasi markaziga navbatdagi tashrifi chog‘ida xalqaro hamkorlar, jumladan, dunyoning yetakchi muzeylari, kutubxonalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikni faollashtirish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Markaz binosining ikkinchi qavatini xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari uchun xonalar ajratish, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi uchun alohida yangi bino qurish to‘g‘risidagi qarorning muhim bandlaridan biri bo‘ldi. Qirqqa yaqin asosiy hamkor davlatlar mavjud. Markazning ikkinchi qavatida ularning faoliyati uchun barcha shart-sharoitlar yaratilib, zamon talabi darajasida tashkil etish O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining navbatdagi kengaytirilgan ilmiy kengashi jarayonida alohida ta’kidlandi.