frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Eng baxtli inson fitnadan saqlangan kishidir

11.12.2022   1744   8 min.
Eng baxtli inson fitnadan saqlangan kishidir

Fitnalar paytida ilm va etuk malakaga ega bo'lmagan inson uning domiga tushib qolishi hech gap emas. Ayniqsa, hozirgi kunga kelib arzimas xato tufayli fitnachilarga yordam berishi yoki ularning safiga tushib qolishi ham mumkin. Fitnalarning bo'lishi taqdirda bor ekan, mana shunday fitnalar sodir bo'lgan paytda musulmon kishi qanday yo'l tutmog'i lozim? Qanday qilsa, undan saqlanishi mumkin? Ulamolarning Qur'on, hadis va tarixdagi fitnalar paytida salafi solihlarning fitnalar paytida tutgan yo'llaridan kelib chiqib bidirgan fikrlarini quyida qisqacha bayon qilishga harakat qilamiz.

Qur'on va sunnatni mahkam tutish. Musulmonlarning Qur'on va sunnatni mahkam tutib, qalblarini ulfat qilib,  o'zaro yakdil bo'lishliklari fitnalardan sog'-salomat chiqishning eng to'g'ri va sinalgan yo'lidir. Chunki Alloh taolo O'zining kalomida: “Barchangiz Allohning arqonini mahkam tuting va bo'linib ketmang. Va Allohning sizga bergan ne'matini eslang: bir vaqtlar dushman edingiz, bas, qalblaringizni ulfat qildi. Uning ne'mati ila birodar bo'ldingiz. Olovli jar yoqasida edingiz, undan sizni qutqardi. Shunday qilib, Alloh sizga O'z oyatlarini bayon qiladi. Shoyadki, hidoyat topsangiz”, deb marhamat qilgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Sizning ichingizda ikki narsani qoldirdim. Ikkovlarini mahkam ushlasangiz, zinhor zalolatga ketmassiz. Bular – Allohning Kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Sunnati”, dedilar» (Imom Molik rivoyat qilgan).

Imom Termiziy Irboz ibn Soriya roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallaohu alayhi vasallam bir kun bomdod namozidan so'ng bizga etuk mav'iza qildilar. Undan ko'zlar yoshlandi. Qalblar titradi. Bir kishi: “Albatta, bu vidolashuv mav'izasidek bo'ldi. Yo Rasululloh bizga nimani buyurasiz”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “ Sizlarni Allohga taqvo qilishga, agar qora qul (amir) bo'lsa ham, (uni) eshitib, itoat qilishga buyuraman. Sizlardan kim (mendan keyin) yashasa, ko'p ixtiloflarni ko'radi. Ishlarning yangi paydo bo'lganidan saqlaninglar. Chunki bu zalolatdir. Sizlardan kim shularga etsa, mening sunnatim va to'g'ri yo'ldagi roshid xalifalarimning sunnatini lozim tutsin. Uni oziq tishlaringiz bilan mahkam ushlanglar”, dedilar.

Shar'iy ilmlardan xabardor bo'lish.  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat yaqinlashadi, ilm olinadi, fitnalar zohir bo'ladi, baxillik tarqaladi, haraj ko'payadi, dedilar. Haraj nima. deb so'raldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “o'lim”, dedilar. Boshqa bir hadisda “Ilmning ko'tarilishi, ilmsizlikning ko'payishi qiyomatning alomatlaridandir”, deyilgan.

Chin dildan tavba va istig'for aytish. Nima uchun aynan tavba va istig'for? Chunki inonning boshiga qanday balo kelmasin, ko'pincha u gunohi sababidan keladi. Bu balo va musibatlar faqatgina tavba bilan ko'yarilishi mumkin. Fitna esa musulmonlar boshiga tushgan eng katta balolardan hisoblanadi. Umar ibn Hattob roziyallohu anhu Abbos ibn Abdulmuttolib roziyallohu anhu bilan istisqo qilganda, Abbos roziyallohu anhu aytgandilar: “Ey Allohim! Gunoh bo'lmasa, balo tushmaydi. Tavba bo'lmasa, balo ketmaydi. Qavm meni nabiyingni hurmatidan Senga yo'naltirdi. Mana bu qo'llarimizni Senga gunohlar bilan (ochamiz), peshonalarimizni Senga tavba bilan qo'yamiz. Bizni yomg'ir bilan sug'orgin”, deb duo qilgandilar. Shundan keyi osmon tog'dek yorishdi, hatto er serhosil bo'ldi. Odamlar yaxshi yashashdi. 

Fitnalar paytida so'z va amallar Islom mezonida bo'lishi. Har bir musulmon aytayotgan gaplarini o'ylab gapirmog'i, uni Islom mezoniga solib keyin gapirishligi vojibdir. Huddi shuningdek, qilayotgan ishlarini ham qilishdan oldin Islom mezoniga solib, ana undan keyin qilishi lozimdir. Ayniqsa, fitnalar paytida yanada bunga e'tibor bermog'i kerak bo'ladi. Chunki o'zi bilmagan holatda fitnaga aralashib qolishi hech gap emas. Chunki Alloh taolo: “O'zing bilmagan narsaga ergashma! Albatta, quloq, ko'z va dil – ana o'shalar, mas'uldirlar”, degan.

Insonlarni fitnaga chaqiruvchilarga ergashishning oqibatidan ogohlantirish. Ulamolar insonlarni fitnaga sherik bo'lib qolishning  yomonligi va unga chqiruvchilarga ergashish yomon ekanligidan ogohlantirmoqliklari vojib amallardandir. Ayniqsa, yoshlarni bu narsalardan ko'proq ogohlantirish lozim bo'ladi. Shu bilan birga fitnaning natijasida kelib chiqadigan qon to'kilishlar, o'zaro dushmanlik, yurtdan xotirjamlikni  ketishi, jamiyatda talon-tarojlarning tarqalishi kabi narsalardan ham ogohlantirishlari kerak bo'ladi.

Fitnadan chetda bo'lish. Musulmon kishiga o'z dinini saqlash uchun ham fitnalarga qo'shilmasdan undan qochishi lozim bo'ladi. Fitnlar paytida o'z uyida bo'ladimi, ish joyida bo'ladimi, qayerda bo'lsa ham undan uzoq bo'lishi lozim.

Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: Yaqinda fitnalar bo'ladi. Unda o'tirgan kishi turgandan yaxshidir. Turgan yurib turgandan, yurib turgan harakat qiluvchidan yaxshidir. Kim undan saqlanadigan yoki boshpalanadigan joy topa olsa, o'sha erda saqlansin”,  deb marhamat qilganlar.

Abu Dovud Miqdod ibn Asvad roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda esa quyidagilar aytilgan: Allohga qasamki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Albatta, baxtli kishi fitnadan saqlangan kishidir, albatta, baxtli kishi fitnadan saqlangan kishidir, albatta, baxtli kishi fitnadan saqlangan kishidir va fitna bilan balolanib sabr qilgan kishidir”, deganlarini eshitganman.

E'tibor beriladigan bo'lsa, Rasululloh sollallohu alayhiu vasallam uch bora fitnadan saqlanishlikka chaqirmoqdalar. Saqlanishni iloji topilmaganda ham fitnaga qo'shilishga emas, balki unga sabr qilishga chaqirmoqdalar. Ana shundagina najot toppish mumkin bo'lar ekan.

 Sahobai kiromlar va o'tgan salafi solihlarimizning ko'plari fitnaga aralashmasdan undan saqlanishga harakat qilganlar va uylarini lozim tutganlar. Ular bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan kelgan sobit nassga ergashganlar. Muhammad ibn Sirin aytadilar: “Fitnalar qo'zg'alganda Rasulullohning o'n mingta sahobalari bor edi. Ulardan yuztasi ham fitnaga qo'shilmadilar, balki o'ttiztaga ham bormas edi”.  Sa'd ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu  Jamal, Siffin hamda Ali va Muoviya roziyallohu anhumolar o'rtasidagi Tahkim voqealarida ishtirok etmaganlar. Ayyub Sijistoniy aytadilar: “Sa'd ibn Abu Vaqqos, Ibn Mas'ud, Ibn Umar va Ammor ibn Yosir roziyallohu anhumlar yig'ilishib, fitnani zikr qildilar. Sa'd ibn Abu Vaqqos: “Men uyimda o'tiraman, unga kirmayman”, dedilar.

 

TII Modul' ta'lim shakli talabasi,

Samarqand shahar Ho'ja Nisbatdor jome masjidi

imom-xatibi Boboxon Boboxonov 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Uchinchi Renessans: tarixiy tajribadan zamonaviy taraqqiyotga

18.08.2026   33225   8 min.
Uchinchi Renessans: tarixiy tajribadan zamonaviy taraqqiyotga

Insoniyat sivilizatsiyasi tarixida ayrim davrlar borki, ular faqat muayyan xalq yoki mintaqaning emas, balki butun jahon taraqqiyotining yo‘nalishini belgilab bergan. Islom sivilizatsiyasining IX–XV asrlardagi yuksalish davri ana shunday tarixiy bosqichlardan biri hisoblanadi. Bu davrda ilm-fanning turli sohalari bir-biridan ajralmagan holda. o‘zaro uyg‘unlikda rivojlandi. Matematika astronomiya bilan, tibbiyot falsafa bilan, geografiya matematika bilan, tilshunoslik tarix bilan, diniy ilmlar esa mantiq va tafakkur madaniyati bilan muloqot qilgan. Bugun fanlararo tadqiqot, raqamli gumanitaristika, sun’iy intellekt va kompleks ilmiy yondashuvlar jahon ilm-fanining eng muhim yo‘nalishlariga aylangan bir paytda, o‘sha tarixiy tajriba yanada qiziqarli ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur uyg‘unlik tasodifiy emas edi. U Qur’oni karimda ilmga berilgan yuksak qadr, tafakkurga da’vat, insonni borliqni anglashga chorlovchi g‘oyalar bilan mustahkamlangan ilmiy dunyoqarash mahsuli edi. Shu sababli o‘sha davr olimlarini bugungi zamonaviy tushunchalardagi qat’iy «mutaxassisliklar» doirasiga joylashtirish qiyin.

Forobiy falsafa, mantiq, siyosat, axloq va musiqa nazariyasi bilan shug‘ullangan. Xorazmiy  matematika va astronomiya sohalarida ishlagan. Beruniy astronomiya, geografiya, geodeziya, mineralogiya, tarix va etnografiyaga oid asarlar yaratgan. Ibn Sino tibbiyot bilan bir qatorda falsafa, mantiq va tabiiy fanlar haqida ham keng tadqiqotlar olib borgan. Ulug‘bek esa davlat boshqaruvi, ta’lim va astronomik tadqiqotlarni birlashtirgan ilmiy muhitni shakllantirgan. Bu misollarning umumiy jihati shundaki, bilim sohalari o‘rtasidagi chegaralar qat’iy bo‘lmagan.

Bugun «interdissiplinar tadqiqot» deb ataladigan yondashuvning ayrim tamoyillari aynan ana shu intellektual an’analar bilan hamohang.

Shuningdek, islom sivilizatsiyasining intellektual merosini faqat tabiiy va aniq fanlar bilan cheklash ham to‘g‘ri emas. Chunki diniy ilmlar sohasida ham manbalarni yig‘ish, tekshirish, tasniflash va baholashga qaratilgan murakkab ilmiy an’analar shakllangan.

Imom Buxoriyning hadis ilmidagi merosi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Hadislarni saralashda roviylar haqidagi ma’lumotlar, rivoyat zanjiri va boshqa mezonlar o‘rganilgan. Imom Moturidiy esa aqidaviy masalalarni aql va naql uyg‘unligi asosida tahlil qilgan. Uning merosi islom intellektual an’anasida aqliy dalillash va diniy bilim o‘rtasidagi munosabat masalasida muhim o‘rin tutadi.

Shu jihatdan Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy yoki faqat ilmiy tarix sifatida emas, keng intellektual jarayon sifatida ko‘rish mumkin.

O‘zbekistonda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi tarixiy ilmiy merosni zamonaviy taraqqiyot ehtiyojlari bilan bog‘lashga qaratilgan.

Bu yondashuvning markazida ilm-fan, ta’lim, innovatsiya, madaniyat va ma’naviyatni o‘zaro bog‘liq tizim sifatida rivojlantirish g‘oyasi turadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shu konsepsiyaning muhim amaliy ifodalaridan biridir.

Markazning vazifasi faqat tarixiy eksponatlarni namoyish qilish bilan cheklanmaydi.

Uning konsepsiyasida islom sivilizatsiyasining ilm-fan, ta’lim, falsafa, san’at, me’morchilik va insonparvarlik sohalaridagi merosini kompleks ravishda o‘rganish va namoyish etish g‘oyasi mujassam.

Nafaqat muzey, balki intellektual platforma

Markazni an’anaviy muzey tushunchasi doirasidagina baholash uning konsepsiyasini to‘liq ifodalamaydi. Zamonaviy muzey faqat eksponat saqlaydigan joy emas. U tadqiqot, ta’lim, raqamlashtirish va xalqaro ilmiy muloqot markaziga aylanishi mumkin. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi konsepsiyasida ham ana shu yondashuv muhim o‘rin tutadi.

Qadimiy qo‘lyozma — shunchaki tarixiy buyum emas. U til, tarix, matnshunoslik, kodikologiya, san’at, materialshunoslik va raqamli texnologiyalar nuqtayi nazaridan tadqiq qilinishi mumkin bo‘lgan murakkab manba. Arxeologik merosni o‘rganishda esa geoinformatsion tizimlar, raqamli modellashtirish, 3D texnologiyalar va boshqa zamonaviy usullardan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Shunday qilib, madaniy merosni o‘rganishning o‘zi fanlararo jarayonga aylanmoqda.

O‘tmishni sun’iy intellekt bilan bog‘lash

Texnologiyalar madaniy merosni o‘rganish usullarini ham o‘zgartirmoqda.

Qo‘lyozmalarni yuqori sifatda raqamlashtirish, matnlarni elektron bazalarga kiritish, sun’iy intellekt yordamida matnlarni tahlil qilish, 3D modellar yaratish va virtual muhitlarda tarixiy obyektlarni qayta tiklash imkoniyatlari ilmiy tadqiqotlar uchun yangi yo‘nalishlarni ochmoqda.

Bu yerda muhim nuqta bor. Texnologiya tarixning o‘rnini bosmaydi — u tarixni yangi avlod uchun tushunarli va tadqiqot uchun yanada ochiq qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining konsepsiyasi ham o‘tmishdagi ilmiy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘lashga qaratilgan.

Bu yondashuv tarixiy bilimni arxiv va kitoblar doirasidan chiqarib, xalqaro tadqiqotchilar, talabalar va keng jamoatchilik uchun ochiq intellektual resursga aylantirish imkonini beradi.

«Ma’rifat bilan jaholatga qarshi»

Islom sivilizatsiyasining ilmiy merosini o‘rganishning yana bir ahamiyati bor.

Global axborot makonida din, tarix va madaniyat haqida turli xil, ba’zan bir-biriga zid tasavvurlar yuzaga kelganda tarixiy merosni ilmiy asosda tushuntirish nafaqat madaniy, balki ma’rifiy ahamiyatga ham ega.

Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy marosimlar yoki siyosiy voqealar orqali emas, balki matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa, geografiya, me’morchilik va boshqa sohalardagi yutuqlar bilan birga o‘rganish uning murakkab va ko‘p qirrali tabiatini yaxshiroq anglash imkonini beradi.

Shu ma’noda ma’rifat tarixiy bilimni zamonaviy axborot muhitidagi noto‘g‘ri talqinlarga qarshi muhim vositaga aylantirishi mumkin.

O‘zbekistonning yangi xalqaro ilmiy platformasi

Islom sivilizatsiyasi bir mamlakat yoki bir xalqning merosi emas. U Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Janubiy Osiyo va boshqa hududlarni qamrab olgan keng tarixiy va intellektual makonni ifodalaydi. Shu sababli bu merosni o‘rganish ham xalqaro hamkorlikni talab qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oldidagi muhim vazifalardan biri ham turli mamlakatlarning olimlari, universitetlari, muzeylari va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida muloqotni kuchaytirishdan iborat.

Bu O‘zbekistonning o‘z tarixiy merosini dunyoga tanitish bilan birga, mamlakatni global gumanitar tadqiqotlarning faol ishtirokchisi sifatida namoyon etishiga xizmat qilishi mumkin.

Uchinchi Renessansning asosiy kuchi

Uchinchi Renessans haqida gap ketganda, masala faqat yangi binolar qurish yoki yangi muassasalar tashkil etishdan iborat emas. Asosiy savol boshqa: O‘zbekiston o‘zining boy ilmiy merosini zamonaviy bilim va innovatsiyalarga qanday aylantira oladi? Bu savolning javobi ilm-fan, ta’lim, texnologiya, madaniyat va inson kapitalining bir nuqtada birlashishini talab qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati ham shu nuqtada namoyon bo‘ladi. U tarixiy merosni saqlash bilan birga, uni tadqiq qilish, raqamlashtirish, xalqaro ilmiy muloqotga olib chiqish va yangi avlodga yetkazish uchun platformaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.

Shu ma’noda Markazni o‘tmishga bag‘ishlangan inshoot emas, kelajakka yo‘naltirilgan intellektual investitsiya sifatida baholash mumkin.

Chunki sivilizatsiyaning haqiqiy qiymati faqat uning o‘tmishda yaratgan merosi bilan emas, balki bu meros yangi avlod uchun qanday yangi bilim va g‘oyalarga aylanishi bilan ham o‘lchanadi.

Xorazmiyning hisoblash usullaridan bugungi algoritmlargacha, Beruniyning kompleks tadqiqotlaridan zamonaviy fanlararo loyihalargacha, Ulug‘bek rasadxonasidan raqamli astronomiyagacha bo‘lgan yo‘l bir haqiqatni ko‘rsatadi: ilm taraqqiyoti chegaralar emas, muloqot va hamkorlik orqali tezlashadi.

Ehtimol, Uchinchi Renessansning eng muhim vazifasi ham ana shunda — ajdodlar yaratgan bilimlarni shunchaki eslash emas, balki ulardan yangi bilimlar yaratish uchun foydalanish. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa ana shu g‘oya atrofida shakllanayotgan yangi intellektual muhitning muhim platformalaridan biridir.

Muallif: Abulfayz Sayidasqarov, iccu.uz

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari