Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyun, 2025   |   21 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:02
Xufton
21:40
Bismillah
17 Iyun, 2025, 21 Zulhijja, 1446

Bir kunda bir luqma taom va bir qultum suv

05.01.2024   1676   5 min.
Bir kunda bir luqma taom va bir qultum suv

Shayx Navaviy (631-676)

Imom, hofiz, faqih, muhaddis Yahyo ibn Sharofiddin ibn Murriy ibn Hasan al-Hizomiy al-Huvroniy an-Navaviy ash-Shofe'iy Islom olamining mo''tabar olimlaridan sanaladi.

Kunyalari – Abu Zakariyo, laqablari Muhyiddin. Ammo Allohga tavozu' qilib, Muhyiddin[1] deb laqablanishni karih ko'rgan. Chunki din doimiy hayot va sobit bo'lgan narsadir, tiriltiruvchi kishiga muhtoj emasdir, deb aytardilar.

Imom Navaviy hijratning 631 yili muharram oyida Damashqdagi Navo shahrida dunyoga keldi. Yoshligidayoq Qur'oni karimni to'liq yod oldi. O'n to'qqizga kirganida otasi Damashqqa olib bordi va ilm tahsilini yanada kuchaytirish maqsadida “Ravohiya” madrasasiga joylashtirdi. U erda Ishoq ibn Ahmad ibn Usmon Mag'ribiy al-Maqdisiydan fiqh ilmi bo'yicha ta'lim oldi, Sheroziyning “Muhazzab” nomli kitobini o'qib chiqdi. Ishoq ibn Ahmad u zotning fiqh ilmidagi birinchi ustozi bo'ldi.

Imom Navaviy rahimahulloh har kuni 12 xil dars bilan mashg'ul bo'lardi. Orada tib bilan ham shug'ullanishga intilardi. Lekin Alloh taolo u zotni bu ilmdan burib qo'ydi. Balki Damashqdagi “Dor al-hadis al-Ashrafiya”da dars berishni nasib qildi.

Imom Navaviy rahimahulloh nihoyatda taqvodor, zohid kishi edi. Biror soatlarini Alloh toatidan boshqa ishga sarf qilmasdi. Kechalarini ibodat va kitob tasnif etish bilan o'tkazardi. Ibn Attor aytadi: “Navaviy barcha vaqtini ilm olish, unga amal qilishga sarflardi. Bir kecha va kunduzda faqatgina huftondan so'ng bir luqma taom va sahar vaqtida bir qultum suv tanovul qilar edi”.

Imom Navaviy juda ko'p kitob tasnif etdi. Ularning ayrimlari: “Sharhi Sahihi Muslim”, “Irshod”, “Taqrib va Taysiyr fiy ma'rifati sunanil Bashiyr an-Naziyr”, “Tahziybul asmo val lug'ot”, “Tibyan fiy odobi hamlatil Qur'on”, “Minhojut-Tolibiyn”, “Bustonil orifiyn”, “Hulosatul ahkom fiy muhimmoti sunani va qavoidil Islom”, “Ravzatut tolibiyn va umdatul muftiyn”, “Sharhul muhazzab”, “Riyozus solihiyn”, “Hulyatul abror va shiorul axbor fiy talxiysi da'vot val azkor”.

Ushbu hadis kitoblarini shayxlaridan eshitgan: “Jome' as-sahih al-Buxoriy”, “Sahihi Muslim”, “Sunani Abu Dovud”, “Jome' at-Termiziy”, “Sunani Ibn Moja”, “Sunani Nasoiy”, “Muvatto Molik”, “Musnadi Shofe'iy”, “Musnadi Ahmad”, “Musnadi Abu Ya'lo”, “Sahihi Abu Avona”, “Sunani Bayhaqiy”, “Sharhi sunna lil Bag'aviy”, “A'malul yovm val layla li Ibn Sunniy”, “Al-jomi' li odobir roviy vas somi' lilxatib Bag'dodiy”, “Ansob li Zubayr ibn Bakkor”.

Damashqda istiqomat qilganida fiqh, hadis, usul kabi ilmlarni quyidagi ustozlardan ta'lim olgan:

  1. Abu Ibrohim Ishoq ibn Ahmad ibn Usmon al-Mag'ribiy;
  2. Abdurahmon ibn Ahmad ibn Muhammad ibn Qudoma Maqdisiy al-Hanbaliy;
  3. Abu Muhammad Abdurahmon ibn Nuh Maqdisiy al-Damashqiy;
  4. Abu Hafs Umar ibn As'ad ibn Abu Folib Rub'iy al-Irbiliy;
  5. Abul Hasan Sallor ibn Hasan Irbiliy al-Damashqiy;
  6. Abu Ishoq Ibrohim ibn Umar al-Vositiy (“Sahihi Muslim”ni shu kishidan eshitgan);
  7. Abul Baqo Holid ibn Yusuf ibn Sa'd Nobilisiy;
  8. Abu Ishoq Ibrohim ibn Iso al-Murodiy al-Andalusiy;
  9. Imomul muhaddis Ziyo ibn Tammom Hanafiy;
  10. Shayx Abul Abbos Ahmad ibn Solim Misriy Nahviy al-Lug'aviy;
  11. Alloma Abu Abdulloh Muhammad ibn Abdulloh ibn Molik Jayyaniy;
  12. Qozi Abul Fath Umar ibn Bandor ibn Umar ibn Ali Taflisiy;
  13. Abul Abbos Ahmad ibn Abduddoim Maqdisiy;
  14. Abul Faraj Abdurahmon ibn Shayx;
  15. Abu Muhammad Abdurahmon ibn Solim Abu Yahyo Anboriy;
  16. Abu Muhammad Ismoil ibn Ibrohim at-Tanuhiy;
  17. Abu Muhammad Abdulaziz ibn Abu Abdulloh Abdul Muhsin Ansoriy va boshqalar.

Imom Navaviy rahimahulloh hijriy 676 sananing 24 rajabida chorshanba kuni kechasi Navo shahrida vafot etdi va shu erga dafn qilindi.

Muftiy Ibrohim Desai rahimahullohning "Hadis ilmiga kirish" kitobidan olindi.

[1] Muhyiddin – dinni tiriltiruvchi degan ma'noni anglatadi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Fotiha surasining shifo ekanini qayerdan bilding?

13.06.2025   6651   2 min.
Fotiha surasining shifo ekanini qayerdan bilding?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan bir nechtasi safarga chiqishdi. Ular arab mahallalaridan biriga tushib, mehmon qilishini so‘rashdi. Mahalladagilar esa ularni mehmon qilishdan bosh tortishdi. Nogahon, ana shu mahalla oqsoqolini bir narsa chaqib oldi. Unga hamma narsani qilib ko‘rishdi, ammo foyda bermadi. Ba’zilar: «Ana u mehmonlarga boringlar-chi, shoyad, ularda biror narsa bo‘lsa?» deyishdi. Ular borib: «Ey mehmonlar jamoasi, bizning boshlig‘imizni bir narsa chaqib oldi. Hamma harakatni qilib ko‘rdik, ammo foyda bermadi. Sizlarda biror narsa bormi?» deb so‘rashdi.

Mehmonlardan bittasi: «Allohga qasamki, men dam solinadigan bir duoni bilaman. Lekin sizlardan bizni mehmon qilishingizni so‘raganimizda, rad etdinglar. Bizga bu duoning evaziga biror narsa bermasanglar, uni aytmayman», dedi. Ular bir to‘da qo‘y berishga kelishib olishdi. Shunda u sahoba «Alhamdu lillahi Robbil ’alamiyn»ni (ya’ni, Fotiha surasini) o‘qib sufladi. Oqsoqol go‘yo arqon yechilganidek harakatga keldi. Unda biror og‘riq qolmay yurib ketdi. Keyin ular kelishilgan narsani berishdi. Sahobalar: «Uni taqsimlanglar», deyishgan edi, dam solgan kishi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan bu to‘g‘rida so‘rab, bizga biror narsani buyurmagunlaricha taqsimlamanglar», dedi. Sahobalar Nabiy sollallohu alayhi vasallam huzurlariga borib, bu voqeani aytib berishdi. Shunda u zot: «Sen uning (Fotiha surasining) shifo ekanini qayerdan bilding? - dedilar, so‘ngra to‘g‘ri qilibsizlar, ularni taqsimlanglar. Menga ham ulush ajratinglar», deb Nabiy sollallohu alayhi vasallam kulib qo‘ydilar».

Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari.

Mana shu imom Buxoriyning rivoyatlari mukammalroqdir.

Boshqa rivoyatda esa: «Fotihani o‘qib, tufugini to‘plab suflab qo‘ydi. So‘ng haligi kishi tuzalib ketdi», deyiladi.

Imom Navaviyning «Al-Azkor» kitobidan