frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Tilimizga ehtiyot bo'laylik

09.12.2022   2484   3 min.
Tilimizga ehtiyot bo'laylik

Aksariyat davralarda bo'lib qolsak, shu davrada bo'lmagan kimningdir hayotiga doir mavzuda gap ochiladi. Birovning kiygan kiyimi bormi, mingan avtomashinasimi yoki qilgandang'illama to'yimi qizg'in muhokama qilinadi. Bilib, bilmay kimlardandir eshitgan gaplarimiz aosida o'zganing hayotini muhokama qilamiz. Yana o'zimizga taskin berish maqsadida “G'iybati emas, sifati”, - deb, gapirgan gaplarimizni oqlamoqchi bo'lamiz.

Ikki kishining boshi biriksa albatta, gap mavzusi “eshitdingizmi?.....”  degan so'zlar bilan o'zgalar hayoti to'g'risida gap ketadi. Guyoki, suhbatlashishga  boshqa mavzu yo'qdek.Aslida biz gapirgan gaplarimiz g'iybat ekanligini bilamiz, lekin  buni  tan olgimiz kelmaydi.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam g'iybatga shunday ta'rif  berganlar: “Birodaring eshitsa, xafa bo'ladigan xislatlarni aytishing g'iybatdir”. Sahobalar: “Agar biz aytgan xislat unda bo'lsa-chi?”, deb  so'rashganda, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ularga: “Bor  xislatlarni aytsang, g'iybat, yo'q  xislatlarni aytsang,  bo'htondir”, deganlar.

Kishining jismidagi nuqson bilan ayblash yoki nasl nasabini, harakatini, so'zlarini, dinu-diyonatini, dunyosini, kiyimlarini, yashash joylari, ulovini kamsitish g'iybat bo'ladi.

Qo'l harakati, ko'z qisish, ishora qilish kabi hollar bilan xam kishini  mashara qilishmumkin emas. Qur'oni karimning “Humaza” surasi 1-oyatida Alloh taolo bunday marhamat qiladi:“Har bir obro'to'kuvchi va ayblovchiga “vayl” bo'lsin”.

Abu Barza Aslamiydan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vassalam: “Ey tili bilan iymon keltirib, dilida iymon keltirmaganlar,musulmonlarni g'iybat qilmang va ularning kamchiliklarini qidirmang. Kimki, ularning kamchiliklarini qidirsa, Alloh taolo o'ziningkamchiligini qidiradi. Alloh kimning kamchiligini qidirsa, uni uyida sharmanda qiladi”, dedilar.

Hazrati Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasullulloh sollallohu alayhi vassalam aytdilar: “Me'roj kechasi ba'zi insonlarning  oldidan o'tdim, ular temir tirnoqlari bilan yuzlarini va ko'kraklarini yulib  turganlarini ko'rdim. Jabroil alayhissallomdan ularning kimligini  so'raganimda, Jabroil: “Bular odamlarning go'shtini eydigan, ularning iffat-nomuslarini to'kadigan odamlardir(ya'ni g'iybatchilardir)”,dedi”.

G'iybat qilgan yo g'iybatga quloq solgan kishi gunohdanforig' bo'lishi uchun Alloh taologa chin dildan tavba-istig'for aytib pushaymon bo'lishi, qayta g'iybat qilmaslikka ahd qilishi zarur. G'iybat qilgan odamidan esa kechirim so'rab, uning roziligini olishi, agar u olamdan o'tgan bo'lsa, kambag'al, etim-esirlarga xayr-ehson ulashib, savobini uning ruhoniyatiga hadya qilishi kerak.

Hulosa o'rnida shoirning:

“Men  xech  kimni  demayman yomon,

O'z kunlariga bo'lsinlar omon.

Faqat  deyman adashib ketmang,

Jannat  qolib, jahannam tomon”, degan so'zlarini keltirmoqchiman.

B.Qo'chqarova- Jomboy tuman bosh imom-xatibining

Hotin-qizlar masalalari bo'yicha yordamchisi.

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

19.08.2026   28538   4 min.
Halol bo‘ling, rost so‘zlang, iymon va insoniylikni asrang!

Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.

Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.

Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.

Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.

Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.

Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.

Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.

Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.

Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Ibratli hikoyalar