Qirg'izistonning «Kabar» milliy axborot agentligi «Betakror meros bilan yuzma-yuz: O'zbekiston o'zining boy madaniyati bilan G'arb auditoriyasini tanishtirmoqda» sarlavhali maqolani e'lon qildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Maqolada O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning noyabr' oyida Frantsiyaga rasmiy tashrifi doirasida Parijdagi mashhur Luvr muzeyida va Arab dunyosi institutida O'zbekiston tarixi va madaniyatiga bag'ishlangani ikkita yirik ko'rgazma ochilgani haqida xabar qilingan.
«Luvrdagi «O'zbekiston vohalarining xazinasi. Karvon yo'llari chorrahasida» nomli ko'rgazma miloddan avvalgi V-VI asrdan boshlab Temuriylar hukmronligi davrlarini qamrab olgan, Arab dunyosi institutida tashkil etilgan «Samarqandga yo'l. Ipak va oltin mo''jizalari» ko'rgazmasida esa XIX asr oxiri – XX asr boshlariga oid boy moddiy madaniyati taqdim etilgan», deb yozadi nashr.
Maqolada ko'rgazmalarni tayyorlash bo'yicha maxsus komissiya tuzilib, keng ko'lamli restavratsiya ishlari olib borilgani alohida ta'kidlangan.
«Ayniqsa, VIII asrga oid Katta Langar Qur'oni sahifalarini tiklash juda murakkab va ayni paytda qiziqarli bo'ldi, - deb yozadi agentlik. - Ushbu Qur'on islom dini va musulmonlar uchun juda katta ahamiyat kasb etib, butun insoniyatning madaniy va tarixiy merosini tashkil etuvchi qadriyatlardan biridir».
Materialda qayta tiklash ishlari uch yil davom etgani xabar qilingan. Ushbu muqaddas kitobni restavratsiya qilishda Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston milliy kutubxonasi, Madaniyat vazirligining San'at va madaniyatni rivojlantirish jamg'armasi, O'zbekiston Musulmonlari idorasi vakillari ishtirok etdi. «Qayta tiklash ishlarida Luvr muzeyi restavratorlari Aksel' Delau va Aureliya Streri ishtirok etgan», deb yozadi «Kabar».
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Madinai munavvara shahridagi «Zamzam Pullman» mehmonxonasida bo‘lib turgan ziyoratchilar bilan suhbatlashdilar. Yurtdoshlarimizdan sog‘liklari, kayfiyatlari, ibodatlarini qanday ado etayotganlari, mehmonxonadagi sharoitlar haqida fikr-mulohazalarini so‘radilar.
Bo‘lajak hojilar ziyorat va ibodatlarni bekamu ko‘st ado etishlari uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlardan nihoyatda mamnunligini bildirishdi. Ayniqsa, mehmonxona Harami sharifga juda yaqinligi yoshi ulug‘ kishilar uchun ham qulay bo‘layotgani, besh mahal namozni Masjidi Nabaviyda ado etishning shukuhi haqida so‘zladilar. Malakali imom-xatiblardan tashkil topgan ellikboshilar, ishchi guruhi, shifokorlar tunu-kun shay turishganini alohida e’tirof etishdi.
Muqaddas zaminda toat-ibodatlarini xotirjam bajarayotgan ziyoratchilar yaqinlari, oila a’zolari qatorida tez-tez el-yurtimiz, davlatimiz rahbari va boshqa mutasaddilar haqlariga duolar qilib, ofiyat va farovonligimiz bardavomligini Allohdan so‘rashmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati