Odamlar ikki turli bo'ladi:
Birinchisi: yaxshilikka kalit hamda yomonlikka qulf bo'lgan kishilar. Bunday kishilarni shijoatlantirayotganini, sizni yaxshilikka undayotganini, qo'lingizdan tutayotganini, sizga umid baxsh etayotganini, boshqalarning dardini his qilib yashayotganini ko'rasiz.
Ikkinchisi esa: yaxshilikka yopiq, yomonllikka ochiq odamlar. Bunday odamlar bor shashtingizni ham tushurib yuboradi, yo'lingizdan to'xtatishdan boshqa g'ami bo'lmaydi. Doim nimadirdan shikoyat qilib, norozi bo'lib yuradi. Umidsizlik va bezovtalikka ko'nikkan odamlar bo'ladi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Odamlar ichida yaxshilikka kalit, yomonlikka qulf bo'lganlari bor va yomonlikka kalit, yaxshilikka qulf bo'lganlari ham bor. Alloh yaxshilik kalitlarini qo'liga bergan kishiga Jannat xush bo'lsin! Alloh yomonlik kalitlarini qo'liga bergan kishiga vayl (do'zaxdagi bir vodiy) bo'lsin”.
Yo Robb, barchamizni yaxshlikka kalit, yomonlikka qulf qilib qo'ygin!
Odamlar ichida boshqalarga ofiyat bo'ladigan, gapirsa odamlar undan manfaat oladigan, maslahat bersa xolis va rost maslahat beradigan, Alloh azza va jallani rozi qiladigan ishlarda peshqadam bo'ladigan kishilar bor. Ana shunday kishilar yaxshilik kaliti, hidoyat elchisi, yomonlik qulfi, Rahmonning g'azabidan omonda erur!
Yana ayrim odamlar borki, ular xuddi yomon illatga, dardga o'xshaydi. Biror joyga borsa falokat boshlanadi. Odamlar bilan suhbatlashsa, ularga zarar beradigan, foydasiz narsalarni o'rtoqlashadi, ularni yaxshilikdan mahrum etadi. Har xil ta'yini yo'q gap-so'zlarni gapirib boshlarini qotiradi. Biror kim bilan muomala qilsa yomonlik qiladi. Yerda har xil buzg'unchiliklar qiladi, o'zini shaytonga askar tutadi va razil ishlarga qo'l uradi. Natijada yomonlikka kalit, yaxshilikka qulfga aylanadi, qo'yadi.
Endi savol: Qanday qilib yaxshilik kalitlaridan bo'lishingiz mumkin?
Avvalo, har bir so'zingizda xolis Alloh uchun gapiring, har ishingizda xolis Allohni qasd qiling. Allohning savobidan umid qilmay gapirgan gapingiz, qilgan ishingiz bo'lmasin!
Duoni va Allohga yolvorib iltijo qilishni ko'paytiring. Duolaringizda yaxshilik kalitlaridan bo'lishni so'rang. Zero duoning o'zi yaxshilik kalitidir. Alloh taoloning ismlaridan biri ham “Fattoh” (“Ochuvchi”) erur. Shunday ekan Allohga mana shu ismi va boshqa ismlari bilan iltijo qilib, sizni yaxshilik kalitlaridan va yomonlik qulflaridan qilishini so'rang!
Go'zal xulqlar ila ziynatlaning, yomon, pastkash fe'llardan uzoq bo'ling. Hulqi razilliklardan, yomon illatlardan tutib turadigan go'zal xulqli kishilar bilan do'stlashing!
Yaxshilarga hamroh bo'ling, yomon do'stlardan uzoqlashing.
Qalbingizda mo'minlarga faqat xayrixohlikni saqlang. Allohning bandalariga xayrixoh bo'ladigan odam – birodarlariga yaxshilikni ravo ko'radigan odamdir. Inson xayrixoh va ishonchli bo'lmaguncha yaxshilik kaliti bo'la olmaydi.
Bir kun kelib Allohning qarshisida turishingizni yodda tuting. U kunda Alloh sizni amallaringizga ko'ra hisob-kitob qiladi. Bu hayotda qilgan ishlaringizga binoan jazolaydi yoki mukofotlaydi. Shunday ekan har birimiz bugungi kunda qilayotgan amallarimizga e'tiborimizni qaratishimiz lozim: ishlarimiz islomga va islom ahliga xizmat qilyaptimi yoki botilga va botil ahligami? Agar to'g'ri yo'nalishda ketayotgan bo'lsa-ku, xo'p-xo'p, uni davom ettiraveramiz. Ammo buning aksi bo'lsa, uni to'g'ri yo'lga yo'naltirish darkor!
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
O‘zbekiston va YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibiyati vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Mamlakatimizning YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan muloqotda mahalla bilan bog‘liq madaniy an’ana va urf-odatlar, ularni xalqaro darajada targ‘ib qilish istiqbollari muhokama qilindi.
YUNЕSKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibi Fumiko Oxinata va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi uchun mas’ul dastur mutaxassisi Nikolas Tan mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.
O‘zbekiston tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda YUNЕSKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi vakillari mahallaning ko‘p asrlik tarixi, uning jamiyat hayotidagi alohida o‘rni va milliy an’analarni saqlashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Uchrashuvda mahalla O‘zbekiston xalqi turmush tarzining ajralmas qismi ekani ta’kidlandi. U insonlarni yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro yordam, hamjihatlik va katta avlod vakillariga hurmat tamoyillari asosida birlashtiradi.
YUNЕSKO Kotibiyati vakillari taqdim etilgan materiallarga katta qiziqish bildirdi. Ular O‘zbekistonda mahalla bilan bog‘liq shakllangan jamoat hayoti tartibining o‘ziga xos xususiyatlarini e’tirof etdi.
Suhbat davomida O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosni targ‘ib qilishdagi roli alohida qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, o‘zbek mahalla tizimi tajribasi YUNЕSKO Kotibiyati mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati