frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Isrofsiz to'y muborak!

06.12.2022   1968   6 min.
Isrofsiz to'y muborak!

…Amakim shunaqa to'y berib elga,
Ertangiovozagashtinisurar.
Topgan-tutganini sovurib elga,
Eshik panasida bo'zrayib turar (Anvar Obidjon).

To'y ham o'tdi.  Uy sohibi xohlaganidek dovrug'i doston bo'ldi.  Ketma-ket uch kunlik shov-shuvlardan “Bechora, boy bo'lmasa ham emay-ichmay to'plagan ekan-da?” deguvchilar ko'p bo'ldi.  Ammo uning ichidan o'tayotganlari o'zigagina ayon. Taniqli shoir Anvar Obidjon ta'riflaganidek, bo'zrayib qolgandi. Ayolining u dugonam bunday qilgandi, bunisi unday degan xarhashalari ko'pga tushdi. To'ydan keyin  ro'zg'orga yarar, deb tishining  kovagida saqlaganlari ham tugadi. Endi yana urfga kirgan allambalo odatlari bormish, ularni qanday amallaydi? Hayolida to'xtovsiz savollar aylanardi:

– 40 kunlab “mazar” tashish shartmikan? Bu hali xolvasi deydimi, bayramliklarga nima bor ekan?  Otam rahmatli onamga “Kampir, gap sarpo-surug'u, xotin-xalajning so'zida emas, avvalo, baxtini bersin. Kelinchak ham bizga qo'shilib qattiq non bo'lsa ham, osh bo'lsayam eyveradi-da, tili qisiq bo'lishdan Hudo asrasin”, deb ko'p aytardi. Mana bugun shu gaplarning mag'zini chaqyapman”.

Tabiatan mehmondo'st, qo'li ochiq xalqmiz. Elga osh berish, ko'pning duosini olish o'zligimizning bir bo'lagiga aylangan. To'ylarga etkazsin, har kuning to'y bo'lsin, degan duoyu tilaklarimiz bor. Albatta, to'y shunday. Ammo uning dinimizda o'ziga xos qonun-qoidalari, ota-bobolardan meros urflari bisyor. Afsuski, bugungi marosimlar otchoparda ot surayotgan chavandozlar poygasini eslatadi. Shuncha dabdabadan so'ng ham qancha-qanchasi arzimagan “qildi – qilmadi”, degan gap-so'zlar bilan buzilib ketayotgani tashvishli hol.

Bir kuni avtoulovdagi hamrohlarimdan biri qiz chiqarganiga ikki oy bo'lganini aytib qoldi. Qo'lida bir dunyo narsa. “Ko'rmaysizmi, qiz berib qutuldim, desam tutilganga o'xshayman. Aka-uka, ovsinlar qolib, hali yo'lga kirmagan jiyanlariga ham bayramlik olishim kerak ekan.

– Shuncha hasham nimaga kerak, – deya gapga qo'shildi old o'rindiqda o'tirgan otaxon. – Ehh, sizlarni shu mayda-chuydalaringizdan o'rgildim.  Ko'nglingiz bo'lmasa, bitta to'rtni olib ukasimi, akasimi yo'qlab kelsin, bo'ladi-da. Singillarni holidan xabar olish yigit kishiga farz.

– Bermay desam, qo'ni-qo'shni yangi kelinga nima keldi, deb poylab turarmish.  Qizimning yuzidan o'tolmayman, deya kuyunib gapida davom etarkan ayol.

Onaxon ortinib, toshinganidan emas, uyalganidan qilayotgani ko'rinib turardi.

Nazarimda to'y boshlashdan avval oilaning keksalari bilan kengashishlar kamayib ketyapti. Boboyu momolarimiz  isrof nima,  ehson nima yaxshi bilishadi. Ixchamgina, quda-andalarning bir-biriga soliqlarsiz o'tkazgan o'zbekona to'yga nima etsin. Isrof barakani yo'qotadi, deya ular bejiz ko'p takrorlashmaydi.

Alloh taolo Qur'oni karimda bandalarni isrof qilmaslikka buyurib: “...Isrofgarchilikka mutlaqo yo'l qo'ymang! Chunki, isrofgarlar shaytonlarning birodarlaridir. Shayton esa, Parvardigoriga nisbatan o'ta noshukur edi” (Isro surasi, 26-27-oyatlari).

Molini hasislik va isrofga yo'l qo'ymasdan xayr ehson qilgan bandasiga Alloh taolo kutmagan joyidan nematlar ato etadi. Bu borada Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday ta'lim beradilar: “Allohning nozu ne'matlaridan xohlagancha eb-ichinglar, xayru ehson qilingar, kiyinib yasaninglar, lekin isrofgarchilik va manmanlikka yo'l qo'ymangizlar” (Imom Ahmad va Ibn Mojja rivoyati).

Agar mo'min kishi maraka marosimida ketadigan mablag'ning bir qismini o'sha farzandining haqiqiy ehtiyoji, ularning kelajagi,  oila yumushlarini engillashtirishga sarf etsa yanada manfaatli bo'lardi.

Jamiyatimizning mazkur muammosi davlat siyosati darajasiga ko'tarildi. 2019 yilning 14 sentyabr' kuni Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasining “To'y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag'ishlangan tadbirlar o'tkazilishini tartibga solish tizimini takomillashtirish to'g'risida”gi qarori  qabul qilindi.

Unga ko'ra milliy an'analarga yot, odob-axloq qoidalariga zid bo'lgan turli shoularni, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan oilaviy tadbirlardan oldingi, tadbir davomidagi va undan keyingi qo'shimcha rasm-rusumlarni (“kelin navkari”, “chorlar”, “ota ko'rdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “tog'ora yuborish” va hokazolarni) o'tkazishga yo'l qo'yilmaydi.

Pandemiya davrida ixchamgina to'ylar ham bo'ldi. Ko'pchilik bo'larkan-ku, degandi o'shanda. Biroq ko'p o'tmay, yana o'sha holat... Go'yo ayrim “to'ychi”lar uchun to'y emas, undagi shohona rasm-rusumlaru o'zini ko'z-ko'z etish muhimdek. Shu o'rinda mashhur “Uchrashuv” intermediyasi yodga tushadi: “Havo kerak emasmi?”.

Yon-atrofdan muammolarning oldini olish uchun mahalla raislari, ularning maslahatchilari, imom-xatib va otinoyilar targ'ibot-tashviqot ishlarini olib borishi kerak degan fikrlarni ko'p eshitamiz. Avvalo, o'sha to'y egalarining dunyoqarashini to'g'rilashimiz kerak. Shunda el orasida dabdababozlik kamayib, to'ylar qarz, etishmovchilik, g'urbat keltiruvchi tashvishga emas, qarindoshlar, qo'ni-qo'shnilar o'rtasidagi mehr-oqibatni mustahkamlovchi, xursandchilik keltiruvchi marosimga aylanadi. Buni yaxshi tushungan kishi o'zi, oilasi, xalqi va yurtiga manfaat keltiradigan reja asosida quvonchli kunini o'tkazadi. Ana shu ­xislati uning ma'naviyatini ko'rsatish barobarida jamiyatni ortidan ergashtirishga ham xizmat qiladi.

Huvaydo HO'JAMQULOVA,

jurnalist

 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Marg‘ilonning uch muqaddas qadamjosi

14.08.2026   22156   3 min.
Marg‘ilonning uch muqaddas qadamjosi

Marg‘ilon – Farg‘ona vodiysining eng qadimiy va o‘ziga xos shaharlaridan biri. Uning tarixini faqat me’moriy obidalar, qadimiy ko‘chalar yoki mashhur hunarmandchilik an’analari bilangina emas, balki asrlar davomida xalq e’zozida bo‘lib kelayotgan ziyoratgohlarsiz ham tasavvur etib bo‘lmaydi, xabar bermoqda O‘zA.

Shahardagi Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozor ana shunday tarixiy-ma’naviy maskanlar sirasiga kiradi. Ularning har biri o‘z tarixi, rivoyatlari va xalq xotirasidagi o‘ziga xos o‘rniga ega.

Marg‘ilonning qadimiy ziyoratgohlaridan biri Pir Siddiq majmuasidir. Xalq orasida bu qadamjo bilan bog‘liq turli rivoyatlar avloddan-avlodga o‘tib kelgan. Ziyoratgoh Pir Siddiq nomi bilan bog‘liq bo‘lib, “siddiq” so‘zi arab tilida haqgo‘y, rostgo‘y, haqiqatga sodiq inson ma’nolarini anglatadi. Shu jihatdan ziyoratgoh nomi ham xalq tasavvurida ezgulik, iymon va rostgo‘ylik kabi fazilatlar bilan uyg‘unlashib ketgan. Majmuadagi me’moriy yechimlar, ayniqsa, gumbazli inshootlar va qadimiy qabrlar Marg‘ilonning o‘tmishdagi shaharsozlik va me’morchilik an’analaridan darak beradi.

Pir Siddiq ziyoratgohi nafaqat ziyorat maskani, balki Marg‘ilonning tarixiy xotirasini o‘zida mujassam etgan qadamjolardan biri sifatida ahamiyatlidir. Marg‘ilon tarixi buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniy nomi bilan chambarchas bog‘liq. XII asrda yashab ijod qilgan alloma islom huquqshunosligi, xususan, hanafiy fiqhi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan. Uning butun islom olamida mashhur bo‘lgan “Hidoya” asari asrlar davomida muhim huquqiy manba sifatida qadrlanib kelgan.

Marg‘ilonda alloma nomi bilan bog‘liq Chillaxona ham xalqning ma’naviy xotirasida alohida o‘rin tutadi. “Chillaxona” atamasi odatda insonning ma’lum muddat xilvatda qolib, tafakkur, ibodat va ruhiy tarbiya bilan mashg‘ul bo‘ladigan joyini anglatadi. Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi bilan bog‘liq rivoyatlar ham allomaning ilm yo‘lidagi mashaqqatli izlanishlari va ma’naviy kamolotini tasavvur qilishga yordam beradi. Bu maskanni faqat ziyoratgoh sifatida emas, balki buyuk allomaning ilmiy-ma’naviy merosini anglashga xizmat qiluvchi tarixiy xotira joyi sifatida ham baholash mumkin.

Marg‘ilondagi yana bir o‘ziga xos maskan – Kaptarli mozor. Uning nomi bilan bog‘liq xalq rivoyatlari turlicha. Ayrim hikoyalarda bu joyda kaptarlar ko‘p bo‘lgani, shu sababli mozor “Kaptarli” deb atalgani aytiladi. Kaptar esa xalq tasavvurida tinchlik, poklik va ezgulik ramzi sifatida qabul qilinadi. Kaptarli mozor haqidagi ma’lumotlarni ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish Marg‘ilonning mahalliy tarixini yanada boyitishga xizmat qiladi. Buning uchun arxiv hujjatlari, qadimiy xaritalar, qabrtoshlaridagi yozuvlar, vaqf hujjatlari va xalq orasida saqlanib kelayotgan og‘zaki tarix namunalarini tadqiq etish muhim. Zero, xalq xotirasida asrlar davomida saqlanib kelayotgan rivoyatlar ham tarixiy-etnografik tadqiqotlar uchun qimmatli manba bo‘lishi mumkin.

Uch qadamjo – bir tarix. Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozorni birlashtirib turgan asosiy jihat ularning Marg‘ilonning ma’naviy qiyofasini shakllantirishdagi o‘rnidir. Bu qadamjolar xalqning ajdodlarga hurmat, muqaddas joylarni asrash, ezgulik va ma’rifatni qadrlash kabi an’analarini o‘zida mujassam etadi.

Ularning har biri Marg‘ilon tarixining turli qirralarini namoyon etadi: Pir Siddiq – diniy-ma’naviy merosni, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi – ilm va tafakkur an’analarini, Kaptarli mozor esa xalq xotirasi va mahalliy rivoyatlarning uzviyligini ifodalaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari