“Salaf” so'zi lug'atda – “avval yashab o'tganlar”, “ajdodlar”, “o'tmishdoshlar” degan ma'nolarni anglatadi. Shar'iy istilohda “salaf” so'zi muayyan bir davr bilan bog'liq ma'noni anglatadi. Ya'ni, Nabiy alayhissalom zamonlarida va undan keyingi ikki asrda yashagan musulmonlar “salafi solih”, ya'ni, “solih ajdodlar” deyiladi. Bu borada Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o'zlarining muborak hadislarida shunday deganlar:
عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بن مسعود رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: خَيْرُ النَّاسِ قَرْنِي، ثُمَّ الَّذِينَ يَلُونَهُمْ، ثُمَّ الَّذِينَ يَلُونَهُمْ، ثُمَّ يَجِيءُ أَقْوَامٌ تَسْبِقُ شَهَادَةُ أَحَدِهِمْ يَمِينَهُ، وَيَمِينُهُ شَهَادَتَهُ
(رواه الامام البخاري والامام مسلم)
Abdulloh ibn Mas'ud raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Eng yaxshi davr mening davrim, so'ng ularga yaqin bo'lgan, so'ng ularga yaqin bo'lgan davrlardir. So'ngra shunday insonlar keladiki, ularning guvohliklari qasamlaridan, qasamlari esa guvohliklaridan o'zib ketadi” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari).
Mazkur hadisga ko'ra, Islom ulamolari Muhammad sollallohu alayhi vasallam zamonlarida va undan keyingi ikki davrda yashagan musulmonlarni “salafi solih”, ya'ni, “solih ajdodlar” deb tavsiflaydilar. Ulardan keyingi davrlarda yashagan musulmonlarga nisbatan bu nomlar qo'llanilmaydi.
Ahli sunna val-jamoa an'anasiga ko'ra, salafi solihlar davridan keyin yashagan musulmonlar “xalaflar”, ya'ni “keyingilar” deb ataladi. Halaf ya'ni, keyingi asr olimlari daraxt o'z ildizidan oziqlangani kabi salafi solihlarning qarashlari asosida shakllandilar.
So'nggi yillarda “salaf solihlarga ergashish” shiorini niqob qilib olgan, mutaassib ko'rinishdagi soxta salafiylar barcha aqidaviy va hukmiy masalalarni hijriy sananing dastlabki uch asriga muvofiq ravishda hayotga tatbiq etishni targ'ib qilsalarda aslida, ularning qarashlari asosan 18-asrning o'rtalarida yashab o'tgan najdlik Muhammad ibn Abdulvahhobning mutaassibona g'oyalari ustiga qurilgandir. Muhammad ibn Abdulvahhobning qarashlari esa Islom dinida birinchi bo'linishga sabab bo'lgan Havorijlar aqidasi bilan yo'g'irilgan.
Bu oqim a'zolari diniy masalaning echimini topishda faqat oyat yoki hadisni uzuq-yuluq holda keltirib, unga yuzaki yondashib, go'yo muammoga javob topgan bo'ladi. Ularning bu uslubi avom xalqqa oson tushunilgandek, go'yo to'g'ridek tuyuladi. Shu yo'l bilan ham ular o'z tarafdorlari sonini ko'paytirishga urinadi.
Salafiylik g'oyasi tarafdorlarining asosiy maqsadlari Qur'on va sunnatni o'zlaricha mahkam tutish va qariyb 13 asrdirki Islom ummatining birdamligini ta'minlab kelayotgan fiqhiy mazhablarni yo'q qilib, ularni ildizi bilan qo'porib tashlashdan iborat. Ularning da'vosiga ko'ra, go'yo musulmonlarning ixtilofdan najot topishi faqat Qur'on va hadisni qattiq ushlash bilan bo'ladi, mazhablar mavjud bo'lar ekan, Qur'on va hadisni mahkam ushlash amri mahol emish.
Go'yoki bu bilan ular Qur'on va sunnatni mahkam tutishmoqda-yu, butun ummat e'tirof etgan va avlgi 3 asrda yashab o'tgan mazhab boshilar uni mahkam tutishmagani iddao qilishlarini anglash qiyin emas.
Voqe'likda esa, ular mazhablar orasidagi juz'iy ixtiloflarni qoralagan holda, hammani mazhabni tashlashga hamda Qur'on va hadislarni o'rganib, tushunganicha ularga amal qilishga, boshqacha qilib aytganda, hammani o'zi ijtihod qilishga chaqiradilar. Bu esa, shubhasiz, yanada ixtiloflar va qarama-qarshi fikrlarning ko'payishiga olib keladi. Agar mazhablar orasidagi ixtiloflar ma'lum chegara bilan cheklangan bo'lsa, mazhabsizlikning bu da'vati esa cheksiz ixtiloflarga sabab bo'ladi va musulmonlar hayotida dahshatli falokatlarni keltirib chiqaradi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo'limi mutaxassisi,
Abdulatif Tursunov
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakilligida shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirni viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Uchrashuvda davlatimiz Rahbarining tegishli Farmoni bilan bir guruh diniy soha xodimlari «Imom Buxoriy» ordeni bilan taqdirlangani yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va tarixiy voqea ekani alohida e’tirof etildi.
Yig‘ilishda «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» ezgu shiori ostida vohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, yoshlarni Vatanga sadoqat va milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi faoliyat sarhisob qilindi.
Shuningdek, tadbir davomida imom-xatiblarga quyidagi ustuvor vazifalar yuklatildi:
Ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan va yakka-yolg‘iz keksalar holidan muntazam xabar olish;
Oilalar totuvligini mustahkamlash va mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash;
Masjidlar, qadamjolar va qabristonlarni obodonlashtirish hamda tozalik tadbirlarida faollik ko‘rsatish.
Yig‘ilish yakunida diniy soha xodimlarining kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati