frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Hushyorlikni bir dam yo'qotmaylik!

29.11.2022   2770   5 min.
Hushyorlikni bir dam yo'qotmaylik!

Bugungi axborot texnoogiyalari asrida turmushimiz qancha farovonlashgan bo'lsa, shuncha xavf-xatar ham ko'payib boryapti. Oldingiday dushmanni chetdan axtarishga hojat qolmadi. G'animlar yonimizda, hatto karmanlarimizda izg'ib yuribdi. Ba'zan kaftdekkina mobil qurilma bizning ag'yorimizga aylanib qolishi hech gap emas. Bu matoh farzandlarimizni ham chalg'itib, ularni turli buzuq aqidalarga boshlamoqda.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Ota-ona o'z bolasiga go'zal odobdan afzal narsa bera olmaydi», deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Boshqa bir hadisda: «Hech bir ota o'z farzandiga yaxshi tarbiya berish va odob o'rgatishdan ortiq hadya qilolmaydi», deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).

Nabiy alayhissalom farzandlariga, nabiralariga, umuman, yosh bolalarga juda e'tiborli bo'lganlar. U zotning tarbiyalarini olgan izdoshlari, sahobalar ham farzand tarbiyasida o'sha uslubni qo'llashgan.

Biz – bolajon millatmiz. Farzandlarimiz uchun o'zimizni o'tga-cho'qqa uramiz. Tinim bilmaymiz. O'zimiz emasak ham ularning og'ziga tutamiz. Lekin tarbiyadagi juda nozik jihatlarga bolamizning qalbiga kirishga, u bilan chinakam do'stlashishga, tillashishga, dillashishga har doim ham intilmaymiz.

Ota farzandi uchun hamma narsani muhayyo qilib qo'yadi. Biroq eng muhim narsani unutadi. Ha, odam bolasi uchun qorin to'qligiyu ustbutlikning o'zi kifoya qilmaydi. Unda ko'ngil bor. Ko'ngil esa doimiy e'tiborni, mehrni tusaydi. Har bir farzand otadan mehr ko'rishni xohlaydi, e'tibor xohlaydi.

Agar biz o'sha mehri bera olmasak, boshqalardan olsa, to'g'ri bo'ladimi? Ertaga o'zlarini g'arazli maqsadlariga yo'g'rilgan, Vataniga, diniga va ota-onasiga qarshi boradigan missioner va turli oqimlardan ota-onasidan ololmagan mehr-tarbiyani olsa, bu hammamiz uchun fojia bo'ladi.

Imom G'azzoliy bunday deydi: “Bolalar ota-onalariga berilgan bir omonatdir. Bolaning qalbi har qanday naqshu tasvirdan xoli bir qimmatbaho gavhardir. U qanday naqsh solinsa, qabul qiladi, qayoqqa bukilsa, egiladi. Agar yaxshilikka o'rgatilsa, shu bilan o'sadi va dunyoyu oxiratda saodatga erishadi. Uning savobiga ota-onasi ham, har bir muallimu ustozlari ham sherik bo'ladilar. Agar yomonlikka odatlantirilsa, hayvonlardek o'z holiga tashlab qo'yilsa, oxir-oqibat halok bo'ladi. Gunohi esa uning tarbiyasi uchun javobgar bo'lganlarning gardaniga tushadi”.

Hozirgi kunda ba'zi toifa va guruhlar manfur maqsadlari yo'lida Qur'oni karim oyatlari, hadisi shariflarning ma'nolarini buzib, o'z g'oyalariga moslashtirishmoqda. Shuningdek, ular solih ajdodlarimiz va o'tgan aziz ulamolarimiz aytgan so'zlarni ham butunlay noto'g'ri talqin qilib, o'z manfaatlari yo'lida foydalanishmoqda. Masalan, “hijrat”, “jihod” va “shahid” so'zlarini noto'g'ri talqin qilib, yoshlarimizni chalg'itmoqdalar.

Biz yoshlarimizga, mo'min-musulmonlarga, Islom dinimiz borasida oz bilimga ega bo'lgan kishilarga yuqoridagi so'zlarning asl ma'nosini tushuntirib berishimiz lozim. Shunda yoshlar xavf-xatar yuqoridagi so'zlarda emas, balki bu so'zlarni niqob, qurol qilib olgan toifa, guruh va adashgan jamoalarda ekanini anglab oladi.

O'sha toifalar haqida Alloh taolo A'rof surasining 179-oyatida bunday marhamat qiladi: «…Ularda qalblar bor, (lekin) ular bilan anglamaydilar. Ularda ko'zlar bor, (lekin) ular bilan ko'rmaydilar. Ularda quloqlar bor, (lekin) ular bilan eshitmaydilar. Ana o'shalar hayvonlar kabidirlar. Balki ular (yanada) adashganroqdirlar. Aynan o'shalar g'ofillardir».

Biz fazandlarimizni ba'zi toifa va guruhlarning manfur g'oyalariga uchib, yurtini tashlab vatangado bo'lib, yurtdoshlariga qarshi borib, vatan xoini bo'lishining oldini olishimiz shart.

Hullas, barcha musulmonlar uchun muqaddas tushunchalar va atamalarni g'arazli maqsad yo'lida suiiste'mol qilayotgan buzg'unchi toifalarga qarshi kurashish, ularning soxta da'volariga o'z vaqtida asosli raddiyalar berish har birimizning eng muhim vazifamizdir. Agar biz hushyorlikni bir dam yo'qotsak, payt poylab yurgan buzg'unchilar kirdikorlarini boshlashadi. Shu bois ogoh bo'lishimiz shart.

 

Mansur O'ROLOV

Toshkent shahri “No'g'ayqo'rg'on” jome masjidi imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Dohada «Uzbekistan: Heritage in Motion» ko‘rgazmasi ochiladi

02.09.2026   30457   2 min.
Dohada «Uzbekistan: Heritage in Motion» ko‘rgazmasi ochiladi

2026-yil 3-sentabr kuni Dohadagi Islom san’ati muzeyida O‘zbekiston tarixi va madaniy merosiga bag‘ishlangan «Uzbekistan: Heritage in Motion» ko‘rgazmasi ochiladi. Ekspozitsiya Markaziy Osiyoda islom dini tarqalishidan oldingi davrdan to hozirgi kungacha bo‘lgan tarixiy va madaniy jarayonlarni qamrab oladi hamda 28-noyabrgacha davom etadi.

Loyiha O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Islom san’ati muzeyi hamkorligida tashkil etilmoqda. Ko‘rgazma so‘nggi uch o‘n yillikdagi O‘zbekiston tarixini mamlakatning zamonaviy madaniy qiyofasi shakllanishi nuqtayi nazaridan namoyish etuvchi ilk xalqaro ekspozitsiya bo‘ladi.

Ekspozitsiyada Qatar va O‘zbekistondagi yetakchi muzey hamda madaniy muassasalar kolleksiyalaridan namunalar namoyish etiladi. Ular orasida Afrosiyobning mashhur devoriy tasviri, «Katta Langar» Qur’oni, Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalari, Buxoro kulolchilik namunalari, XIX–XX asrlarga oid milliy liboslar, zargarlik buyumlari, ipak matolar va an’anaviy hunarmandchilik asarlari bor.

Ko‘rgazma qadimgi mintaqa tarixi, me’moriy meros, islom sivilizatsiyasining intellektual yutuqlari hamda an’anaviy hunarmandchilik rivojiga bag‘ishlangan to‘rtta tematik bo‘limdan iborat. Unda O‘zbekistonning islom olamida fan, madaniyat va san’at rivojining tarixiy markazlaridan biri sifatidagi o‘rniga, shuningdek, Somoniylar va Temuriylar davri merosiga alohida e’tibor qaratiladi.

Tarixiy meros mamlakatning zamonaviy madaniy rivoji bilan uzviy bog‘liq holda namoyish etiladi. Dekorativ-amaliy san’at, to‘qimachilik va zargarlik an’analariga alohida o‘rin beriladi.

Ko‘rgazma doirasidagi ommaviy dastur ma’ruzalar, mahorat darslari, an’anaviy hunarmandchilik namoyishlari, shuningdek, ikat san’ati va ipak ishlab chiqarishga bag‘ishlangan taqdimotlarni o‘z ichiga oladi. 3–16-sentabr kunlari rassom Davlat Toshev rezidentlik dasturi doirasida mahalliy rassomlar va ko‘rgazma tashrif buyuruvchilari uchun Sharq miniatyurasi hamda «Abrū-Bahor» texnikasiga bag‘ishlangan mahorat darslarini o‘tkazadi. Ishtirok etish uchun oldindan ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi.

2017-yilda tashkil etilgan O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mamlakatning madaniy merosini asrash va xalqaro miqyosda targ‘ib qilish bilan shug‘ullanadi. Jamg‘arma 17 dan ortiq mamlakatda xalqaro loyihalarni amalga oshirgan va 40 dan ortiq xorijiy madaniyat muassasalari bilan hamkorlik qilgan.

Dohadagi Islom san’ati muzeyi 2008-yilda tashkil etilgan. Muzey kolleksiyasi qariyb 1 300 yillik tarixni qamrab oladi va unda qo‘lyozmalar, kulolchilik buyumlari, metall va shisha mahsulotlari, to‘qimachilik namunalari, gilamlar hamda zargarlik buyumlari mavjud.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
 
 
Dunyo yangiliklari