“Yangi Amerika tarixi” kitobi muallifi Piter Manso Islom Amerika tarixining ajralmas qismi ekanini ilmiy dalillar asosida ta'kidlarkan, jumladan, bunday deydi: “Musulmonlar bu erda Amerika Qo'shma Shtatlari tashkil etilganidan avval ham bo'lgan, ular minglab kishi bo'lib bu erga kelishgan”.
Boshqa manbalarda ham Amerika qit'asiga Kolumbdan ko'p yillar burun andalusiyalik musulmonlar kelgani aytilgan.
AQSh davlati tashkil topmasidanoq bu o'lkada musulmonlarning hayot kechirgani ushbu davlat tarixiga nazar tashlanganda ham ko'rinadi. Masalan, AQShni mustaqil respublika sifatida tan olgan ilk davlat Marokash Sultonligi edi (1777), 1805 yilning 9 dekabrida prezident Tomas Jefferson Oq Uyda Tunis elchisi Said Sulaymon sharafiga iftor uyushtirgan, 1861–1865 yillardagi fuqarolar urushida qahramonlik ko'rsatgan Petr Salim ham musulmon bo'lgan.
AQShda birinchi masjid va islomiy tashkilot 1913 yili N'yu-Jersida ochilgan. Masjidlarni musulmonlar o'z mablag'lari hisobidan qurganlar.
AQShning mahalliy aholisi, ayniqsa, ayollar va yoshlar orasida Islomga kiruvchilar soni ortib borayotgani ijobiy hodisa, albatta. Shuning bilan birga, bu davlatga ko'chib kelgan musulmon muhojirlar hisobiga ham musulmonlar soni ko'payyapti. Jumladan, 2005 yili musulmon davlatlaridan kelgan 96 000 kishi AQSh fuqaroligini olgan bo'lsa, 2009 yili 115 000 musulmon Qo'shma Shtatlar fuqarosiga aylandi. Ayniqsa, 11 sentyabr' voqeasidan so'ng AQSh aholisi Islomga yanada ko'proq qiziqa boshladi. Birgina 2005 yilning o'zida ushbu davlatning 20 000 dan ortiq fuqarosi Islomga kirdi. Bu raqam yildan-yilga o'sib bormoqda. AQSh musulmonlari soni mamlakat aholisining bir foiziga etdi. 2040 yilga borib Islom bu erda ikkinchi dinga aylanishi taxmin qilinmoqda.
Amerikada masjidlar soni 2020 yili 2769 taga etdi. Musulmonlar turli sohalarda mehnat qilib, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo'shmoqdalar. Ular boshqalardan to'qroq hayot kechiradi. Jumladan, Janubiy Osiyodan kelgan muhojirlarning aksari yaxshi ta'lim olgan va sanoatning daromadli sohalarida mehnat qiladilar. Shu bois daromadi oddiy amerikaliklarnikidan ancha ko'p. Ular orasida vrachlar, olimlar, muhandislar, dasturchilar va tadbirkorlar bor.
2018 yil AQSh kongressiga Minnesota va Detroyt shtatlaridan ikki musulmon ayol – kelib chiqishi somalilik bo'lgan Il'xon Umar va ota-onasi falastinlik bo'lgan Rashid Tlaib deputat etib saylandi.
Har yili Ramazon oyida Oq Uyda musulmonlar uchun katta iftorlik o'tkazilib, unda mamlakat prezidenti ham ishtirok etadi.
Turkiston – Amerika assotsiatsiyasi ma'lumotiga ko'ra, AQShda bugungi kunda 20 mingdan ortiq etnik amerikalik o'zbek istiqomat qiladi. Ularning aksari 40 yillarning oxiri va 50-yillarda Yevropadan, 1960 yildan boshlab Turkiyadan, 1979 yildan Afg'onistondan ko'chib borishgan. 1992 yildan esa Green card asosida har yili minglab o'zbeklar AQShda yashash va ishlash uchun ko'chib bormoqda.
Rahmatulloh AHMYeDOV
tayyorladi.
Muallif haqida
Rahmatulloh Ahmedov 1975 yili Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida tug'ilgan.
1996 yili Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutini bitirgan.
2016 yildan beri Kasbi tumanidagi “Rahmatulloh Suyarov” jome masjidi imom-xatibi.
Ilmning qadr-qimmati barchamizga ma’lum. Ilm sababli Alloh taolo Odamni farishtalardan afzal qildi. Ilm sababidan farishtalarga Odamga sajda qilishni buyurdi. Alloh taolo olimlar va ilm talabidagilarning martabalarini yuqoriga ko‘tardi. U Zot bunday deya marhamat qiladi: «...Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur...»[1].
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu aytadilar: “Ilm olinglar! Alloh uchun ta’lim olish – Allohdan qo‘rqishdir. Ilmni dars qilish – tasbehdir. Uni o‘rganish – ibodat, bilmaganga o‘rgatish – sadaqa, amal qilish esa Allohga yaqinlashishdir”.
Ilm sizning qadringizni ko‘taradi va ilm orqali Alloh taologa yaqinlashib borasiz. Abu Bakr Varroq bu borada bunday deydi:
Ilm o‘z sohibin ko‘targay yuksak,
Xoja aylagaydir qulni-da shaksiz.
Rizolik yo‘li ham shul erur demak,
Ilmdan boshqasi abas, keraksiz.
Ilm oluvchi go‘zal odob-axloq ila bezanmog‘i lozim. Umar roziyallohu anhu aytadilar: “Ilm olinglar! Ilm olar ekansiz, sakinat va halimlikni ham o‘rganing. Sizdan ilm o‘rganuvchilar ham sizga nisbatan kamtarin munosabatda bo‘lsinlar, siz ham ilm olayotgan kishingizga tavozeli bo‘ling. Zulmkor olimlardan bo‘lmang. Sizlarning ilmingiz jaholat birla turmas”.
“Men bilmayman” deyish hech qachon ayb sanalmaydi. Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: “Qalbga rohat beradigan eng go‘zal narsa haqida savol so‘rashganida, “Men bilmayman”, deb javob berishdir”, deganlar.
O‘rgangan ilmingizni odamlardan berkitmang. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mendan bir oyat bo‘lsa ham yetkazinglar”[2], deganlar.
O‘rganayotgan narsalaringizga bee’tibor bo‘lib odamlarga yetkazmay yurish yaxshi emas. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim ilmni berkitsa, Alloh taolo qiyomat kunida unga olovdan bo‘lgan yuganni soladi”, [3] deganlar.
Amal qilinmaydigan ilmda xayr yo‘q. Unday odamning ustiga jild-jild kitoblar ortilgan eshakdan farqi yo‘q.
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu bunday deydilar: “Ilm o‘rganib, unga amal qilinglar. Ilm ila chiroyli ko‘rinish uchun ilm o‘rganmang. Umringiz uzoq bo‘lsa, hali shunaqalarni ko‘rasiz, odamlar kiyim kiyib bezanganidek, odamlar ilm olib o‘zlariga oro beradilar”.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Imlni olimlarga maqtanish, u orqali esi past, johillar bilan talashib-tortishish yoki odamlarning e’tiborini o‘zingizga qaratish uchun o‘rganmang. Kim shunday qilsa, u jahannamdadir”[4], deganlar.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Mujodala surasi, 11-oyat.
[2] Imom Buxoriy rivoyati.
[3] Ibn Hibbon, Imom Hokim va Imom Bayhaqiy rivoyati.
[4] Ibn Moja rivoyati.