Shu yil 24-27 noyabr kunlari Istanbulda halol mahsulotlarga oid ikkita ko'rgazma bo'lib o'tadi, deb yozadi “Anadolu”. Ular “Butunjahon halol mahsulotlar ko'rgazmasi” va Islom hamkorlik tashkiloti davlatlarining VIII “Halol Ekspo” ko'rgazmalaridir.
Butunjahon halol sammiti kengashi prezidenti va “Discover Events” bosh direktori Yunus Ete bu kabi ko'rgazmalar Turkiya uchun odatiy hol emasligi va mamlakat allaqachon halol sanoatining o'ziga xos markaziga aylanganini ma'lum qildi.
Unga ko'ra, tadbirlar tashkilotchilari Islom savdosini rivojlantirish markazi (ICDT), shuningdek, Islom mamlakatlari standartlashtirish va metrologiya instituti (SMIIC) hisoblanadi.
Yunus Etening aytishicha, ko'rgazmalarda dunyoning 40 ta davlatidan 500 ga yaqin kompaniya o'z mahsulotlari haqidagi ma'lumotlarni taqdim etadi. Biz tashkil qilayotgan bunday ko'rgazmalarga bo'lgan katta qiziqishdan mamnunmiz. Mamlakatimiz iqtisodiyotiga yanada katta hissa qo'shish maqsadida tadbirimizni yildan-yilga yanada rivojlantirish niyatidamiz. Har yili ko'rgazma mehmonlari soni 40 mingdan oshadi, ularning 10 mingga yaqini xorijdan tashrif buyuradi.
Uning ta'kidlashicha, hozirda halol mahsulotlar bozori juda xilma-xil bo'lib, u umumiy ovqatlanishdan tortib turizm, to'qimachilik, kosmetika, tibbiyot, farmatsevtika va kimyo sanoatigacha bo'lgan ishlab chiqarish mahsulotlari va xizmatlarini qamrab oladi. Uning hajmi qariyb 7 trillion dollar bo'lib, uning 150 milliardi Turkiyaga to'g'ri keladi.
O'MI Halqaro aloqalar bo'limi