Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Iyun, 2025   |   3 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:07
Quyosh
04:52
Peshin
12:26
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:46
Bismillah
28 Iyun, 2025, 3 Muharram, 1447

“Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot... masalasidir”

21.11.2022   1585   5 min.
“Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot... masalasidir”

Taniqli ma'rifatparvar Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot - yo mamot, yo najot - yo halokat, yo saodat - yo falokat masalasidir” degan chuqur ma'noli so'zlari naqadar haqiqat ekanini bugun, har qachongidan ham yaxshi anglaymiz.

Tarbiya masalalariga e'tiborsiz qaralgan vaziyatda yuzaga keladigan ko'ngilsizliklar ham, u keltirib chiqaradigan zararli oqibatlar ham barchamizga ayon. Ammo bugun kishilarimizga ana shu hakikatni aytsangiz sizga: “Nima qilay, ishlamasang bo'lmasa!”, “Ko'ryapsiz-ku, osonmas, hayot tashvishlari, bolalarning eb-ichishiyu, kiyim kechagi ...”, “Ha endi o'zi omon bo'lsa, tarbiyasi bir gap bo'lar...”.

Yo'q, tarbiya “bir gap bo'ladigan” narsa emas! Uning uchun jon kuydirish shart. Mol dunyo kiyim kechakka hirs qo'yish dardidan forig' bo'lib, tarbiya bilan shug'ullanish kerak.

Go'yo ko'pchilikning farzand tarbiyasi bilan band bo'lishga ortiqcha vaqti yo'q emish. Vaholanki, tarbiya masalalari bilan ortiqcha vaqtda emas, har daqiqada shug'ullanish darkor. Olimlar bir sutkada farzand tarbiyasi uchun faqatgina o'n ikki daqiqagina vaqt ajratadigan ota-onalar bor ekanini aniqlaganlar. Bu daqiqalar ham asosan dasturxon atrofida o'tirganda, bola ko'chaga chiqayotganda, maktabga ketayotgandan beriladigan kichik tanbehlarga sarf bo'lar ekan, xolos.

Buyuk vatandoshimiz Imom G'azzoliy bunday deydi: “Bolalar ota-onalariga berilgan bir omonatdir. Bolaning qalbi har qanday naqshu tasvirdan xoli bir qimmatbaho gavhardir. U qanday naqsh solinsa, qabul qiladi, qayoqqa bukilsa, egiladi. Agar yaxshilikka o'rgatilsa, shu bilan o'sadi va dunyoyu oxiratda saodatga erishadi. Uning sa­vobiga ota-onasi ham, har bir muallimu ustozlari ham sherik bo'ladilar. Agar yomonlikka odatlantirilsa, hayvonlardek o'z holiga tashlab qo'yilsa, oxir-oqibat halok bo'ladi. Gunohi esa uning tarbiyasi uchun javobgar bo'lganlarning gardaniga tushadi”.

 Aziz ota onalar, bu borada olib borayotgan ishlaringizga bir nazar tashlab ko'ring-a?! Siz buni qay daraja uddalayapsiz, farzandingizga, uning tarbiyasiga qancha vaqt ajratyapsiz?

Zero, bugun ilm-fan va ta'lim izchil rivojlanib borayotgan bir davrda hech shak-shubhasiz tarbiya ta'limning asosida turishi shartdir. Shunday ekan, ilm-fan ta'lim-tarbiya asosida olib borilishi maqsadga muvofiqdir. Qolaversa, har bir pedagog, muallim va ustozning ta'lim berishdan maqsadi –kelajagi porloq, Vatan va el-yurt xizmatida turadigan halol kadrlarni tarbiyalash bo'lsagina, bunday ta'lim-tarbiya o'z samarasini bermay qolmaydi. Ya'ni, bugungi kunning o'qituvchi va muallimi o'zi ta'lim berayotgan shaxsga fidoyilik bilan ta'lim berishi, qolaversa jonkuyar tarbiyachi bo'lishi shart. Ayni damda tarbiya sohasida o'qituvchi va muallimlar o'quvchi yoshlarga shaxsan namuna bo'lishlari ham muhimdir!

Ta'limni tarbiyadan, tarbiyani esa ta'limdan ajratib bo'lmaydi – bu sharqona qarash, sharqona hayot falsafasi”. Shunday ekan, ta'lim va tarbiya ishini uyg'un holda olib borish talab etiladi.

Shuni unutmasligimiz kerakki, yurt kelajagi, vatanimiz taraqqiyoti va xalqimizning ertangi kuni qanday bo'lishi farzandlarimiz va yoshlarimizning bugun qanday ta'lim va tarbiya olishiga bog'liqdir. Shu sababli har bir ota-ona, ustoz va murabbiy har bir bola timsolida avvalo shaxsni ko'rishi zarur. Ana shu oddiy talabdan kelib chiqqan holda, o'nib-o'sib kelayotgan yoshlarni mustaqil va keng fikrlash qobiliyatiga ega bo'lgan, ongli yashaydigan komil insonlar etib voyaga etkazish – ta'lim-tarbiya sohasining asosiy maqsadi va vazifasi bo'lishi lozim, deb qabul qilishimiz kerak.

Ma'lumki, ota-bobolarimiz qadimdan bebaho boylik bo'lmish ilmu ma'rifat, ta'lim va tarbiyani inson kamoloti va millat ravnaqining eng asosiy sharti va garovi deb bilgan.

Albatta, ta'lim-tarbiya – ong mahsuli, lekin ayni vaqtda ong darajasi va uning rivojini ham belgilaydigan, ya'ni xalq ma'naviyatini shakllantiradigan va boyitadigan eng muhim omildir. Binobarin, ta'lim-tarbiya tizimini va shu asosda ongni o'zgartirmasdan turib, ma'naviyatni rivojlantirib bo'lmaydi.

Hulosa o'rnida shuni aytish kerakki, farzandlarimizni ilm-fan va ta'lim-tarbiya asosida voyaga etkazish maqsadga muvofiq ekan, o'z o'rnida tarbiya esa ma'naviyat bilan chambarchas bog'liqdir. Zero, yoshlar kelajak egalari hisoblanadi. Yoshlarimiz ta'lim-tarbiyasida esa ma'naviy tarbiya katta ahamiyatga ega.

Eng muhimi, farzandlarimizni sog'lom, komil inson qilib tarbiyalaylikki, ular o'z ota-bobolariga, tariximizga, Vatanimizga, ona tilimizga, o'z milliy qadriyatlarimizga, muqaddas dinimiz an'analariga sodiq bo'lishsin.

 

O'tkir G'UZAROV,

 “Hoja Buxoriy” nomli o'rta maxsus

islom bilim yurti mudiri

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston musulmonlari idorasida navbatdagi “Fuqarolar qabuli” bo‘lib o‘tdi

25.06.2025   7261   1 min.
O‘zbekiston musulmonlari idorasida navbatdagi “Fuqarolar qabuli” bo‘lib o‘tdi

Har haftaning chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida an’anaviy tarzda tashkil etiladigan fuqarolar qabuli bu safar ham aholi vakillarining murojaatlarini o‘rganish, muammolarga yechim topishga qaratildi.

Joriy haftadagi qabulda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov poytaxtimizdan hamda yurtimizning turli shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan fuqarolarning shaxsiy va jamoaviy masalalari, taklif va mulohazalarini tingladi.

  • - Aholi vakillari tomonidan turli masalalar bo‘yicha shar’iy hukmlar, ularning amaliy tatbiqlari yuzasidan savollar berildi;
  • - Nikoh, oilaviy munosabatlar, farzand tarbiyasi kabi mavzulardagi murojaatlar ko‘rib chiqildi;
  • - Ayrim ehtiyojmand fuqarolar tomonidan tushgan moddiy ko‘mak so‘rovlari tegishli tartibda ko‘rib chiqilishi belgilandi;
  • - Sohani yanada rivojlantirish, masjidlarni obod qilish, yoshlar o‘rtasida ilmiy-ma’rifiy targ‘ibotlarni kuchaytirish kabi bir qator konstruktiv takliflar bildirildi.

Qabul yakunida mas’ullarga aniq topshiriqlar berilib, fuqarolar murojaatlarini tezkor va adolatli hal etish bo‘yicha choralar belgilandi. Shu bilan birga, fuqarolar bilan bevosita muloqot qilish, ularning fikrlarini eshitish va islohotlarga jamoatchilikni faol jalb etish borasidagi ishlar doimiy e’tiborda ekani ta’kidlandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari