بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي عَلَّمَ الْإِنْسَانَ مَا لَمْ يَعْلَم، وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ الأَكْرَم وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ اَمَّا بَعْدُ
AMALLARNING QABUL BO'LISh ShARTLARI
Muhtaram jamoat! Ma'lumki, musulmon kishi Alloh taologa manzur bo'ladigan va Uni rozi qiladigan amallarning barchasini go'zal holatda bajarishga harakat qiladi. “Solih (yaxshi) amal” iborasi Qur'oni karimda 200 dan ortiq marta va hadisi shariflarda esa juda ko'p o'rinlarda tilga olinganining o'zi dinimizning bu narsaga qanchalik katta ahamiyat berganini ko'rsatadi.
Solih amallar, ayrimlar o'ylaganidek, faqat namoz, ro'za, zakot, haj va boshqa ibodatlardangina iborat emas. Balki ular juda ham ko'p bo'lib, Alloh va Rasulini yaxshi ko'rish, qarindoshchilikni bog'lash, qo'shnilik haqqini ado etish, etimlarga, kambag'allarga hattoki, jonzotlarga yashilik qilish va boshqa ko'plab yaxshi, xayrli, chiroyli, savobli va manfaatli amallarni ham o'z ichiga oladi. Bu borada Alloh taolo Qur'oni karimda quyidagicha marhamat qilgan:
لَيْسَ الْبِرَّ أَنْ تُوَلُّوا وُجُوهَكُمْ قِبَلَ الْمَشْرِقِ وَالْمَغْرِبِ وَلَكِنَّ الْبِرَّ مَنْ آَمَنَ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الْآَخِرِ وَالْمَلَائِكَةِ وَالْكِتَابِ وَالنَّبِيِّينَ وَآَتَى الْمَالَ عَلَى حُبِّهِ ذَوِي الْقُرْبَى وَالْيَتَامَى وَالْمَسَاكِينَ وَابْنَ السَّبِيلِ وَالسَّائِلِينَ وَفِي الرِّقَابِ وَأَقَامَ الصَّلَاةَ وَآَتَى الزَّكَاةَ وَالْمُوفُونَ بِعَهْدِهِمْ إِذَا عَاهَدُوا وَالصَّابِرِينَ فِي الْبَأْسَاءِ وَالضَّرَّاءِ وَحِينَ الْبَأْسِ أُولَئِكَ الَّذِينَ صَدَقُوا وَأُولَئِكَ هُمُ الْمُتَّقُونَ
ya'ni: Yuzlaringizni Mashriq va Mag'rib tomonlariga burishingiz (ibodat qilishingizning o'zi to'la) yaxshilik emas, balki Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitoblarga, payg'ambarlarga imon keltirgan, o'zi yaxshi ko'rgan molidan qarindoshlariga, etimlarga, miskinlarga, yo'lovchiga, tilanchilarga va qullarni ozod qilish yo'lida beradigan, namozni to'kis ado etib, zakotni to'lab yuradigan kishi va kelishilgan ahdlariga vafo qiluvchilar, shuningdek, og'ir-engil kunlarda va jang paytida sabr qiluvchilar yaxshilik (ahli)dir. Aynan o'shalar (imonlarida) sodiqdirlar va aynan o'shalar taqvodordirlar (Baqara surasi 177-oyat).
Ko'rinib turibdiki, yaxshilikning turi ko'p. Ammo har birimizning ham amallarimiz, yaxshiliklarimiz Allohning huzurida maqbul bo'lyaptimi? Mo'min-musulmon kishining asosiy tashvishi mana shu bo'lishi kerak. Dinimizda amallar qabul bo'lishi uchun quyidagi shartlar topilishi kerak:
أُولَئِكَ الَّذِينَ كَفَرُوا بِآَيَاتِ رَبِّهِمْ وَلِقَائِهِ فَحَبِطَتْ أَعْمَالُهُمْ فَلَا نُقِيمُ لَهُمْ يَوْمَ الْقِيَامَةِ وَزْنًا
ya'ni: Ular Parvardigorlarining oyatlarini va U zot bilan muloqotda bo'lishni inkor etishib, butun ish (amal)lari behuda ketgan kimsalardir. Bas, Biz Qiyomat kunida ular (amallari) uchun hech qanday vaznni qoim qilmasmiz! (Kahf surasi 105-oyat).
مَنْ كَانَ يُرِيدُ الْحَيَاةَ الدُّنْيَا وَزِينَتَهَا نُوَفِّ إِلَيْهِمْ أَعْمَالَهُمْ فِيهَا وَهُمْ فِيهَا لا يُبْخَسُونَأُولَئِكَ الَّذِينَ لَيْسَ لَهُمْ فِي الآَخِرَةِ إِلاَّ النَّارُ وَحَبِطَ مَا صَنَعُوا فِيهَا وَبَاطِلٌ مَا كَانُوا يَعْمَلُونَ
ya'ni: “Kimki dunyo hayoti va uning ziynatini istasa, u (kabi)larga amallari (savobi)ni shu (dunyo)da mukammal berurmiz va ular unda (dunyoda) ziyon qilmaydilar. Ana o'shalarga oxiratda do'zaxdan boshqa (narsa) yo'qdir. Qilgan (savobli) ishlari habata (barbod) va qilib yurgan amallari botil (zoye) bo'lur” (Hud surasi 15, 16-oyatlar).
Bu oyati karimada savobli amallarni oxirat uchun emas, shu dunyoda obro' va shuhrat orttirish maqsadida qiluvchi riyokor kishilar uchun ogohlantirish bor (Tafsiri Nasafiy).
Muhtaram azizlar! Shu o'rinda biz ixlosni ketkazuvchi sifatlarni bilishligimiz juda muhimdir. Ularning birinchisi – riyodir. U – amal va ibodatni bandalarning olqishi va maqtovlariga erishish uchun ularga ko'rsatib bajarishdir. Bu haqda Alloh taolo Qur'oni karimda bunday degan:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لَا تُبْطِلُوا صَدَقَاتِكُمْ بِالْمَنِّ وَالْأَذَى كَالَّذِي يُنْفِقُ مَالَهُ رِئَاءَ النَّاسِ وَلَا يُؤْمِنُ بِاللَّهِ وَالْيَوْمِ الْآَخِرِ فَمَثَلُهُ كَمَثَلِ صَفْوَانٍ عَلَيْهِ تُرَابٌ فَأَصَابَهُ وَابِلٌ فَتَرَكَهُ صَلْدًا لَا يَقْدِرُونَ عَلَى شَيْءٍ مِمَّا كَسَبُوا وَاللَّهُ لَا يَهْدِي الْقَوْمَ الْكَافِرِينَ
ya'ni: “Ey, imon keltirganlar! Molini odamlar ko'rsin deb beradigan, Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan kimsaga o'xshab, (bergan) sadaqalaringizni minnat va ozor bilan yo'qqa chiqarmang! U (riyokor) ustini tuproq qoplagan silliq qoyaga o'xshaydi; ustiga jala yoqqanda, (tuproq yuvilib,) sip-silliq toshning o'zini qoldiradi. Ular topgan (va sarflagan) boyliklaridan hech narsaga ega bo'la olmaydilar. Zotan, Alloh kofirlar qavmini hidoyat sari yo'llamagay” (Baqara surasi 264-oyat).
Demak, savobli ishni riyokorlik va odamlar ichida obro' orttirish niyati bilan bajarilsa, u Allohning nazdida qabul qilinmaydi, balki uning savobini ketkazib qo'yishi ham muqarrardir.
Riyoni ulkan gunohligi haqida Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam shunday deganlar:
إِنَّ أَخْوَفَ مَا أَخَافَ عَلَيْكُمُ الشِّرْكُ الْأصْغَرُ قَالُوا: وَمَا الشِرْكُ الْأصْغَرُ يَا رَسُولَ اللهِ؟ قَال: الرِّيَاءُ
رواه الامام أحمد
ya'ni: “Men sizlarda sodir bo'lib qolishidan qo'rqadigan narsamning eng yomoni – kichik shirkdir”. Sahobalar: “Yo Rasullulloh, kichik shirk nima?” – deb so'radilar. Rasululloh alayhissalom: “Riyo” – deb javob berdilar (Imom Ahmad rivoyatlari).
Demak, ushbu hadisi sharifdan ma'lum bo'layaptiki, shirk ikki xil bo'ladi. Katta shirk va kichik shirk. Katta shirk hammamizga ma'lum. Ammo kichik shirk esa, amallarni Alloh rizosi uchun qilmay, balki odamlarga ko'rsatish, ular o'rtasida obro' topish yoki odamlardan ajralib qolishdan qo'rqib qilinishi riyo, ya'ni kichik shirk hisoblanar ekan.
Mazhabboshimiz Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh shunday deganlar: “Riyo solih amalga aralashsa, uning ajrini yo'qqa chiqaradi. Kishi o'zidan faxrlanishi ham – riyo kabidir”.
Ikkinchisi – amalni odamlar eshitishi uchun bajarishdir. U ham riyo kabi bo'lib, unday amal uchun savob berilmaydi, balki, Qiyomatda azobga duchor bo'ladi. Nabiy sallallohu alayhi va sallam marhamat qilib, dedilar:
من سمع سمع الله به ومن يرائي يرائي الله به
(متفق عليه)
ya'ni: “Kim odamlarga eshittirish uchun amal qilsa, Alloh uni eshittiradi. Kimki, ko'z-ko'z qilsa, Alloh uni ko'z-ko'z qiladi” (Muttafaqun alayh).
Keyingisi – amallaridan mag'rurlanish, o'ziga bino qo'yishdir. Bu esa, inson o'ziga berilgan ne'mat yoki yaxshi amalni Allohdan ekanini unutishi va bularni o'z nafsidan deb bilishidir. Bu haqda Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflari shunday deganlar:
ثلاث مهلكات: شح مطاع، وهوى متبع، وإعجاب المرء بنفسه
(رواه البزار عن أنس بن مالك رضي الله عنه)
ya'ni: “Uch narsa halok qiluvchidir: itoat qilinadigan baxillik, ergashiladigan havoi-nafs va kishi o'z nafsi bilan faxrlanishi” (Imom Bazzor rivoyatlari).
Imom Qurtubiy rahimahulloh aytadilarki: “Kishining o'z amali bilan faxrlanishi o'sha amalni mukammal deb bilib, Allohning ne'matini unutishidir”.
Ko'rinib turibdiki, bu amallar kamtarlik, tavozelik va hokisorlikka buyurgan shariatimiz ko'rsatmalariga zid bo'lishi bilan birga, amallarning savobini ketkazishga ham sabab bo'ladi. Shuningdek, ibodat, tavba va solih amallarni biror dunyoviy manfaat uchun qilish ham amalning savobini yo'qqa chiqaradi.
Muhtaram jamoat! Mav'izamiz davomida namozda qo'l bog'lash haqida suhbatlashamiz. Hanafiy mazhabimizga ko'ra, takbiri tahrima bilan namozga kirishgan kishi o'ng qo'lni chap qo'l ustiga qo'yib, qo'llarini bog'laydi va kindik ostiga qo'yadi. Bu amalni ulamolarimiz sunnat deydilar. Chunki, bu masalada kelgan hadisi shariflar aynan Hanafiy mazhabi tutgan yo'lni quvvatlaydi. Jumladan: Imom Buxoriyning ustozlari Imom Abdulloh ibn Muhammad ibn Abu Shayba rahimahulloh “Musannaf” kitobida quyidagi hadisi sharifni keltirganlar:
عن علقمة بن وائل بن حجر عن ابيه قال
رأیت النبی صلى الله عليه وسلم وضع یمینه علیٰ شماله فی الصلوٰۃ تحت السرۃ
ya'ni: Alqama ibn Voil otalari Voil ibn Hujrdan rivoyat qiladi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam namozda o'ng qo'llarini chap qo'llari ustiga qo'yib, kindik ostiga qo'yganlarini ko'rdim”.
Bu masalada Ali raziyallohu anhudan quyidagicha rivoyat qilingan:
ان من سنة الصلاة وضع اليمين علي الشمال تحت السرة
ya'ni: “O'ng qo'lni chap qo'l ustiga qo'yib, kindik ostiga qo'yish – namozning sunnatidandir”(Imom Bayhaqiy va Imom Doraqutniy rivoyatlari).
Hanafiy muhaddis Badruddin Ayniy rahimahulloh “Umdatul Qoriy” kitoblarida shunday deydilar:
قول علي ان من سنة هذا اللفظ يدخل في المرفوع عندهم و قال ابو عمر في المنتقي و اعلم ان الصحابي اذا اطلق اسم السنة فالمراد به سنة النبي صلي الله عليه السلام
ya'ni: Hazrati Alining“namozning sunnatidandir” deganlari “marfu'” – Payg'ambarimiz alayhissalom aytgan hadisi sharif ekanligini bildiradi. Abu Umar rahimahulloh “Muntaqo” kitobida: “Bilingki, agar sahoba “sunnat” so'zini mutlaq qo'llasa, bundan Nabiy sallallohu alayhi vasallamning sunnatlari iroda qilingan bo'ladi”, – deganlar.
Badruddin Ayniy va Imom Navaviy rahmatullohi alayhimolardan boshqa muhaqqiqlar ham bir ovozdan “Falon ish – sunnatdandir” degan istelohdan Nabiy sallallohu alayhi vasallamning sunnatlari murod ekanligini aytganlar (“Tazkiratul Huffaz” kitobi 48 sahifa). Yana bir rivoyatda aytiladi:
عن ابى جحيفة ان عليا رضى الله عنه قال: "السنة وضع الكف على الكف فى الصلاة تحت السرة (رواه الإمام ابو داود(
ya'ni: Abu Juhayfa raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Ali raziyallohu anhu aytdilar: “Namozda qo'lni qo'lning ustiga qo'yib, kindik ostiga qo'yish – sunnatdir” (Imom Abu Dovud rivoyatlari).
Bu hadisi sharif Imom Ahmadning "Musnad" kitoblarida ham keltirilgan. Hofiz ibn Hajar o'zining "Tajridu zavoidi musnad al-Bazzor" kitobida: “Agar hadisi sharif "Musnadi Ahmad"da kelsa, boshqa musnadlarga hojat yo'q”, – degan (“E'lous sunan” kitobi).
Bizning diyorlarda ko'p asrlardan beri mo'min-musulmonlar Hanafiy mazhabiga ergashib kelganlar. Lekin afsuski, ko'pincha yuqoridagi hadisi shariflar va ulamolarimizning ijtihodlaridan bexabar ba'zi shaxslar qo'llarini mazhabimizda sunnat deyilgan ko'rinishdan o'zgacha bog'laydilar. Ularning ba'zi qo'l bog'lash holati umuman biror mazhabda uchramaydi. Masalan, o'ng qo'l bilan chap qo'lning tirsagini ushlab turish, qo'llarni bog'lab ko'krak ustiga qo'yish, biror mazhabda olinmagan. Vaholanki, to'rt mo''tabar mazhabdan chiqib amal qilinmaydi. Yoki bir amalni hanafiylardan, boshqasini shofe'iylardan olish durust emas. Buni ulamolar "talfiq" (ikki mazhabni aralashtirish) deydilar va bunday qilgan kishi harom amalni qilgan bo'ladi. Chunki mazhablardan nafsi havosiga yoqqan hukmlarini terib olish, shariatga emas, nafsiga ergashishdir. Bizning diyorimizda bu xatolar va ixtiloflarning echimi – masalalarni Qur'on, sunnat va salafi solihin olimlar usulida hal qilgan Hanafiy mazhabiga ergashishdir. Ma'lumki, Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh ham tobe'in – salaf ajdod olimlardan biri va ergashishga eng loyiq zotlardan. U zot bilan oxirgi asrlarda paydo bo'lgan oqim rahnamolarini aslo tenglashtirish mumkin emas. Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh kabi salafi solih ulamolarga ergashmay, mazkur keyin paydo bo'lgan radikal oqim peshvolariga ergashadiganlar, mo'min-musulmonlar o'rtasida bitmas-tuganmas ixtiloflar chiqishiga sababchi bo'ladilar va bu ixtiloflarning gunohini ham o'z zimmalariga oladilar.
Alloh taolo yurtimizni tinch, xalqimizni farovon bo'lishini nasib aylab, Yurtimiz musulmonlarini ota-bobolarimizning yo'llari bo'lgan Hanafiy mazhabimizga muvofiq ibodat qilib, tinch-totuv va ahl-inoq yashashga muvaffaq aylasin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma'ruzasi “Dinimizda qo'shnichilik haqlari” mavzusida bo'ladi, inshaalloh.
- 58وَلِلدَّعَوَاتِ تَأْثِيرٌ بَلِيغٌ وَقَدْ يَنْفِيهِ أَصْحَابُ الضَّلاَلِ
Ma’nolar tarjimasi: Duolarning yetuk ta’siri bordir, gohida adashganlar uni inkor qiladilar.
Nazmiy bayoni:
Duolarning yetuk ta’sirlari bor,
Adashganlargina qilarlar inkor.
Lug‘atlar izohi:
لِ – jor harfi فِي ma’nosida kelgan.
دَعَوَاتِ – kalimasi دَعْوَةٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib, lug‘atda “iltijolar” ma’nosini anglatadi. Jor va majrur mubtadosidan oldin keltirilgan xabardir.
تَأْثِيرٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado.
بَلِيغٌ – sifat. Ushbu kalimada duoning ta’sirga sabab ekaniga ishora bor. Chunki ta’sir, aslida, Alloh taoloning yaratishi bilan vujudga keladi.
وَ – “holiya” ma’nosida kelgan.
قَدْ – “taqliliya” (cheklash) ma’nosida kelgan.
يَنْفِيهِ – fe’l va maf’ul. نَفِي kalimasi lug‘atda “bir chetga surib qo‘yish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
اَصْحَابُ – foil. Bu kalima صَاحِب ning ko‘plik shakli bo‘lib, “lozim tutuvchilar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
الضَّلاَلِ – muzofun ilayh. Ushbu izofada لِ jor harfi muqaddar bo‘lgan[1]. “Zalolat” kalimasi “to‘g‘ri yo‘ldan adashish” ma’nosida ishlatiladi.
Matn sharhi:
Duo lug‘atda “iltijo”, “o‘tinch” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa “banda o‘zining faqirligini, hojatmandligini va muteligini hamma narsaga qodir bo‘lgan Alloh taologa izhor qilib, manfaatlarni jalb qilishni va zararlarni daf qilishni so‘rashi, duo deb ataladi”[2].
Mo‘min bandalarning qilgan duolarida o‘zlariga ham, agar marhumlar haqlariga duo qilayotgan bo‘lsalar, ularga ham manfaatlar yetadi. Duolarning ta’siri borligini adashgan kimsalargina inkor qiladilar. Matndagi “zalolatdagilar” degan so‘zdan mo‘taziliy toifasi ko‘zda tutilgan. Chunki mo‘taziliy toifasi bu masalada ham Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga zid da’volarni qilgan.
Duolarning ta’sirini inkor etadiganlar bir qancha dalillarni keltirishgan. Masalan, oyati karimalarda har bir insonga o‘zi qilgandan boshqa narsa yo‘qligi bayon qilingan:
“Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur”[3].
Boshqa bir oyatda esa kishi o‘zining qilgan yaxshi ishlari tufayli mukofotga erishsa, yomon qilmishlari sababli jazolanishi bayon etilgan:
“Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir”[4].
Ushbu oyati karimalarda har bir kishining ko‘radigan manfaatlari boshqalarning qilgan duo va xayrli ishlaridan emas, faqat o‘zining qilgan ishlaridan bo‘lishi bayon qilingan, bu esa duolarning ta’siri yo‘qligiga dalolat qiladi, – deyishgan.
Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilarga raddiyalar
Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilar keltirishgan yuqoridagi va undan boshqa dalillariga batafsil javoblar berilgan. “Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy” kitobida quyidagicha javob kelgan: "Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur" ma’nosidagi oyatda bayon qilinganidek, haqiqatda inson o‘z sayi-harakati va yaxshi fe’l-atvori bilan do‘stlar orttiradi, uylanib bola-chaqali bo‘ladi, insonlarga mehr-muhabbat ko‘rsatadi va ko‘plab yaxshi ishlarni amalga oshiradi. Shunga ko‘ra insonlar uni yaxshilik bilan eslab, unga Alloh taolodan rahmat so‘rab duo qilsalar, toat-ibodatlarning savoblarini unga hadya qilsalar, bularning barchasi birovning emas, aslida, o‘z sayi-harakatining natijasi bo‘ladi.
Ikkinchi dalil bo‘lgan "Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir", ma’nosidagi oyat ham yuqoridagi kabi oyat bo‘lib, har bir kishi o‘zining qilgan yaxshi ishining samarasini ko‘radi, qilgan ma’siyatiga ko‘ra jazolanadi, kabi ma’nolarni ifodalaydi. (Ya’ni “har kim ekkanini o‘radi”, deyilgani kabi)”[5].
Shuningdek, duo qilishning foydasi bo‘lmaganida mag‘firat so‘rashga buyruq ham bo‘lmasdi. Qur’oni karimda esa mag‘firat so‘rashga buyurilgan:
“Bas, (ey Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling va o‘z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang!”[6].
Shuningdek, vafot etib ketgan kishilar haqiga qilingan duolarda manfaat bo‘lmaganida, ularni eslab duo qilganlar Qur’oni karimda madh etilmasdi:
“Ulardan keyin (dunyoga) kelganlar: “Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga (nisbatan) qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey, Robbimiz, albatta, Sen shafqatli mehribonsan”, – derlar”[7].
Shuningdek, vafot etganlarga janoza namozini o‘qish tiriklar zimmasiga vojib qilingan. Janoza namozida esa sano va salovot aytish bilan birgalikda “Ey Allohim, bizlarning tiriklarimizni ham, o‘liklarimizni ham mag‘firat qilgin”, ma’nosidagi duo o‘qiladi.
Mazkur dalillarning barchasida duolarning ta’siri borligi ko‘rinib turibdi. Shuning uchun inson vafotidan keyin ham o‘z haqiga xayrli duolar qilinishiga sabab bo‘ladigan yaxshi amallarni qilishi lozim.
Duo qilish bandaga foyda keltiradigan va undan zararlarni daf qiladigan eng kuchli sabablardan ekani Qur’oni karimda ham, hadisi shariflarda ham bayon qilingan:
“Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!” – dedi. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar”[8].
Ibn Kasir rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Alloh taolo bandalarini O‘ziga duo qilishga da’vat etgan va O‘z fazlu marhamati bilan qilgan duolarini albatta ijobat etishga kafolat bergan”, – degan. Oyati karimaning davomidagi “ibodatdan kibr qilganlar” esa Alloh taologa duo qilishdan takabburlik qilgan kimsalar deya tafsir qilingan. Hadisi shariflarda duoning qazoni qaytarishga sabab qilib qo‘yilgani bayon etilgan:
عَنْ سَلْمَانَ الْفَارْسِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قال لَا يَرُدُّ القَضاءَ إلا الدُّعاءُ وَ لَا يَزِيدُ فِي الْعُمُرِ إِلاَّ الْبِرُّ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qazoni faqatgina duo qaytaradi, umrni faqatgina yaxshilik ziyoda qiladi”, – dedilar (Termiziy rivoyat qilgan).
Sharh: Ushbu hadisda duoning bajariladigan ishlarga bog‘lab qo‘yilgan qazoni qaytarish sabablaridan ekani bayon qilingan. Zero, Alloh taolo amalga oshadigan barcha narsalarga azaliy sabablarni tayin qilib qo‘ygan. Solih amallar saodatga erishish uchun azaliy sabablar bo‘lsa, yomon amallar badbaxt bo‘lish uchun azaliy sabablardir. Shuningdek, yaxshilik, go‘zal xulqli bo‘lish, qarindoshlik aloqalarini uzmaslik kabi amallar ham azaliy sabablar qatoriga kiradi. Ana shunday azaliy sabablar yuzaga chiqarilgan paytda o‘sha sababga bog‘langan ishlar ham yuzaga chiqadi.
Imom Tahoviy[9] rahmatullohi alayh “Aqidatut Tahoviya” asarida quyidagilarni yozgan: “Tiriklarning duo va sadaqalarida o‘liklar uchun manfaatlar bordir. Alloh taolo duolarni qabul qiladi va xojatlarni ravo qiladi (deb e’tiqod qilamiz)”.
Keyingi mavzu:
Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni.
[1] Bu haqidagi ma’lumot 53-baytning izohida bayon qilindi.
[2] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-Roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 105.
[3] Najm surasi, 39-oyat.
[4] Baqara surasi, 286-oyat.
[5] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 192.
[6] Muhammad surasi, 19-oyat.
[7] Hashr surasi, 10-oyat.
[8] G‘ofir surasi, 60-oyat.
[9] Abu Ja’far Ahmad ibn Muhamad ibn Salama Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 239 yilda Misrning “Toha” shaharchasida tug‘ilgan.
Imom Tahoviy hanafiy mazhabidagi mo‘tabar olimlardan bo‘lib, “Sihohi sitta” mualliflari bilan bir asrda yashab faoliyat yuritgan. Bu zot haqida ulamolar ko‘plab maqtovli so‘zlarni aytganlar. Jumladan Suyutiy “Tobaqotul Huffoz” asarida: “Imom Tahoviy alloma, hofiz, go‘zal tasnifotlar sohibidir”, – degan. Zahabiy: “Kimki ushbu imomning yozgan asarlariga nazar solsa, bu zotning ilm darajasi yuqori, ma’rifati keng ekaniga amin bo‘ladi”, – degan.
Imom Tahoviy tafsir, hadis, aqida, fiqh va siyratga oid ko‘plab asarlar yozib qoldirgan. Ularning ayrimlari quyidagilardir:
1. Ahkamul Qur’an (Qur’on hukmlari);
2. Sharhu ma’onil osor ( Asarlarning ma’nolari sharhi);
3. Aqidatut Tahoviya (Tahoviy aqidasi);
4. Bayonu mushkilil osor (Asarlarning mushkilotlari bayoni);
5. Sharhu jomeis sag‘ir (Jomeus sag‘ir sharhi);
Imom Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 321 yilda Misrda vafot etgan.