O'zbekistonning Seuldagi elchixonasi vakillari Koreya Musulmonlar federatsiyasi prezidenti Kim Dong Yok va Koreyadagi musulmonlar jamoati bosh imomi Li Dju Hva bilan uchrashuv o'tkazishdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Unda ziyorat turizmi va boshqa sohalardagi o'zaro hamkorlikni rivojlantirish bilan bog'liq masalalar muloqotning asosiy mavzusi bo'ldi. Shuningdek, Koreya Musulmonlar federatsiyasi rahbariyatining joriy yil 1-5 noyabr' kunlari O'zbekistonga amalga oshirgan safari va uning doirasida yurtimizda o'tkazilgan “Halqaro ziyorat turizm haftaligi”dagi ishtiroki yakunlari ham atroflicha muhokama qilindi.
Federatsiya prezidenti Kim Dong Yok o'zining mamlakatimizga safaridan orttirgan taassurotlarini o'rtoqlashar ekan, bunday nufuzli xalqaro tadbirda qatnashish, qolaversa faxrli mehmonlar safida ochilish marosimida so'zga chiqish imkoniyati taqdim etilganligi uchun minnatdorlik izhor etdi.
Uning so'zlariga ko'ra, “Halqaro ziyorat turizm haftaligi” juda yuqori saviyada tashkil etildi va samarali yakunlandi.
– Ayniqsa, o'zbekistonlik allomalarning islom ilmi va madaniyati rivojiga qo'shgan hissasi, xattotlik san'tidagi mahorati tahsinga loyiqdir, – dedi u. – Ziyorat haftaligi xorijlik ishtirokchilarga O'zbekistonning Islom tsivilizatsiyasidagi alohida o'rni to'g'risida atroflicha ma'lumotlarni taqdim etdi.
Koreyadagi musulmonlar jamoati bosh imomi Li Dju Hva Buxoro shahriga ziyorati va Mir Arab madrasasining 600 yilligiga bag'ishlangan marosimda ishtiroki juda mazmunli va esda qolarli bo'lganini ma'lum qildi.
– Mir Arab madrasasi misolida O'zbekistonda asrlar davomida shakllangan yuksak darajadagi islom dini ta'limoti va islomiy ma'rifatni his qilishga muvaffaq bo'ldik, – dedi koreyalik imom.
Shuningdek, Koreya Musulmonlar federatsiyasi delegatsiyasi mamlakatimizga safari davomida O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Holiqnazarov hamda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom tsivilizatsiyasi markazi rahbariyati bilan bo'lib o'tgan samarali uchrashuvlar samarali bo'lgani ham qayd etildi.
Mazkur uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O'zbekistonning ziyorat turizm yo'nalishidagi ulkan salohiyatini Janubiy Koreya ommasiga keng targ'ib qilish va kelgusida ushbu mamlakatdan sayyohlarni jalb etishga doir rejalar belgilab olindi.
O'zbekiston musulmonlari ma'muriyati matbuot xizmati
Shu yil 8 may kuni Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida vakillik tasarrufidagi masjid imom-xatiblari o‘rtasida “Moturidiy ta’limoti bilimdoni” nomli intellektual bellashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Buxoro viloyatidagi vakili, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov kirish so‘zi bilan ochib, bellashuvning ma’naviy, ilmiy va tarbiyaviy ahamiyati haqida so‘z yuritdi. Viloyat bosh imom-xatibining o‘rinbosari Otabek domla Avezovga esa tanlov tartib-qoidalarini tushuntirdi.
Bellashuv quyidagi to‘rt shart asosida o‘tkazildi:
1. Taqdimot sharti
2. Moturidiy ta’limoti bo‘yicha savol-javob;
3. Diniy-ma’rifiy sohadagi davlat siyosatiga oid savol-javob;
Tanlov ishtirokchilari moturidiylik ta’limotining asosiy qoidalari, aqidaviy yechimlari va mantiqiy-ilmiy asoslari yuzasidan o‘z bilimlarini namoyon etdi.
Bellashuv yakunlariga ko‘ra quyidagi jamoalar g‘olib deb topildi:
• 1-o‘rin: Moturidiy me’rosxo‘rlari;
• 2-o‘rin: E’tiqod durdonalari;
• 3-o‘rin: Aqida imomlari.
Mazkur tanlov Imom Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosini chuqur o‘rganish, uni keng targ‘ib qilish va bu orqali sof e’tiqod, ilm va ma’rifat asoslarini jamiyatda mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati