16-noyabr' – Halqaro bag'rikenglik kuni
1995-yil 16-noyabrda YuNYeSKO Bosh konferentsiyasining 28-sessiyasida “Bag'rikenglik tamoyillari to'g'risida”gi Deklaratsiya qabul qilinib, ushbu sana “Halqaro bag'rikenglik kuni” sifatida dunyo xalqlari tomonidan keng nishonlab kelinadi. Boisi, bag'rikenglik — tinchlik va totuvlik, taraqqiyot asosi.
Mamlakatimizda ham o'zaro hamjihatlik, do'stlik va inoqlik hamisha qadrlanib kelinadi. Zero, nafaqat oilalar balki, kengroq miqyosda davlat va mamlakatlar orasidagi yaqin hamkorlik va do'stona munosabatlar har qanday nifoqqa chek qo'yadi. Mushtarak maqsadlar esa, elni, yurtni taraqqiyotga, farovonlikka boshlaydi. Shu ma'noda, 16-noyabr' — “Halqaro bag'rikenglik kuni” ko'pmillatli yurtimizda an'anaviy ravishda keng nishonlanib kelinadi.
Bugun O'zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglik – jamiyat barqarorligi garovi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiya bo'lib o'tdi. Nufuzli anjuman Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi, Din ishlari bo'yicha qo'mita hamda O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida tashkil etildi, deya xabar bermoqda Akademiya matbuot xizmati.
Anjumanda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi, O'zbekiston musulmonlari idorasi vakillari, dinshunos ekspertlar, islomshunoslar ishtirok etdi. Shuningdek, etnik-madaniy birlashmalar, islomiy va noislomiy konfessiyalar vakillari, jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyat, milliy madaniyat markazlari, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi ilmiy xodimlar va talabalari, Turkiya, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston kabi davlatlardan kelgan olimlar ishtirok etdi.
Halqaro bag'rikenglik kuni munosabati bilan an'anaviy tarzda o'tkazilib kelinayotgan ushbu konferentsiyani o'tkazishdan ko'zlangan asosiy maqsad – millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglikni ta'minlash borasida amalga oshirilgan ishlarni o'rganish, istiqboldagi belgilangan vazifalarni tahlil qilish, mavjud muammolarni aniqlash va shu yo'nalishda o'z echimini kutayotgan masalalarni hal etish bo'yicha takliflar ishlab chiqishdir. Zero, mamlakatning taraqqiy etishi avvalambor undagi barqarorlik, millatlararo totuvlik va dinlararo bag'rikenglik muhitining saqlanishiga bog'liq.
Anjumanda ishtirokchilar tomonidan “Yangi O'zbekistonning vijdon va e'tiqod erkinligi sohasida tajribasi”, “Jamiyatda millatlararo totuvlikni ta'minlashda Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar”, “Islom dinining millatlararo va dinlararo totuvlikni ta'minlashdagi o'rni”, “Markaziy Osiyo xalqlari ma'naviy merosida millatlararo bag'rikenglik masalalari”, “O'zbekistonda Rus pravoslav cherkovining diniy bag'rikenglikni ta'minlashdagi o'rni”, “Milliy madaniy markazlar – O'zbekistonda millatlararo totuvlikni ta'minlashning muhim vositasi”, “Dinlararo va millatlararo bag'rikenglikni mustahkamlashda katolik cherkovi hissasi”, “Markaziy Osiyoda millatlararo totuvlikni mustahkamlashda O'zbekistonning samarali hamkorligi natijalari”, “Barqaror taraqqiyotni ta'minlashda bag'rikenglikning o'rni”, “Farobiy qarashlarida diniy bag'rikenglik masalalari”, “Modernizatsiya jarayonida bag'rikenglik madaniyati fenomeni”, “Dinlararo bag'rikenglikni ta'minlashda Dinshunoslik fanini o'qitishning ahamiyati” kabi mavzulardagi ma'ruzalari tinglandi.
Qizg'in munozara ostida o'tgan konferentsiya qatnashchilar uchun mazmunli va foydali o'tdi. Ayniqsa, soha vakillari tomonidan qilingan ma'ruzalar anjuman ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
Yig'ilganlar yurtimizda yashayotgan barcha millat va elatlar vakillari yaxlit holda O'zbekiston xalqini tashkil etishi, ular bir-birlari bilan hamjihat bo'lib, yurtimiz ravnaqi yo'lida sidqidildan mehnat qilayotgani ta'kidlandi.
Din ishlari bo'yicha qo'mita Axborot xizmati
Hanafiy mazhabida imomga iqtido qiluvchi imom orqasida xoh jahriy namozda, xohi maxfiy namozda qiroat qilmaydi.
Bunga dalil Payg‘ambarimiz alayhissalomning so‘zlaridir: «Kimning imomi bo‘lsa, bas, imomning qiroati uning ham qiroatidir», deb aytganlar.
Mana shunga sahobai kiromlar ham ijmo’ qilishgan. Yana bir hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom dedilar: «Qachon qiroat qilinsa, bas, jim turing!» Imom Muslim rivoyati.
Abu Hanifa va Abu Yusuf roziyalohu anhumlar nazdida: Imomga iqtido qilgan kishining qiroat qilishi makruh bo‘ladi, bundan murod makruhi tahrimiydir.
Chunonchi, Hazrati Ali karramallohu vajhahu bunday deganlar: «Kimki imom orqasida qiroat qilsa, batahqiq, sunnatni xato bajaribdi!»
Shunday ekan imomga ergashuvchi har bir namozxon imomga iqtido qilib ergashdimi, imomni qiroatini eshitishi va sukut saqlab jim turishi kerak bo‘ladi. Shunda ado etiladigan ibodatlar mukammal, bexato bo‘ladi.
Hanafiy mazhabining masalasiga binoan, fiqhiy matn kitoblari ko‘rsatmasiga amal qilgan holda barcha namozlarda imom orqasida muqtadiy jim turishi talab etiladi. Aks holda, makruhi tahrimiy ishni qilib qo‘yish mumkin.
Abdug‘affor Nishonov,
Pop tumani "Soy" jome masjidi imom-xatibi
Manba: @Softalimotlar