Shu yilning 15 noyabr' kuni Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi “Holid ibn Valid” masjidi yangidan qurilib foydalanishga topshirildi.
Ochilish marosimida O'zbekiston musulmonlari idorasi "Qur'oni karim va tajvid" bo'limi mudiri Shayx Alijon qori Haydarov, Diniy idoraning Moliyaviy nazorat va taftish bo'limi mudiri Islomiddin domla Zuhriddinov, Masjidlar bilan ishlash bo'limi mudiri Muzaffar domla Kamolov va Jizzax viloyati bosh imom xatibi Mehmonali domla Jabborov hamda mahalliy aholi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so'zga chiqqan Shayx Alijon qori masjid qurishning fazilati va unga hissa qo'shgan kishilarga ulug' savoblar yozilishi haqida so'zlab berdi. Hususan, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: “Kim Alloh taolo uchun bir masjid qursa, Alloh uning uchun jannatda bir uy quradi”, mazmunidagi hadisni zikr qilib, mo'min kishi Allohning uylarini obod qilishi, uni moddiy obod qilishi, va albatta, unda namoz o'qib, ma'naviy pokligini ziyoda qilishga urinishi va qalbi doim masjidlarga bog'liq bo'lishi mahbub ekanini ta'kidladi.
Shuningdek, notiqlar keyingi yillarda yurtimizda bunday obod masjidlar ko'payib borayotganini e'tirof etishdi. Marosimga tashrif buyurgan mehmonlar masjid qavmini, qolaversa, yurtimiz musulmonlarini ushbu quvonchli kun bilan muborakbod etdi.
E'tiborlisi, ushbu masjid xalqaro ahamiyatga ega M-39 avtomobil yo'li yoqasida o'z joylashgan. Bu yurtimizning katta shaharlari orasida qatnovchi yo'lovchilar, mamlakatimizga tashrif buyurgan sayyohlar uchun ham katta qulaylik bo'ladi.
Sahovatli homiylar ko'magida bunyod etilgan masjid barcha qulayliklarga ega. Hususan, 700 nafarga yaqin namozxonni sig'dira oladigan yangi masjid binosi, tahoratxona, ma'muriyat xonalari va boshqa zaruriy xonalar zamonaviy jihozlar bilan jihozlanib, namozxonlar ixtiyoriga topshirildi. Shuningdek, masjidda ayollar uchun ham namozxona va tahoratxona mavjud.
O'MI Masjidlar bilan ishlash bo'limi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Agar bir qavm ahdni buzsalar, Alloh ularning ustidan dushmanlarini g‘olib qilib qo‘yadi. Agar ular o‘lchovdan urib qolsalar, o‘simliklardan man qilinadilar va qurg‘oqchilikka giriftor bo‘ladilar", dedilar (Ibn Mardavayh rivoyati).
Imom Nasoiy Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilgan uzun hadisda: “Agar (odamlar) o‘lchov va tarozidan urib qolsalar, qurg‘oqchilik va ozuqa tanqisligiga uchraydilar”, deyilgan.
Bu hadisda tarozidan urib qolish, birovga o‘lchab yoki tortib berayotganda kam qilib berish kabi holatlar ham yomon oqibatlarga olib kelishi ta’kidlanmoqda. Bundan ma’lum bo‘ladiki, birovning haqqini yeyish, harom yo‘llar bilan boshqalar molini o‘zlashtirish rizqning kamayishi, barakaning ko‘tarilishi va turli xil og‘ir holatlarning kelib yuzaga kelishiga omil bo‘lar ekan.
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li