Mamlakatimizning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra vazirining xalqaro hamkorlik bo'yicha o'rinbosari Hasan Allamnaxra bilan uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri. Unda ikki tomonlama hamkorlikka oid qator muhim masalalar muloqotlarning asosiy mavzusi bo'ldi.
Suhbat avvalida H.Allamnaxra joriy yil 27-30 sentyabr' kunlari Saudiya Arabistonining Haj va umra masalalari bo'yicha vaziri Tavfiq ar-Rabi'a boshchiligidagi delegatsiyaning O'zbekistonga tashrifi muvaffaqiyatli va samarali kechganini ta'kidlar ekan, Saudiya delegatsiyasining O'zbekiston Prezidenti tomonidan qabul qilingani, Toshkentda o'tkazilgan ikki tomonlama samarali uchrashuvlar va o'zbekona mehmondo'stlik uchun chuqur minnatdorlik izhor etdi.
Suhbatdosh Toshkentdagi uchrashuvlarda ko'tarilgan muhim masala - Makka yoki Jidda shahrida “Imom Buxoriy yurti avlodlari” mavzusidagi xalqaro konferentsiya va ko'rgazmani tashkil etish atroflicha o'rganib chiqilayotgani va bunda Saudiya vazirlik va idoralari hamda Butunjahon musulmonlar uyushmasi faol ishtirok etayotganini ma'lum qildi.
O'zbekiston tomonidan Umra mavsumida mamlakatimizdan Saudiya Arabistoniga kelayotgan ziyoratchilarning soni ortib borayotgani va ularga Podshohlik hukumati yaratayotgan sharoitlar yuqori baholandi.
Shu o'rinda O'zbekistonda sayyohlik industriyaning rivojlanib borayotgani ta'kidlanar ekan, Saudiya Arabistonidan ham Toshkentga kelayotgan sayyohlarning sonini oshirishga e'tibor qaratish muhimligi alohida qayd etildi.
Suhbat chog'ida Hasan Allamnaxra “agar saudiyaliklar O'zbekistonning sayyohlik salohiyatini yanada yaqindan bilganlarida ular Yevropa davlatlariga emas, balki Imom Buxoriy vatanini ziyorat qilar edilar”, dedi.
Muloqot chog'ida mamlakatimiz sayyohlik salohiyatini Saudiyada keng targ'ib etish, O'zbekiston turkompaniyalari tomonidan oilaviy turistik paketlarning ishlab chiqilishidagi afzalliklar, Jidda shahrida Haj va umra masalalariga bag'ishlangan xalqaro konferentsiya tashkil etilishi hamda uning ishida mamlakatimiz vakillari ishtiroki bilan bog'liq va kun tartibidagi boshqa dolzarb masalalar atroflicha muhokama etildi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hikoya qilishlaricha, Abu Yazid Bastomiy ilm talab qilish uchun Bog‘dodga bormoqchi bo‘ldilar. Onalari u kishiga qirq dinor berdilar. U pullar u zotga otalaridan meros qolgan edi. Onalari o‘g‘illariga: «Qo‘lingni qo‘lim ustiga qo‘y va menga rostgo‘ylikni lozim tutib, hech qachon yolg‘on gapirmaslikka so‘z ber!» dedilar. U kishi onalariga mazkur ishlar yuzasidan so‘z berdi. Bog‘dodga boradigan karvon bilan birga yo‘lga chiqdilar.
Yo‘lda borishar ekan, to‘satdan ro‘paralaridan yo‘lto‘sar qaroqchilar chiqib, karvondagi hamma narsani talay boshladi. Bastomiyning ustilardagi juldur kiyimni ko‘rib, u kishidan: «Senda ham biror narsa bormi?» deb so‘rashdi. U zot: «Ha, menda qirq dinor bor» deb javob berdilar. Qaroqchilar u kishining gaplarini eshitib, masxara qildilar, ahmoq deb o‘ylab, u zotni tark etdilar.
Keyin ular g‘orga, ya’ni o‘zlarining qarorgohlariga qaytdilar. U yerda ularning kattalari bor bo‘lib, karvondan talab olingan narsalarni kutib o‘tirgan edi. Ularni ko‘rgach: «Karvondagi hamma narsani oldinglarmi?» deb so‘radi. Ular: «Ha, oldik. Ammo bir yigit bundan mustasno. Biz undan nimasi borligini so‘radik. U: «Menda qirq dinor bor» dedi. Biz uning qilgan ishiga e’tibor bermay, uni tark etdik. Chunki, biz uni aqli zaif deb o‘yladik» deb javob berishdi.
Shunda boshliqlari: «Uni darhol huzurimga olib kelinglar!» deb buyurdi.
Bastomiy o‘g‘rilar boshlig‘ining oldiga kelgach, boshliq u zotdan: «Senda biror narsa bormi?» deb so‘radi. U kishi: «Ha, yonimda qirq dinor bor» deb javob berdilar. O‘g‘rilar boshlig‘i hayron bo‘lib: «Qayerda u?» dedi. Bastomiy yonlaridan pullarni chiqarib, o‘g‘rilar boshlig‘iga berdilar. Buni ko‘rgan boshliq: «Sen majnunmisan, ey yigit? Nega pullaring borligini aytib, ularni o‘z ixtiyoring bilan beryapsan?» deb so‘radi.
Shunda u zot: «Men o‘z shahrimdan chiqmoqchi bo‘lganimda, hech qachon yolg‘on gapirmaslikka onamga so‘z berganman, ahdlashganman. Shuning uchun onamga bergan ahdimni buzmayman» deb javob berdilar. Bu gaplarni eshitgan o‘g‘rilar boshlig‘i: «Laa havla va laa quvvata illa billah». Sen onangga bergan ahdingga xiyonat qilishdan qo‘rqyapsan-u, biz esa, Allohga bergan ahdimizga xiyonat qilishdan qo‘rqmaymizmi?» dedi.
Keyin qaroqchilar boshlig‘i karvondan olingan barcha mol-mulklarni qaytarib berishga amr qildi va: «Ey yigit, men sening oldingda, sen sababli tavba qilaman» dedi. Bu gapni eshitgan barcha o‘g‘rilar: «Siz bizni yo‘lto‘sarlikda boshlig‘imiz edingiz. Bugun esa, tavbada bizning boshlig‘imiz, kattamizsiz. Biz ham barchamiz Allohga tavba qildik» dedilar. Hammalari qilgan xatolari uchun tavba qildilar, tavbalari go‘zal bo‘ldi.