Alloh taolo dunyo hayotida insoniyatni behisob ne'mat lar bilan rizqlantirganki, uning sanog'iga etib bo'lmasligi xaqida Qur'oni karimda shunday bayon qilingan:
«Sizlarga barcha so'ragan narsalaringizdan ato etdi. Agar Allohning ne'matini sanasangizlar, sanog'iga etolmaysiz. Haqiqatan, inson o'ta zolim va juda noshukrdir» (Ibrohim, 34). Ba'zi kishilar ne'mat so'zining ma'nosini juda tor doirada tushunadilar. Biror orzu umidlari amalga oshishini, har kim ham etisha olmaydigan narsalarni qo'lga kiritishni, jumladan, katta mol-dunyo, farzand, biror mansab-martaba va shunga o'xshash orzu havaslarga erishishnigina ne'mat deb biladilar. Suv, havo, tan sog'lik, el-yurt tinchligi kabi, inson hayotining asosi bo'lgan bu narsalarga beparvo qarab, go'yo bular o'z-o'zidan paydo bo'lib qolgan tabiiy holat deb o'ylaydilar.
Holbuki, kishining dunyo va oxirati uchun manfaat etkazadigan narsalar borki, ularning barchasi ne'mat hisoblanib, dinimiz bizlarni uning qadriga etib yashashga buyuradi, zero ne'matning qadrini bilish, uni e'zozlash ne'mat beruvchi «Mun'im» (Alloh)ning qadriga etish va shukrini ado etish demakdir.
Payg'ambar alayhissalom hadislarining birida: «Qaysi biringiz tongda uyqudan uyyunganda oilasi tinch, tani cog' va uyida bir kunlik eguligi bo'lsa, bilsinki, unda dunyodagi barcha ne'matlar mujassam ekan», deb ne'matni keng ma'noda tushunish lozimligiga ishora kilganlar.Ne'mat moddiy va ma'naviy bo'lib, yuqorida sanab o'tganlarimiz moddiy ne'matlar jumlasiga kiradi. Ma'naviy ne'matlar esa imon, islom, akd, hurriyat, tinchlik kabi ko'zga ko'rinmaydigan, biroq moddiy ne'matlarga qaraganda qadrliroq narsalardan iboratdir.
Ne'mat ning bardavom bo'lishi, uning shukri ado etilishiga bog'liqdir. Alloh taolo Qur'oni karimda ta'kidlab shunday marxamat qilgan:»Qasamki, agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsan-giz, albatta (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattikdir» (Ibrohim, 7).Ne'matning salmog'iga yarasha shukr lozimdir. Ba'zi ne'matlarning shukri tilda «alhamdu lilloh» deyish bilan ado bo'lsa, boshka xil ne'matlar ham borki, ular ning shukrini ado etishda til bilan aytilgan hamdning o'zi kifoya qilmaydi, balki bularga amaliy shukr darkor. Masalan, namoz, ro'za kabi ibodatlarni ado qilish tan sog'liqning shukri bo'lsa, imon va islom ne'matining shukri farzandlarimizni imon-e'tiqodli, halo, pok qilib voyaga etkazishdir.
Ne'matlarning eng sarasi bo'lmish mustaqillikni tinchlik amaliy shukri esa yoshlarimizni vatanga muhabbatli qilib tarbiyalash, desak mubolag'a bo'lmaydi. Tinchlikning qadrini turli o'lkalarda bo'lib turgan qo'poruvchilik harakatlarini, odamlarning notinch holatlarini ko'z o'ngiga keltirgan odamgina chuqur his kila oladi. U erdagi odamlar ning ko'ngliga ibodat qilish u yoqda tursin hatto eb-ichish ham sig'maydi. Bas shunday ekan, ma'naviy ne'mat ning shukrini doim ado etib turmog'imiz lozim. Inson berilgan bu ne'matlarga qay darajada shukr qilgan yoki qilmagani haqida qiyomat kunida albatta so'raladi. Rasululloh (s.a.v.) bir hadisda: «Alloh taolo qiyomat kunida bandasidan: «Taningni sog' qilib qo'ymaganmi-dim? Seni muzdak suv bilan qondirmaganmidim…?», deb so'raydi», deganlar (Imom Termiziy rivoyati). Boshqa bir hadisda: «Odam bolasi qiyomat kunida to besh narsadan so'ralmaguncha joyidan jilmaydi: umrida nima ishlar qilgani, yoshlik davrini qanday o'tkazgani, molini qaysi yo'l bilan topib, qayerga sarf qilgani va nihoyat bilganlariga qay darajada amal qilgani»,deb marhamat qilganlar. Ne'matni Allohdan deb bilish kishini Allohga yana ham yaqinlashishga, unga taqarrub hosil qilishga undaydi. Aksincha, tinchlik shukri ado etilmagan ne'mat esa insonga ofat keltiradi.
Dinimiz kishilarini tinchlikni asrash va barqarorlikni ta'minlash yo'lida xamjixatlik va birdamlik bilan xarakat qilishimiz kerak.
Sohibjon Kamalov,
Mingbuloq tumani "Mulla toji Ahmad" jome masjidi imom noibi
Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.
Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.
Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.
Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.
Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.
Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.
Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.
Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati