Taniqli kinoyulduz va jang san'atlari ustasi Jan-Klod Van Damm MBC arab telekanaliga bergan interv'yusida to'g'ri ovqatlanishning inson salomatligiga foydasi haqida gapirdi. Uning so'zlariga ko'ra, musulmonlarning to'g'ri ovqatlanish an'anasi Payg'ambar Muhammad mustafo sallollohu alayhi vasallam davrida mukammallashgan va sog'lig'iga befarq bo'lmagan odam unga amal qilgan.
"E'tibor bering, Islomda oziq-ovqatga oid ko'plab maslahat va tavsiyalarlar bor... Muhammad sallollohu alayhi vasallam buyuk aql egasi bo'lgan. U insonga nima yaxshi ekani aniq bilgan. Shuning uchun mendan to'g'ri ovqatlanish haqida so'ramang. Shunchaki tarixga boqing va ishoning, siz u erdan o'zingizga kerak bo'lganini topasiz”, - deb javob bergan Van Damm o'z interv'yusida.
Darhaqiqat, musulmonlar uchun ovqatlanish masalasida eng to'g'ri o'rnak, albatta, foydali bo'lgan mahsulotlar haqida tavsiyalar bergan, qanday ovqatlanish, qancha miqdorda, qanday vaqt oralig'ida ovqatlanishni o'rgatgan Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdir.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Imom-xatiblar faoliyatini yanada samarali tashkil etish bo‘yicha ko‘chma seminar bugun respublikamizning Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarida tashkil etildi. Qorao‘zak tumanidagi markaziy "Idris eshon" jome masjidida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Bahramaddin Razov boshchiligida soha xodimlari, mahalla raislari va ziyoratchilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, sayyor tadbirda amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami tushuntirildi.
Ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlarining 5 ta masjidi va 19 ta mahallasiga biriktirildi. Ular o‘zlariga biriktirilgan mahalla hududidan 101 ta muammoli xonadonga kirib, o‘sha yerda yashayotganlarning holidan xabar oldi, yashash sharoitlari bilan yaqindan tanishdi va suhbatlashdi. Ularning muammolari o‘rganilib, fikr-mulohazalari tinglandi. Imom-xatiblar 10 ta toifaga mansub 101 ta oilaga ma’naviy-ma’rifiy, targ‘ibot-tashviqot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi.
Shuningdek, masjidlar atrofida obodonlashtirish va tozalash ishlarini olib borish, ish yuritish, jamoani boshqarish jihatlari ham o‘rganildi.
Ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini o‘qib, yig‘ilgan qavmga, "Tinchlik baxti. Shukronalik. Ilm olish fazilati. Yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish. Missionerlik harakatlarining salbiy oqibatlari" kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qildi.
Tadbir yakunida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, Qorao‘zak va Taxtako‘pir tumanlari imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy, masjid boshqaruvidagi ishlariga ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Tashrif davomida qoziyot qozisi boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari Qorao‘zak tumanidagi "Idris eshon" masjidining yangidan qurilayotgan binosining qurilish ishlari bilan tanishdi.
B.ABBAZOV,
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti xodimi