O'zbekiston turizm va madaniy meros vazirining xalqaro turizmni rivojlantirish, ichki va ziyorat turizmi masalalari bo'yicha o'rinbosari Baxtiyor Ibrohimov Best Soursing kompaniyasi rahbari Mehdi Mahbubga Bangladeshdagi Turizm va madaniy meros vazirligining rasmiy vakili sertifikatini topshirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Uchrashuv davomida Baxtiyor Ibrohimov Mehdi Mahbubga so'nggi yillarda O'zbekistonda ziyorat turizmi uchun katta imkoniyatlar yaratilgani, jumladan, yangi sayyohlik maskanlari, gastronomiya va ziyorat turizmi sohalarida joylar yuqori salohiyatga ega ekanligini ma'lum qildi. Bundan tashqari, hadis olimlarining ustozi Muhammad Al-Buxoriy va Naqshbandiya tariqatining kamolga etgan ko'plab izdoshlari shu zamindan kelib chiqqanligi alohida qayd etildi.
O'z navbatida, Mehdi Mahbub O'zbekiston xalqining mehmondo'stligi, turizm sohasidagi ulkan salohiyatini hisobga olgan holda ushbu sohadagi hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirish bo'yicha fikr va takliflarini bildirdi.
Uchrashuv davomida Mehdi Mahbub Bangladesh telekanallarida O'zbekistonning sayyohlik salohiyatini targ'ib qiluvchi Ramazon dasturi loyihasini amalga oshirish, ikki mamlakat o'rtasida havo aloqalarini o'rnatish, bangladeshlik sayyohlar uchun O'zbekiston bo'ylab sayyohlik yo'nalishlarini rivojlantirish va tadbirlarni tashkil etish kabi masalalar bo'yicha o'z takliflarini bildirdi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Bugun, 16 may kuni Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Alimov Tayloq tumanidagi “O‘rta” masjidga bordi. Domla juma namozidan oldin “Kamtarga kamol, manmanga zavol” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy ma’ruza qildi.
Ma’ruzada insonning ichki kamolotga erishishida kamtarlikning naqadar muhim ekani, manmanlik va kibr kabi xulqlarning inson va jamiyat uchun keltirishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlari haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, Islom axloq-odobining oliy qoidalari, nafsni tarbiyalash, jamiyatda o‘zaro hurmat va insofni qaror toptirish kabi mavzular keng yoritildi.
Juma namozini o‘qish asnosida yurt tinchligi, el-yurt farovonligini so‘rab duo qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati