Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Avgust, 2025   |   10 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:49
Quyosh
05:21
Peshin
12:34
Asr
17:30
Shom
19:41
Xufton
21:05
Bismillah
04 Avgust, 2025, 10 Safar, 1447

Allohdan olim farzand so'ragan ota

03.01.2024   973   4 min.
Allohdan olim farzand so'ragan ota

Imom G'azoliy (450/451-505)

Olimning to'liq ismi: Muhammad ibn Muhammad ibn Ahmad Tusiy Abu Homid G'azoliy. Hijriy 450 yili Tus viloyatining (hozirgi Mashhad) Tobaron shahrida tavallud topgan.

Otasi solih va kambag'al odam bo'lib jun yigirish bilan shug'ullanardi. Ulamolarni qattiq hurmat qilar va ularning xizmatida bo'lib, imkoni boricha ularga ehsonlar berar edi. Allohdan olim bo'ladigan o'g'il so'rardi. Alloh taolo uning duosini ijobat qildi va unga bir emas ikki o'g'il berdi. Ota o'g'illaridan biriga Muhammad, boshqasiga Ahmad ismini qo'ydi.

G'azoliy dastlabki ilmlarni o'z shahrida oldi. So'ngra Jurjonga ilmiy safar qilgan. U erdan Nishopurga borib, Imom Haramayndan ilm oldi. Ustozi Imom Haramayn (Juvayniy, vaf. 478) uni juda ham yaxshi ko'rar va maqtab: “G'azoliy tubsiz dengizdir”, der edi. Imom G'azoliy ilm olishda tengdoshlaridan ancha ilgarilab ketdi va ustoziga yordamchi bo'lib faoliyat ko'rsata boshladi.

Hijriy 484 sanada “Nizomiya” madrasasining bosh mudarrisi etib tayinlandi. Bu o'sha vaqtning eng obro'li diniy mansabi edi. G'azoliy bu mansabga o'ttiz to'rt yoshida erishdi va bunday sharafga sazovor bo'lgan eng yosh olim bo'ldi.

Imom G'azoliy ilmi kalomni puxta egalladi va bu borada bir qancha kitoblar yozdi: “al-Iqtisod fil e'tiqod”, “Iljomul ovom 'an ilmil kalom”, “Aqiydatu ahli sunna”, “Fazoihul botiniyya”, “al-Qistosul mustaqiym”, “Mustazhiriy”.

Falsafa va mantiqqa oid quyidagi kitoblarni yozib qoldirdi: “Maqosidul falosifa”, “Tahofutul falosifa”, “Mahkun nazar fil mantiq”, “Me'yorul ilm fil mantiq”, “Al-Munqiz minaz Zolal”.

Olimning tasavvuf va dinga oid kitoblari: “Odobus so'fiyya”, “Al-Arba'un fi usuluddin”, “Ihyau ulumud diyn”, “Javohirul Qur'on va duraruhu”, “Al-Risola al-laduniyya”, “Mishkotul Anvor”, “Minhojul Obidiyn ilal Jannati”, “Miyzonul a'mal”.

Imom G'azoliyning kitoblari ichida “Ihyau ulumud diyn” asari alohida e'tibor qozongan. Hofiz Iroqiy Shofe'iy (vaf. 806) “Ihyau ulumud diyn” asariga “Al-mug'niy 'an hamlil asfar” nomli taxrij yozgan. Shuningdek, Shayx Murtazo Zabidiy Hanafiy rahimahulloh (1145-1205) ham “Ithaf as-sadat al-muttaqin” nomli taxrij va sharh bitgan.

Imom G'azoliy ilmning ko'plab sohalari bo'yicha etuk olim sanalgan. Ammo uning hadis ilmida bilimi kam bo'lgan. Bu haqda bunday degan:

أنا مجزى البضاعة في الحديث.

“Hadis ilmi bo'yicha bilimim etarli emas”[1].

Umrining oxirida hadis ilmini egallashga harakat qilgan. Imom Buxoriy va Imom Muslimning “Sahih”larini o'qib bo'lganidan keyin vafot etgan. Imom G'azoliy hijriy 505 yili Tobaronda vafot etdi.

Muftiy Ibrohim Desai rahimahullohning "Hadis ilmiga kirish" kitobidan olindi.

[1] Al-bidoya van-nihoya. – Misr: Dor al-hadis. 5 nashr. 1996. J. 12. – B. 87.


Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

«Ishorai sabboba» qanday amal?

04.08.2025   2334   3 min.
«Ishorai sabboba» qanday amal?

Hanafiy mazhabimizda «ishorai sabboba» sunnat amal xisoblanadi. U to‘g‘risida bir necha hadisu shariflar vorid bo‘lib, quyidagi manbalarda u to‘g‘risida va qanday qilinishi borasida to‘xtalib o‘tilgan. Abu Lays Samarqandiy “Navozil”, Kamoliddin Ibnu Humom “Fathul qodir”, Alloma Alouddiyn Kosoniy “Badoi’us Sanoiy”, Ibn Obidiyn “Raddul muxtor”, Abdulhay Laknaviy “Umdatur ri'oya”, “E’lo’us sunan” kabi mo‘tabar manbalarda ham sunnat ekanligi zikr qilingan.  Bu haqida Aliy Qoriy ikkita “Tazyinul ibora tahsinul ishora” va “At-tadhiynu lit tazayyun”, Hofiz Ibn Hajar “Talhisul hobir”, Ibn Obidiyn “Raf’ ul taraddud” nomli bir qator risolalarda ham yozib o‘tganlar.

Imom Termiziy Abu Humayddan rivoyat qiladilar: “O‘ng kaftlarini o‘ng tizzalariga, chap kaftlarini chap tizzalarini ustiga qo‘yib barmoqlari bilan ishora qilar edilar”.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallolohu alayhi vasallam namozda, ya’ni tashahhudga o‘tirsalar o‘ng qo‘llarini o‘ng tizzalarini ustiga chap qo‘llarini chap tizzalarini ustiga qo‘yib ko‘rsatkich barmoqlarini ko‘tarib ishora  qilardilar. Chap qo‘llari tizzalarini ustida turar edi”. Ushbu hadisga sahobalar, tobe’inlar amal qilib, tashahhudda ishorani ixtiyor qildilar. Ahmad Nofi’dan rivoyat qiladilar: “Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo namozda tashahhudga o‘ltirsalar ikki qo‘llarini ikki tizzalariga qo‘yib barmoqlari bilan ishora qilib, ishora qilgan barmoqlariga qarab turar edilar, so‘ng Rasululloh sallalohualayhi vasallam: “Barmoq bilan ishora qilish shaytonga temirdan ham shiddatliroq”, derdilar.

Aliy Qoriy “Tazyinul ibora tahsinul ishora” kitoblarida ushbu hadisni sharhlab aytadilarki, “Barmoq bilan ishora qilish urushda temir qurolni ishlatishdan ham qiyinroqdir, go‘yo tavhidga ishora qilish bilan shayton mo‘min bandani adashtirishi, shirkka olib borishdan bo‘lgan  umidini kesadi”.

Imom Suyutiy “Jome’ul kabir” kitoblarida Uqba ibn Omirdan rivoyat qiladilar: “Kishi namozida ishora qiladigan har bir ishorasiga o‘nta hasanot yoziladi”, dedilar.

Ibn Obidiyn “Raf’ul taraddud” nomli kitoblaridagi «ishorai sabboba» haqida vorid bo‘lgan hadislar, olti sahih kitoblarning hammasida zikr qilingan. U hadislarni hattoki, ma’naviy mutovotir deyish durust bo‘ladi deganlar.

«Ishorai sabboba» qilish borasida sahobalar, ularga ergashgan tobe’inlar ixtilof qilmadilar. Imom Abu Hanifa va u zotning ikki shogirdlari Imom Abu Yusuf va Imom Muhammmad, Imom Molik, Imom Shofeiy, Imom Ahmad ibn Hanbal hamda mutaqaddim ulamolar «ishorai sabboba» sunnat ekanligiga ittifoq qilishgan.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, «ishorai sabboba»ni tashahhudga o‘tirganda, duoni o‘qib “Ashhadu anna...” deganda namozxon o‘ng qo‘lni ko‘rsatgich barmog‘ini ko‘taradi, “illalloh” deganda tushiradi. Tashahhud duosini avvalidan qo‘lni qimirlatib turish durust emas. Shuni takidlash lozimki, «ishorai sabboba» rivoyatlaridan bexabar bo‘lib, bu amalni qilmagan namozxonni aslo malomat qilinmaydi.

Namangan shahar "Mulla Bozor Oxund" jome masjidi

imom noibi Anvarxon Akramov

Manba: @Softalimotlar

MAQOLA