Dasturxon yozib odamlarga taom ulashish ehson hisoblanadi. Ehsonnning esa savobi ulkan.
Halq orasida turli sabablar bilan ehson dasturxoni yoziladi. To'ylar, iftorlik, aza marosimlari va boshqa munosabatlar bilan elga taom ulashish shular jumlasidan. Avvalo, biror ehson qilmoqchi bo'lgan kishi o'sha marosimi shariatga muvofiqmi yoki zid ekanligini yaxshi anglab olishi zarur. Mayyitlar uchun qilinadigan bizdagi marosimlarni hech biri shariat ko'rsatmalarida zikr qilinmaganini eslatib o'tish joiz. To'g'ri, mayyit haqqiga xayr-ehson qilinsa buning manfaati o'tgan kishiga etib borishi Hadisi shariflarda ta'kidlangan.
Ammo uch kunlik, yigirma, qirq, yil oshi kabi marosimlarni o'tkazish urf tarzida ommalashgan. Go'yoki ushbu ma'rakalar o'tkazilmasa, bo'lmaydi, degan tushuncha, odamlar gap so'z qilishadi degan hadik bilan qilinishi oydek ravshan bo'lib qolgan. Vaholanki, mayyit haqiga xayr-ehson, avvalo, taom bo'lishi shart emasligi, bu kabi marosimlarni odamlarning gapi uchun emas, xolis Alloh yo'lida ehson sifatida qilinishi, kun sanab emas, balki ixtiyoriy ravishda qanaqa bo'lmasin xayr qilish maqsadga muvofiqligini, afsuski, ko'pchilik tushunib etmayapti.
Boshqa viloyatga tanishlarinikiga ta'ziya bildirishga borgan bir hoji akamiz, ularda mayyit uchun alohida ma'raka qilinmasligiga, balki imkoniyat bo'lganda biror jonliq so'yib, go'shtini muhtojlarga va etimlarga tarqatib berishlarini guvohi bo'lgan ekan. Ha, marhumlar haqiga ehson qilishning namunasi mana shunday bo'lishi kerak. Yo'llarni ta'mirlash, ko'prik qurish, suv, elektr tarmoqlarini ta'minlashda muhtoj kishilarga ko'maklashish, talabalarning o'quv shartnoma pullarini to'lab berish kabi ishlar ayni savobi buyuk amallar ekanini ta'kidlab o'tmoqchimiz.
Nikoh va boshqa munosabatlar bilan bo'lib o'tayotgan to'ylarimiz ham achinarli holatda, desak mubolag'a bo'lmaydi. To'ylarga juda ko'p sarf-xarajat qilinadigan bo'lib qoldi. Bu esa ayni isrofdir. Aslida to'y yaqinlarni chaqirib, ikki yosh uchun duo olish maqsadida qilinishi kerak. Bu o'rinda ham isrof qilish noto'g'ri. Chunki Alloh taolo “A'rof” surasining 31-oyatida: “Alloh isrofgarlarni suymas”, deb ogohlantiradi.
Bizning to'ylar saodat asridagi to'ylardan juda katta farq qiladi. Hadislarda bayon qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eng katta to'ylari Zaynab onamizga uylanganlarida bo'lgan. O'shanda bitta qo'y so'ygan ekanlar. Endi buni bizning to'ylar bilan solishtirib ko'ravering.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deyilgan: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhuda sariq (rang) asarini ko'rib:
“Bu nima?» dedilar.
“Ey Allohning Rasuli, bir ayolga danak vaznidagi tillo (mahr berib) uylandim», dedi u.
“Alloh senga baraka bersin! Bir qo'y bilan bo'lsa ham valiyma qilgin”, dedilar”.
Beshovlari rivoyat qilganlar.
E'tibor beraylik, bu voqeada ham Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhu uylanganlarida Nabiy alayhissalom bir qo'y so'yib to'y qilishini taklif qilganlar. Afsuski, bugungi to'ylarimizning turi ham ko'payib bormoqda. Taklif etilganlar soni, dasturxonga tortilayotgan noz-ne'matlarning xilma-xilligi, uy jihozlari, kelin-kuyovga hozirlanayotgan sarpolarning o'ta qimmat va haddan ziyodligi insof ko'zi bilan qaragan kishini ajablantiradi. Bularning barisi isrof, dabdababozlik, kimo'zarga ish qilish, faxralanishdan o'zga narsa emas.
Biz bu illatlardan o'z vaqtida o'zimizni qaytarmasak, oqibati yaxshilik bo'lmasligi, oxiratda ham iqob borligini xalqimizga tushuntirib borishimiz lozim.
To'y va marosimlarni ixcham va ortiqcha isrofgarliksiz tarzda o'tkazish borasida ahli ilmlar, imom-xatiblar va otinoyilar tomonidan masjid qavmlari va mahalla-ko'ydagi tadbir va marosimlarda aholiga tushuntirish ishlari olib borilayapti. Matbuot va ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqishlar qilib, oyati karima, Hadisi sharif va salafi solihlar hayotidan namunalar asosida jamoatchilikka to'g'ri yo'lni anglatishga harakat qilyapmiz. Bu borada mahalla, yoshlar uyushmasi va boshqa mutasaddilar bilan hamkorlik yo'lga qo'yilgan. Aholiga biror ma'raka o'tkazishdan oldin albatta mahalla oqsoqollari va faollari hamda masjid xodimlari bilan bamaslahat ish ko'rishlarini tavsiya qilmoqdamiz. Imom xatib va otinoyilar joylardagi nikoh uylarida bo'lib, nikohdan o'tish uchun ariza bilan murojaat qilgan yoshlarga to'ylarni risoladagidek o'tkazish, ortiqcha orzu havaslarga berilmaslik, nikoh va oila mavzularida suhbat qilmoqda.
Dabdabali to'ylar uchun qiladigan sarf-xarajatlarimizni ixchamlashtirib, barpo etilayotgan yosh oilaning kelajagi uchun sarflab, ushbu yosh oilaga keyingi hayotiga yordam bersak nur ustiga a'lo nur bo'ladi, inshaalloh.
Zayniddin Eshonqulov,
O'zbekiston musulmonlar idorasi viloyat vakili, viloyat bosh imom-xatibi.
Hozirgi kunda “bid’at” so‘zini ko‘pchiligimiz tez-tez eshitamiz. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu so‘zni bilgan ham, bilmagan ham, tushungan ham, tushunmagan ham ishlatmoqda.
Alloma ibn Hajar Makkiy rahimahulloh o‘zining “Fathul Mubiyn” asarida bid’atning lug‘aviy ma’nosini quyidagicha keltirgan:
“Bid’at so‘zi lug‘atda – o‘xshashi bo‘lmagan, yangi narsani paydo qilish”, degan ma’noni beradi.
“Bahrul Layoliy sharhi Bad’ul Amoliy”da esa, bid’atning lug‘aviy ma’nosini: “Avval bo‘lmagan, o‘xshashi yo‘q narsani paydo qilish” deb keltirgan.
Shundan kelib chiqib, mazkur ulamolar bid’at xoh ibodatlarda, xoh odatlarda bo‘lsin, yaxshi yoki yomon bo‘lsin, Qur’on va sunnatda mavjud bo‘lmagan yangi paydo bo‘lgan narsa deb qaraganlar.
Ulamolar lug‘aviy bid’atni besh qismga bo‘lganlar.
Birinchisi: Vojib bid’at. Nahv ilmini o‘rganish bid’atning shu turiga kiradi. Chunki bu ilmni bilmasdan Qur’on va sunnatni bilib bo‘lmaydi. Bu ikki manbani o‘rganish vojib. Vojibni bajarishga xizmat qiladigan narsa ham vojib bo‘ladi.
Demak, Qur’on va sunnatni o‘rganish uchun nahvni o‘rganish vojib.
Ikkinchisi: Harom bo‘lgan bid’at. Mo‘tazila, jabariya va hozirgi salafiy hamda ahli sunnaga zid bo‘lgan turli firqa va oqimlarni ta’sis etish. Chunki bular ham Islomning ilk davrlarida bo‘lmay, keyinchalik turli maqsadlarda tashkil qilingan bo‘lib, asosan sof Islom aqidasini noto‘g‘ri talqin qilish, Islomga va musulmonlarga zarar berish bilan tanilgan. Shuning uchun bunday firqa va oqimlarga kirish harom hisoblanadi.
Uchinchisi: Mustahab bid’at. Masjidlarga minoralar qurish, ma’had va madrasalar barpo etish, Qur’on qiroatini eshitish va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini o‘rganish uchun turli majlislar tashkil qilish mustahab bid’atlar sirasiga kiradi.
To‘rtinchisi: Makruh bid’at. Masjidlarga ziynat berish.
Beshinchisi: Muboh bid’at. Yeb-ichish, kiyim-kechak, maskan-manzillarda kengchilikka yo‘l qo‘yish. Ya’ni agar haloldan bo‘lsa, kishi o‘zi yashaydigan manzilini chiroyli ta’mirlasa, faxr va kibrdan xoli bo‘lib, qimmatbaho kiyim kiygan bo‘lsa va yemoq-ichmog‘ida kengchilikka yo‘l qo‘ysa, gunohkor bo‘lmaydi. Chunki shar’an bu paytda mazkur ishlar muboh sanaladi.
Bid’atning shar’iy-istilohiy ma’nolari
Bid’atning shar’iy – istilohiy ma’nolarini “Bahrul Laoliy sharhi Bad’ul Amoliy” asarining sohibi quyida uch qism qilib keltirganlar:
الزِّيَادَةُ وَالنُّقْصَانُ فِي الدِّينِ مِنْ غَيْرِ إِذْنِ الشَّارِعِ
1. “Shore’ning iznisiz dinda ziyoda va nuqsonga yo‘l ochish”.
جَعْلُ غَيْرِ الدِّينِ دِينًا أَوْ مَا يَكُونُ مُشَابِهًا بِالدِّينِ وَلَيْسَ مِنَ الدِّينِ
2. “Dindan bo‘lmagan narsani din deb bilish yoki dinga o‘xshash martabaga ko‘tarish”.
عَمَلٌ مُحْدَثٌ عَلَي نِيَّةِ الْعِبَادَةِ
3. “Dinda asli yo‘q bo‘lib, yangi paydo bo‘lgan narsani ibodat niyatida bajarish”.
Mazkur ta’riflarga asoslanib fuqaholar ikita fiqhiy qoidani joriy qilganlar.
الْأَصْلُ فِي الْأَشْيَاءِ هُوَ الْإِبَاحَةُ
1. “Narsalardagi asl qoida mubohlik va tozalikdir”. Ya’ni, aslida hamma narsa muboh va tozadir.
الْأَصْلُ فِي الْأَشْيَاءِ هُوَ الْحُرْمَةُ
2. “Narsalardagi asl qoida haromlik va nopoklikdir”.
Zohiran qaraganda bir-biriga zid bo‘lgan bu ikki qoidani tatbiqi shundayki, agar bir kishi dunyo ishlarini osonlashtirish, odamlarning og‘irini yengil va uzog‘ini yaqin qilish maqsadida biror narsa masalan mashina, telefon yoki turli foydali moslamalar o‘ylab topib ixtiro qilsa, “Narsalardagi asl qoida mubohlik va tozalikdir”, qoidasiga binoan bu yaxshi va maqtalgan ish hisoblanadi.
Ammo, ibodat niyatida dinda biror narsani joriy qilish, sunnat bo‘lmagan amalni sunnat deb e’tiqod qilish, “Narsalardagi asl qoida haromlik va nopoklikdir”, qoidasiga binoan bid’at va harom ish hisoblanadi.
Bid’atning turlari.
“Sahihi Buxoriy” kitobini sharhlagan Imom Qastaloniy rahimahulloh aytadilar: “Imom Bayhaqiy Imom Shofe’iydan naql qilib: “Kitobu sunnatga va ijmoga xilof bo‘lgan ishlar zalolatga chorlovchi bid’atdir. Ammo, kitobu sunnatga xilof bo‘lmagan yaxshi ishlar bid’at emas, balki “Muhdasotu mahmuda” ya’ni keyin paydo bo‘lgan maqtalgan ishlardir”, deganlar (Qastaloniy. J. 1. B. 302).
Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda:
قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ سَنَّ فِي الإسلام سُنَّةً حَسَنَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ کُتِبَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَا یُنْقَصُ مِنْ أُجُورِهِمْ شَيْءٌ وَمَنْ سَنَّ فِي الْإِسْلَامِ سُنَّةً سَیِّئَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ کُتِبَ عَلَيْهِ مِثْلُ وِزْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَایُنْقَصُ مِنْ أَوْزَارِهِمْ شَيْءٌ.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim Islomda chiroyli yo‘lni joriy qilsa, bas u uchun uning ajri va undan keyin unga amal qilganlarning ham ajri bo‘ladi. Ularning ajrlaridan biror narsa kamaytirilmaydi” (Imom Muslim rivoyati).
Mana shu va boshqa dalillarga tayanib, ulamolarimiz bid’atni ikki qismga bo‘lganlar: bid’ati hasana (yaxshi bid’at) va bid’ati sayyia (yomon bid’at).
Hofiz ibn Hajar rahimahulloh: “Shariatning asliga xilof bo‘lmay, shu bilan birga foydali va xayrli amallar bid’ati hasanadir. Shar’iy asosga ega bo‘lmagan amal yoki e’tiqodni joriy qilish bid’ati sayyia deyiladi”, deganlar. (“Fathul Boriy” kitobi, J. 4. B. 253).
Bid’ati hasana – bunga hazrati Umar roziyallohu anhuning ishlarini misol qilish mumkin. Sunnat amal bo‘lgan tarovih namozini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jamoat bilan o‘qimas edilar. Hazrati Umar esa xalifalik davrida mazkur namozni imomga iqtido qilib, jamoat bilan o‘qishni joriy qildi va: “Qanday yaxshi bid’at bo‘ldi”, dedi.
Shunga binoan diniy ilmlar o‘rgatish uchun alohida madrasalar qurish, kitoblar chop etish, masjidlarga gilam solish, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni go‘zal siyratlarini targ‘ib qilish uchun mavlid o‘qish singari din asoslariga zid bo‘lmagan amallar bid’ati hasana bo‘ladi. Unga amal qilish joiz va u zalolatga boshlamaydi.
Bid’ati sayyia esa, shar’iy asosga ega bo‘lmagan biror amal yoki e’tiqodni joriy etishdir. Bunday bid’at ayni zalolat bo‘lib, u shariatimizda rad etilgan. Quyidagi hadisi sharif ham shunga dalolat qiladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
مَنْ أَحْدَثَ فِي أَمْرِنَا هَذَا مَا لَيْسَ مِنْهُ فَهُوَ رَدٌّ
“Kim bizning bu dinimizda unda bo‘lmagan yangi narsani kiritsa, rad qilinadi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, hadisda ko‘zlangan maqsad dinning asosiy manbalari bo‘lmish Kitob, sunnat va ijmoga xilof bo‘lgan ishlarni paydo qilish bo‘lsa, bas, u rad qilingandir. Ammo dunyoviy hayotning ravnaqiga xizmat qiladigan, insonlarga manfaat beradigan ishlarni paydo qilish, garchi Kitobu sunnatda asosi mavjud bo‘lmasa-da, zinhor bid’at deyilmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi