Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyun, 2025   |   21 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:02
Xufton
21:40
Bismillah
17 Iyun, 2025, 21 Zulhijja, 1446

“Tafsiri Nasafiy” xatm qilindi va ustozlarga ijozalar topshirildi

05.11.2022   1446   8 min.
“Tafsiri Nasafiy” xatm qilindi va ustozlarga ijozalar topshirildi

Islom ulamolari o'zlariga berilgan ilmlarni faqatgina ma'lumotlar manbai deb emas, balki Alloh taolo tarafidan ularga berilgan fazl va omonat deb qarab keladilar. Shu sababli ham bu omonatni egalariga topshirish uchun talabalarning faqatgina ilmiy salohiyatiga cheklanib qolmasdan, ma'naviy kamoloti va xulqiy go'zalliklariga ham katta e'tibor qaratishgan. Negaki, ularning nomlaridan etkazilayotgan ilmlar avvalo o'zlariga, so'ngra ular ilm olgan ustozlarga, sahobai kiromlarga va bora-bora oxiri Rasululloh alayhissalomga nisbati beriladi. Shu sababli ilm egalari ularining nomlaridan aytilayotgan ilmlar har kim tarafidan aytilmasligi, ilmga ahl bo'lmagan insonlar tarfidan rivoyat qilinmasligi, noqobil kishilar tarafidan etkazilmasligi uchun o'zlarining xos shogirdlariga o'sha ilmlarni ustozlari nomidan etkazish uchun maxsus ruxsatnoma berganlar. Mazkur ruxsatnoma islomiy ilmlar atamasiga ko'ra “ijoza” deb atalishi ko'pgina ahli ilmlarga ma'lum. Bunday “ijoza”, ya'ni shahodatnomalar Qur'on qiroati va hadis ilmlarida ancha mashhur.

Biroq, ijozalar islomiy ilmlarning boshqalarida ham borligi ko'pchilikka ma'lum va mashhur bo'lib ulgurmagan yoki yoddan ko'tarilgan. Aslida tariximizga nazar soladigan bo'lsak Movarounnahr madrasalarida, xususan Buxoro, Samarqand, Horazm, Shosh madrasalarida Qur'oni karimni yod olish bilan birga, tafsir, hadis, fiqh, aqoid, tasavvuf, faroiz, usulul fiqh va mustalahul hadis fanlari bo'yicha islom olamida mashhur olimlarning arab, fors, turkiy tillarda yozilgan mo''tabar kitoblari, ushbu kitoblarga yozilgan sharhlar va ularning hoshiyalari o'qitilgan. Ushbu fanlar bo'yicha eng mo''tabar kitoblarni tugatganlarni esa “Hatm karda mullo” (xatm qilgan mulla) deb nomlashgan. Talabalar madrasada o'qishni tamomlash vaqtida “Hatmul kutub”, ya'ni “Darslik kitoblarni tugatganlik” bo'yicha maxsus tadbir o'tkazilgan. Tadbirda o'sha vaqtdagi katta mudarrislar, shahar qozi va muftiylari yig'ilgan. Ularning huzurlarida kitoblarni o'qib tugatganlarga “ijoza”lar topshirilgan. Ustoz va talabalarga dasturxonlar yozilib, tadbir so'ngida qozi va muftiy kabi katta ustozlar oldida dars bergan ustozlar hamda kitoblarni o'qib tugatgan talabalar qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlanib, ularning haqlariga duoi xayrlar qilingan.
Allohga hamd va shukrlar bo'lsinki, ulamolar va ilm ahllari orasidagi ana shunday azaliy qadriyatlarimizni tiklash va tarqatish maqsadida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ham ko'plab ishlar amalga oshirilmoqda.
Bunday xayrli an'analardan biri sifatida Toshkent islom institutining bir qancha ustozlari tomonidan ulug' bobokalonimiz Abul Barakot Abdulloh ibn Mahmud Nasafiy qalamiga mansub “Madorikut tanziyl va haqo'iqit ta'viyl” nomli asarning o'qib tugatilganligini keltirib o'tishimiz mumkin.
Shu munosabat Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti “Tahfizul Qur'on” kafedrasida “xatmul kutub” tadbiri bo'lib o'tdi.
Tadbirda rektor Uyg'un domla G'afurov va o'qituvchilar ishtirok etdilar. Soatmurod domla Primov Abul Barakot Nasafiyning “Madorikut tanziyl va haqo'iqit ta'viyl” kitobi haqida ma'lumot berdi.
So'ng ijoza sohibi Farhod domla Jo'rayev Madorikut tanziyl va haqo'iqit ta'viyl” kitobi bo'yicha Jahongir qori Ne'matov, Muhammadrasul domla Abdullayev, Muhammadrasul domla Toshpo'latov, Sobirjon domla Rustamov, Islomxon domla Ubaydullayev, Elyorjon domla Ahmadqulov, Adham qori Yusupov, Shohmirzo qori Ibrohimov, Asliddin domla Mirzamiddinov, Sodiqjon qori Qurbonovga ijoza shahodatnomalarini topshirdi.


Imom Nasafiy va uning tafsiri
Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Muhammad Nasafiy (vaf. 710/1311) tafsir sohasida faoliyat olib bordi. Bu ulug' imom Nasaf shahrida tavallud topganlar. (Nasaf shahri hozir Qarshi deb nomlanadi.) Abul Barakot Nasafiy 1310 yilda Bag'dodga kelgan va shu yili rabi'ul avval oyining juma kuni kechasi Bag'dodda vafot etgan hamda Isfahon yaqinidagi Izaj (Huziston va Isfahon oralig'ida) shahrida dafn qilingan.
U o'z davrida aqida, fiqh, hadis, lug'at sohalari bo'yicha etuk olim sifatida shuhrat qozongan. Tafsirda boshqa mufassirlar kabi hadisdan, sahobiy va tobiiylar fikrlari bilan bir qatorda o'zidan oldin o'tgan mufassirlardan Abu Mansur Moturidiyning “Ta'vilot ahlis sunna”, Mahmud Zamaxshariyning “Kashshof”, Alouddin Samarqandiyning “Sharhi ta'vilot” asarlaridan istifoda etgan.
Imom Nasafiyning “Madorikut tanzil” nomli bu kitoblari hozirgi kunimizgacha ulamolar va tolibi ilmlar orasida zo'r e'tibor bilan shuhrat topib kelmoqda va ko'pgina islom o'quv yurtlarida qo'llanma sifatida ishlatib kelinmoqda.
Abul Barakot Nasafiyning tafsir ilmi bo'yicha ahli ilm orasida “Tafsiri Nasafiy” nomi bilan mashhur bo'lgan va hanafiy mazhabiga muvofiq bitilgan “Madorikut tanziyl va haqo'iqit ta'viyl” (“Qur'on ma'nolari va ta'vil haqiqatlari”) kitobi boshqa asarlar orasida eng qimmatlilaridan biri desak, hech ham mubolag'a bo'lmaydi. Chunki boshqa tafsir kitoblari orasida katta shuhrat qozongan “Tafsirun Nasafiy” tafsiri dunyo bo'yicha eng keng tarqalgan hanafiy mazhabiga binoan yozilgan, undagi oyatlar aynan moturidiya ta'limotiga binoan bayon etilib, o'sha davrning ilm markazlari Buxoro va Samarqandning olimlari fikrlari bilan boyitilgandir.
Tafsiri Nasafiy” deb tanilgan ushbu tafsirlari muallifning eng mashhur kitoblaridan bo'lib, uni “Kashshof” va “Tafsiri Bayzoviy”dan muxtasar qilib olganlar. Bu kitobda Ahli sunnatning yo'lini olg'a surib, Kashshofda uchraydigan ba'zi mo'tazila e'tiqodlarini chetga surganlar. “Tafsiri Nasafiy”da oyatlarning grammatik tahlili, o'z o'rnida etti mutavotir qiroatga ishoralar berilgan. Balog'at fani qoidalari aytib o'tilgan. Ba'zi o'rinlarda fiqhiy masalalarni ham bayon qiladilar va bu masalalarda Hanafiy mazhabi so'zlarini tarjih qiladilar. Lekin fiqhiy masalalarga ko'p o'rin bermaydilar. Isroiliyotlarni juda kam rivoyat qilganlar. Ba'zisini keltirib, hujjati yo'qligini aytganlar. Qissalar va hadislar orasidagi ba'zi xurofot va to'qimalarni aytib o'tadilar.

TII Tahfizul Qur'on kafedrasi
mudiri J.Ne'matov

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Allohga to‘rt yil duo qildim

16.06.2025   2486   5 min.
Allohga to‘rt yil duo qildim

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Agar madrasaviy naql mutavotir bo‘ladigan bo‘lsa, unda nima uchun hanafiylarning mutavotirida molikiylarning mutavotiriga teskari keladigan joylar bor?

Darhaqiqat, hanafiy mazhabi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mutavotir darajada yetib kelgan bo‘lsa, molikiy mazhabi ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mutavotir darajada yetib kelgan bo‘lsa, nima uchun bu mutavotirlar o‘zaro bir xil emas?

Imom Hafs rohimahullohning qiroati bilan imom Sho‘baning qiroati mutavotir emasmi? Yetti qiroat mutavotir emasmi? Lekin ular boshqa-boshqa-ku?!

Demak, «mutavotir bo‘ldi» degani bir xil bo‘ldi degani emas ekan. Shuningdek, Buxoriyda kelgan ba’zi sahih hadislar ham aynan o‘sha Buxoriyda kelgan boshqa bir hadisga teskari kelishi mumkin. Biz esa bu kitobdagi barcha hadislarning sahih ekaniga ishonganmiz.

Shuningdek, Buxoriy va Muslimda ham bir-biriga teskari hadislar bor. Unisi ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan sahih bo‘lib yetib kelgan, bunisi ham. Demak, sahih va mutavotir bo‘lish – naqlda bir xil bo‘lish degani emas ekan, chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan sodir bo‘lgan hodisalar turlicha bo‘lgan.

Ba’zilar mutavotirni ma’lum bir ko‘rinishda naql qilishgan, ba’zilar esa mutavotirni yoki mustafizni boshqa bir joyda boshqa bir ko‘rinishda naql qilishgan. Bularning barchasi kitoblarda bor. Bizning mavzuimizdagi nozik nuqta mutavotir bo‘lish emas, balki naql bo‘lishi sobitroq va ko‘p takrorlanganligidir. Bunga «mutavotir» deb nom berish esa majoziy ma’nodadir.

To‘g‘ri, ba’zi dalillar mutavotir bo‘lishi mumkin. Lekin asosiysi – naql qilish sobit ekanida eng yuqori darajasiga chiqqan bo‘lishi kerak. Shuningdek, ular keltirgan naql bilan biz keltirgan naql xilma-xil bo‘lishining zarari yo‘q, chunki hanafiylar Ko‘fada istiqomat qilgan Abdulloh ibn Mas’ud, Aliy ibn Abu Tolib va boshqa sahobalar roziyallohu anhumdan naql qilishgan bo‘lsa, molikiylar Oisha, Ibn Umar va Zayd ibn Sobit roziyallohu anhumdan naql qilishgan. Molikiylarning mazhabi Zayd ibn Sobitga, hanafiylarning mazhabi esa Abdulloh ibn Mas’udga borib taqaladi.

Ushbu mavzuga yakun yasash bilan birgalikda, ko‘p xavotirga o‘rin qolmasligi uchun quyidagilarni ham aytib o‘tsak:

Fiqhiy masalalarga nisbatan hadislarning soni juda ham ozdir. Avvalgi ma’lumotlarimizda hukmlar kelgan hadislarning soni uch ming, ikki ming, besh yuz yoki yetti yuz atrofida ekanini aytib o‘tgan edik. Bu juda ham kam son.

Shuningdek, oyatlarning ham soni chegaralangan. Ammo masalalar esa millionlab topiladi. Shuningdek, hadislar ham bor, marhamat, ko‘rishimiz mumkin. Oldingi va keyingi ulamolarimiz hukmiy hadislar haqida qanchalab kitoblar yozishgan. Ular o‘z kitoblarida «Mana bu hukmiy oyat, bu esa hukmiy hadis», deb zikr qilishgan. Ammo bu o‘rinda bahs hukmiy oyatlar yoki hukmiy hadislarda emas! Siz kutubxonadan bir necha dinorga hukmiy hadislar yozilgan kitob sotib olishingiz mumkin. Qur’oni Karim esa hamma joyda bor. Xo‘sh, shu ikkalasi bilan imom mujtahid bo‘lib qoladimi?

Bahsimiz bu nuqtada ham emas! Bahs ushbu masalalarni qanday qilib chiqarib olish, hukmlarni jamlash va ularni qanday tushunishdadir. Bu yerda hadis yetib kelish-kelmasligi masalasining ahamiyati qolmaydi! Axir oradan 1400 yil o‘tib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan bizga sunnat yetib keldi-ku!

Mujtahid imomlar bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘rtalarida esa bir necha yillar, ya’ni  70-80-90 yillar o‘tgan, xolos! Ularning butun turmush tarzi Islomdan iborat edi, ular oila qurishda, o‘zaro munosabatlarda, boshqaruvda va barcha holatlarda Islom bilan hamohang edilar. Qanday qilib ularga hadis yetib bormagan bo‘lishi mumkin? Qanday qilib biz hayotimizning turli jabhalarida Islomdan uzoq bo‘la turib, «Bizga hadis yetib kelgan», deymiz? Shuning uchun «Hadis yetib kelgan-kelmagan», deb bahs qilishning hech bir qiymati yo‘q! Qur’on va Sunnat bor. Endi bu o‘rindagi bahsimiz ulardan qanday hukm chiqaramiz, qanday ijtihod qilamiz, ularni qanday tushunamiz va ulardan qoidalarni qanday chiqaramiz, degan ma’noda bo‘lishi kerak.

Yahyo ibn Qatton rohimahulloh: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan yetib kelgan sahih hadislarni ko‘rsatishini so‘rab, Alloh taologa to‘rt yil duo qildim», deganlar.

Biz o‘rganayotgan mavzu faqat hadis rivoyat qilish emas, balki imom Shofe’iyning muhaddislar yo‘lidan yurib, mazhab tuza olishidir. Muhaddislardan oldingilar esa hadislarni ham rivoyat qilishar, bir-biridan farqli fatvolar ham berishar edi. Gap ushbu hadislarga tayanish uchun qanday qilib mazhab va qoidalarni chiqarishdadir. Albatta, ushbu mavzu bizdan katta e’tibor talab qiladigan muhim mavzulardandir.

«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan