Islom ulamolari o'zlariga berilgan ilmlarni faqatgina ma'lumotlar manbai deb emas, balki Alloh taolo tarafidan ularga berilgan fazl va omonat deb qarab keladilar. Shu sababli ham bu omonatni egalariga topshirish uchun talabalarning faqatgina ilmiy salohiyatiga cheklanib qolmasdan, ma'naviy kamoloti va xulqiy go'zalliklariga ham katta e'tibor qaratishgan. Negaki, ularning nomlaridan etkazilayotgan ilmlar avvalo o'zlariga, so'ngra ular ilm olgan ustozlarga, sahobai kiromlarga va bora-bora oxiri Rasululloh alayhissalomga nisbati beriladi. Shu sababli ilm egalari ularining nomlaridan aytilayotgan ilmlar har kim tarafidan aytilmasligi, ilmga ahl bo'lmagan insonlar tarfidan rivoyat qilinmasligi, noqobil kishilar tarafidan etkazilmasligi uchun o'zlarining xos shogirdlariga o'sha ilmlarni ustozlari nomidan etkazish uchun maxsus ruxsatnoma berganlar. Mazkur ruxsatnoma islomiy ilmlar atamasiga ko'ra “ijoza” deb atalishi ko'pgina ahli ilmlarga ma'lum. Bunday “ijoza”, ya'ni shahodatnomalar Qur'on qiroati va hadis ilmlarida ancha mashhur.
Biroq, ijozalar islomiy ilmlarning boshqalarida ham borligi ko'pchilikka ma'lum va mashhur bo'lib ulgurmagan yoki yoddan ko'tarilgan. Aslida tariximizga nazar soladigan bo'lsak Movarounnahr madrasalarida, xususan Buxoro, Samarqand, Horazm, Shosh madrasalarida Qur'oni karimni yod olish bilan birga, tafsir, hadis, fiqh, aqoid, tasavvuf, faroiz, usulul fiqh va mustalahul hadis fanlari bo'yicha islom olamida mashhur olimlarning arab, fors, turkiy tillarda yozilgan mo''tabar kitoblari, ushbu kitoblarga yozilgan sharhlar va ularning hoshiyalari o'qitilgan. Ushbu fanlar bo'yicha eng mo''tabar kitoblarni tugatganlarni esa “Hatm karda mullo” (xatm qilgan mulla) deb nomlashgan. Talabalar madrasada o'qishni tamomlash vaqtida “Hatmul kutub”, ya'ni “Darslik kitoblarni tugatganlik” bo'yicha maxsus tadbir o'tkazilgan. Tadbirda o'sha vaqtdagi katta mudarrislar, shahar qozi va muftiylari yig'ilgan. Ularning huzurlarida kitoblarni o'qib tugatganlarga “ijoza”lar topshirilgan. Ustoz va talabalarga dasturxonlar yozilib, tadbir so'ngida qozi va muftiy kabi katta ustozlar oldida dars bergan ustozlar hamda kitoblarni o'qib tugatgan talabalar qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlanib, ularning haqlariga duoi xayrlar qilingan.
Allohga hamd va shukrlar bo'lsinki, ulamolar va ilm ahllari orasidagi ana shunday azaliy qadriyatlarimizni tiklash va tarqatish maqsadida Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida ham ko'plab ishlar amalga oshirilmoqda.
Bunday xayrli an'analardan biri sifatida Toshkent islom institutining bir qancha ustozlari tomonidan ulug' bobokalonimiz Abul Barakot Abdulloh ibn Mahmud Nasafiy qalamiga mansub “Madorikut tanziyl va haqo'iqit ta'viyl” nomli asarning o'qib tugatilganligini keltirib o'tishimiz mumkin.
Shu munosabat Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti “Tahfizul Qur'on” kafedrasida “xatmul kutub” tadbiri bo'lib o'tdi.
Tadbirda rektor Uyg'un domla G'afurov va o'qituvchilar ishtirok etdilar. Soatmurod domla Primov Abul Barakot Nasafiyning “Madorikut tanziyl va haqo'iqit ta'viyl” kitobi haqida ma'lumot berdi.
So'ng ijoza sohibi Farhod domla Jo'rayev Madorikut tanziyl va haqo'iqit ta'viyl” kitobi bo'yicha Jahongir qori Ne'matov, Muhammadrasul domla Abdullayev, Muhammadrasul domla Toshpo'latov, Sobirjon domla Rustamov, Islomxon domla Ubaydullayev, Elyorjon domla Ahmadqulov, Adham qori Yusupov, Shohmirzo qori Ibrohimov, Asliddin domla Mirzamiddinov, Sodiqjon qori Qurbonovga ijoza shahodatnomalarini topshirdi.
Imom Nasafiy va uning tafsiri
Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Muhammad Nasafiy (vaf. 710/1311) tafsir sohasida faoliyat olib bordi. Bu ulug' imom Nasaf shahrida tavallud topganlar. (Nasaf shahri hozir Qarshi deb nomlanadi.) Abul Barakot Nasafiy 1310 yilda Bag'dodga kelgan va shu yili rabi'ul avval oyining juma kuni kechasi Bag'dodda vafot etgan hamda Isfahon yaqinidagi Izaj (Huziston va Isfahon oralig'ida) shahrida dafn qilingan.
U o'z davrida aqida, fiqh, hadis, lug'at sohalari bo'yicha etuk olim sifatida shuhrat qozongan. Tafsirda boshqa mufassirlar kabi hadisdan, sahobiy va tobiiylar fikrlari bilan bir qatorda o'zidan oldin o'tgan mufassirlardan Abu Mansur Moturidiyning “Ta'vilot ahlis sunna”, Mahmud Zamaxshariyning “Kashshof”, Alouddin Samarqandiyning “Sharhi ta'vilot” asarlaridan istifoda etgan.
Imom Nasafiyning “Madorikut tanzil” nomli bu kitoblari hozirgi kunimizgacha ulamolar va tolibi ilmlar orasida zo'r e'tibor bilan shuhrat topib kelmoqda va ko'pgina islom o'quv yurtlarida qo'llanma sifatida ishlatib kelinmoqda.
Abul Barakot Nasafiyning tafsir ilmi bo'yicha ahli ilm orasida “Tafsiri Nasafiy” nomi bilan mashhur bo'lgan va hanafiy mazhabiga muvofiq bitilgan “Madorikut tanziyl va haqo'iqit ta'viyl” (“Qur'on ma'nolari va ta'vil haqiqatlari”) kitobi boshqa asarlar orasida eng qimmatlilaridan biri desak, hech ham mubolag'a bo'lmaydi. Chunki boshqa tafsir kitoblari orasida katta shuhrat qozongan “Tafsirun Nasafiy” tafsiri dunyo bo'yicha eng keng tarqalgan hanafiy mazhabiga binoan yozilgan, undagi oyatlar aynan moturidiya ta'limotiga binoan bayon etilib, o'sha davrning ilm markazlari Buxoro va Samarqandning olimlari fikrlari bilan boyitilgandir.
“Tafsiri Nasafiy” deb tanilgan ushbu tafsirlari muallifning eng mashhur kitoblaridan bo'lib, uni “Kashshof” va “Tafsiri Bayzoviy”dan muxtasar qilib olganlar. Bu kitobda Ahli sunnatning yo'lini olg'a surib, Kashshofda uchraydigan ba'zi mo'tazila e'tiqodlarini chetga surganlar. “Tafsiri Nasafiy”da oyatlarning grammatik tahlili, o'z o'rnida etti mutavotir qiroatga ishoralar berilgan. Balog'at fani qoidalari aytib o'tilgan. Ba'zi o'rinlarda fiqhiy masalalarni ham bayon qiladilar va bu masalalarda Hanafiy mazhabi so'zlarini tarjih qiladilar. Lekin fiqhiy masalalarga ko'p o'rin bermaydilar. Isroiliyotlarni juda kam rivoyat qilganlar. Ba'zisini keltirib, hujjati yo'qligini aytganlar. Qissalar va hadislar orasidagi ba'zi xurofot va to'qimalarni aytib o'tadilar.
TII Tahfizul Qur'on kafedrasi
mudiri J.Ne'matov
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
U Hijru Ismoil deb ham nomlanadi. U yarim doira shaklidagi ochiq binodir. Xatim deb nomlanishiga sabab, u Ka’badan sindirib olingandir. Quraysh Ka’ba binosini yangilaganda o‘sha yerni qoldirgan. Ismoil hijri deyilishiga sabab, Ibrohim alayhissalom Ka’baning yoniga arok daraxtidan Ismoil hamda onalariga kapa qurib berganlar. Demak, hijr Ka’baning qismidan bo‘lmagan. Lekin Quraysh Ka’badan qoldirib, Hijrga kiritgan joyi shak-shubhasiz Ka’badir. Hajmi olti gazu bir qarich, ya’ni uch metrdir.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan xatim haqida so‘rab: «U Ka’badanmi?» desam, u zot: «Ha», dedilar. Men: «Unda nima uchun Ka’baga qo‘shib yuborishmagan?» desam, u zot: «Qavmingning, ya’ni Qurayshning mablag‘i yetmay qolgan...» dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Boshqa bir rivoyatda keltirilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, agar qavming johiliyatdan endi qutulganini hisobga olmaganimda, Ka’bani buzishga buyurib, uning chiqib ketgan joyini kirgizib, yerga yopishtirib, ikki eshik, ya’ni sharq va g‘arb tomondan eshik ochib, Ibrohim alayhissalom bunyod etgan poydevorga yetkazar edim», dedilar.
Ibn Zubayrni Ka’bani buzishga undagan narsa mana shu edi. Yazid: «Ibn Zubayr buzib, qayta qurayotganlarida guvoh bo‘ldim. Hijrni Ka’baga kiritdilar. Ibrohim alayhissalom qurgan poydevordagi toshlarni ko‘rdim. U xuddi tuyaning o‘rkachiga o‘xshar edi», deganlarida, Jarir: «Uning o‘rni qayerda edi?» dedilar. U kishi: «Hozir senga ko‘rsataman», dedilar. Jarir u kishi bilan Hijrga kirdilar. Yazid o‘sha makonga ishora qilib: «Mana bu yerda», dedilar. Jarir: «Hijrni taxminiy o‘lchab ko‘rsam, 6 gaz yoki shunga yaqin edi», dedilar.
Bu narsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlarida ham ochiq-oydin kelgan. Imom Muslimning rivoyatlarida esa: «Hijrdan olti gaz qo‘shdim», deb aytilgan.
Bu rivoyatlardan bilinadiki, Hijr Ka’baning bir qismidir. U Ka’ba atrofidagi taxminan 3 metrlar chamasi joydir. Boshqa yer esa Ka’badan emas. Shunga binoan hijrning orqa tomonidan tavof qilish durustdir. Kim Ka’ba ichida namoz o‘qishga imkon topa olmasa, Ka’baning chamasi 3 metr yonidagi xatim qismida o‘qisa, go‘yoki Ka’ba ichida namoz o‘qigandek bo‘ladi.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Men Ka’ba ichiga kirib namoz o‘qishni yaxshi ko‘rar edim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘limdan ushlab, hijrga kirgizdilar, «Ka’baga kirishni xohlasang, mana shu yerda ham o‘qiyvergin. Chunki u Ka’badan bir bo‘lakdir», dedilar».
Boshqa rivoyatda Oisha roziyallohu anho: «Hijrdami, Ka’badami namozni qaysi birida o‘qishga ahamiyat bermayman», deganlar.
Salaflardan qilingan rivoyatda: «Xatimda, mezob ostida duolar mustajobdir», deyilgan.
Shayboniy: «Sa’id ibn Jubayrning Ka’bani hijrda kuchib turganlarini ko‘rdim», dedilar.
Zolim Hajjoj ibn Yusuf xalifa Abdulmalik ibn Marvonga maktub yozib, unda Ibn Zubayr Ka’bani o‘zgartirib, uning o‘rni bo‘lmagan joylarni qo‘shib, boshqa eshik ochganini aytgan va endi Ka’bani qaytadan bino qilishini so‘ragan edi. Hajjoj Ka’bani o‘zi aytganidek o‘zgartirib bo‘lganidan keyin Abdulmalik bildiki, Ibn Zubayr Ka’ba qurilishini Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek amalga oshirgan edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, agar qavming johiliyat zamonidan endigina qutulganini hisobga olmaganimda, Ka’bani buzib, chiqib ketgan joylarini qo‘shib olgan bo‘lar edim...» deganlar.
Xalifa Abdumalik Hajjojga ruxsat bergani uchun pushaymon chekib: «Agar Hajjoj buzishidan oldin ushbu hadisni eshitganimda, Ibn Zubayr qurganlarini qoldirar edim», degan Muslim rivoyati.
Rivoyat qilinishicha, ba’zi abbosiy xalifalar Imom Molik ibn Anasdan Ka’bani buzib, hadisda zikr qilinganidek, Ibn Zubayr qurganlari kabi yana qayta qurish uchun fatvo so‘rashganida, Imom Molik roziyallohu anhu: «Ey mo‘minlar amiri, o‘tinib so‘rayman, Baytullohni podshohlarga o‘yinchoq qilib qo‘ymang, xohlagan kishi uni buzib o‘ynayvermasin. Shu holat bo‘laversa, odamlar qalbida Ka’baning haybati ketib qoladi», dedilar. Imom Molikning ushbu gaplaridan keyin Ka’ba mana shu holatda qoldi.
Xatim devorining balandligi 1 metr 32 sm. Devorning eni 1 metr 55 sm.
Ikki kirish orasidagi masofa 8 metr 77 sm. Ka’ba devoridan Xatim devorigacha 8 metr 46 sm.
Ka’badan Xatimgacha mavjud bo‘lak 3 metr.
Multazam tomondagi ochiqlik o‘lchami 2 metr 29 sm.
Muqobil ochiqlikdagi o‘lcham 2 metr 23 sm. Tashqaridan devor aylanasining uzunligi 21 metr 57 sm.
"Makka, Ka’ba, Zamzam tarixi, haj va umra manosiklari" kitobidan