1. «Gap» – bunga Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning turli holat va munosabatlarda aytgan gaplari kiradi. Misol uchun, «Albatta ishlar niyatga bog'liqdir» deganlar. Mana shu muborak gapni eshitgan odamlar omonat tariqasida uni eshitmaganlarga etkazganlar. Shu tarzda avloddan-avlodga o'tib, muhaddis olimgacha etib kelgan. Muhaddis esa, ilmiy yo'llar bilan tekshirib, uning hadis ekanligiga ishonch hosil qilgandan so'nggina kitobiga kirgizgan. Buni «qavliy (gap) sunnat» deyiladi.
2. «Ish» deb Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning qilgan ish-amallari tushuniladi. Aytaylik, tahorat qilishlari, namoz o'qishlari, haj ado etishlari va boshqa ishlari. Shunga o'xshash amallarini ko'rganlar ko'rmaganlarga aytib, ko'rsatib berganlar. Bunday ma'lumotlar shu tariqa hadis olimiga etib kelgan va Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamning qilgan ishlari sifatida asar bo'lib qolgan. Buni «amaliy (ish) sunnat» deyiladi.
3. «Taqrir» – bir narsaga iqror bo'lish, uning to'g'riligini tasdiqlash-ma'qullash ma'nosini anglatadi. Sunnatdagi taqrir esa Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sahobai kiromlar tomonidan sodir bo'lgan ba'zi narsalarni ma'qullashlaridan iborat. Birgina misol: Holid ibn Valid roziyallohu anhu Payg'ambarimiz alayhissalom yuborgan bir to'p lashkarga bosh edi. Borgan joyida junub bo'lib qoladi va sovuqdan qo'rqib, g'usl qilmasdan, tayammum bilan namoz o'qiydi. Uning sheriklari buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga etkazadilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Holid ibn Valid roziyallohu anhuning qilgan ishini ma'qullaganlar. Ma'qullash ma'qul, deb aytish bilan yoki inkor qilmay, indamay qo'ya qolish bilan ham bo'ladi. Buni «taqririy sunnat» deyiladi.
4. «Halqiy» deb tana tuzilishidagi sifatlarga aytiladi. Payg'ambar sollallohu alayhi vasallamni ko'rgan kishilar U zotning bo'y-bastlari, tana tuzilishlari, sochlari, ko'zlari va boshqa a'zolarini batafsil vasf qilib berganlar. Bu ma'lumotlar ham rivoyat bo'lib muhaddislarga, ular orqali Islom ummatiga etib kelgan. Masalan, Imom Termiziyning «Shamoili Muhammadiyya» asarlari aynan shu masalaga bag'ishlangan alohida kitobdir. Barcha muhaddislarimiz ham alohida kitob ta'lif qilmasalar-da, shu ma'nodagi hadisi shariflardan o'zlariga etganlarini rivoyat qilib qoldirganlar.
5. «Hulqiy-axloqiy sifatlar». Sahobai kiromlar Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sabrlari, hilmlari, shijoatlari, sahiyliklari kabi barcha axloqiy fazilatlarini ham rivoyat qilib qoldirganlar. Bu haqdagi ma'lumotlar ham sunnatga kiradi.
6. «Tarjimai hol». Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak hayotlari, U zot tavallud topganlaridan boshlab, to Robbilari dargohiga etgunlaricha bo'lgan tarjimai hollari o'ta aniqlik va butun tafsilotlari bilan rivoyat qilingan. Bu bobga tegishli rivoyatlar to'plami «Siyrat» deyiladi.
Muhaddis ulamolarimiz mana shu olti bandga tegishli har bitta ma'lumotni atroflicha, chuqur o'rganib, o'z kitoblariga kiritganlar. O'z-o'zidan ma'lum bo'lmoqdaki, Sunnat Islom uchun, musulmonlar uchun o'ta muhim manba. Chunki u Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom, ya'ni Alloh taoloning oxirgi va mukammal dinini o'z hayotlarida to'liq tatbiq qilib ko'rsatgan muborak zotning gaplari, ishlari, ma'qullashlari, xalqiy, xulqiy sifatlari va tarjimai hollari majmuasidan iboratdir.
(Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf).
"Hadis va hayot" kitobidan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakilligida shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirni viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov kirish so‘zi bilan ochib, yig‘ilganlarni yaqinlashib kelayotgan Mustaqilligimizning 35 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Uchrashuvda davlatimiz Rahbarining tegishli Farmoni bilan bir guruh diniy soha xodimlari «Imom Buxoriy» ordeni bilan taqdirlangani yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va tarixiy voqea ekani alohida e’tirof etildi.
Yig‘ilishda «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» ezgu shiori ostida vohada amalga oshirilayotgan xayrli ishlar, yoshlarni Vatanga sadoqat va milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi faoliyat sarhisob qilindi.
Shuningdek, tadbir davomida imom-xatiblarga quyidagi ustuvor vazifalar yuklatildi:
Ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan va yakka-yolg‘iz keksalar holidan muntazam xabar olish;
Oilalar totuvligini mustahkamlash va mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash;
Masjidlar, qadamjolar va qabristonlarni obodonlashtirish hamda tozalik tadbirlarida faollik ko‘rsatish.
Yig‘ilish yakunida diniy soha xodimlarining kelgusi faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati