Joriy yilning 24 noyabrdan 2023 yilning 6 martgacha Parijdagi Luvr muzeyida “O'zbekiston vohalari xazinalari. Karvon yo'llari chorrahasida” ko'rgazmasi bo'lib o'tadi. O'zA xabariga ko'ra, unda mamlakatimiz tarixi va madaniyatiga oid eng sara topilmalar, nodir eksponatlar namoyish etiladi. O'zbekistonni dunyoga tanitish yo'lida qo'yilgan ushbu katta qadam har tomonlama samarali bo'lishi va hamkorlik uchun yangi eshiklarni ochishi kutilmoqda.
Ko'rgazmaning ahamiyati va unga tayyorgarlik jarayonlari haqida O'zbekistonda Islom tsivilizatsiyasi markazi rahbari Shoazim Minovarov so'zlab berdi.
– 2018 yilda davlatimiz rahbari Frantsiyaga tashrif buyurdi. Bu – Yevropa davlatlariga birinchi rasmiy davlat tashrifi edi. Buning ramziy tomonlari ham bor: Frantsiya O'zbekiston kabi boshqa davlatlar bilan aloqalarda madaniy hamkorlikka juda katta ahamiyat beradi. Frantsiyaga tashrif doirasida davlatimiz rahbari Luvrga borishga vaqt topdilar. Bu jahondagi eng katta muzeylardan biri ekanligini barchamiz yaxshi bilamiz. Luvr – butun jahon durdonalarini o'zida saqlovchi xazina.
Insonni tom ma'noda inson qilib tarbiyalashda madaniyat, ma'naviyatning o'rni katta. Prezidentimizning Frantsiyaga tashrifi chog'ida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi va Luvr muzeyi bilan ko'rgazma tashkil qilish to'g'risida shartnoma imzolangan edi. Oradan vaqt juda tez o'tdi va “O'zbekiston vohalari xazinalari. Karvon yo'llari chorrahasida” ko'rgazmasi boshlanishiga oz fursat qoldi. Nomidan ko'rinib turibdiki, u o'zida butun tariximiz, eng Qadimgi Varaxsha, Afrosiyob devoriy suratlaridan tortib, hozirga qadar madaniyat va san'at sohasiga tegishli osori-atiqalarni mujassam etadi. Bularning orasida alohida ta'kidlashga loyiq bo'lgan diniy, ma'naviy ahamiyatga ega eksponat – “Katta Langar Qur'oni”. Uning tarixi deyarli afsonaviy, chunki hali atroflicha o'rganish kerak bo'lgan jihatlari etarli. U VIII-X asrga oid deb taxmin qilinyapti. Hatto, Usmon Mushafidan oldinroq yozilgan bo'lishi mumkin, degan farazlar ham bor. Biz ko'rgazmaga olib boriladigan ushbu Qur'on sahifalariga dunyo miqyosida qiziqish juda katta. Umumiy hisobda 320 dan ortiq eng yaxshi eksponatlarimizni olib boryapmiz. Bu ko'rgazma juda samarali bo'ladi, deb o'ylayman. Chunki madaniyat sohasidagi hamkorlik mamlakatni, xalqni dunyoga juda tez tanitadi. Frantsiyaga bir yilda 60 million turist tashrif buyuradi. Luvrning o'ziga 10 milliondan ko'proq odam keladi. Ko'rgazma davomida u erda o'zimizni ko'rsatishimiz bizni yanada ko'proq e'tirof etishlariga, O'zbekistonga, uning madaniyati va tarixiga nisbatan qiziqish ortishiga sabab bo'ladi. Bu turizmni rivojlantirishda katta reklama vazifasini o'taydi. Odamlar ko'rgazmalar, o'zaro muloqot orqali bir-birini qanchalik yaxshi tanisa, o'rtadagi ishonch ham shunchalik mustahkam bo'ladi. Ishonch esa hamkorlikning boshqa yo'nalishlari uchun eshiklarni ochadi, – dedi Shoazim Minovarov.
O'zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati
Ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning oliy mezoni va xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanligining dalolatidir.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida xizmat qilib, nafaqaga chiqqan bir guruh faxriylar holidan xabar olindi.
Ziyorat davomida Diniy idora tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilgan, yoshlarga ibrat bo‘lgan ustozlar uylariga borilib, ularga ehtirom bildirildi. Hadyalar ulashildi.
Shu bilan birga, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Abdurashid qori Bahromov, Usmonxon domla Alimov, Abdurazzoq hoji Yunusov, Anvar qori Tursunov kabi marhum ulug‘larimizning xonadonlariga borilib, oila ahllari holidan xabar olindi.
Shuningdek, bunday tadbirlar joylardagi vakilliklar tomonidan ham amalga oshirilib, hech kim e’tibordan chetda qolmadi. Bunday tadbirlar orqali Islom dinida o‘tganlar xotirasiga ehtirom, tiriklarni qadrlash, ustozlar o‘gitlaridan bahramand bo‘lish kabi xayrli an’analar bardavom bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati