frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Odamlarning eng yomoni – xavorijlar!

26.10.2022   2159   5 min.
Odamlarning eng yomoni – xavorijlar!

Adashgan oqimlarning shakllanishi uzoq tarixiy o'tmishga borib taqaladi. Tarixda o'zaro ziddiyatlar tufayli «ahli sunna»dan ajrab chiqqan firqalar bor. Ularning g'arazli g'oyalarini o'rganishga bag'ishlangan asarlar ko'p. Abu Mansur Moturidiy, Abul-Hasan Ash'ariy, Abu Mansur Bag'dodiy, Abu Hafs Nasafiy, Muhammad Shahristoniy kabi ulamolar adashgan firqalarning uslublarini sinchkovlik bilan o'rgangan hamda ularga raddiyalar berganlar.

Islom tarixida «xorijiy»lar ilk adashgan oqim sifatida paydo bo'lgan. Din niqobi ostida faoliyat ko'rsatgan va ulamolar tomonidan qattiq qoralangan firqalar faoliyatini Bag'dodiy «al-Farq baynal-firaq» asarida mufassal bayon qilgan. Dastlabki bo'linish Hazrati Ali roziyallohu anhu davridagi «Jamal voqeasi ishtirokchilari», sahoba Muoviya, «Siffiyn ishtirokchilari» hamda ikki hakam Abu Muso Ash'ariy va Amr ibn Os roziyallohu anhumning chiqargan hukmlari sababli yuz bergan. «Siffiyn» jangida Hazrati Ali roziyallohu anhuning tarafdorlari o'rtasida norozilik paydo bo'lib, ikki guruhga bo'lindi. Birinchi guruh Hazrati Ali roziyallohu anhu tarafdori bo'lib, ikkinchi guruh esa «xorijiy» (ajralib chiqqanlar) nomini olgan.

Islom olimlari xorijiylar eng birinchi ixtilofni keltirib chiqarganini ta'kidlashgan. Bu ixtilof katta bo'linishlarga olib kelgan.

Horijiylar dastlab Hazrati Ali roziyallohu anhuning tarafdorlari edilar. Siffin jangidan so'ng Hazrati Alini Muoviya roziyallohu anhu bilan kelishuvga rozi bo'lganlikda ayblab, o'z tarafdorlaridan iborat qo'shin bilan ajralib chiqishgan. Ular aqidada jiddiy adashish va xatti-harakatlarida ko'p qabihliklarga yo'l qo'yishgan.

Shahristoniy yozishicha, xorijiylar o'z maqsadlariga erishishda quroldan foydalanib, o'zlariga xayrxoh bo'lmaganlarni oila a'zolari bilan o'ldirib, ko'p musulmonlar hayotiga zomin bo'lganlar.

Horijiylar o'zlaricha amalni iymonning uchinchi tarkibi hisoblab, kishi kalima keltirsa, biroq ibodatlarni tark etsa yoki katta gunoh ishlarga qo'l ursa iymondan ajraydi, deyishgan. Ularning iddaosicha: «katta gunoh qilganlar dindan qaytgan iymonsizdir». Ular bunday insonlarning oila a'zolari, hatto go'daklariga ham shafqat qilmaslikni ta'kidlashgan.

Ali ibn Muhammad Faxriy kitobida xorijiylar o'z g'oyalariga erishishda ko'plab qabih ishlarni qilganlariga guvohlik bergan. Shuningdek, buzg'unchi firqa etakchilaridan biri Najda ibn Omir Azraqiyga maktub yozilgan. Ushbu maktubga javoban, adashgan firqa etakchisi o'z g'oyasi va xatti-harakatlarini oqlash maqsadida hatto Qur'oni karim oyatlarini buzib talqin qilishga ham uringan.

Adashgan firqa rahbari Nofe' ibn Azraq misoli orqali barcha firqa yo'lboshchilari firqa g'oyasi va faoliyatini quvvatlantirish maqsadida Islom manbalaridan o'zboshimchalik bilan iqtiboslar olib, etarli ilm va tajribaga ega bo'lmagan izdoshlarini mutaassibona tarbiyalash va xatti-harakat sodir etishda foydalangani shubhasizdir.

Bu firqa o'zining shafqatsizligi bilan boshqalardan farq qiladi. Ularning e'tiqodida, muxoliflariga qarashli bo'lgan yosh go'daklar, keksalar, nogironlar, ko'zi ojizlar, kasallar va zimmiylarni o'ldirish muboh sanaladi. Hatto ular birovlarning omonatlarini ham halol deb biladilar.

Horijiylar Islom tarixida Hazrati Ali bilan Muoviya roziyallohu anhumning har ikkoviga ham itoat etmasdan ajralib chiqqani uchun «isyonchi toifa» degan nom oldi. Horijiylar tomonidan amalga oshirilgan bir necha yillik qo'zg'alonlar xalq notinchligi va talafotlariga sabab bo'ldi.

Islom ulamolari xorijiylarning adashgan quyidagi jihatlarini alohida qayd etishgan:

- ular o'z yo'llariga yurmagan, katta gunoh qilganlarni iymondan chiqqan deyishadi;

- begunoh mo'min odamning qonini to'kishni halol sanashadi;

- sunnatga amal qilishni inkor etishadi;

- doimo gunohi kabira qilib vafot etgan kishi abadiy do'zaxda qoladi, deyishadi;

- oxiratdagi shafoatni inkor etishadi;

- jannatda Allohni ko'rishni inkor qilishadi;

- Qur'oni karimni maxluq deyishadi.

Horijiylar davlat rahbariga itoat etishdan bosh tortib isyon ko'targani uchun «bog'iy»ga hukm qilingan. Ibn Umar roziyallohu anhu xorijiylarni odamlarning eng yomoni deb hisoblagan. Ahli sunna ulamolari: «Qaysi zamon va makonda bo'lmasin, musulmon mamlakat rahbariga itoat qilishdan bosh tortgan kishi xorijiylar toifasidan sanaladi», deyishgan.

Zamonlar o'tishi bilan xorijiylar nafaqat ulamolarning, balki oddiy xalqning ham qarshiligiga uchradi.

 

Shermuhammad domla Boltayev,

Horazm viloyati, Shovot tumani

Yusuf Hamadoniy jome masjidi imom-xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

19.08.2026   29752   2 min.
18 avgust — Usmon Mus'hafi Toshkentga qaytgan kun

18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.

Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.

Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.

1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.

1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.

Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.

2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari