frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Barchamiz mas'ulmiz!

25.10.2022   1746   5 min.
Barchamiz mas'ulmiz!

Alloh subhonahu va taolo insonni barcha yaratiqlardan mukarram qilib yaratdi va uni boshqa hech bir maxluqotga berilmagan ulkan til ne'mati bilan sharafladi. Til kishilar uchun tafakkurida kechayotgan fikrlarni bayon etish, o'zaro aloqa qilish vositasi hamda har bir millatning o'ziga xos madaniyati va ma'naviyatini o'zida aks ettirib turuvchi eng ulug' qadriyatdir. Shuni unutmaslik kerakki, til xalqni birlashtiradi, uni vatanga muhabbat, yuksak insoniy fazilatlar ruhida tarbiyalaydi, muayyan til egalariga ta'lim beradi, milliy urf-odat va an'analarini o'zida saqlab avloddan avlodga etkazadi. Shu bois ona tilini sevib-ardoqlash, asrab-avaylash, hurmat-ehtirom bilan munosabatda bo'lish, har bir millatning dunyo xalqlari orasidagi taraqqiyoti va kelajakdagi o'rnini belgilaydi. Buni chuqur anglab etgan har bir kishi, eng avvalo, o'z ona tilini ulug'lashi va sharaflashi lozim.

Hazrat Alisher Navoiy o'zining “Muhokamat ul-lug'atayn” (“Ikki til muhokamasi”) asarida til va uning mohiyati haqida shunday deb yozadi:

Ey so'z bila qilg'on ofarinish og'oz,

Insonni aroda aylagon mahrami roz

Chun «kun fayakun» safhasiga bo'ldi tiroz

Qilg'on oni nutq ila boridin mumtoz.

Darhaqiqat, biz yashab turgan bu foniy dunyoning yaralishi Alloh taborak va taoloning birgina “Bo'l” degan amri bilan amalga oshdi. O'z yaratiqlari orasida insonni nutq (til) bilan barchasidan mumtoz (ulug') qilib qo'ydi. Shuning uchun biz bandalar bu ulug' ne'matning shukrini ado etmog'imiz lozim bo'ladi. Til ne'matining shukrini ado etish esa, shirinso'zlik, rostgo'ylik, nutqdagi fasohat va balog'at bilan amalga oshadi. Tilni har xil yot so'zlar, fahsh, fisqu fasod, ig'vo, g'iybatu bo'hton va yolg'onlardan saqlash kerak bo'ladi. Butun insoniyatning eng xayrlisi bo'lgan Zot – Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham ummatlarni bundan saqlanishga chaqirganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilishlaricha: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo'lsa (faqat) yaxshi so'zlarni so'zlasin yoki sukut saqlasin” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati). Bu hadisga amal qiluvchilar o'zlari uchun ham, jamiyat uchun ham manfaat keltiruvchilardir.

Bundan 33 yil muqaddam – 1989 yilning 21 oktyabrida O'zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilindi. Bu xalqimiz tarixidagi olamshumul voqea bo'ldi. “Davlat tili haqida”gi Qonun O'zbekiston xalqining istiqlolga erishish yo'lida qo'yilgan dastlabki qadami bo'ldi. Mazkur Qonunning 1-moddasi va Konstitutsiyamizning 4-moddasida “O'zbekiston Respublikasining davlat tili o'zbek tili” ekanligi va O'zbekiston Respublikasi o'z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an'analari hurmat qilinishini ta'minlanishi ham belgilab qo'yilgan.

O'zbekiston Respublikasi “Davlat tili to'g'risida”gi Qonun qabul qilingandan beri o'tgan davr mobaynida yurtimizda o'zbek tilining mavqei tobora mustahkamlanib bormoqda. Har bir sohada Davlat tilini rivojlantirishga ancha katta e'tibor qaratilayotganini ham e'tirof etish lozim. 2020 yil 10 aprelda O'zbekiston Respublikasining “O'zbek tili bayrami kunini belgilash to'g'risida”gi Qonuni qabul qilinishi ana shunday e'tiborning natijasi desak, yanglishmaymiz. Mazkur qonunda har yili 21 oktyabr' “O'zbek tili bayrami kuni” etib nishonlash belgilab qo'yildi va har yili 21 oktyabr' butun mamlakatimiz bo'ylab katta bayram sifatida nishonlanmoqda. Bu, albatta, ona tilimizga bo'lgan e'tiborimiz, uni qay darajada ardoqlashimiz va hurmat qilishimizni anglatadi.

Dunyoda xalqlar, elatlar va ular ishlatadigan tillar ham juda ko'p. Ular orasida o'zbek tili har jihatdan o'z o'rni va mavqeiga ega. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta'kidlaganidek: “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo'lgan o'zbek tili xalqimiz uchun milliy o'zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma'naviy boylik, buyuk qadriyatdir”.

Shuni unutmaylikki, Davlat tilining rivoji qaysidir idora, qaysidir tashkilot zimmasigagina yuklangan vazifa emas, balki shu tilda so'zlovchi, shu yurtda yashovchi har bir kishining zimmasidagi ulkan mas'uliyatdir. Demak, bizning eng asosiy vazifamiz ana shu bebaho ma'naviy boylik, buyuk qadriyatni hamisha asrab-avaylab, butun nafosati bilan dunyoga tanitishdir. Shundagina biz o'zimizga ato etilgan til ne'matining shukrini ado qilgan bo'lamiz. Bu ulkan vazifani bajarishga esa barchamiz birdek mas'ulmiz.

Bugun nishonlanayotgan ulug' bayram – O'zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun barchamiz uchun muborak bo'lsin!

A.NAIMOV,

Farg'ona viloyati bosh imom-xatibi o'rinbosari

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Iordaniya OAV: Toshkentda Islom sivilizatsiyasiga bag‘ishlangan xalqaro mediaforum o‘tkaziladi

19.08.2026   1668   2 min.
Iordaniya OAV: Toshkentda Islom sivilizatsiyasiga bag‘ishlangan xalqaro mediaforum o‘tkaziladi

Iordaniyaning nufuzli “Jordan News Agency” (Petra) axborot agentligi hamda “Hala Ahbar” nashrida 24–29 avgust kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh va kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqolalar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Agentlikda yozilishicha, mazkur yirik xalqaro tadbir O‘zbekistonning jahon media hamjamiyati bilan aloqalarini yanada kengaytirish, jurnalistlar va soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashishni rivojlantirishi bilan ahamiyatlidir.

Shu bilan birga, forum davomida islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’rifiy va madaniy merosini zamonaviy media vositalari orqali keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratiladi.

Forumning asosiy tadbirlari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkaziladi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro ekspertlar hamda media sohasi mutaxassislari ishtirok etadi.

Nashrlar forum dasturining mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratgan. Xususan, tadbir doirasida yalpi majlislar, ixtisoslashtirilgan media-ko‘rgazmalar, matbuot brifinglari va ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etiladi.

Munozaralarda hujjatli filmlar yaratish, tarixiy xotirani asrash va yoritish, nashriyot loyihalarini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalardan media sohasida samarali foydalanish hamda xalqaro media loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilinadi.

Nashrning qayd etishicha, tadbirning muhim jihatlaridan biri – O‘zbekistonlik talabalar uchun xalqaro media sohasining tajribali mutaxassislari ishtirokida amaliy master-klasslar o‘tkazilishidir. Bu mashg‘ulotlar zamonaviy jurnalistika, mediamahsulotlar yaratish va xalqaro axborot makonida samarali faoliyat yuritish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirishga xizmat qiladi.

Iordaniya OAVda forum doirasida ishtirokchilar uchun Samarqand shahriga safar ham rejalashtirilgani qayd etilgan. Xorijiy jurnalistlar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, Samarqandning boy tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadilar. Toshkent shahrida esa xalqaro OAV vakillari uchun maxsus mediatur tashkil etiladi.

Bunday safarlar forum ishtirokchilariga O‘zbekistonning nafaqat zamonaviy taraqqiyoti, balki uning jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni, ilmiy-ma’rifiy an’analari va boy madaniy merosi haqida bevosita tasavvur hosil qilish imkonini beradi.

Maqolalarda xalqaro mediaforumning 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va rasmiy yopilish marosimi bilan yakunlanishi ham ma’lum qilingan. Xorijiy mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ham ishtirok etadi.

O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari