G'arblik olimlar butun umrini sarflab, ter to'kib echim izlayotgan muammolarning muolajasi bundan o'n to'rt asr oldin sevikli Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan ochiq-oydin bayon etilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Alloh taoloning amri bilan bizni nimaga buyurgan bo'lsalar, o'sha narsada biz uchun foyda bordir. Va albatta, nimadan qaytargan bo'lsalar, unda bizlar uchun zarar, ziyon bor. “Payg'ambar sizlarga keltirgan narsani olingiz, u sizlarni qaytargan narsadan qaytingiz va Allohdan qo'rqingiz!” (Hashr surasi, 7-oyat) deb marhamat qilgan Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo'lsin!
Suvni o'tirgan holatda ichish
Anas roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam suvni tik turib ichishdan qaytarganlar” (Imom Muslim rivoyati).
Doktor Abdurazzoq Kilyaniy aytadi: “Ovqat va suvning o'tirgan holatda eyish va ichish sog'liq uchun havfsiz va foydalidir. Bunda insonning oshqozoni tinch va bo'shashgan holatda bo'ladi, bu esa o'z navbatida suvni oshqozonga hech qanday to'siqlarsiz to'g'ri kelib tushishini ta'minlaydi. O'tirib ichilganda suv avval oshqozonga tushib, kislotali muhit bilan qorishadi, so'ngra organizmdagi mikroblarni tozalaydi va o'n ikki barmoq ichakka o'tadi. Bu inson organizmini turli kasalliklardan himoyalanashiga sabab bo'ladi. Inson tik turib suv ichganda esa, suv to'g'ridan-to'g'ri o'n ikki barmoq ichakka o'tib ketadi. Bu inson salomatligi uchun xavfli va zararlidir.
Burunga suv olib yuvish
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Agar birortangiz tahorat olsa, burnini suv bilan yuvsin va qoqib tashlasin”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Doktor Mustafo Shahota aytadi: “Burun bo'shlig'ida mikroblarning bir necha turlari paydo bo'ladi va rivojlanadi. Har kuni tahoratda burun bo'shlig'ining yuvilishi, uning yallig'lanishi va mikroblarning ko'payishini ketkizadi”.
Hushbo'ylik surtish
Payg'ambarirmiz sollallohu alayhi vasallam: “Kimki yuziga xushbo'ylik surtmoqchi bo'lsa, uni qoshidan boshlasin. Albatta, bu bosh og'rig'ini kamaytiradi. Qoshlar odam tanasida ilk paydo bo'lguvchi tuklardir”, dedilar(Imom Daylamiy rivoyati).
Barcha tibbiyot oliygohlarida qo'llanma sifatida foydalaniladigan “Embriologiya” darsligida: “Ona qornida rivojlanayotgan bolaning tanasida embrion rivojlanishing to'rtinchi bosqichida dastlab qosh tuklari paydo bo'ladi”, deyiladi.
Zamonaviy tibbiyot tan olgan ushbu haqiqat “Life Science Library” kitobida ham “Payg'ambar haq ekan!” degan so'zlar bilan e'tirof etilgan.
Uchdan birini to'ldirish kifoya
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Inson qornidan yomonroq idishni to'ldirmaydi, odam bolasiga belni qoim qiladigan kichik luqma kifoyadir. Bas, qorinning uchdan biri taom, biri suv va qolgani nafas uchundir”, deganlar (Imom Termiziy, Imom Ahmad rivoyati).
Mutaxassislar aytishicha, oshqozonning to'la bo'lishi, insonning chuqur nafas olishiga to'sqinliq qilar ekan. To'liq nafas olmaslik esa umrni qisqartiradi. Erkin nafas olmaslik oqibatida qon kislorod bilan to'yina olmaydi va a'zolarga o'sha holicha qaytib boradi. Qolaversa, tanadagi modda almashinuvi buziladi va qonning kislorod bilan to'yinishi uchun etarli miqdorda kislorod kirmaydi. Bu esa o'z navbatida turli kasalliklar kelib chiqishiga sabab bo'ladi.
Yerga tushgan egulikni tanovul qilsa bo'ladi (mi)?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar biringizning eguligingiz erga tushib ketsa, uni ko'tarib, sirtini begona narsalardan tozalab esin, nasibasini shaytonga qoldirmasin. Qo'lini artmay turib yalab qo'ysin. Darhaqiqat, u baraka qay birida (yashirin) ekanidan bexabardir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Aston universiteti professori Entoni Hilzning fikricha, erga tushib ketgan egulikni besh soniya ichida erdan olib bemalol iste'mol qilsa bo'lar ekan. Chunki bu vaqt ichida hech qanday mikroorganizm egulikka tegishga yoki uni zararlashga ulgurmaydi. Bunday egulik sog'liq uchun xavfsizdir.
Chiroqni o'chirib yoting!
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Uxlaganda chiroqlarni o'chiringlar”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Zamonaviy ilmiy tadqiqotlardan ma'lum bo'lishicha, uxlagan paytda chiroqni yoniq qoldirish inson miyasining muhim joylariga ta'sir qilib, turli iztirob va ruhiy tushkunliklarga hamda semirib ketishga sabab bo'ladi. Shuning uchun olimlar tana va miya dam olishi uchun tunda chiroqlarni o'chirib yotishni tavsiya qilishadi.
Ro'za tuting
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ro'za tutinglar, salomat bo'lasizlar”, dedilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Nobel mukofotining tibbiyot va fiziologiya yo'nalishi sovrindori bo'lgan yaponiyalik olim Yoshinori Osumi ilmiy tarzda ro'zaning inson salomatligi uchun foydasini isbotlab berdi. Inson organizmi och qolganda tana qafaslaridan chiqadigan zararli bakteriyalarni hazm qiladi. Bu esa inson organizmini turli zararlardan xalos bo'lishga sabab bo'ladi.
OITS muammosining echimi
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:“Hatna qilish erkaklarga sunnat”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Olimlar tomonidan o'g'il bolalarni xatna qilish OITSning oldini olishning eng afzal usuli, deb tan olindi. Yosh bolalarni xatna qilish an'anaviy odatga aylangan o'lkalarda OITS kasalligining yuqish ko'rsatkichlari o'ta past ekani aniqlandi.
Janubiy Afrika Respublikasida o'tkazilgan tadqiqot natijalariga ko'ra, o'g'il bolalarni xatna qiluvchi shaharlarda OITSning tarqalishi keskin kamaygan. Shu sababli, Afrika qit'asining eng ko'p kasallik tarqalgan davlatlarida majburiy xatna qildirish joriy qilingan.
Ammo Gvinee-Bisau va Kot-d’Ivuar kabi shaharlarda xatna amaliyotning yo'qligi sabab bu erlar bu kasallikning o'chog'i sanaladi. Ayni damda, ushbu sunnatga amal qilib kelgan qo'shni shaharlar Liberiya, S'erra-Leone mazkur virusdan butunlay holi hisoblanadi.
Yotishdan oldin ko'rpani qoqing
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan birortangiz to'shagiga yotmoqchi bo'lsa, to'shagini qoqib yuborsin. Chunki u unda nimalar borligini bilmaydi”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Inson tanasida turli hasharotlar va zararli hujayralar ko'payadi. Uxlash uchun yotganda ular tanadan ko'rpaga o'tadi. Ushbu zararli hujayralar turli kasalliklarning rivojlanishiga sabab bo'ladi.
G'arb olimlari ushbu hujayralar vaqtida tozalanmasa, ko'payib, kasalliklar keltirib chiqarishini aniqladilar. Ushbu muammoni bartaraf etish yo'llarini bir necha yillar davomida izladilar. Eng kuchli tozalash vositalarini ishlatib, ko'rpani yuvdilar. Lekin undagi zararkunanda hasharotlar qimir etgani ham yo'q. Oxir oqibat ko'rpani qo'l bilan uch marta qoqib ko'rishdi. Natijada, o'lik hujayra va boshqa parazitlardan asar ham qolmadi.
Tuproq poklovchidir
Abu Hurayra roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Yer men uchun masjid va poklovchi qilindi”(Imom Abu Dovud rivoyati).
Ilmiy tadqiqotlarda tuproq tarkibida yo'q bo'lishi eng qiyin bo'lgan bakteriyalarni ham ketkazishga qodir bo'lgan antibiotiklar mavjud ekanini tasdiqlandi. Izlanishlar davomida olimlar qiyin o'luvchi bakteriyalarga qarshi vosita sifatida tuproqdan foydalandilar.
Tuproq bir kun davomida butun boshli bakteriyalarni butkul yo'q qila olgan. Tuproqdan boshqa vositalarni qo'llaganda samara bermagan, balki ba'zi vositalar oqibatida bakteriyalar soni yanada ko'paygan.
Nega aynan 13, 14 va 15 – kunlari ro'za tutish lozim?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har oyning 13, 14, 15 kunlari ro'za tutishga buyurib: “Qachonki bir oydan uch kun ro'za tutadigan bo'lsang, o'n uch, o'n to'rt va o'n beshni tut”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
AQShlik tadqiqotchilar Oyda inson tomiri va peshobida to'planib qolgan suvni shimish xususiyati borligini aniqlashdi. Oy inson tanasidagi bu suvni aynan 13, 14 va 15 kunlik bo'lganida shimib olar ekan. Tadqiqotchilar qamariy oyning 13, 14, 15 kunlari eb-ichishni kamaytirishni tavsiya etadilar.
Qorning bilan yotma!
Tixfatul G'iforiy roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidda chalqancha holatda uxlab yotganimni ko'rib qoldilar. Oyoqlari bilan turtib:“Bu uyqu nimasi?! Buni Alloh yomon ko'radi”,dedilar» (Imom Ibn Moja rivoyati).
AQShlik mutaxassislar yuztuban uxlash salomatlikka salbiy ta'sir ko'rsatishini ilmiy isbotladilar. Bunda inson ko'krak qafasi to'liq nafas ololmaydi. Bo'yin mushaklari muskulga aylanishi oqibatida qon tomirlari shikastlanadi. Bel qismining egilishi ichki organlarga kuchli bosim o'tkazadi.
Tungi namoz
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ramazondan keyingi eng afzal ro'za, Allohning muharram oyi ro'zasidir. Farz namozdan keyingi eng afzal namoz tungi namozdir”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Iordaniya kardiologiya ilmiy-tadqiqot markazi tibbiyot olimlari uzluksiz uzoq vaqt uxlash inson salomatligi, yurak-qon tomirlari uchun zararligini, xususan, qon quyuqlashishi, infarkt, miokard kasalliklariga olib kelishini aniqladilar.
Kardiolog olimlar yurak, yurak-qon tomirlari kasalliklarini oldini olishda kechaning tongga yaqin qismida uyg'onib, o'qilgan namoz eng samarali usul ekanini ta'kidlaydilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamsuyib iste'mol qilgan meva
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam saryog' va xurmoni yaxshi ko'rar edilar”(Imom Abu Dovud, Imom Ibn Moja rivoyati).
Hurmo kam kaloriyali meva hisoblanib, unda bor yo'g'i 23 kaloriya mavjud. Biroq, xurmoning 50%i glyukozadan iborat. Shu sababli, u juda to'yimlidir. Sahroviy arablar uchun xurmo “ikkinchi non”dek bo'lib qolgan. Hurmoda yurak uchun foydali bo'lgan mineral va tuzlar bor. Hususan organizmdagi kislota me'yorini saqlashda, immunitetni oshirishda hamda kamqonlikni oldini olishda zarur bo'lgan mis, temir, magniy, rux, marganets, kaliy, natriy, bor va boshqa bir qator zaruriy moddalarga boy. Qandli diabet bilan kasallangan bemorlarga, qonda glyukoza miqdorini yaxshilashga, ugdevodlarning tez hazm bo'lishiga foydali bo'lgan 23dan ortiq xurmodan boshqa hech bir mevada uchramaydigan aminokislota moddalari, B, A, S, V5, V3 vitaminlari mavjud.
Shuningdek, xurmodagi selen moddasi saraton kasalligi xavfini kamaytirib, to'qima va a'zolarda moddalar almashuvining buzilishiga, yurak qon-tomir kasalliklariga, qon bosimining oshishiga, tez toliqishga qarshi samarali ta'sir ko'rsatadi. Shu sababli, Ramazon oyida xurmoni muntazam ravishda iste'mol qilish tavsiya etiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tavsiya qilgan o'simlik
Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Zaytun yog'ini eng va uni surting. Chunki u muborak daraxtdandir”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Zaytun inson organizmi uchun juda foydali hisoblanadi. Undagi Ye moddasi insonning tez qarishini oldini oladi. Zaytun daraxtining barglaridan qon bosimini oldini oluvchi dorilar tayyorlanadi. Shuningdek, zaytunning oshqozon shilliq pardasi yallig'lanishiga qarshi samarali foydasi bor.
Erkaklarga harom, ayollarga halol
Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam ipakni olib o'ng qo'llari, tillani esa chap qo'llari ila tutdilar, so'ngra: «Albatta, mana bu ikkisi mening ummatimning erkaklari uchun haromdir», dedilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ilmiy kuzatishlarga ko'ra, tilla vaqti-vaqti bilan oksidlanib, o'zidan kimyoviy moddalar chiqarishi aniqlandi. Bu moddalar erkaklarning jinsiy bezlariga ta'sir qiladi va hatto jinsiy zaiflikka olib kelishi mumkin. Tilla har qanday navli (proba) bo'lishidan qat'i nazar, uning oksidining bir milligrammi ham jinsiy bezlarning me'yorda ishlashiga to'sqinlik qiladi.
Ammo tilla ayollarning salomatligiga salbiy ta'sir etmaydi. Aksincha, ularning tanasiga ijobiy ta'sir ko'rsatadi va qon aylanishini yaxshilaydi. O'rta yoshdagi va yuragi xasta ayollarning qon bosimini tushiradi.
Ayollarning tor tilla uzukni nomsiz barmoqqa taqib yurishi endokrin bezlariga zarar etkazadi. Shuning bilan birga, osteoxondroz va radikulitni keltirib chiqaradi.
O'rta barmoqqa taqilgan uzuk ateroskleroz va gipertoniyaga, jimjiloqning zo'riqishi o'n ikki barmoqli ichak patologiyasiga olib keladi. Shu boisdan uzukni yotishdan oldin, albatta, echib qo'yish lozim.
Surma faqatgina ko'z pardozi emas!
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Albatta, surmalaringizning yaxshisi ismiddir. U ko'zni ravshan qilur va kiprikni o'stirur”, (Imom Abu Dovud rivoyati).
Surma nafaqat ko'z pardozi, balki ko'z ko'rish qobiliyatini yaxshilash vositasi hamdir. Qator davlatlarda ko'z kasalliklarini davolashda, ayniqsa, ko'z pardasining yallig'lanishi hamda allergiyaga qarshi vosita sifatida ham surmadan keng foydalaniladi. Surma kipriklarni o'stirish xususiyatiga ham ega. Ko'zning charchashi va kasalliklarga chalinishidan saqlaydi. Ayniqsa cho'l sharoitida qora rang quyoshdan saqlanish vositasidir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uxlashdan oldin muborak ko'zlariga uch martadan surma surar edilar.
Tishni poklovchi, Allohni rozi qiluvchi amal
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Misvok ishlatib o'qilgan ikki rakat namoz misvoksiz o'qilgan etmish rakat namozdan afzaldir”, deganlar (Imom Ibn Najjor rivoyati).
Oysha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:“Misvok og'izni poklovchi va Allohni rozi qiluvchidir”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Nasoiy rivoyati).
Misvok milkni baquvvat qiladi. Tish toshlarini, og'izdagi noxush hidlar va bakteriyalarni yo'qotadi. Hotirani mustahkamlaydi, nutqni ravon qiladi. Ko'z nurini ravshanlashtiradi, oshqozon-ichak xastaliklarining oldini oladi.
Saraton davosi
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qora dona o'limdan boshqa har bir dardga davodir”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati).
Qora sedana urug'i oshqozon, yurak, ko'z, nafas olish yo'llari, astma, bronxit, jigar va buyraklar disfunktsiyasi, bosh va tish og'riqlari, shamollash, ko'ngil aynish, qusish kabi ko'pgina kasalliklarni davolashda samarali foyda beradi.
Qolaversa, inson sog'lig'ini tiklash va immun tizimini mustahkamlash, kuch-quvvatini ko'tarishda misli yo'q shifobaxsh vositadir. Qora sedana asab sistemasi, oshqozon-ichak yaralari, gijja kasalliklari, hatto saraton kasalliklarini davolashda ham qo'llaniladi.
Ilmiy kashfiyotlar xalqaro tashkiloti tomonidan qora sedananing inson organizmida bronxial yo'llarni kengaytirishi, mikroblarni o'ldirishi, qon bosimini me'yorida ushlab turishi, me'yorda safro ajratishni ta'minlashi, eng muhimi uning saraton kasalliklariga qarshi kurashish xususiyatiga ega ekani aniqlandi.
[1] Scientific miracles in Sunnah. English.islamweb.net/emainpage
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Faqihlar fiqhga shunday ta’rif berishadi: «Fiqh mukallaflarning amallarini halol va haromlik, fasod va sahihlik jihatidan o‘rganadigan ilmdir». Bu ta’rifni ham kengroq tahlil qilib ko‘raylik. «O‘rganadigan ilm» nima degani? Hozirgina «Ilm bir narsaning voqelikka muvofiq kelishidir», dedik.
Fiqhning mavzusiga bir misol keltiraylik. Masalan, men mukallafman. Xotinimga «Sen taloqsan», dedim. Buning hukmi nima bo‘lishini fiqh o‘rganadi. Demak, fiqh men kabi mukallaflarning mana shu kabi holatlarini o‘rganadi. Masalan, men sherikchilik aqdini tuzishim mumkin, biron narsani sotishim, ijaraga olishim mumkin. Fiqh ana shunday holatlarni, men qilgan ishning halol yoki harom, sahih yoki fasodligini o‘rganadi. Demak, fiqhning mavzusi mukallaflar qiladigan amallarning holatini o‘rganishdir.
Faqihlarning fiqhga bergan ta’riflarida «dalil» degan so‘z bormi? Yo‘q. Ular faqat mukallaflarning amallari haqida gapirishdi, hukmlarning mukallaflarga nisbatan joriy bo‘lish holatlariga e’tibor qaratishdi. Demak, umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, fiqhga ikki xil ta’rif berildi. Biri usuliy ulamolarning ta’rifi, ya’ni «Qur’on va Sunnatdan hukmlarni qay tarzda chiqarib olish haqidagi ilm» degan ta’rif. Ikkinchisi fuqaholar bergan ta’rif bo‘lib, unda hosil bo‘lgan hukmlarning mukallaflarga qanday joriy qilinishi asosiy o‘ringa qo‘yildi. Bu hukmlar mutlaq mujtahidlar tarafidan chiqariladi. Hukmni faqat mutlaq mujtahid chiqara oladi. Ana shu mujtahid muayyan bir hukmni Qur’on va Sunnatdan qanday chiqarganini o‘rganish usul ilmining mavzusidir. Chiqarilgan hukmni o‘zimizga va jamiyatga tatbiq qilish esa muftiy va faqihlarning ishidir.
Demak, fiqhga ikki xil qarash mumkin ekan: hukmni chiqarib olish va uni tatbiq qilish. Bizning xatoimiz shuki, hukmni ishlab chiqish bilan uni tatbiq qilish orasidagi farqni tushunmayapmiz. Tushunmaganimiz uchun keraksiz gaplarni gapiryapmiz. Biz yuqorida aytib o‘tgan ikki yo‘nalish – tahallul, ya’ni dinga yengil qarash va tashaddud, ya’ni dinda g‘uluvga ketish yo‘nalishlari yo ikkinchi ta’rifdan bexabar qolishdi, yoki unga e’tiborsiz qarashdi. Ular faqat birinchi ta’rifni, ya’ni hukmni qay tarzda ishlab chiqishni izohlashdi.
Masalan, siz birinchi yil ilm olayotgan bo‘lsangiz, ular sizga: «Sen aytgan hukmni faqat dalil keltirsang, qabul qilamiz», deyishadi. Axir siz hali dalillarni bilmaysiz-ku! Birorta jumlani oyat deb o‘ylashingiz mumkin, lekin aslida u oyat bo‘lmasligi mumkin. Bir hadisni Buxoriyda kelgan, deb aytishingiz mumkin, lekin u Buxoriydan rivoyat qilinmagan, to‘qima hadis bo‘lib chiqishi mumkin, chunki siz hali dalillarni o‘rganmagansiz. Ular mana shu darajadagi odamlardan dalil so‘rashdi, ochiq-oydin dalili bo‘lmagan hukmni esa botilga chiqarishdi. Bunga biroz kengroq yondashish kerak...
Yuqorida aytganimdek, asosiy maqsadim ta’riflarga doir qo‘shimcha ma’lumotlarni aytib o‘tish edi. Keling, shu masalani ko‘raylik. Ana o‘sha yo‘nalish egalari har bir hukmga dalil talab qilishyapti. Avvalo ayting-chi, dalil nima o‘zi? Ular: «Dalil – bu Qur’on va Sunnat», deyishadi. Ularning «Dalil Qur’on va Sunnatdir», deyishi ilmiy ma’noda xatodir, chunki dalilni faqat Qur’on va Sunnatgagina cheklab qo‘ysak, dinni zoye qilib qo‘yamiz, chunki bulardan boshqa dalillar ham bor. Dalil to‘g‘ri yondashish orqali talab qilingan ma’lumotga yetkazadigan manbadir. Demak, Qur’on va Sunnat dalillarning asosiy qismidir, lekin dalillarning barchasi emas, chunki ijmo’ ham dalil, qiyos ham dalildir. To‘g‘ri yondashish orqali talab qilingan ma’lumotga yetkazadigan har qanday manba dalil bo‘ladi. Lekin bu gapni ular tushunmaydi. Ular dalilni faqat Qur’on va Sunnat, deb tushunishadi.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan