Shariatda rahbar va ishboshiga qarshi chiqqanlar “bog'iylar” deyiladi. Bu so'z arab tilidan tarjima qilinsa, zulm qiluvchi, dushmanlik qiluvchi, tajovuzkor ma'nolarini anglatadi. Shar'iy ma'nosini ulamolar: “Bog'iy - biror ta'vil (so'z yoki fe'ldan ko'zlangan maxfiy maqsadni o'z fikri bilan izohlab berish)ga ko'ra, musulmonlar orasida adolatli boshliqqa qarshi chiquvchi qurolli toifadir”, deya ta'riflaydi.
Islom dinida bog'iylik qilish qattiq qoralangan. Mo'min kishi ularga qarshi kurashda o'z boshliqlariga yordam berishi lozim. Bog'iylarga qarshi kurashda o'ldirilgan musulmon shahid hisoblanadi. Bog'iylarga esa janoza o'qilmaydi. Bu haqda Burhoniddin Marg'inoniy bunday deydi: “Hukumatga qarshi bog'iylik va yo'lto'sar (qaroqchi)lik qilganlar o'ldirilsa, ularga janoza o'qilmaydi. Hazrat Ali (roziyallohu anhu) bog'iylarga janoza o'qimagan edilar”.
Agar bog'iylar tavba qilishsa, kechiriladi. Ularga qarshi kurashishdan oldin hukumat sabablarini so'rab, yomon yo'llaridan qaytib, itoatli bo'lishni taklif qiladi. Ular talab qilishayotgan ish jamiyat manfaatiga zid bo'lmasa, ko'rib chiqiladi.
Alloh taolo urushayotgan ikki tomonning o'rtasini isloh qilishga buyurdi:
“Agar mo'minlardan ikki toifa o'zaro urushib qolsalar, ularning o'rtalarini isloh qiling.. ”(Hujurot, 9).
Bog'iylarga qarshi kurashishdan maqsad, avvalo, ularni itoatli bo'lishga chaqirish va to'g'ri yo'lga boshlashdir. Shuning uchun rahbar ularga qarshi urush ochishdan oldin haq yo'lga chaqiradi.
Bog'iylarga yordam berish, ularga qurol-yarog' sotish ham mumkin emas. Ulamolar bog'iy va fitnachilarga qurol-aslaha sotish xarom deyishgan. Chunki ular qurollar bilan odil hukumatga qarshi isyon ko'taradi. Imom Ahmad: “Rasulullox, (sollallohu alayhi va sallam) fitna vaqtida qurol sotishdan qaytarganlar”, deydi. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
“Ezgulik va taqvo (yo'li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo'li)da hamkorlik qilmangiz!”(Moida, 2).
Tarixdan ma'lum, podshoh yo boshliqqa qarshi chiqqan kishilarning harakati natijasida zararlar, fitna-fasotlar ko'paygan. Masalan, xavorijlar firkasining xatti-harakatlari oqibatida musulmonlarga katta ziyon etdi.
“Rasululloh (sollallohu alay va sallam)ning muborak vasiyatlari”
kitobidan Zayniddin Eshonqulov tayyorladi.
Joriy yilning 26 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida «Vaqf» xayriya jamoat fondi hamda Turkiya Diyonat vaqfi mas’ul xodimlari ishtirokida videokonferensiya formatida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ikki muassasa o‘rtasida imzolangan memorandum va uning asosida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasidagi vazifalar ijrosi atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar sheriklik aloqalarini mustahkamlash hamda uning amaliy mexanizmlarini belgilab olish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Muloqot davomida vazifalarning joriy holati tahlil qilinib, istiqbolda amalga oshiriladigan qo‘shma tashabbuslar va ijtimoiy loyihalar borasida o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi. Xususan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma tashabbuslar, yoshlar bilan ishlash va ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etish, xorijiy xayriya xizmatlarini tashkil etish hamda zakot va xayriya munosabatlarini yanada rivojlantirish kabi o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur muloqot ikki qardosh davlat vaqf fondlari o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy va saxovat yo‘nalishidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati