Shu kunlarda ommaviy axborot vositalarida “Kattaqo'rg'onlik chala mulla, o'zini o'qitishga kelgan ayolga tegajog'lik qildi” sarlavhali xabar turli bahs-munozalarga sabab bo'lmoqda.
O'zbekiston musulmonlari idorasi ushbu holat yuzasidan o'rganish ishlarini olib bordi. Natijada, mazkur shaxs Samarqand viloyati Kattaqo'rg'on tumanida yashovchi, folbinlik, firibgarlik, ichkilikbozlik kabi dinimizda qattiq qoralangan ishlar bilan shug'ullanadigan F.H. ismli fuqaro ekani ma'lum bo'ldi.
Ushbu shaxs hech qanday diniy ma'lumot yoki diniy rutbaga ega emas. Lavhada aytilgan, “al-Buxoriy” nomli madrasa ham O'zbekiston hududida faoliyat olib bormaydi. Arab tili kabi biror o'quv kurslarda o'qish shaxsga hech qanday diniy faoliyat olib borish uchun asos bo'lmaydi.
Demakki, ushbu shaxsga nisbatan “mulla” so'zini ishlatish mutlaqo noto'g'ri, uning dinga va mullalikka umuman aloqasi yo'q. Aksincha, u folbinlik, firibgarlik, ichkilikbozlik kabi illatlarga ruju qo'ygan kimsadir.
Ta'kidlash kerakki, “mulla”, “imom”, “madrasa” kabilar Islom shiorlari hisoblanadi. Alloh taolo islom shiorlarini ulug'lashga targ'ib qilish barobarida ularni hurmatsiz qilishdan qattiq qaytargan. Ayniqsa, turli noloyiq ishlarni “mulla”, “imom”, “madrasa” kabi islom shiorlariga bog'lash esa katta gunohdir.
Hulosa shuki, OAV va ijtimoiy tarmoq yurituvchilari turli voqea-hodisalarni ommani jalb qilish maqsadida, din bilan bog'lab ko'rsatishdan saqlanishlarini so'raymiz. Shuningdek, asossiz xabar tarqatish Islom dini ko'rsatmasiga ko'ra, katta gunoh, qonunchilikda esa javobgarlikka omil ekanini eslatib o'tamiz.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Malayziyaning “Berita RTM” telekanalida O‘zbekistonda ziyorat turizmi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan maxsus dastur namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida efirga uzatilgan ushbu ko‘rsatuvda malayziyalik professorlar – Badrul Isa va Norfadilah Kamaruddin tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston–Malayziya: kreativ turizm” nomli loyiha taqdim etildi.
Olimlar tashabbusi bilan yaratilgan mazkur loyiha mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasi, Turizm qo‘mitasi va Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida amalga oshirildi.
Tashabbus O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari haqida “Visual storytelling” formatida professional raqamli kontent yaratishni nazarda tutadi.
Loyihaga ko‘ra, 17–31 avgust kunlari Malayziya UiTM texnologiya universitetining professional fotograflari va dizaynerlaridan iborat ijodiy jamoa Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xorazmda suratga olish ishlarini olib boradi.
Malayziyalik ijodkorlar yurtimiz haqida tayyorlagan foto va videomateriallar “Instagram”, “Facebook”, “TikTok”, “YouTube” kabi internet platformalarda joylashtirilishi rejalashtirilgan. Loyihada yurtimiz oliy o‘quv yurtlarining dizayn, san’at, turizm va mehmonxona biznesi yo‘nalishidagi talabalari ham ishtirok etadi. Bu akademik, turizm va ijodiy sohalarda tajriba almashishni tashkil etish imkonini beradi.
Dasturda fikr bildirgan Badrul Isa loyiha ASЕAN mamlakatlari va musulmon olamida O‘zbekistonni yanada kengroq tanitishga xizmat qilishini ta’kidladi. Uning fikricha, raqamli platformalar orqali mamlakatimiz tarixiy merosi, ziyorat turizmi va amalga oshirilayotgan so‘nggi o‘zgarishlari keng yoritiladi.
“Biz boy tarixiy meros, yuksak madaniyat va mehmondo‘st xalqqa ega bo‘lgan O‘zbekistonni ASЕAN mintaqasi aholisi tomonidan qayta kashf etilishini istaymiz”, – dedi professor.
Shuningdek, u O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan tabriklab, loyiha natijalari ushbu sanaga munosib sovg‘a bo‘lishini qayd etdi.
Ushbu tashabbus O‘zbekistonning ziyorat turizmini ommalashtirish va ASЕAN mamlakatlaridan ko‘proq sayyohlarni jalb qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati