Imom Daynuriy, Toriq ibni Shahobdan rivoyat qiladilar:
Shom fath qilindi. (Shom o'lkasi hozirgi Suriya, Falastin va Iordaniya erlarining hammasini jamlagan katta bir hudud bo'lgan.) Bu erlar azaldan boy erlar deyilgan. Boyligining birinchi sababi ko'hna madaniyatlarning ko'pligidir. Falastin erlariga borgan kishi besh ming yillik qadriyatlarning ufurib turganini his qiladi. Tosh ko'chalardan yurib, Masjid ul-Aqsoning atrofini kezgan kishi ajoyib hisni sezadi. Bu erda musulmon, nasroniy hamda yahudiylar birga yashayotganini ko'rasiz.
Hozirda avj olib turgan Falastin mojarosi Masjid ul-Aqsodan etmish kilometr naridagi G'azo sektorida bo'ladi. Janjalning sababi esa boylik va boshqa ko'zlangan maqsadlardir. Aslida bu erlarning asosiy talanishining sababi ko'hna madaniyat, ko'plab payg'ambarlarning makoni bo'lganligidir.
Mana shunday erlarni o'zida jamlagan ko'hna Shom Umar ibn Hattob roziyallohu anhu davrlarida fath qilindi. Umar ibn Hattobni Shomga taklif qilishganlarida, Hazrati Umarning tuyaga o'tirgan, oyoqlarida kovush, izorlarini bellaridan pastga bog'langan, boshlarida esa salla bor edi. Shomga kirayotganlarida esa tuyalari bilan chuqur suvga kechgan payt oyoqlaridagi kovushiga suv kirmasligi uchun echib olib qo'ltiqlariga qistirilgan bir holat edi. Halifani kutib olishga chiqqan ashoblari buni ko'rib:
- Ey mo'minlar amiri! Bu nima qilganingiz? Hozir sizni Shomni fath qilgan shonli lashkaringiz qarshi oladi. Qolaversa bu erning ruhoniylari sizni kutib olishga chiqadi. Siz esa bu ahvoldasiz – dedi.
Shunda Hazrati Umar ibn Hattob roziyallohu anhu:
- Alloh taolo bizni Islom bilan izzat qilgan qavmmiz. Islom bilan aziz bo'lganmiz. Izzatni va azizlikni Alloh taoloning o'zidangina talab qilamiz, boshqasidan esa hech qachon – dedilar.
Bu ummat Islom bilan aziz bo'ldi va faqat Islom bilan bo'lsagina aziz bo'lishda davom etadi. Islom bilan yashasak, uning ruhiyatini topsak anashu haqiqiy azizlikdir.
Islomning rioyasi faqat masjidlarda, marosimlarda yoki qabristonlarda emas balki, bozorlarimizda, masjidlarimizda, ma'ruzalarimizda, uy va oilada, oldi-berdimizda ham musulmonga xos tarzda bo'ladigan bo'lsa, bizdan aziz qavmning o'zi bo'lmaydi. Musulmonlar bir-birlariga nafrat va adovat bilan emas, mehr-muhabbat ila boqsalar, fitna chiqqan mahalda aql bilan ish ko'rib, ahli ilm ustozlarni mahkam tutsak, bizdan izzatliroq qavm bo'lmaydi.
Ammo biz bugungi kunga kelib ahli ilm ustozlarni muhokama qiladigan bo'ldik. Ilmsiz avomligini tan olgan va o'zligini unutgan ayrim kimsalar ulamolarni ochiqchasiga muhokama qiladigan bo'ldilar. Bu ummatning mag'lubiyati o'z ulamolariga ergashmasdan, balki ularni muhokama qilishdan boshlanadi. Odamlar orasiga fitna solayotgan, to'g'ri yo'ldan barchani chalg'itayotganlar aynan shuni xohlashadi. Ya'ni ularning maqsadi din peshvolarining sha'nini, qadrini obro'sizlantirishdir. Ular bu yo'lda hech narsadan qaytmayapti. Har tomonlama kuchga to'lgan yosh qatlamni o'zlariga qurol qilib olishyapti. Ularni imomlariga, ulamolariga qarshi qilib qo'yishyapti. Yod g'oyalarni ularning ongiga singdirishyapti.
Bugun biz aytamizki, birovlarning qo'lida jaholat quroli bo'lib qolishdan ogoh bo'ling. Ilmingiz etmagan narsa haqida turli fikrlar chiqarishdan oldin uning asl mohiyati haqida ahli ilm ustozlardan so'rang. Tushunishga ulgurmay ahli ilm ustozlar aytgan so'zlarni o'zboshimcha muhokama qilishdan saqlaning. Fitnaning avj olishiga sababchi bo'lib qolmang. Ulamolar bir gapni gapirish uchun bu mavzuni ikir-chikiriga qadar o'rganib keyin bir xulosani bayon qilishadi.
Yaqindagina ko'tarilgan soqol va hijob masalasi ham aslida bunday avj olishi, bu ummatning faqatgina shu muammoning atrofida aylanib qolishiga sabab bo'ladigan narsa emas edi. Aslida ahli ilm ustozlar «Soqolni olib tashla» demayapti, aksincha chiroyli va tartibli qo'yish tarafdori bo'lishyapti. Qolaversa, «Hijobni ech» demayapti, burqa (niqob)dan ehtiyot bo'l degan masalani ilgari surishdi. Chunki bugungi kunda ayollarning burqasi bilan yoshlarning uzun va tartibsiz soqoli fitna kiyimiga aylanib bo'ldi. Ayol kishidagi ko'z, fitnaning makonidir. Shuningdek, burqa kiyganda asosiy nazar ham ayol kishining ko'ziga tushadi. Barcha fitnalarning boshlanishi esa nazar orqali bo'ladi. Bularning hammasini dolzarb masalaga olib chiqib, ummatni chalg'itib o'z maqsadlarini qisman uddalayotganlarga ko'makchi bo'lib qolishdan tiyiling! Muammo Islomda emas, o'zimizda. Avvalo o'zimizni isloh qilsak, qolgan hamma narsa o'z o'rnida bo'ladi. Barchangizni birdamlik va hamjihatlikka chaqirib qolaman.
27 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan diniy-ma’rifiy sohada samarali mehnat qilib kelayotgan fidoyi yurtdoshlarimizni taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ishtirok etdi.
Kirish nutqida mamlakatimizda mustaqillik yillarida, ayniqsa, so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, jamiyatda tinchlik-totuvlik, millatlararo hamjihatlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, sohada faoliyat yuritayotgan ulamolar, imom-xatiblar, mudarrislar va fidoyi xodimlarning munosib hissasi haqida alohida ta’kidlandi.
Tantanali tadbir davomida diniy-ma’rifiy sohada ko‘p yillardan buyon samarali mehnat qilib, yurtimizda ma’naviy barqarorlikni ta’minlash, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, aholi o‘rtasida ma’rifiy tushuntirish ishlarini olib borishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh fidoyi yurtdoshlarga "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi" esdalik nishonlari tantanali ravishda topshirildi.
Esdalik nishonlarini topshirish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduhalikov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Orifxon Zokirovlar ishtirok etdilar.
Taqdirlash marosimida ta’kidlanganidek, mazkur esdalik nishoni mamlakatimiz taraqqiyotiga, uning tinchligi va barqarorligiga, jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shayotgan fidoyi insonlarga bildirilgan yuksak ehtirom va e’tirof ramzidir.
Tadbir yakunida taqdirlanganlar o‘zlariga bildirilgan yuksak ishonch va e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatimiz tinchligi va ravnaqi yo‘lidagi ezgu faoliyatlarini yanada sidqidildan davom ettirishlarini ta’kidladilar.
Barcha mukofot sohiblarini samimiy muborakbod etamiz!
Mustaqilligimizning 35 yilligi muborak bo‘lsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati