Barchamizga ma'lumki, har qanday taraqqiyot – hoh diniy, hoh ijtimoiy, hoh iqtisodiy, hoh oilaviy taraqqiyot bo'lsin, uning negizida bir narsa – tinchlik, hotirjamlik yotadi.
Bobolarimiz, momolarimiz duo qilganlarida: “Tani sihhat, xotirjamlik, dili beg'amlik bergin”, deb aytar edilar. Chunki, tinchlik – Alloh taoloning insoniyatga bergan ulkan ne'matlardan biridir. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham muborak hadislarida tinchlik-xotirjamlikni ulkan ne'mat ekanligini ta'kidlab shunday deydilar:
يقول النبي ﷺ: نعمتان مغبون فيهما كثير من الناس: الصحة، والفراغ
“Ikki ne'mat borki, ko'pchilik odamlar undan mahrumdirlar: sihat-salomatlik va tinchlik-xotirjamlik”
Albatta, har bir hurfikr inson bu ne'mat uchun shukrini qilmog'i lozim. Ayrim ne'matlar bor-ki, ularning shukri “Alhamdulillah” deyish bilan ado bo'ladi, ammo tinchlik ne'matining shukri “Alhamdulillah” deyish bilan ado bo'lmaydi. Bu ne'matni asrab turish uchun har bir jabhada, avvalo ma'rifat sohasida kurashmoq kerak.
Ushbu tinchlik-xotirjamlikni bizlarga ta'min qilib beradigan, osoyishta yashamog'imizga o'zining beqiyos hissasini qo'shayotgan kasb egalari borki, hamisha ularninig xizmatlarini e'tirof etib yodimizda tutishimiz kerak. Yon davlatlar bilan yaxshi qo'shnichilik munosabatlarini tiklab, dunyoning siyosiy maydonida mohirona diplomatik munosabatlarni amalga oshirib kelayotgan hukumatimiz rahbarlarining xizmatlarini ham alohida e'tirof etmog'imiz kerak.
Alhamdulillah, Vatanimiz sarhadlarini, hududiy yaxlitligini, aholini tinch hayotini va uning xavfsizligini 30 yildan beri kecha-yu kunduz ta'minlab turgan Milliy Armiyamiz – O'zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari mavjud. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
رسول الله صلى الله عليه وسلم يقول: رباطُ يومٍ فى سبيل الله أفضلُ من شهْرٍ صيامه و قيمه
“Alloh roziligi uchun bir kecha-kunduz Vatan sarhadini qo'riqlash bir oylik kunduzlari ro'za tutib, kechalari ibodat bilan qoim o'tkazganni savobidan afzalroqdir”, deganlar.
أنَّ رَسولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عليه وسلَّمَ قالَ: رِبَاطُ يَومٍ في سَبيلِ اللَّهِ خَيْرٌ مِنَ الدُّنْيَا وما عَلَيْهَا
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:“Alloh roziligi uchun bir kecha-kunduz Vatan sarhadini qo'riqlash dunyo va undagi barcha narsadan yaxshiroqdir”, dedilar.
Shuningdek, boshqa hadisda:
رسول الله صلى الله عليه وسلم يقول: عَيْنَانِ لَا تَمَسُّهُمَا النَّارُ: عَيْنٌ بَكَتْ مِنْ خَشْيَةِ الله، وَعَيْنٌ بَاتَتْ تَحْرُسُ فِي سَبِيلِ الله
“Do'zaxda azoblanmaydigan ikki ko'z (egalari) bor: Alloh taolodan qo'rqib yig'laydigan ko'z va Alloh roziligi yo'lida mijja qoqmay kechani qo'riqchilik qilib o'tkazgan ko'z”, deb, Alloh yo'lida fuqarolar tinchligini, Vatan sarhadlarini qo'riqlashning ajr-savobi naqadar buyuk ekanligini, bu xizmatda tunni bedor o'tkazganlar uchun ulkan ajr – do'zax o'tidan omonlik berilishini mujda berdilar.
Bugungi kunimizda mamlakatimizning tinchligini ko'rolmaydigan toifalar ham bor. Ularning ayrimlari siyosiy maqsadlarini amalga oshirish uchun “inson huquqlari”, “demokratiya” kabi so'zlarni o'zlariga qalqon qilib mamlakatda fitna qo'zg'ashga harakat qilsalar, ayrimlari muqaddas dinimizning muqaddas shiorlarini o'z maqsadlari uchun qalqon qilishib, jamiyatda fitna urug'ini sepishga harakat qilishmoqda. Holbuki, Alloh taolo O'zining Kalomi sharifida shunday marhamat qiladi:
﴿وَالفِتْنَةُ أشَدّ مِنَ القَتْل﴾
“Fitna odam o'ldirmoqdan ko'ra gunohi og'irroqdir”. (Baqara surasi, 191-oyat.)
Bir hududda fitna olovini yoqishning gunohi odam o'ldirganning gunohidan og'irroq ekan. Chunki, qotilning zarari bir insonning umrini zavol qilish bilan to'xtaydi, ammo fitnachining fitnasi ortidan keladigan zarar esa yillar o'tsada to'xtamaydi. Shuningdek, boshqa oyatda :
﴿إنَّ الصَّلاةَ تَنْهَى عَنِ الْفَعْشَاءِ وَ الْمُنْكَرِ﴾
Ya'ni, “Namoz fahsh va munkar (gunoh) ishlardan qaytarur”, (Ankabut surasi, 45-oyat.) deb marhamat qiladi.
Agar iymonimiz, ibodatlarimiz bizlarni fahsh-munkar sanalgan amallardan, jamiyat ichida fitna qo'zg'aydigan harakatlardan qaytarmas ekan unda iymonli ekanligimizda, ibodatlarimizning maqbul bo'lishida shubha bor.
Darhaqiqat, mamlakatimiz tinchlik va o'zaro hurmat siyosatini olib borib, o'z hududida va qo'shni davlatlar hududida tinchlikni asrash uchun ulkan ishlarni amalga oshirmoqda. Bugungi kunda O'zbekistonda istiqomat qilayotgan aholi tinch-totuv umrguzaronlik qilib, o'z kundalik tashvishlari bilan band.
Ulug' shayx Alixon To'ra Sog'uniy rahmatullohi alayh aytadilar: To'rt narsa insoniylik sharafi va uning iqbolining butunligidan dalolatdir: 1) Ozodlik, hurlik va erkinlik; 2) Mehnat bilan topilgan boylikka o'zi egalik qilishi; 3) Tug'ilib o'sgan ona vatanida istiqomat qilishi; 4) Pokiza va muqaddas haq din Islomga e'tiqod qilmog'i.
Alixon To'ra Sog'uniyga ko'ra mana shu to'rt narsa kimda bo'lsa, demak o'sha inson baxtlidir, saodatlidir. Ushbu mezonga ko'ra O'zbekiston xalqi ham tom ma'noda baxtlidir. Aziz vatandoshlar, mamlakatimiz uchun eng muhim bayram Mustaqilligimizning 31 yilligi nishonlash arafasidamiz. Alloh taolo Vatanimizni, sarhadlarimizning tinchligini, osmonimiz musaffoligini va dunyoda tinch-xotirjam, osuda hayotni barqaror qilsin. Tinchligimiz barqaror, mustaqilligimiz abadiy bo'lsin. Yaqinlashib kelayotgan mustaqillik bayrami barchamizga muborak bo'lsin.
NODIR Qobilov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqotlar markazi ilmiy xodimi
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining shu yil 27 avgust kungi 175-sonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR hazratlarining “Qadr-qimmatimiz ulug‘lanayotgan yurt” nomli maqolasi chop etildi.
Ezgulik, bag‘rikenglik markaziga aylanayotgan mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada erishilayotgan tarixiy yutuqlar e’tirofiga bag‘ishlangan qiyosiy-tahliliy maqolaning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin:
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Butun xalqimiz tomonidan katta shodiyona qilinayotgan, o‘z taqdirini shu aziz Vatan taqdiri bilan bog‘lagan qirq millionga yaqin yurtdoshimiz qalbini cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘ldirayotgan mustaqillik bayrami – istiqlolimizning 35 yillik ayyomi bilan barchani chin qalbimdan muborakbod etaman.
Alloh taologa behisob shukrki, mamlakatimizda so‘nggi yillardagi jadal va keng ko‘lamli islohotlar qatorida e’tiqod erkinligini ta’minlash hamda mo‘min-musulmonlar emin-erkin toat-ibodat qilishi uchun yaratilayotgan sharoitlar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Bunyodkorlik va ma’naviy tiklanish solnomasi
So‘nggi o‘n yillik solnomasiga qaraydigan bo‘lsak, yurtimizning har bir hududida ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lamiz. Ularning eng mahobatlilari, shubhasiz, poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasidir.
Bundan 9 yil oldin Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish haqida maxsus qaror qabul qilinib, amaliy ishlar boshlangan edi. Nihoyat joriy yilda qadimdan Toshkentning ma’naviy markazi bo‘lib kelgan Hazrati Imom majmuasi yonida milliy ruh va zamonaviy sharoitlarga ega muhtasham inshoot barpo etildi. Markazning asosiy zali, ta’bir joiz bo‘lsa, qalbi, hech shubhasiz, muqaddas Qur’on zalidir. Bu yerda dunyodagi eng qadimiy Hazrati Usmon Mus'hafi yuksak maqomiga yarasha munosib o‘rin topdi.
Bu maskanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham yangi qarorgohiga ega bo‘ldi. Prezidentimizning oq fotihasi bilan biz ham shu yerda faoliyatimizni davom ettiryapmiz.
Imom Buxoriy majmuasi qurilishi 2019 yilda boshlangan edi. Qariyb 45 gektar maydonni qamrab olgan hududda ulkan maqbara, 10 ming kishilik masjid, innovatsion muzey, kutubxona, mehmonxonalar va boshqa zarur infratuzilma inshootlari barpo etildi.
Shu muazzam majmua foydalanishga topshirilayotganida xayolimga bir fikr keldi. Bilasiz, Imom Buxoriy bobomiz ilm talab qilish yo‘lida qancha mashaqqatlar chekib dunyo kezdilar. Buyuk muhaddis bo‘lib Vatanimizga qaytib keldilar. Lekin unga hozirgidek e’tibor, ehtirom, e’zoz ko‘rsatilmagandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini yuksak darajada qadrlash va targ‘ib etishga yangi bosqichda keng imkoniyatlar yaratildi. Hozir butun islom olami, barcha musulmonlar shu majmuaga talpinmoqda.
Shuningdek, Farg‘onadagi Burhoniddin Marg‘inoniy yangi majmuasi, Namangandagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi, Andijon bosh masjidi, Surxondaryodagi termiziylar maqbaralari, Qashqadaryodagi Abu Muin Nasafiy ziyoratgohi, Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Nukusdagi Imom Eshon Muhammad, Urganchdagi Oxun bobo masjidlari, Toshkentdagi Suzuk ota, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf masjid-majmualari, Toshkent viloyatidagi Zangiota ziyoratgohini ham sanab o‘tish mumkin.
Yurtimizning shaharu qishloqlarida, eng chekka hududlarida 130 taga yaqin yangi masjid ochildi. 500 dan ziyod jome butunlay qaytadan bunyod etildi. 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus madrasa tashkil etildi. Jumladan, 500 yillik tarixga ega Mir Arab oliy madrasasining tarixiy maqomi tiklandi va uni dunyoga mashhur al-Azhar majmuasi darajasiga yetkazish ishlari davom etmoqda.
Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi islom instituti, shuningdek, Imom Termiziy nomidagi o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi faoliyat boshladi. Toshkent islom institutida magistratura tashkil qilinib, bu yil ilk bitiruvchilar sohaning nufuzli idoralarida mehnat faoliyatiga kirishdi.
Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari soni 30 dan oshdi. Mashg‘ulotlarni 100 mingdan ziyod tinglovchi yakunlab, Allohning kalomini o‘qish baxtiga erishdi. Bundan tashqari, internet orqali onlayn qiroat saboqlari yo‘lga qo‘yildi.
Diniy idoramiz huzurida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Fatvo markazi tashkil etildi. Bu yerda diniy ulamolarimiz har yili yurtdoshlarimizning 300 mingdan ortiq savoliga javob berib kelmoqda. E’tiborlisi, ishlash yo o‘qish maqsadida chet davlatda bo‘lib turgan vatandoshlarimizning savollariga mobil ilova va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham javob berish imkoniyati yaratilgan.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband nomidagi 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ta’sis etilib, nodir ilmiy-ma’rifiy asarlar tadqiq qilinmoqda.
Ziyorat va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash
Haj va umra safarlariga keng yo‘l berildi. Haj kvotasi 3 baravar, ya’ni 5 mingdan 15 mingga ko‘paygan bo‘lsa, umraga qo‘yilgan kvota cheklovlari olib tashlandi. Natijada har yili 1 millionga yaqin hamyurtimiz Allohning baytini ziyorat qilishga muvaffaq bo‘lmoqda.
Bu yildan boshlab Prezident hojilari dasturi joriy etilib, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilgan 100 nafar yurtdoshimiz haj safariga imtiyozli borib keldi.
Ramazon oyi, ikki hayit bayrami haqiqiy ma’noda katta ayyomga aylandi. Bu muborak sanalarni Prezident qarori bilan keng nishonlash dunyo mamlakatlari tajribasida yo‘q. Ayniqsa, joriy yilgi ayyomlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan ulkan voqeliklarni alohida ta’kidlash kerak: Ramazon oyida 1 trillion 100 million so‘m, Qurbon hayitida 700 milliard so‘m mablag‘ xayriya ishlariga yo‘naltirildi.
Diniy soha xodimlariga bugungidek e’tibor, ijtimoiy, moddiy qo‘llab-quvvatlash ilgari kuzatilmagan edi. Ayniqsa, 15 ulamoning Imom Buxoriy ordeni bilan mukofotlanishi tarixiy voqea bo‘ldi.
Imom-xatiblarimiz xorijiy tajriba almashish va malaka oshirish uchun chet davlatlarga bormoqda. Xususan, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Yevropa mamlakatlari, Saudiya Arabistoni, Misr, BAA, Turkiya, Janubiy Koreya singari davlatlarda malaka oshirish kurslari, Qur’oni karim xatmlari, diniy-ma’rifiy suhbatlarda ishtirok etmoqda. Albatta, bunday yuksak ehtirom va keng imkoniyatlar qalblarimizda cheksiz shukronalik tuyg‘usini uyg‘otadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shukr qiluvchilarga ne’matlarini yanada ziyoda etishni va’da qilib, bunday marhamat qiladi:
“Va Robbingiz sizga: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb bildirganini eslang” (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Ushbu ilohiy va’daga muvofiq, tinch va farovon kunlarimizning qadriga yetish, yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli va ezgu ishlarga shukronalik keltirish ne’matlarning bardavom va yanada ziyoda bo‘lishiga sababdir. Zotan, shukr faqat tilda emas, balki mehr-oqibat, saxovat va ezgu amallarda namoyon bo‘lishi bilan o‘z ma’nosini topadi.
Buyuk saodatning ifodasi
Mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati natijasida O‘zbekiston musulmonlari idorasining islom olami bilan aloqalari rivojlanmoqda. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik mustahkamlandi. Turkiy davlatlar muftiylari kengashi, Abu Dabi tinchlik forumi, Xalqaro musulmon ulamolari kengashi, Musulmon donishmandlar kengashi, Islomiy fiqh akademiyasi, Islom olami uyushmasi, Podshoh Salmon nomidagi Hadisi sharif akademiyasi va Xalqaro islom fiqhi akademiyasi kabi nufuzli tashkilotlar shular jumlasidan.
Yaqinda mamlakatimizda I xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘tkazildi. U butun dunyo e’tiborini yana bir bor O‘zbekistonga qaratdi. Forum doirasida ko‘plab nufuzli olimlar, ulamolar yurtimizga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarning shohidi bo‘ldi.
Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir allomalarning hayoti va ilmiy merosini o‘rganish yuzasidan 600 dan ortiq kitob, monografiya, risola, roman nashr qilindi.
Umuman olganda, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan xalqparvar siyosat aholining turmush sifatini yanada oshirish, ilgari adashgan yo‘lidan qaytib, sog‘lom hayot kechirish yo‘lini tanlagan shaxslarni afv etish kabi savobli ishlarda namoyon bo‘layotir.
Bularning bari Alloh taoloning inoyati bilan erishilgan istiqlol sharofatidandir. Tiklangan ma’naviy qadriyatlar, keng ochilgan e’tiqod imkoniyatlari yangi O‘zbekistonda inson qadri naqadar yuksak darajaga ko‘tarilganining yorqin misolidir. Bu ishlar ma’rifat, bag‘rikenglik va ezgulik tamoyillari atrofida birlashgan xalqimizning kelajakka ishonchini yanada mustahkamlaydi.
Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ta’limotlarida inson uchun eng ulug‘ saodat tinchlik-osoyishtalik, tansihatlik va xotirjamlik ekanini alohida ta’kidlaganlar:
“Sizlardan kim ahli-oilasi tinch, tani sog‘ va bir kunlik yeguligi bor holda tong ottirsa, go‘yoki unga butun dunyo to‘laligicha berilibdi” (Imom Termiziy rivoyati).
Bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va emin-erkinlik mana shunday ulug‘ saodatning amaliy ifodasidir.
Alloh taolo jonajon Vatanimiz istiqlolini abadiy, tinchligimizni barqaror aylasin! Yurtimiz rivoji va xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan Prezidentimiz va barcha mutasaddilarga kuch-g‘ayrat, mustahkam sog‘liq va ulkan zafarlar yor bo‘lsin. El-yurtimiz ahil-inoqligi, xonadonlarimizning qut-barakasi hech qachon arimasin!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi