"Mulohaza qilib ko'rsam hindlar dohiysi Gandini hindu dinidagi mutaassib o'ldirgan ekan.
1967 yil o'z millatiga buyuk g'alaba taqdim qilib, Falastin eri hisobidan Isroil chegarasini ikki barobar kengaytirgan Ishoq Rabinni yahudiy dinidagi mutaassib qatl qilgan ekan.
Islomiy kurashlar bahodiri Ali ibn Abu Tolib roziyollohu anhuni mutaassib xavorij musulmon o'ldirgan ekan.
Dunyoda dinning ruhini yo'qotib qo'yganlar bor. Ular ko'proq dinning kiyimlariga, belgi-alomatlariga e'tibor berishadi. So'ngra uni jamiyat tomonga tortishadi. Ular poklashni emas, ayblashni joyiga qo'yishadi. Qurishni emas, buzishni o'rniga qo'yishadi.
Dinni biladiganlar va unga da'vat qiladiganlardan uni chiroyli tushuntirish va tarbiyani chiroyli qilish talab qilinadi. Yuzaga emas, botinga e'tibor berishimiz kerak. Libosga emas, qalbga ahamiyat qaratishimiz lozim!".
Muhammad G'azzoliy rohimahullohning "Achchiq haqiqat" kitobidan.
N. Imamov.
Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.
Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.
Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati