Tarixdan ma'lumki, barcha buyuk davlatlarda yoshlar tarbiyasiga alohida e'tibor qaratilgan. Zero, aynan jismonan sog'lom va aqlan salohiyatli yoshlar o'z yurtining qudrati va ravnaqiga zamin yaratadi. Har bir ota-ona, o'z navbatida, farzandining istiqboli, baxt-saodati va kelajakda mustaqil hayot kechirib, jismoniy, ma'naviy va ruhiy jihatdan barkamol avlod bo'lib etishishini niyat qiladi. Shunday ekan, ota-ona o'z farzandining yoshlik davrini mazmunli, namunali, foydali ishlar va savobli amallar bilan o'tkazishiga yordamchi bo'lmog'i lozim. Lekin ba'zan bolalar tarbiyasida shunday xatoga yo'l qo'yiladiki, bu xato farzandning hayotida keskin burilish yasaydi.
Esimda, bir kishi o'g'lini “eshak” deb urishganida bolaning bobosi o'g'lini chetga tortib, unday dema, “xo'tik” degin, sencha bo'lsa, eshak bo'ladi, deb o'g'liga tanbeh bergan edi. Demak, farzandlarni xato qilganida ham haqorat qilmay, xatosini to'g'ri tushuntirish maqsadga muvofiq bo'ladi. Hato qilganida urib-so'kmasdan, bosiqlik bilan tushuntirish lozim. Kichik bo'lsa-da biror yutuqqa erishsa: “Barakalla, sen ulug' inson bo'lib etishasan, kelajakda nafaqat menga, balki barchaga rahmat keltiradigan millatning faxri bo'lasan”, deb rag'batlantirish kerak. Ana shunda millatdan ulug' zotlar etishib chiqishiga zamin yaratgan bo'lamiz, inshoalloh.
Tomas Edison onasidan qolgan kitoblarni varaqlab o'tirib bir varaq topib oladi, unda: “Isaakning onasi, iltimos, o'g'lingizni bizning maktabdan olib keting, umuman uning o'qishga layoqati yo'q. Boshqa biror kasb o'rgansin, uning xotirasi juda zaif va qoloq”, deb yozilgan edi. Esladi, boshlang'ich maktabga bir necha vaqt qatnaganida o'qituvchi shu xatni onasiga berib yuborgan edi. Lekin onasi xatni o'qib bo'lgach, biroz o'ylanib: “O'g'lim, u maktabda senga saboq berishga layoqatli ustoz qolmabdi, shuning uchun seni boshqa maktabga olib boraman, yaxshi o'qiysan-a?!” deb boshqa maktabga olib borgan edi. Aslida bola maktabdan haydalgan edi, onaning oqilaligi tufayli bola ana shunday martabaga erishdi.
Darhaqiqat, qobiliyatsiz bola yo'q (agar tug'ma aqli noraso bo'lmasa) faqat qobiliyatni qo'zg'atish va yo'naltira bilish kerak.
Mashhur muhaddis Hofiz ibn Hajar Asqaloniy yoshligida madrasaga o'qishga kiradi. Zehni o'tkir emasligi bois ilm o'rganishga qiynaladi. Mudarrislar: “Sen boshqa ish bilan shug'ullan, ilm o'rganishga qobiliyating kam ekan”, deb madrasadan ozod qilishadi. Qalbida ilmga muhabbati bor o'smir noiloj madrasadan qaytayotib, havoning issig'ida dam olish uchun bir g'orga kirib yotadi va bir manzaraning guvohi bo'ladi. G'orning yuqori qismidan tomchilayotgan suvga bir muddat qarab yotdi. Tomchi toshga tushib, uni o'yib yubordi: “Suv yumshoq, lekin doimiy tomchilab turgani uchun toshni teshibdi. Mening qalbim toshdan ham qattiqmi? Nahotki, tomchichalik bo'la olmasam?” deb yana madrasaga qaytib borib, astoydil o'qib, Hofiz ibn Hajar Asqaloniy bo'lib butun dunyo Islom olamiga mashhur bo'ldi. Salkam etti asrdan beri u zotning asarlari butun Islom olamining oliy bilim yurtlarida o'qitilmoqda. Ulug'larning tarjimai hollarida bu kabi ibratlar bisyor.
Muqaddas dinimizda bolalarni go'zal axloq va odobga o'rgatib borish tavsiya etiladi. Axloq va odobi yaxshi bo'lgan bolalarga ilm tez singadi. Tasavvur qiling: bir sinfda o'ttiz nafar bola o'qisa, ulardan qaysi biri odob bilan ustozini tinglasa, o'sha ilmda eng peshqadam bo'ladi. Demak, odob-axloq ilm olishning asosiy omillaridan biri.
Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam hadisi sharifda bunday marhamat qildilar: “Kishi o'z farzandini tarbiya qilib bir narsa o'rgatishi – bir so' (taqriban, ikki kilogramm mayiz qiymatiga teng)ni sadaqa qilishidan yaxshiroqdir” (Imom Termiziy rivoyati).
Boshqa bir hadisda: “Ota o'z bolasiga chiroyli odobdan ko'ra yaxshiroq narsa bera olmaydi” deyilgan (Imom Termiziy rivoyati) .
Bugun yoshlarga juda ko'p imkoniyatlar yaratib berilgan. Yoshlarimiz bu imkoniyatlardan oqilona va to'g'ri foydalanishlari lozim.
Yoshlarning jismonan baquvvat, sog'lom, g'ayratli va shijoatli bo'lishlarida jismoniy tarbiyaning ahamiyati katta. Islom dini ta'limotida jismoniy tarbiya tushunchasi zamiriga nafaqat badantarbiya mashqlari bilan shug'ullanish, balki inson salomatligi uchun zarur bo'lgan barcha omillarga rioya qilish, ayni paytda salomatlik uchun zararli, balki hayot uchun xavfli bo'lgan illatlardan saqlanish nazarda tutiladi.
Abu Rofi' aytadi: «Men: “Yo Rasululloh! Bizning bolalarimizda haqqimiz bo'lgani kabi, ularning ham bizda haqlari bormi?” deb so'radim. Shunda u zot: “Ha, bolaning otadagi haqqi unga yozishni, suzishni, kamondan otishni o'rgatishi hamda halol va pokiza narsalar berib tarbiyalashidir”, dedilar» (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Ta'kidlash kerak, yoshlarimizning bo'sh vaqtlaridan unumli foydalanib, ularga kasb-hunarni o'rgatishimiz – ayni muddaodir. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi va sallam mehnatkash va kasb-hunarli kimsalarni maqtab bunday deganlar: “Alloh taolo kasb-hunarli kishini yaxshi ko'radi” (Imom Termiziy rivoyati).
Davomi bor…
Abdulmajid ISHOQOVning
“Islomda yoshlarga munosabat” kitobidan
Raddiya: Islomda peshvolikni da’vo qiladigan guruh va oqimlar dindagi ayrim tushuncha va so‘zlarni g‘arazli maqsadlari yo‘lida buzib, noto‘g‘ri talqin qilishi hammaga ma’lum. Ular shu orqali musulmonlar hissiyotiga teginish, o‘zlariga tobelarni ko‘paytirish, dindor va ilmli bo‘lib ko‘rinishga harakat qiladi. “Tog‘ut” so‘zi ular ko‘p ishlatadigan, insonlarni, ayniqsa hukmdorlarni ayblashda qo‘llaydigan tushunchalardan biri. Aslida u nima? Qanday ma’nolarda ishlatiladi? Kimlar tog‘ut bo‘lishi mumkin?
“Tog‘ut” lafzi “tug‘yon” so‘zi bilan o‘zakdosh bo‘lib, Alloh belgilab qo‘ygan chegaradan chiqishga, kufrda haddan oshishga, isyon qilishga nisbatan ishlatiladi. Islomda Allohning yo‘lidan boshqa yo‘l “tog‘ut” deyiladi. Tog‘utning kattasi Shaytondir.
“Tog‘ut” kalimasi Qur’oni karimning sakkiz joyida zikr qilingan bo‘lib, ulamolarimiz uni turlicha tafsir qilgan. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Imom Sha’biy, Imom Zahhok “Tog‘utdan murod – Shayton” degan. Imom Abu Oliya va Muhammad ibn Sirin tog‘ut sehrgar va folbin ekanini aytgan.
“Tafsiri Jalolayn”da tog‘ut so‘zi tafsiriga murojaat qilaylik: “Kim tog‘utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo‘ladi” (Baqara surasi, 256) va “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar” (Baqara surasi, 257) oyatlarida tog‘utlar – but-sanamlar va Shayton, “Kitob (Tavrot)dan nasibador bo‘lganlarning “Jibt” va “Tog‘ut”ga sig‘inishlarini va kofirlarga “Shular mo‘minlardan ko‘ra to‘g‘riroq yo‘ldadir” deyishlarini ko‘rmadingizmi?!” (Niso surasi, 51) oyatida – Jibt va Tog‘ut Quraysh qabilasidagilarning ikki sanami, “O‘zlarini, Sizga nozil qilingan (Qur’on) va Sizdan oldin nozil qilingan (ilohiy kitoblar)ga iymon keltirgan, deb hisoblaydiganlarning hukm so‘rab, Tog‘ut huzuriga borishni xohlayotganlarini ko‘rmadingizmi?” (Niso surasi, 60) oyatidagi tog‘ut kufrda haddan oshgan, tug‘yonga ketgan Ka’b ibn Ashraf, “Kofirlar (esa) Tog‘ut yo‘lida jang qiladilar” (Niso surasi, 76-oyat) va “Kim Allohning la’natiga uchragan, g‘azabiga duchor bo‘lgan, maymun va cho‘chqaga aylantirilgan va tog‘utga ibodat qilgan bo‘lsa, ana o‘shalar yomon martabadagi va to‘g‘ri yo‘ldan butunlay adashgan kimsalardir” (Moida surasi, 60) oyatlarida ular Shayton, “Batahqiq, Biz har bir ummatga: “Allohga ibodat qiling va tog‘utdan chetlaning” deb payg‘ambar yuborganmiz” (Nahl surasi, 36-oyat) va “Tog‘utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo‘lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor” (Zumar surasi, 17-oyat) oyatlarida ham ular Shayton deb nazarda tutilgan.
Alloma Ibn Atiyya aytadi: “Ba’zi olimlar: “Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘utdir”, degan”. Fir’avn, Namrud va o‘zini iloh deb e’lon qilganlar va ibodat qilinadigan but-sanamlar tog‘ut deyiladi.
Muqotil roziyallohu anhu “Kufr keltirganlarning do‘stlari tog‘utlardir” oyatidagi tog‘utni Ka’b ibn Ashraf va Huyay ibn Axtab deb tafsir qilgan. U ikkisi islom va musulmonlarga adovati cheksiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p aziyat bergan, musulmonlarga qarshi urushga juda ko‘p da’vat qilgan yahudiylardan edi.
Imom Navaviy aytadi: “Lays, Abu Ubayda, Kisoiy va ko‘pchilik tilshunoslar: “Tog‘ut – Alloh taolodan boshqa ibodat qilinadigan narsa”, degan”.
Shayx Muhammad Amin Shinqitiy: “Haqiqat shuki, Allohdan o‘zga ibodat qilinadigan har qanday narsa tog‘ut, eng katta tog‘ut esa Shaytondir”, deydi.
Tog‘ut so‘zining ma’nosi haqida buyuk mufassir Imom Tabariy “Jomi’ul bayon” tafsirida: “Fikrimcha, tog‘ut haqida to‘g‘ri gap shuki, tog‘ut Allohga tug‘yon qilib, Uni tark etib, Undan o‘zgaga ibodat qilingan narsadir. O‘sha ma’bud inson, shayton, but va boshqa narsalar bo‘lishi mumkin”, deydi.
Mufassir olim Hasan Tahsin Fayzli “tog‘ut” so‘zini “Allohdan uzoqlashtiradigan, uning amrlarini bajarishni man etadigan kimsalar”, deb izohlagan.
Demak, sahobai kiromlar, tobeinlar va ulamolarimizning so‘zlaridan tog‘ut kalimasi shayton, sehrgar, folbin va Allohdan boshqa ibodat qilinadigan har qanday narsa ekani ma’lum bo‘lmoqda.
Afsuski, hozirgi kunda ba’zi toifalar musulmon rahbarlarni tog‘ut deb atab, ularni osongina kofirga chiqarmoqda. Ularning uslubi xavorijlarnikiga o‘xshaydi. Ular arzimas narsalar tufayli iymonli odamni kofirga chiqarib, qonini halol hisoblab, qanchadan-qancha beayb musulmonlar umriga zomin bo‘lmoqda, islomning pok nomiga dog‘ tushirib, asl mohiyat va tamoyillarini yot va buzg‘unchi g‘oyalardan iborat fitnalar soyasiga tushirib qo‘ymoqda.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim boshlig‘i,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi