Yeru osmonlarning Parvardigori Alloh taolo insonlarni yaxshilik yo'lida hamkorlik qilishga chaqirib, Kalomida shunday xitob qiladi:
وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَىٰ ۖ وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ
Ya'ni, “Yaxshilik va taqvo yo'lida hamkorlik qiling, gunoh va dushmanlik yo'lida hamkorlik qilmang”. Moida surasining 2-oyatidagi ushbu mo''jazgina jumla dunyodagi barcha hamkorliklar uchun asosiy qoida bo'lib hisoblanadi. Mufassir ulamolar bu oyatni juda keng ma'nolar bilan tafsir qilganlar. Shular jumlasidan, har bir kishi o'zidagi bor narsa, bor imkoniyat bilan boshqalarga yaxshilikni ulashsin, yordam bersin. Olim ilmi bilan, boy moli bilan va hakozo. Ushbu ma'noni Payg'ambarimizning: “Insonlarning eng yaxshisi – o'zgalarga manfaati ko'prog'idir” mazmunidagi hadislari yanada ta'kidlaydi.
Bugungi bezovta dunyoning turli taraflarida notinchliklar, turli nizo-yu janjallar avj olgan bir paytda zaminimizning sayqali Samarqand shahrida er yuzi aholisining qariyb yarmi yashayotgan mamlakatlar rahbarlarining xayrli maqsadlarni o'z oldiga qo'ygan holda, xalqlarning manfaatlarini ro'yobga chiqarishni ko'zlagan holda yig'ilishi mubolag'asiz Yaratuvchining mazkur chaqirig'iga hamohangdir. Zero, ushbu sammitda juda ko'plab bitimlar va kelishuvlar imzolanishi umid qilinmoqdaki, ularning ro'yobga chiqishi xalqlar farovonligi uchun xizmat qiladi, inshaalloh.
Rasululloh alayhissalom payg'ambar bo'lishlaridan oldin johiliyat davrida «Hilful fuzul» degan bir shartnomada ishtirok etdilar. Bu shartnoma u Zot sollallohu alayhi vasallam guvoh bo'lgan eng ahamiyatli kelishuvlardan edi. Siyrat kitoblarida ushbu bitim insonlarga zulm qilinishining oldini olish, kishilarni haqqiga erishtirish maqsadida tuzilgani batafsil rivoyat qilingan. Shuning uchun ham bu shartnoma arablar orasida «Hilful fuzul», ya'ni «Yordam beruvchilar shartnomasi» deya mashhur bo'lgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu shartnoma bilan fahrlanar va ko'pincha unda ishtirok etganlarni eslardilar. Hatto Payg'ambar bo'lganlaridan keyin shunday marhamat qilgan edilarki: —“Abdulloh ibn Jud'onning uyida bir shartnomaga ishtirok etgan edim. Agar hozir ham shunday bir shartnomaga taklif qilinsam, albatta ishtirok etardim”.
Ushbu rivoyat ham shuni anglatadiki, Islom dini dunyoning obodligi, yurtlarning tinchlik-barqarorligi, xalqlarning farovonligi yo'lidagi shunday sammitlar va anjumanlarni doimo qo'llab-quvvatlaydi. Musulmonlarni bu kabi ishlarda faol ishtirokchi bo'lishga undaydi.
Muhammadyusuf Hushvaqtov
Mustaqilligimizning 35 yilligi shukuhi kezib yurgan shu kunlarda Namanganda ehtiyojmand va ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olinmoqda.
“Mehr-saxovat” ma’rifiy tadbiri doirasida soha xodimlari shahardagi 125 ta xonadonga tashrif buyurib, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatdilar. “Vaqf” xayriya jamoat fondi hamda saxovatpesha yurtdoshlarimiz hamkorligida ko‘rsatilgan ushbu ko‘mak ko‘ngillarga iliqlik, yuzlarga tabassum ulashdi.
Dildan kechgan samimiy suhbatlar va ko‘tarilgan duolar yurtimizda mehr-oqibat, hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati