Bugungi kunda imom-xatiblar tom ma'noda elning kori bilan hamohang yashab yurtimizning turli go'shalarida o'zining ilmi, iqtidori va tashabbuskorligi bilan faoliyat yuritib kelmoqda.
Ayni kunlarda poytaxtimizdagi Shayxontohur tumani imom- domlalari tashabbusi bilan ko'lamli xayrli ishlar amalga oshirildi. Shu yil 19 dekabr' kuni Shayxontohur tumani “Tinchlik” mahallasida yong'in oqibatida jabr ko'rgan uch xonadon ahliga yordam ko'rsatishi uchun sahovatpesha insonlarga moddiy yordam berishiga tavsiya qilindi.
Ana shunday og'ir kunda “Munavvar qori” jome” jome masjidi imom xatibi Abdulqodir domla Mullaboyev va imom noibi Bahodir domla Toshmuhammedov boshchiligida homiylar jalb etilib ushbu talofat etgan uch xonadonga jami 40 million so'mlik, “Mo'yi Muborak” masjidi imom-xatibi Ilhomjon domla Madaliyev homiylar jalb etilib talofat etgan xonadonlarga 5,5 million so'mlik moddiy yordam ko'rsatildi.
25 dekabr' kuni “Kox ota Buzruk” jome masjidi imom-xatibi Abduhakim domla Pirnazarov “Kox ota”, “Jangoh”, “Taxtapul”, “Labzak” mahallalariga tashrif buyurib, hudud vakillari ishtirokida moddiy yordamga muhtoj oilalarga homiylarni yordamida 20 xil oziq ovqat maxsulotlaridan iborat ro'zg'orlik to'plamini 50 ta xonadonga jami 32,5 million so'm miqdorida ehson qilindi.
Darhaqiqat, sahovat – bu ikki toifa o'rtasini bog'lovchi, ularni ulfat qiluvchi va har ikkisini dunyo imtixonidan yaxshi o'tishga yordam beruvchi amallardan biridir.
Qur'oni karimning ko'plab oyatlarida odamlarga infoq-ehson qilish haqida gap ketadi. Alloh yo'lida qilinadigan sadaqa va ehsonlarning fazilati bunday marhamat qilinadi: “Sadaqalaringizni agar oshkora bersangiz, juda yaxshi. Bordi-yu, kambag'allarga pinhona bersangiz – o'zingiz uchun yanada yaxshiroqdir va (U) gunohlaringizdan o'tar. Alloh qilayotgan (barcha) ishlaringizdan xabardordir” (Baqara surasi, 271-oyat).
Alloh taolo yurtimizda xayrli ishlarni bardavom qilsin!
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotga tatbiq etish, milliy va diniy merosni chuqur o‘rganish hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar doirasida Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa hududlardan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldilar. Ular Markazdagi muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, Renessans davrlariga bag‘ishlangan bo‘limlar va zamonaviy interaktiv yechimlar bilan tanishib, ushbu maskanni ilm, ta’lim va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan muhim milliy platforma sifatida baholadilar, xabar bermoqda iccu.uz.
Farg‘ona viloyati Buvayda tumani «Katta mahalla» masjidi imom-xatibi Rahmatulloh G‘oyibnazarov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur Markazni yosh avlod uchun muhim ma’rifat maskani sifatida baholadi.
«Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy meros va mamlakatimiz taraqqiyoti haqidagi ekspozitsiyalarni ko‘rib katta taassurot oldik. Bu yerga kelgan har bir inson o‘z tarixini chuqurroq anglaydi, yoshlar esa ilmga va vatanparvarlikka yanada ko‘proq intiladi. Bu yerda olgan bilim va taassurotlarimizni xalqimizga yetkazishni o‘zimizga vazifa deb bilamiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani bosh imom-xatibi, «Muborak» jome masjidi imom-xatibi Otabek Xolmurodov Markaz kutubxonasida ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlarga e’tibor qaratdi.
Uning ta’kidlashicha, elektron kitoblar fondi, Brayl alifbosidagi adabiyotlar, maxsus tadqiqot xonalari va noyob manbalarning bir joyda jamlangani Markazni nafaqat muzey, balki keng qamrovli ilmiy resurs markaziga aylantirgan.
«Bu kutubxona ilmiy izlanish bilan shug‘ullanuvchilar uchun haqiqiy bilim maskani ekan. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ilm ahlini yanada ko‘proq izlanishga undaydi. Biz bu imkoniyatlar haqida yoshlarimizga albatta targ‘ibot olib boramiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani bosh imom-xatibi Ahmadxon Nizomov esa Markazning ilmiy konsepsiyasiga alohida to‘xtaldi.
Uning fikricha, har bir ekspozitsiya ortida keng ko‘lamli tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar mujassam bo‘lib, bu yerdagi interaktiv muhit tashrif buyuruvchilarni faqat tomoshabin emas, balki izlanuvchiga aylantiradi.
«Bu yerga bir marta kelib barchasini to‘liq anglash qiyin. Har bir ekspozitsiya ortida katta ilmiy mehnat mujassam. Ayniqsa, allomalarimiz merosi, tadqiqot markazlari va interaktiv imkoniyatlar insonni yanada chuqur izlanishga chorlaydi. Bu maskan kelajak avlod uchun ulkan ma’naviy boylik va Yangi O‘zbekistonning ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim poydevordir», — dedi u.
Tashrif yakunida ishtirokchilar Markazda jamlangan boy ilmiy va madaniy meros, raqamli ekspozitsiyalar hamda ta’lim imkoniyatlarini keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish Uchinchi Renessans g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, milliy o‘zlikni anglash va ilmiy merosga qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati