Tarixdan ma'lumki, ilm-fan, madaniyat borasida dunyo xalqlarining rivoj topishi, xalqaro maydonda o'z o'rniga ega bo'lishida bizning ajdodlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy, ma'naviy merosning ahamiyati beqiyos. Buni bugun dunyo tan olmoqda. Halqlar tinchligi, yurtlar rivojlanishiga bo'layotgan xavf-xatarlar ortayotgan bir vaqtda ajdodlari yo'lidan borayotgan bu vatan va millat dunyohamjiyati uzra bugun ham bo'y cho'zmoqda.
Ayni kunlarda mamlakatimizda, xususan, ko'hna va navqiron Samarqand shahrida O'zbekiston raisligida bo'lib o'tadigan ShHTning navbatdagi sammitiga qizg'in tayyorgarlik ko'rilmoqda. 15-16 sentyabr' kunlari o'tadigan mazkur sammitda 15 davlat etakchisi, o'ndan ortiq xalqaro tashkilot vakillari, dunyoning ko'zga ko'ringan ekspert va tahlilchilari, siyosatshunoslar ishtirok etishi kutilmoqda. Bu esa mezbon mamlakat uchun faxr va iftixor bag'ishlash bilan birga katta mas'uliyatni ham talab etadi.
Davlatimiz rahbari tomonidan, ShHT o'z mohiyatiga ko'ra, tinchlik, hamkorlik va taraqqiyot yo'lida birlashishga, ayirmachilik unsuridan xoli bo'lgan jozibador makonga aylanishi lozim, deya qayd etildi.
Alloh taolo Hujurot surasining 13-oyatida: “Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo'ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog'ingiz taqvodorrog'ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir”, deya ma'lum qilgan.
Bugun dunyo xalqlari ushbu oyatning mazmuni ostida birlashishga har qachongidan ham ko'ra muhtoj. Har bir shaxs jamiyat uchun faqat yaxshilikni ravo ko'rishi, yomonliklardan tiyilishi va boshqalarga aziyat berishdan uzoqda bo'lmishi kerak. Ayniqsa, musulmon kishi o'ziga sevimli bo'lgan narsani boshqa birodarlariga ham bo'lishini yaxshi ko'rishi, ya'ni ularga foyda keltirish va ulardan har qanday zararni daf qilishi lozimdir. Zero, Payg'ambarimiz alayhissalom: “Yaxshilikka yo'llovchi kishi o'sha yaxshilikni qiluvchi kabidir” deya marhamat qilganlar.
Demak, musulmon ummati azaldan o'zining tinchlikparvarligi, o'zgalarga yaxshilik va mehr ulashishi, musulmon xalqlari o'zga xalqlar bilan bo'lgan xalqaro munosabatlarda ham barchaga ibrat va namuna bo'lgan. Shu kunlarda yurtimizda o'tkazilajak Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti ham fayzli va katta yangiliklarga ega holda tashkil etiladi. Sammitda qabul qilinadigan qaror va imzolanadigan kelishuvlar dunyoda tinchlik hukmron bo'lishi, xalq va millatlarning farovon yashashi, shu jumladan, Vatanimiz taraqqiyoti bundanda rivoj topishiga sabab bo'lajak, insha Alloh!
Ubaydulloh Abdullayev,
Farg'ona viloyati bosh imom-xatibi
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati