Shu kunlarda mamlakatimizda, xususan, Samarqand shahrida O'zbekiston raisligida bo'lib o'tadigan ShHTning navbatdagi Samarqand sammitiga qizg'in tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
15 -16 sentyabr' kunlari ShHT sammitiga mezbonlik qiladigan Samarqand shahriga ShHT a'zolari – Rossiya, Hitoy, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Pokiston, Hindiston, kuzatuvchi mamlakatlar – Belarus', Eron, Mo'g'uliston va sherik mamlakatlar – Armaniston, Ozarbayjon, Turkiya, Kambodja, Shri-Lanka kabi davlatlarning rahbar va vakillari tashrifi kutilmoqda. Avvalo, bunday nufuzli va yuqori darajadagi xalqaro sammitni tashkil etish yuksak sharaf bo'lishi bilan birga, qabul qiluvchi davlatga ulkan mas'uliyat hamdir.
Kecha davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning mazkur Sammit yuzasidan fikr-mulohaza va tahlillarini o'z ichiga olgan maqolasi e'lon qilindi. Maqola e'lon qilinishi bilanoq mahalliy va xorijiy tahlilchilar, olimlar, keng jamoatchilik tomonidan katta qizig'ish bilan qabul qilindi. Uning mazmun-mohiyati va ahamiyati yuzasidan ekspertlar o'z nuqtai-nazar va munosabatlarini bildirishmoqda. Ushbu maqola Rossiya, Malayziya, Pokiston, Eron, Turkmaniston, Quvayt va boshqa qator davlatlarning ommaviy axborot vositalarida ham e'lon qilingan.
Maqolada bugungi kunda dunyodagi vaziyat, siyosiy jarayonlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning ahamiyati, davlatlarning o'zaro munosabatlari va xalqaro huquqiy makon yoritildi.
Prezidentimizning ta'kidlashicha, hozirgi davrda dunyoda xavfli muammolar girdobidan chiqishning yakkayu yagona yo'li – konstruktiv muloqot va har bir tarafning manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan ko'p tomonlama hamkorlik ekanligiga urg'u beriladi.
Maqolada ko'pchilikning e'tiborini tortgan jihatlardan biri bu “Har birimiz kuchli bo'lsakkina ShHT kuchli bo'ladi” – degan shiorning aytilishi. Albatta, bu erda bizning mamlakatimiz ham iqtisodiy, siyosiy, mudofaa, xavfsizlik, huquqiy, qo'yingki, har taraflama yuksalsagina keyin kuchli bo'la oladi. Buning uchun har bir shaxs, fuqaro, aholimiz majoziy ma'noda kuchli bo'lishi zarur bo'ladi.
Kutilayotgan sammitning e'tiborli jihatlaridan biri jahonda ro'y bergan global pandemiyadan so'ng uch yilda davlat rahbarlari keng doirada to'g'ridan-to'g'ri muloqotlari amalga oshiriladi. Mazkur anjumanda mamlakatlar o'rtasidagi turli kelishmovchiliklarni engib o'tish, o'zaro anglashuvni mustahkamlash, siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, savdo-sotiqni kengaytirish hamda madaniy-gumanitar almashinuvni rag'batlantirish yuzasidan yangi eshiklar ochilishi kutilmoqda.
Sh.Mirziyoev maqolada ShHT muvaffaqiyat garovi – mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash orqali ko'p tomonli hamkorlikni ilgari surishda deb atagan.
O'zbekiston etakchisining so'zlariga ko'ra, ShHT o'z mohiyatiga ko'ra, tinchlik, hamkorlik va taraqqiyot yo'lida birlashishga, ayirmachilik unsuridan xoli bo'lgan jozibador makonga aylanishi lozim.
Aslida, Yaratgan Parvardigor bandalarini bir-birlari bilan tanishib, tinch-totuv va ahillikda hayot kechirishga buyurgan. Qur'oni aziymush-shonda: “Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo'ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog'ingiz taqvodorrog'ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Hujurot, 13-oyat), deb marhamat qilingan.
Demak, insoniyatning asli bir: hamma Odam Ato va Momo Havodan tarqalgan. Ayni chog'da, Alloh taolo ularni turli xalqlar va qabilalarga ajratib qo'ygan. Insonlar turli xalq va qabilalarga bo'linishining sababi o'zaro tanishish, hamkorlik qilish va ma'rifat hosil qilishdir.
Ko'nglida hech bir insonga adovati bo'lmagan hamda insoniyatga qo'li va tili bilan zarari tegmaydigan kishilar bilan chiroyli muomalada bo'lish, ular bilan dunyoviy ishlarda hamkorlik qilish, yovuzlik va zulm-ziyon etkazish yo'lida aslo hamkorlik qilmaslik muborak dinimiz chaqirig'idir.
Alloh taolo marhamat qiladi: “...Ezgulik va taqvo (yo'li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo'li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo'rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir”. (Moida surasi, 2-oyat).
O'zbekiston bugunga qadar jami ShHT sammitlariga uch marotaba mezbonlik qilgan bo'lsa, barcha anjumanlar poytaxtimiz Toshkent shahrida o'tkazilgan. Bu safargi sammit “Buyuk ipak yo'li”ning chorrahasida joylashgan azim va ulug'vor Samarqand shahrida tashkil etiladi. Samarqand nafaqat mamlakatimiz balki dunyo ilm-fani, madaniyati, tarixi uchun beqiyos hissa qo'shgan olimlar etishib chiqqan yurt hisoblanadi. Ushbu shahar Amir Temur bobomiz asos solgan saltanatning poytaxti sifatida ko'p yillar markaz vazifasini o'taganligi barchamizga ma'lum. Ishonch bilan aytishimiz mumkinki, bugungi Samarqand shu kabi yirik anjumanlarni tashkil qila olish va o'tkazish salohiyatiga ega.
Davlat rahbari Samarqand o'n to'rtta mamlakat etakchilarini tashkilotning va unga a'zo har bir davlatning farovonligi va ravnaqiga xizmat qiladigan yangi va ilg'or taklif hamda tashabbuslari bilan kutib olishga tayyor ekanini bildirgan.
“Ushbu afsonaviy shahar Shanxay hamkorlik tashkiloti tarixida muvaffaqiyatning yana bir sahifasini ochishiga shubha yo'q. Samarqandning shonli tarixiy merosi bunga xizmat qiladi. Ko'p asrlar mobaynida bu shahar Yevropadan Hitoygacha bo'lgan mamlakatlarni mustahkam rishtalar bilan bog'lab, Shimol va Janubni, Sharq va G'arbni yagona chorrahada tutashtirgan”, - deya yozadi prezident o'zining “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: o'zaro bog'liqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” maqolasida.
Mazkur hafta bo'lib o'tadigan sammit ochiq, do'stona hamda ko'tarinki ruhda o'tishini Alloh taolo nasib qilsin.
Zayniddini Eshonqulov – O'zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyat vakili, viloyat bosh imom xatibi
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati