Hozirgi kunimizda ko'payib ketayotgan turli firqalar, toifalar, hizblar va bemazhablar Ahli sunna val jamoa e'tiqodi bo'yicha tan olingan to'rt fiqhiy mazhablarning biriga, xossatan Hanafiy mazhabiga amal qilgan holda ibodatlarini ado etayotgan musulmonlarni fitnaga solish va to'g'ri yo'ldan adashtirib o'zlarining noto'g'ri g'arazli g'oyalarining qurboniga aylantirish uchun turli uslublardan foydalanadilar.
Eng jirikanchlisi, o'z g'oyalarini haspo'shlash (isbotlash) yo'lida Qur'oni karim oyatlaridan ham ustalik bilan foydalanadilar. Odatda musulmonlar xossatan yangi ibodatga kirayotganlar yoki qiziqayotganlar juda ham ishonuvchan, talabchan va eshitganini qattiq ushlab oladigan bo'ladi. Bu holat esa bemazhablarga juda qo'l keladi. Fursatni qo'ldan boy bermaslik uchun xorijdan turib ta'lim berayotgan ustozlari o'rgatgan 3-4 oyat va hadisi shariflarni tezda o'zlashtirib olib qolganlarga ham shuni etkazadi. Aslida ular boshqa narsalarni bilmaydilar ham. O'sha oyat va hadisi shariflarni ham ustozlari o'zlarining g'arazli yo'llarida foydalanish uchun qanday ma'nolarni berib tushuntirgan bo'lsalar, bular ham huddi shunday tushuntiradilar.
Barcha musulmonlar jihodda buyuk fazl borligini biladilar. Alloh subhanahu va taolo Tavba surasida shunday deydi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا مَا لَكُمْ إِذَا قِيلَ لَكُمُ انْفِرُوا فِي سَبِيلِ اللَّهِ اثَّاقَلْتُمْ إِلَى الْأَرْضِ
«Ey iymon keltirganlar! Sizga nima bo'ldiki, «Allohning yo'lida qo'zg'aling», deyilsa, erga yopishib oldingiz?!» (38-oyat)
Yana Baqara surasida:
وَقَاتِلُوا فِي سَبِيلِ اللَّهِ الَّذِينَ يُقَاتِلُونَكُمْ وَلَا تَعْتَدُوا ۚ إِنَّ اللَّهَ لَا يُحِبُّ الْمُعْتَدِينَ
«Sizga urush qilayotganlarga qarshi Allohning yo'lida urush qiling va tajovuzkorlik qilmang. Albatta, Alloh tajovuzkorlarni sevmas» deyilgan (190-oyat).
Shunga o'xshash boshqa bir qancha oyatlar bor. Imom Shofe'iy va qolgan uch mazhabboshi imomlarimiz, shuningdek, jumhur ulamolarning barchasi jihodning farzi kifoya ekaniga ittifoq qilganlar. Jihod qilish farzi ayn emas. Alloh taoloning Niso surasidagi:
وَكُلًّا وَعَدَ اللَّهُ الْحُسْنَىٰ ۚ وَفَضَّلَ اللَّهُ الْمُجَاهِدِينَ عَلَى الْقَاعِدِينَ أَجْرًا عَظِيمًا
«Alloh hammalariga yaxshilikni va'da qilgan. Alloh mujohidlarni o'tirib oluvchilardan buyuk ajr ila afzal qilgan» degan (95-oyat) so'zidan jihodning farzi ayn emasligi kelib chiqadi.
«Jihod» so'zi islomiy istiloh bo'lib, uni musulmonlardan birortasiga qarshi ishlatish to'g'ri bo'lmaydi. Ulamolarning barchasi jihod qilish uchun ota-onaning izni shart ekaniga ittifoq qilishgan. Buning dalili quyidagi hadisdir:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir kishi kelib, u zotdan jihodga chiqishga izn so'radi. Shunda u zot: «Ota-onang tirikmi?» dedilar. U: «Ha», dedi. U zot: «Ikkovlarida jihod qil»[1], dedilar».
Islomda jihod ikki turli bo'ladi. Birinchisi katta jihod bo'lib, bu insonning o'z nafsiga qarshi jihodidir. Ikkinchisi esa kichik jihod, ya'ni dushmanga qarshi jihoddir. Katta jihod haqida Rasululloh sollallohualayhi vasallam g'azotdan qaytayotib: «Biz kichik jihoddan katta jihodga qaytdik», deganlar.[2] Agar sizlar xadisni zaif yoki mavzu' desangiz, javob shuki, bu ma'nodagi oyati karima ham bor. Alloh taolo Furqon surasida:
فَلَا تُطِعِ الْكَافِرِينَ وَجَاهِدْهُمْ بِهِ جِهَادًا كَبِيرًا
«Kofirlarga itoat etma! Ularga qarshi u (Qur'on) bilan katta jihod qil!» degan (52-oyat).
Alloh taoloning «u bilan» degan so'zida Qur'oni karimga ishora bor. Qur'oni Karim qalbdagi barcha dardlarning shifosidir. Bu ma'noni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Sizlarga amallaringizning eng yaxshisini, eng pokizasini, Robbingizning nazdida darajangizni eng baland ko'taradiganini aytib beraymi? U sizlar uchun tilla, kumush nafaqa qilishdan yaxshiroqdir, dushmanga borib yo'liqib, ularning bo'yniga urishingiz ular sizning bo'yningizga urishidan ko'ra yaxshiroqdir. Bu Allohning zikridir»,[3] degan so'zlari ham ta'kidlaydi. Albatta, katta jihod nafsga qarshi jihoddir. Uning silohi Allohning zikri hamda nafsni poklashdir.
Batahqiq, Alloh taolo ikki jihod orasidagi aloqani boshqa bir oyatda ochiqlab bergan. Bu Anfol surasining 45-oyati bo'lib, unda:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا إِذَا لَقِيتُمْ فِئَةً فَاثْبُتُوا وَاذْكُرُوا اللَّهَ كَثِيرًا لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ
«Ey iymon keltirganlar! Biror jamoaga yuzma-yuz kelsangiz, sabotli bo'ling va Allohni ko'p zikr qiling, shoyadki, zafar topsangiz», deyilgan.
Sobit turish ham kichik jihodning ko'rinishi bo'lib, u katta jihodga bog'liqdir. Katta jihod esa nafsga qarshi zikr bilan, nafsni poklash uchun kurashishdir. Qanday bo'lganda ham, jihod tinchlik uchun, omonlik uchun, xotirjamlik uchun vasila bo'lishi kerak. Jihod g'oya emasdir. Bu fikr Baqara surasida ochiq-ravshan kelgan:
وَقَاتِلُوهُمْ حَتَّىٰ لَا تَكُونَ فِتْنَةٌ وَيَكُونَ الدِّينُ لِلَّهِ ۖ فَإِنِ انْتَهَوْا فَلَا عُدْوَانَ إِلَّا عَلَى الظَّالِمِينَ
«Va ular bilan to fitna bo'lmaydigan bo'lib, din Allohniki bo'lgunicha jang qiling. Agar to'xtasalar, zolimlardan boshqalarga dushmanlik yo'q» (193-oyat).
Siz milodiy 2014 yil 4 iyuldagi xutbangizda «Jihodsiz hayot yo'qdir», dedingiz. Ehtimol, bu gap Qurtubiyning quyidagi oyatga yozgan tafsiri natijasidir:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا اسْتَجِيبُوا لِلَّهِ وَلِلرَّسُولِ إِذَا دَعَاكُمْ لِمَا يُحْيِيكُمْ ۖ وَاعْلَمُوا أَنَّ اللَّهَ يَحُولُ بَيْنَ الْمَرْءِ وَقَلْبِهِ وَأَنَّهُ إِلَيْهِ تُحْشَرُونَ
«Ey iymon keltirganlar! Sizga hayot beradigan narsaga chaqirganlarida, Alloh va Rasuliga ijobat eting» (Anfol surasi, 24-oyat).
Albatta, haqiqiy jihod qalbni tiriltiradi. Lekin jihodsiz ham hayot bo'ladi, chunki bu narsa muayyan paytda musulmonlarning zimmasiga tushadi va unda ol qilish lozim ham bo'lmaydi. Lekin sababsiz jihod qilish shariatda yo'q. Shar'iy sababsiz, shar'iy maqsadsiz jihod qilish va shariat yo'l bergan uslubdan boshqa uslub bilan, shar'iy niyatsiz jihod qilish jihod emas, balki bosqinchilik bo'ladi, jinoyat bo'ladi.
a) Niyat. Alloh taolo Najm surasida:
وَأَنْ لَيْسَ لِلْإِنْسَانِ إِلَّا مَا سَعَىٰ
«Har bir insonga o'zi qilganidan boshqa narsa bo'lmas», deydi (39-oyat).
Abu Muso Ash'ariy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bir kishi kelib, «Bir odam hamiyat uchun, yana biri shijoat uchun, yana biri riyo uchun jang qiladi. Qaysi biri Allohning yo'lida bo'ladi?» dedi. U zot: «Kim Allohning kalomi oliy bo'lishi uchun jang qilsa, o'sha Allohning yo'lida bo'ladi», dedilar».[4]
Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Qiyomat kuni ustidan eng avval hukm chiqariladigan kishi shahiddir. Unga ato etilgan ne'matlar tanitiladi. U ularni taniydi. So'ngra unga: «Bu ne'matlarni nima qilding?» deyiladi. «Sening yo'lingda jang qildim, hatto shahid bo'ldim», deydi. Shunda: «Yolg'on aytding. Sen «Falonchi jur'atli», deyilishi uchun jang qilgansan, shunday deyildi ham», deydi. So'ng amr qilinadi, u yuztuban do'zaxga tashlanadi».?[5]
b) Jihodning sababi. Jihodning sababi – musulmonlarning o'zlariga qarshi urush qilganlarga qarshi urush qilishidir. Musulmonlar o'zlariga qarshi urush qilmaganlar bilan jang qilmaydilar. Uzlariga takoj qilmagan biror kishiga tajovuzkorlik qilmaydilar. Alloh taolo jihodga izn bergan qavlida shunday deyiladi:
أُذِنَ لِلَّذِينَ يُقَاتَلُونَ بِأَنَّهُمْ ظُلِمُوا ۚ وَإِنَّ اللَّهَ عَلَىٰ نَصْرِهِمْ لَقَدِيرٌ
الَّذِينَ أُخْرِجُوا مِنْ دِيَارِهِمْ بِغَيْرِ حَقٍّ إِلَّا أَنْ يَقُولُوا رَبُّنَا اللَّهُ ۗ وَلَوْلَا دَفْعُ اللَّهِ النَّاسَ بَعْضَهُمْ بِبَعْضٍ لَهُدِّمَتْ صَوَامِعُ وَبِيَعٌ وَصَلَوَاتٌ وَمَسَاجِدُ يُذْكَرُ فِيهَا اسْمُ اللَّهِ كَثِيرًا ۗ وَلَيَنْصُرَنَّ اللَّهُ مَنْ يَنْصُرُهُ ۗ إِنَّ اللَّهَ لَقَوِيٌّ عَزِيزٌ
«O'zlariga qarshi urush ochilgan (musulmonlarga ularga zulm qilingani uchun (urushga) izn berildi. Albatta, Alloh ularga nusrat berishga o'ta qodirdir. Ular nohaqdan, faqatgina «Robbimiz Alloh», deganlari uchun o'z diyorlaridan chiqarilgandirlar. Agar Alloh odamlarning ba'zilarini ba'zilari bilan daf qilib turmasa, uzlatgohlar, kanisalar, havralar va Allohning nomi ko'plab zikr qilinadigan masjidlar vayron qilingan bo'lur edi. Albatta, Alloh O'ziga yordam berganlarga yordam berur. Albatta, Alloh o'ta quvvatlidir, o'ta izzatlidir» (Haj surasi, 39-40-oyatlar).
Jihod omonlik bilan, diyonatlarning erkinligi bilan, oldin o'tgan zulm bilan, er yuzida voqe bo'lgan narsa bilan va diyordan chiqarish bilan bog'liqdir. Yuqorida keltirilgan ikki oyat Nabiy sollallohu alayhi vasallamga hamda u zotning sahobalariga qarshi mushriklar tomonidan o'n uch yil davomida ko'rsatilgan azob-uqubat, zulm va tazyiqdan keyingina nozil bo'lgan. Fikrlar, qarashlarning qarama-qarshiligi va dinlarning har xilligi tufayli dushmanlik qilish yoki urush qilish mumkin emas. Bu Abu Hanifa, Molik, Ahmad va boshqa jamiki ulamolarning fikridir. Ularning ichida Ibn Taymiya ham bor. Bu borada shofe'iylarning ba'zilarigina xilof qilishgan.
v) Jihodning g'oyasi. Bu ham musulmon ulamolar ittifoq qilgan mavzudir. Alloh taolo Baqara surasida:
وَقَاتِلُوهُمْ حَتَّىٰ لَا تَكُونَ فِتْنَةٌ وَيَكُونَ الدِّينُ لِلَّهِ ۖ فَإِنِ انْتَهَوْا فَلَا عُدْوَانَ إِلَّا عَلَى الظَّالِمِينَ
«Va ular bilan to fitna bo'lmaydigan bo'lib, din Allohniki bo'lgunicha jang qiling. Agar to'xtasalar, zolimlardan boshqalarga dushmanlik yo'q», deydi (193-oyat).
Shuningdek, Rasulululoh sollallohu alayhi vasallam: «Men «Laa ilaaha illalloh», degunlaricha odamlarga qarshi urush qilishga amr qilindim. Kim «Laa ilaaha illalloh», desa, mendan jonini, molini saqlabdi, faqat haqqi bo'lsa, mustasno. Uning hisobi Allohning O'zigadir», deganlar.[6] Mana shu jihodning g'oyasidir. Bu gaplar faqat mo'min-musulmonlarga qarshi urush qilingandan keyingina kuchga kiradi. Ushbu matnlar mo'min-musulmonlarning nusrat qozonish holatidagi g'alabaning suratini chegaralaydi. Bu erda jihodning g'oyasi bilan sababini aralashtirib yubormaslik lozim. Ummatning barchasi bunga ittifoq qilgandir. Ushbu hadis batahqiq, yuzaga chiqdi. U quyidagi oyati karimaga bog'liq va'daki, Alloh taolo shunday dedi:
هُوَ الَّذِي أَرْسَلَ رَسُولَهُ بِالْهُدَىٰ وَدِينِ الْحَقِّ لِيُظْهِرَهُ عَلَى الدِّينِ كُلِّهِ ۚ وَكَفَىٰ بِاللَّهِ شَهِيدًا
«U O'z Rasulini hidoyat va haq din bilan, uni barcha dinlardan ustun qilish uchun yuborgan Zotdir. Guvohlikka Allohning O'zi kifoyadir» (Fatx surasi, 28-oyat).
Mana shu narsa Arabiston yarim orolida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida ro'yobga chiqdi. Alloh taolo bu haqda An'om surasida:
وَلِتُنْذِرَ أُمَّ الْقُرَىٰ وَمَنْ حَوْلَهَا
«Ummul Quro (shaharlar onasi) va uning atrofini ogohlantirishing uchundir» deydi (92-oyat).
Shuningdek, U Zot Tavba surasida:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا قَاتِلُوا الَّذِينَ يَلُونَكُمْ مِنَ الْكُفَّارِ
«Ey iymon keltirganlar! Sizga yaqin bo'lgan kofirlarga qarshi jang qiling», deydi (123-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Mushriklarni arab jazirasidan chiqaringlar», deganlar. Mana shu ishlar yuzaga chiqqan, zero, Alloh taolo bu haqda Rasuliga va'da ham bergan. U Zot Saf surasida shunday marhamat qilgan:
هُوَ الَّذِي أَرْسَلَ رَسُولَهُ بِالْهُدَىٰ وَدِينِ الْحَقِّ لِيُظْهِرَهُ عَلَى الدِّينِ كُلِّهِ وَلَوْ كَرِهَ الْمُشْرِكُونَ
«U O'z Rasulini hidoyat va haq din bilan uni barcha dinlardan ustun qilish uchun yuborgan Zotdir. Garchi mushriklar yoqtirmasalar ham», deyiladi (9-oyat).
Bu erda ko'zlangan joy Arabiston yarimoroli bo'lishi vojibdir. Mana shu narsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotlik davrlarida sodir bo'lgan. Nima bo'lganda ham, agar musulmonlarning foydasi ko'zlanadigan bo'lsa, jihod amirlari shariat ko'rsatgandan boshqa maqsaddagi urushni to'xtatishlari lozim. Chunki Alloh taolo Qur'oni Karimda:
فَإِنِ انْتَهَوْا فَلَا عُدْوَانَ إِلَّا عَلَى الظَّالِمِينَ
«Agar to'xtasalar, zolimlardan boshqalarga dushmanlik yo'q», degan (Baqara surasi, 193-oyat).
g) Jihod uslubi. Bu haqda kelgan xabarlarning xulosasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi so'zlaridir: «G'azot qilinglar, lekin g'uluvga ketmanglar, aldamanglar, qiymalamanglar va bolalarni o'ldirmanglar».[7]
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Makka fathi kuni: «Ortiga qarab qochgan o'ldirilmas! Yaradorlar ham o'ldirilmas! Kim eshigini yopib olsa, omondadir!» deganlar.
Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu bir lashkar tayyorlab, ularni Shomga yuborayotib, shunday deganlar: «Bir qavmni topasizki, ular o'zlarini ibodatxonalarda tutib turgan bo'ladilar. Ularni tark qilinglar. O'zlarini tutgan narsalari bilan bo'laverishsin. Yana bir qavmni topasizki, shayton ularning boshini o'rindiq qilib olgan, ya'ni jangchi rohiblardir. Ana shu bo'yinlarga uringlar. Keksalarni, ayollarni, yosh bolalarni o'ldirmanglar. Imoratlarni vayron qilmanglar, biror foydasi bo'lmasa, daraxtlarni kesmanglar. Biror foydasi bo'lmasa, hayvonlarni so'ymanglar. Hurmolarga o't qo'ymanglar, g'arq ham qilmanglar. G'adr (xiyonat qilib, odamlarni aldamanglar. O'liklarni qiymalamanglar. Qo'rqoqlik qilmanglar. O'ljadan o'g'irlab olmanglar. Albatta, kim Alloh taologa yordam bersa, U Zot unga, payg'ambarlariga g'aybdan nusrat beradi. Albatta, Alloh quvvatlidir, azizdir».[8]
Asirlarni qatl qilish masalasiga kelsak, bu ish haromdir. Sizlar esa ularni qatl qildingiz, ko'pchiligini so'ydingiz. Masalan, 2014 yilning iyunida Tikritdagi Sabakir askargohida 1700 asirni qatl qildingiz. Shuningdek, iyul' oyida G'ozish-shoir dalasida 200 kishini, avgust oyida Shuaytot qabilasidan 700 kishini, Delizurda 600 kishini o'ldirdingiz. Ular qurolsiz tinch aholi edi. Shu oyda Riqqada, Tabaqa havo askargohida 250 asirni qatl qildingiz. Shuningdek, kurd askarlarni, livanlik askarlarni va boshqa ko'pchilikni qatl kildingiz. Biz sizlar o'ldirgan odamlarning xammasini bilmaymiz, lekin Alloh bilib turibdi. Bu ishlarning barchasi ulkan harbiy jinoyatlardir, qabih jinoyatlardir. Agar «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ba'zi janglarda asirlarni qatl qilganlar-ku», deydigan bo'lsangiz, javob shuki, u zot alayhissalom Badr jangida ikki kishini – Uqba ibn Abu Muayt bilan Nazr ibn Horisni qatl qilishga buyurganlar. Ular harbiy qo'mondonlar, harbiy jinoyatchilar edi. Harbiy jinoyatchini qatl qilish hokimning buyrug'i bilan joizdir. Salohiddin Ayyubiy Quddusi sharifni fath etgach, shunday qilgan. Shuningdek, Ikkinchi jahon urushidan keyin o'tkazilgan Nyurnberg mahkamasida ham ittifoqdoshlar shunday qilishgan. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o'n minglab asirlarni ozod qilib yuborganlar. Hayotlari davomida jami 29 ta g'azot bo'lgan bo'lsa, ularda birorta ham oddiy askar o'ldirilmagan. Aksincha, Nabiy sollallohu alayhi vasallam asirlarga yaxshi muomala qilishga buyurganlar, chunki Muhammad surasida ular haqida hukm kelgan:
فَإِمَّا مَنًّا بَعْدُ وَإِمَّا فِدَاءً حَتَّىٰ تَضَعَ الْحَرْبُ أَوْزَارَهَا
«So'ngra urush o'z anjomlarini qo'ymaguncha, yoki minnat, yoki tovon olishdir» (4-oyat).
Demak, Alloh taolo asirlarni hurmat-ehtirom qilishni buyurgan.
Inson surasida:
وَيُطْعِمُونَ الطَّعَامَ عَلَىٰ حُبِّهِ مِسْكِينًا وَيَتِيمًا وَأَسِيرًا
«O'zlari taomni yaxshi ko'rib tursalar ham, uni mis kin, etim va asirlarga berarlar» deyilgan (8-oyat)
Agar «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko'pchilikni, masalan, 700 kishilik Banu Qurayza qabilasini qatl qilishga buyurganlar», desangiz, javob shuki bu buyruq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amrlari bo'lmagan, balki adolatli mahkamaning oliy hukmi bo'lgan. Ta'kidlash lozimki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qozi tayinlashni Banu Qurayza ning o'z ixtiyoriga berganlar. Ular hukmni o'zlarining ittifoqdoshi bo'lgan Sa'd ibn Mu'oz roziyallohu anhu chiqarsin, deb talab qilishgan. Shunda ular tayinlagan qozi ularning ziddiga hukm chiqargan, ya'ni qozilik ular o'z erki bilan qilgan talab asosida bo'lgan. Banu Qurayzani qatl qilishga sabab ularning musulmonlarga qarshi urush qilgani bo'lmagan. Balki ular urush vaqtida davlatga, hukumatga xiyonat qilganlari uchun, butun musulmon ummatini o'ldirishga jazm qilganlari uchun mana shunday jazoga tortilganlar, chunki ular ham boshqalar kabi teng huquqli fuqaro bo'lishgan. Agar bu voqeadan o'zingiz uchun sunnat hukmini chiqarib olib, uni asirlarni qatl qilishga hujjat qilsangiz, bundan xursand bo'lish kerak emas. Aksincha, siz bu voqeadan ibrat olib, aybdorni jazolash uchun hukmni qaysi mahkamaga topshirishni ularning o'z ixtiyoriga tashlash sunnatini joriy qilishingiz lozim.
Nima bo'lganda ham, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning asirlar borasidagi sunnatlari Makka fathidagi sunnatdir, ana shu sunnat barchaning kelishuvi bilan qabul qilingan bo'lib, u ham bo'lsa afvdan iboratdir. Allohning Nabiysi sollallohu alayhi vasallam o'sha kuni odamlarga qarata: «Men sizlarga birodarim Yusuf aytgan so'zni aytaman: «Endi sizlarga hayfsan qilish yo'q. Ketaveringlar, hammangiz ozodsiz», deganlar.[9]
Pirovardida aytamizki, jihodning uslublaridan biri urush qiluvchilardan boshqalarni qatl qilmaslikdir. Urush qilayotganlarning axli oilalarini qatl qilish joiz emas. Urushga qatnashmayotganlarni qasddan qatl qilish mutlaqo mumkin emas. Agar sizlar «Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan mushriklarning asirga tushgan ayollari va bolalari haqida so'rashganda «Ular ham bularning bir qismidir», deganlar», desangiz, javob shuki, bu hadisda begunoh, odamlarni qatl etib, xatoga yo'l qo'yilgan holatta ishora qiladi, lekin bugungi kundagi o'z-o'zini portlatib, begunoh odamlarni qasddan o'ldirishga zinhor ishora qilmaydi. «Tavba surasining 70, 123-oyatlarida ularga qarshi dag'al muomala qilish haqida aytilgan» desangiz, bu gaplar bevosita urush ketayotgan paytiga, jang harakatlari paytiga oiddir, urushdan keyingi holat haqida emas.
Muhammad Sa'id Ramazon Butiy bu borada shunday deganlar:
Qur'oni karimda kelgan «jihod», «qitol» lafzlari o'zining istak va xohishlari yo'lida adolat me'yorlarini buzayotgan va boshqalar ustidan hukmron bo'lishga urinayotgan kimsalarga nisbatan qo'llanilgan. Agar bog'iylar o'zlarining fitnakor istaklaridan qaytib, tinchlikni qo'llab-quvvatlashsa, ularga aziyat etkazishdan tiyilish, tinchlikni asrab-avaylashda o'zaro hamkorlik qilish kerak bo'ladi.
Bu ma'no Alloh taoloning quyidagi oyati karimasida o'z aksini topgan:
وَقَاتِلُوا فِي سَبِيلِ اللَّهِ الَّذِينَ يُقَاتِلُونَكُمْ وَلَا تَعْتَدُوا ۚ إِنَّ اللَّهَ لَا يُحِبُّ الْمُعْتَدِينَ
«Sizlarga qarshi jang qiluvchilar bilan Alloh yo'lida jang qilingiz, (lekin jang asnosida ham) haddan oshmangiz! Zero, Allox haddan oshuvchilarni yoqtirmagay» (Baqara surasi, 190-oyat).
لَا يَنْهَاكُمُ اللَّهُ عَنِ الَّذِينَ لَمْ يُقَاتِلُوكُمْ فِي الدِّينِ وَلَمْ يُخْرِجُوكُمْ مِنْ دِيَارِكُمْ أَنْ تَبَرُّوهُمْ وَتُقْسِطُوا إِلَيْهِمْ ۚ إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ الْمُقْسِطِينَ
«Din to'g'risida sizlar bilan urushmagan va sizlarni o'z yurtingizdan (haydab chiqarmagan kimsalarga nisbatan yaxshilik qilishingiz va ularga adolatli bo'lishingizdan Alloh sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolatli kishilarni sevar» (Mumtahana surasi, 8-oyat).
Qo'shtirnoq ichidagi kimsalar Qur'oni karimda kelgan «Qitol», «Jihod» so'zlarini sinchkovlik bilan o'rganib, ularning sonini sanab, ushbu so'zlardan oldin hamda keyin kelgan jumlalarni kesib, Qur'oni karimni go'yo terror manbasiga aylantirishadi va: «Qur'oni karim insonlarni qitol, bog'iylik va jihodga buyuradigan qonunlarni ishlab chiqadi», deb xato gumon qilishadi. Undaylarning ko'zlari Qur'oni karimda juda ko'p uchraydigan va takror-takror keladigan «afv», «kechirim», «lutf», «adolat» kabi so'zlarni ko'rmaydi. Agar bu kabi so'zlar sanab chiqilsa va «qitol», «Jihod» so'zlarining soniga taqqoslansa, lutfga dalolat qiladigan so'zlar qitol so'zlariga nisbatan bir necha barobar ko'p ekani ma'lum bo'ladi. Shuningdek, jumlalar orasidan Yulib olingan so'zlar lug'at bo'lib, hali biror hukm yoki qarorga ishlatilmagan bo'ladi. Go'yo, so'zlar ishlov berilmagan xom mahsulotlarga o'xshaydi. Siz ularga qanday ishlov bersangiz, ularni qabul qiladi.[10]
Toshkent Islom instituti katta o'qituchisi, Eshonguzar jome' masjidi imom xatibi, Ubaydullayev Islomxon
Respublikamiz hojilari ishtirokida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari qizg‘in davom etmoqda.
Mavsum boshidan shu choqqacha 83 ming 274 ta tadbir o‘tkazildi. Ularda 508 478 nafar yurtdoshimiz qamrab olindi.
Oilaviy sharoit va tushunchalaridan kelib chiqib, ular bilan tinchlik qadri va shukronalik, yoshlar tarbiyasi, illatlarga barham berish, ilm-ma’rifatga targ‘ib, yot g‘oyalarga qarshi kurashish mavzularida suhbatlar o‘tkazildi.
Ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, oziq-ovqat mahsulotlari, moddiy yordamlar berildi. 11 mingdan ziyod hojilar ishtirok etayotgan tadbirlar natijasida jamiyatdagi ma’naviy muhit yanada yaxshilanmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati