Ulamolarimizning hududlarga tashriflari namozxonlarning ma'rifatini, ma'naviyatini yanada yuksaltirib, ularga ko'tarinki ruh bag'ishlamoqda.
Bunday suhbatlar bugun, 8 sentyabr' kuni Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi masjidlarda davom etdi. Unda yurtimizning bir guruh taniqli ulamolari peshin va xufton namozlarini jamoat bilan birga ado etib, mo'min-musulmonlar bilan ma'rifiy suhbatlar o'tkazdilar.
Ana shunday manfaatli mav'iza peshin namozidan so'ng “Abdulloh ibn Abbos” jome masjidida bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston musulmonlari idorasi raisining o'rinbosari ustoz Ibrohimjon domla Inomov yig'ilganlarga “Ulamolarni hurmatlash” to'g'risida ma'ruza qilib, ulomalarning darajalari haqida bunday dedi:
– Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Qiyomat kuni uch toifa shafoat qiladi: “Anbiyolar, ulamolar va shahidlar”, dedilar» (Ibn Moja rivoyati). Hadisi sharifning ma'nosidan ko'rinib turibdiki, Islom ulamolari nafaqat bu dunyoda, balki eng muhimi u dunyoda hurmatlanar, Qiyomat kuni ulamolar payg'ambarlardan keyingi martabaga erishar ekanlar.
Bu hadis ulamolarning oxiratdagi martabalari qanchalik ulug' ekanini ko'rsatib turibdi. Bu esa olim bo'lish uchun qattiq harakat qilishga targ'ibotdir, – deya so'zida davom etdi Ibrohimjon domla. – Biror olim yo'qki, ustozsiz ilm egallagan, ravnaq topib, yuksalgan bo'lsa. Tolibi ilm olimlarni hurmatlashi bilan ilmdan manfaat topadi. Donishmandlarimiz: “Kim nimaga erishgan, fazilat va daraja topgan bo'lsa faqat hurmat, odob saqlash bilan erishibdi”, deb aytganlar.
Demak, ahli ilmlarni hurmatlash, ularning o'gitiga amal qilish bilan kishi kamolotga etishi mumkin ekan.
Ta'sirli mav'izadan so'ng diniy masalalarda savol-javoblar ham bo'lib o'tdi. Yakunda masjidga yig'ilganlar qiziqarli va mazmunli suhbat uchun Ibrohimjon domlaga o'z minnatdorliklarini bildirdi.
Bunday ilmiy suhbat “Ko'kterak” masjidida Abduqaxxor domla Yunusov ishtirokida ham bo'lib, domla yig'ilganlarga “Tinchlik va ofiyat ne'matlari” haqida manfaatli ma'ruza qilib berdilar. Ishoqjon domla Begmatov ham “Ayri-ota” jome masjidiga tashrif buyurib, bugungi kunning muhim mavzularida ta'sirli chiqish qildilar. “G'isht ko'prik” masjidiga yig'ilganlar esa Hasan domla Qodirovning namozni mukammal bo'lishi uchun zarur masalalar haqidagi mav'izasidan bahramand bo'ldilar.
Diniy-ma'rifiy suhbatlar xufton namozlaridan so'ng ham davom etdi. Unda “Zunnurayn” jome masjidi jamoasi Zakariyo domla Hafizullayevning “Musulmon kishi go'zal axloq egasi bo'lishi lozim” hamda masjid qurgan kishiga beriladigan mukofotlar to'g'risida ma'ruzalaridan katta manfaat oldilar. “Mirhalil hoji ota” masjidiga tashrif buyurganlar esa Ibn Tursun Bilol qorining "Alloh taolo bandalariga behad mehribon zotdir" mavzusidagi ma'rifiy suhbatidan qattiq ta'sirlanib, Allohga bo'lgan muhabbatlari yanada ziyoda bo'ldi. Shu bilan birga jamoatdan berilgan savollarga domla batafsil javob berib barchani mamnun etdilar. Suhbatdan hamma mamnun bo'lib, tashakkur aytdilar.
Baxtiyor domla Sattorovning “Ramadon” jome masjididagi "Islomda omonatdorlik" haqida ma'izasi ham jamoatda katta taassurot qoldirib, oldi-berdi masalalarida xushyor bo'lishga undadi. “Rahbar ota Akbar o'g'li” jome masjidiga tashrif buyurgan Ziyovuddin domla Mirsodiqov yig'ilganlarga "Allohga shukr qiluvchi bo'lishning fazilati" mavzusida suhbat qilib, har bir ne'matga shukrlar aytish kerakligini ta'kidladilar. Muhammadrahim domla Abduqodirovning “Rahim-ota” masjididagi "Amallar niyatga bog'liqdir" haqidagi ilmiy ma'ruzasi ham barcha uchun qiziqarli bo'lib, ko'plab manfaatlar olishga sabab bo'ldi.
Halqqa manzur bo'layotgan bunday ilmiy suhbatlar yana davom etadi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Shu yilning 12 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov fuqarolarni qabul qilib, ularning murojaat va taklif-mulohazalarini tingladi.
Mazkur qabul jarayonida fuqarolar tomonidan bildirilgan shar’iy masalalar, masjidlar qurish, haj va umra, ishga joylashish, oilaviy munosabatlar, kitob chop etish, moddiy yordam va sohani rivojlantirishga oid masalalar atroflicha o‘rganilib, mas’ullarga qisqa muddatlarda hal etish yuzasidan topshiriq berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati