frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Takfir – musulmon ummati birligiga rahna soluvchi tahdiddir!

08.09.2022   2155   6 min.
Takfir – musulmon ummati birligiga rahna soluvchi tahdiddir!

Bugungi kunda aksariyat musulmon mamlakatlarida jamiyatni ichidan tafriqa va fitnalar kelib chiqishiga sabab bo'layotgan ma'naviy tahdidlardan biri takfir hisoblanadi. Takfir hodisasining ilk ildizlari Ali (r.a.) davrida unga qarshi isyon ko'targan xorijiylar faoliyatiga borib taqaladi. Horijiylar o'zlariga qo'shilmagan yoki ergashmagan barcha kishilarni, hatto ular musulmon bo'lsalar ham, kofir deb e'lon qilishgan. Katta gunoh qilgan musulmonlarni ham kofirga chiqarib, ularning avlodi, moli va jonini o'zlariga halol sanashgan. Ular o'z davrlarida Usmon ibn Affon (r.a.), Ali ibn Tolib (r.a.) kabi “xulofoi roshidinlar”ni ham kufrda ayblashgan. Taassufki, hozirgi kunda ham turli diniy mutassib va ekstremistik tashkilotlar yuqoridagi kabi islom ahkomlarini ko'r-ko'rona buzgan holda o'zlariga ergashmagan musulmonlarni va dunyoviy hokimiyatga nisbatan “kofir” deb asossiz hukm chiqarmoqdalar. Mutaassiblar shu yo'l orqali o'zlari muxolif sanagan odamlarning joni va moliga tajovuz qilishni, jamiyat va davlatga qarshi fitna qilishni shariat jihatidan “halol” qilib olishga, qotillik va bosqinchilik faoliyatini oqlab olishga harakat qiladi. Darhaqiqat, islom musulmon odamni kofirga chiqarishdan qaytaradi. Hanafiylik mazhabi va moturidiylik aqidasiga muvofiq, imonning sharti yakkaxudolikka til bilan iqror bo'lish, qalb bilan tasdiqlash sanaladi. Insonning imonini o'lchash imkoniyati boshqa insonda yo'q, chunki imon inson qalbida bo'ladi. Shariatga ko'ra, qalbni faqat Alloh biladi. Shunga ko'ra, musulmon odamning imoni haqidagi hukmni yolg'iz Alloh chiqaradi. Bunga mazkur hadis dalil bo'ladi: “Payg'ambar (s.a.v.): “Uch narsa iymonning aslidandir: “Laa ilaaha illallohu” degan kimsaga tegmaslik. Gunohi tufayli uni kofirga chiqarmaymiz. Amali tufayli uni Islomdan chiqarmaymiz”, dedilar”. (Sunani Abu Dovud, 2532-hadis). Imom Buxoriyning “Sahih” asaridagi bir bob “Johiliyat ishlaridan bo'lib, kufr sanalmaydigan gunohlar bobi” deb nomlangani ham musulmon inson gunoh sodir etish bilan islomdan chiqmasligiga ishora qiladi. Katta (kabira) gunoh sodir etgan mo'min kishi, “Ahli sunna val-jamoa” e'tiqodiga ko'ra, qilgan ishini halol sanamas ekan, kofir bo'lmaydi. To'rt mazhab ulamolari ittifoqiga ko'ra, katta gunoh sodir etgan shaxs do'zaxda ham abadiy qolmaydi. Musulmonni kofirga chiqarishdan kelib chiqadigan xatarlar bois Qur'on va sunnatda birovlarni kofirga chiqarishdan qaytariladi. Musulmonlarni dinsizlikda ayblash mumkin emasligi haqida Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda: “Rasululloh (s.a.v.): “Biror kishi o'z birodariga: “Ey kofir!”, – desa, bu so'z ikkalasidan biriga tegishli bo'ladi”, dedilar (ya'ni, agar kofirlikda ayblovchi haq bo'lsa, ayblanuvchi kofirligicha qoladi. Basharti haq bo'lmasa, u holda o'zi kofir bo'ladi)”, deb ta'kidlangan (Imom Buxoriy, 6103-hadis). Boshqa hadisda “Buzuq va kofir bo'lmagan odamni buzuq va kofir degan odamning o'zi kofir va buzuqdir”, deyilgan (6045-hadis). Hanafiylik mazhabida imonning sharti yakkaxudolikka til bilan iqror bo'lish (shahodat kalimasi), qalb bilan tasdiqlash hisoblanadi. Islom ta'limotiga ko'ra, gunoh sodir etgan odam, agar qilgan ishini halol deb hisoblamasa, u kofir bo'lmaydi, balki gunohkor bo'ladi. Imom Abu Hanifa o'zining “Fiqhi akbar” asarida mazkur masalaga quyidagicha hukm bergan: “Biror musulmonni qilgan gunohi sababli kofirga chiqarmaymiz, garchi u kabira gunoh bo'lsa ham, basharti uni halol deb e'tiqod qilmagan bo'lsa”. Abu Ja'far at-Tahoviyning “Al-aqidatut-tahoviya” risolasida esa “Bizning qiblamizga qarab namoz o'qiguvchilarni musulmon sanayveramiz. Shart shuki, Muhammad (s.a.v.) keltirgan barcha ma'lumotlarni e'tirof etadigan bo'lsalar”, deyilgan. Dunyo ulamolari birovni kofir deyishdan oldin bu gap o'ziga qaytishi mumkin ekanini haqida ogohlantiradilar. Chunki islomda kofir bo'lishlik bilan o'ta xatarli holatlar yuzaga keladi: u bilan turmush o'rtog'i orasidagi nikoh buziladi; bolalari uning qaramog'idan chiqadi; vafot etsa yuvilmaydi, kafanlanmaydi, janozasi o'qilmaydi, musulmonlar qabristoniga ko'milmaydi va merosdan mahrum bo'ladi; o'sha holida o'lganda do'zaxi hisoblanadi. Shu sababli ulamolar birovni kofirlikda ayblashdan o'zlarini tiyganlar hamda boshqalarni ham bunday ishdan qaytarganlar. Mashhur hanafiy alloma, “Al-bahrur roiq” nomli asar muallifi Ibn Nujaym ta'kidlagan: “Agar kofir deyish uchun to'qson to'qqizta dalil bo'lsayu, kofir demaslik uchun birgina dalil bo'lsa, to'qson to'qqizni qo'yib, o'sha bir dalilni olish kerak”. Shuningdek, ulamolar kufr haqidagi umumiy fatvoni yakka shaxslarga tatbiq qilib yuborish shariatga zid ekanini ham ta'kidlaydilar. Misol uchun, “falon toifaga mansub kishilar kofir bo'ladi” degan fatvo chiqarish xato hisoblanadi. Aslida shariatga ko'ra, yakka shaxslarga nisbatan kufr fatvosini berishdan oldin so'rab-surishtirish, aniqlash va uning o'zi bilan bahs olib borib, o'ziga tan oldirish lozim hisoblanadi. Afsuski, ayrim yoshlarimiz Internet nasl-nasabi, diniy ma'lumoti, kimga xizmat qilish noma'lum kimsalarning ta'sirida vatandoshlari, hatto yaqinlarini dindan chiqqanlikda ayblayotgani juda xatarli holatdir. Mazkur muammoning eng og'ir jihati shundan iboratki, o'z dindoshlari, yurtdoshlari va qavmi-qarindoshini kofirlikda ayblayotgan bu kabi yoshlar keyingi bosqichda “rahnamo” va “ustozlari” tomonidan go'yoki “hijrat”ga chiqish da'vosida Suriya, Afg'oniston kabi qurolli to'qnashuvlar ketayotgan o'lkalarga chorlanmoqda. Mazkur hududlarga borganlar esa begunoh odamlarni o'ldirish, bosqinchilik qilish, birovlarning uy-joyini egallab olish kabi islomda butkul harom qilingan qabih, gunohi kabira ishlarga qo'l urib, oxiroqibatda juvonmarg bo'lib ketmoqda. Ularga ergashib, beqaror hududlarga borib qolgan turmush o'rtoqlari, singil va farzandlarining ayanchli taqdirini “Mehr” operatsiyalari doirasida Vatanimizga qutqarib olib kelingan ojizalar va go'daklarning ko'z yoshlari va achchiq qismatida ko'rishimiz mumkin. Shu nuqtai-nazardan, yoshlarimizdan Internet va boshqa vositalar orqali tinch-osoyishta yashab kelayotgan musulmonlarni, ayniqsa, diniy ulamolarni kofirga chiqarib obro'sizlantirishga urinayotgan, davlat va jamiyatga qarshi fitna chiqarish, barqaror yurtni barbod qilish kabi gunoh ishlarga da'vat qilayotgan kimsalardan ogoh va ehtiyot bo'lishlari talab qilinadi.

Zangi Ota jome masjidi imom xatibi Ablakulov Luqmon

 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistonda jahon xattotlar tanlovi 26 avgustda e’lon qilinadi

25.08.2026   17747   2 min.
O‘zbekistonda jahon xattotlar tanlovi 26 avgustda e’lon qilinadi

O‘zbekistonda noyob Qur’on yaratish bo‘yicha jahon xattotlar tanlovi 26 avgust kuni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida e’lon qilinadi. Tanlov «Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar» xalqaro mediaforumi doirasida o‘tkaziladi, xabar bermoqda UzDaily.uz.

«Dunyo Qur’oni: xattotlik an’analaridan — kelajak merosi sari» loyihasini xattot va Islom sivilizatsiyasi markazi huzuridagi Xattotlik maktabi direktori Habibullo Solih taqdim etadi. Bu haqda tadbir tashkilotchisi xabar berdi.

Tanlov doirasida turli mamlakatlar va xattotlik maktablarining islomiy xattotlikdagi eng yaxshi an’analarini birlashtirgan noyob Qur’on yaratish ko‘zda tutilgan.

Tanlovning tantanali e’loni «Asrlarni birlashtiruvchi meros. Islom sivilizatsiyasining ma’naviy mazmunlari» mavzusidagi yalpi sessiyaning yakuniy qismi bo‘ladi. Sessiya 26 avgust kuni soat 09:30 dan 12:00 gacha o‘tkaziladi.

Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalarining stereotiplar va islomofobiyani yengishdagi roliga bag‘ishlangan xalqaro muhokama ham bo‘lib o‘tadi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti, Jazoir, Ummon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Iroq, Mali va O‘zbekistonning davlat tuzilmalari hamda OAV vakillari ishtirok etadi.

Forum dasturidan Qur’oniy va qo‘lyozma merosga bag‘ishlangan loyihalar ham o‘rin olgan. Ular orasida «114 Qur’on: islom olamining 114 xattotlik durdonasi», «Katta Langar Qur’oni: haqiqat va rivoyatlar» xalqaro loyihasi hamda «Sun’iy intellekt — qadimiy qo‘lyozmalarni o‘qishning raqamli kaliti» loyihasi bor.

O‘zbekistonda xattotlikni rivojlantirishga institutsional darajada ham e’tibor qaratilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Xattotlik maktabi faoliyat yuritmoqda. Maktabda suls, nasx, nasta’liq, ruq’a, devoniy va kufiy kabi an’anaviy yozuv uslublarini o‘rgatish rejalashtirilgan.

Xattotlik san’ati Samarqand viloyatidagi yangi Imom al-Buxoriy majmuasida ham namoyon etilgan. Majmua peshtoqlari va ayvonlari devorlari «Sahih al-Buxoriy»dan olingan hadislar bitilgan yozuvlar bilan bezatilgan. Majmua huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis ilmiy maktabi ham faoliyat yuritadi.

Xalqaro mediaforumning asosiy maydoni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘ladi.

Tadbirda qariyb 50 mamlakatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 ga yaqin vakili ishtirok etadi. Ular orasida mediakompaniyalar, axborot agentliklari va telekanallar rahbarlari, jurnalistlar, prodyuserlar, olimlar hamda kreativ industriya mutaxassislari bor.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari