Bugun Qozog'iston Respublikasining Olma-ota shahrida AQSh, Avstraliya, Avstriya, Rossiya, Pokiston, Ozarbayjon, Qirg'iziston, Tojikiston kabi qator xorijiy davlatlarning dinshunos olimlari va amaliyotchi mutaxassislari ishtirokida “Yangi Markaziy Osiyo uchun istiqbollar: barqaror va demokratik jamiyatni shakllantirishda dinning roli” xalqaro konferentsiyasi o'z ishini boshladi.
Tadbirda O'zbekiston musulmonlari idorasi Halqaro aloqalar bo'limi boshlig'i Shavkat Hamdamov hamda O'zbekistondagi Islom tsivilizatsiyasi markazi ilmiy xodimlari ham o'zining dolzarb mavzudagi ma'ruzalari bilan ishtirok etdi.
Konferentsiyada “Zo'ravon ekstremizm muammolari” “Milliy xavfsizlik va diniy erkinlik” “Din va fuqarolik jamiyati” “Barqaror va demokratik Markaziy Osiyo uchun siyosiy yondashuvlar” mavzularda chiqishlar qilindi. Shuningdek, ko'p millatli jamiyatda konfessiyalararo muloqotni rivojlantirish sohasida tajriba almashish, diniy erkinlik masalasida qonun ustuvorligini ta'minlash, turli din vakillari o'rtasida o'zaro ishonch va hurmatni mustahkamlash bo'yicha ilg'or amaliyot bilan tanishish yuzasidan bahs-munozaralar o'tkazildi.
Konferentsiya 8 sentyabr' kuni ham davom etib, tadbirda ilmiy-amaliy ma'ruzalar sarhisob qilinadi, e'tiqod erkinligi va dinlararo muloqotni ta'minlash masalasi bo'yicha fikr almashiladi, kelgusi hamkorlik istiqbollari belgilanadi.
Mazkur xalqaro konferentsiya jahon hamjamiyatida e'tiqod erkinligini ta'minlash, dinlararo muloqotni mustahkamlash yo'lidagi sa'y-harakatlarning yaqqol dalili bo'lib, ishtirokchi davlatlarning inson huquq va erkinligi bo'yicha xalqaro majburiyatlarga qat'iy sodiqligi, Markaziy Osiyo mintaqasining ayni yo'nalishda e'tirof etilgan umumiy standartlarni xalqaro miqyosda faol targ'ib etishga tayyorligining ifodasidir.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Shu yil 3-7 yanvar kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining 237 nafar pedagog-o‘qituvchilari uchun qisqa muddatli malaka oshirish o‘quvlari tashkil etildi.
O‘quv-mashg‘ulotlari maxsus reja va dars jadvali asosida bo‘lib o‘tdi. Darslar zamonaviy axborot texnologiyalari va interfaol uslublar yordamida o‘tildi. Unga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hududiy boshqarmalari, yurtimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan ma’ruzachilar taklif qilindi.
Malaka oshirish davomida pedagog-o‘qituvchilarning davlat va din munosabatlari, o‘quv jarayonida pedagogik texnologiyalardan unumli foydalanishda bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish, talabalar orasida mutaassiblik va radikallashuvning oldini olish, ta’lim muassasalarida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur o‘quv-mashg‘ulotlarni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikatlar taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati