6 sentyabr kuni Toshkent shahrida Saudiya Arabistonining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan tashkil qilingan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyevning qirollikka tashrifida erishilgan kelishuvlar hamda ularning ijrosi yuzasidan qo‘shimcha axborot berildi.
Tashrif davomida Qo‘shma bayonot qabul qilindi. Unda, shuningdek xalqaro vaziyat hamda Afg‘oniston, Yaman va Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha tomonlarning qarashlari ham o‘z aksini topgan. Ikki mamlakat ham Ukrainadagi nizo tinch yo‘llar bilan hal qilinishi tarafdori ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, ta’lim, sog‘liqni saqlash, havo yo‘llari va boshqa ko‘plab sohalarni qamrab olgan 14 hujjat – bitimlar, kelishuv va memorandumlar imzolandi. Tashrif arafasida ishbilarmon doiralarining uchrashuvi ham o‘tkazildi. Bu uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarning umumiy qiymati 12 milliard dollardan oshadi.
Xushxabar sifatida aytishim mumkin, Saudiya Arabistonining mashhur FlyNas kompaniyasi joriy yil 15 sentyabrdan boshlab haftada ikki marta Toshkent-Jidda reyslarini amalga oshiradi.
Kun.uz muxbiri elchidan Saudiya qirolligi ham javob tariqasida o‘zbekistonliklar uchun qisqa muddatga bo‘lsa ham vizasiz rejim joriy qilish rejasi bor yoki yo‘qligi haqida so‘radi.
«Bizda ham Turizm vazirligi tomonidan ro‘yxat tayyorlangan. Bu ro‘yxatga o‘nlab mamlakatlar kiritilgan va u muntazam ravishda yangilab boriladi. Biz ham umid qilamiz, tez orada mazkur ro‘yxatga O‘zbekiston ham kiritiladi. O‘ylaymanki, qanday ijobiy qadam qo‘yilmasin, ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni, xususan turizmni rivojlantirishga qo‘yilgan qadam bo‘ladi», – dedi Saudiya Arabistonining O‘zbekistondagi elchisi.
manba: https://kun.uz/02650011
Shu yil 3-7 yanvar kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarining 237 nafar pedagog-o‘qituvchilari uchun qisqa muddatli malaka oshirish o‘quvlari tashkil etildi.
O‘quv-mashg‘ulotlari maxsus reja va dars jadvali asosida bo‘lib o‘tdi. Darslar zamonaviy axborot texnologiyalari va interfaol uslublar yordamida o‘tildi. Unga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hududiy boshqarmalari, yurtimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan ma’ruzachilar taklif qilindi.
Malaka oshirish davomida pedagog-o‘qituvchilarning davlat va din munosabatlari, o‘quv jarayonida pedagogik texnologiyalardan unumli foydalanishda bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish, talabalar orasida mutaassiblik va radikallashuvning oldini olish, ta’lim muassasalarida ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish bo‘yicha mas’uliyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur o‘quv-mashg‘ulotlarni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga sertifikatlar taqdim etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati