Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Saudiya Arabistoni aviakompaniyasi 15 sentyabrdan haftasiga 2 marta Toshkent–Jidda reyslarini yo‘lga qo‘yadi

7.09.2022   1352   2 min.
Saudiya Arabistoni aviakompaniyasi 15 sentyabrdan haftasiga 2 marta Toshkent–Jidda reyslarini yo‘lga qo‘yadi

Saudiya Arabistoniga vizasiz kirishi mumkinlar ro‘yxatiga O‘zbekiston fuqarolari ham tez orada qo‘shilishiga umid qilamiz, dedi podshohlikning Toshkentdagi elchisi Yusuf al-Utaybiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, 15 sentyabrdan boshlab FlyNas kompaniyasi haftasiga ikki marta Toshkent–Jidda yo‘nalishida yangi aviaqatnovlarni boshlaydi.

6 sentyabr kuni Toshkent shahrida Saudiya Arabistonining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan tashkil qilingan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyevning qirollikka tashrifida erishilgan kelishuvlar hamda ularning ijrosi yuzasidan qo‘shimcha axborot berildi.

 «O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoniga tashrifini tarixiy deb atash mumkin. Bu tashrif ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifalarga yo‘l ochmoqda.

Tashrif davomida Qo‘shma bayonot qabul qilindi. Unda, shuningdek xalqaro vaziyat hamda Afg‘oniston, Yaman va Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha tomonlarning qarashlari ham o‘z aksini topgan. Ikki mamlakat ham Ukrainadagi nizo tinch yo‘llar bilan hal qilinishi tarafdori ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, ta’lim, sog‘liqni saqlash, havo yo‘llari va boshqa ko‘plab sohalarni qamrab olgan 14 hujjat – bitimlar, kelishuv va memorandumlar imzolandi. Tashrif arafasida ishbilarmon doiralarining uchrashuvi ham o‘tkazildi. Bu uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarning umumiy qiymati 12 milliard dollardan oshadi.

Xushxabar sifatida aytishim mumkin, Saudiya Arabistonining mashhur FlyNas kompaniyasi joriy yil 15 sentyabrdan boshlab haftada ikki marta Toshkent-Jidda reyslarini amalga oshiradi.

Men, shuningdek O‘zbekiston prezidenti va hukumatiga 2023 yil yanvar oyidan boshlab saudiyaliklar uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy qilayotgani uchun minnatdorchilik bildiraman. Bu turizm va xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalarning yaxshilanishiga sabab bo‘ladi», – dedi Yusuf al Utaybiy 6 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda.

Kun.uz muxbiri elchidan Saudiya qirolligi ham javob tariqasida o‘zbekistonliklar uchun qisqa muddatga bo‘lsa ham vizasiz rejim joriy qilish rejasi bor yoki yo‘qligi haqida so‘radi.

«Bizda ham Turizm vazirligi tomonidan ro‘yxat tayyorlangan. Bu ro‘yxatga o‘nlab mamlakatlar kiritilgan va u muntazam ravishda yangilab boriladi. Biz ham umid qilamiz, tez orada mazkur ro‘yxatga O‘zbekiston ham kiritiladi. O‘ylaymanki, qanday ijobiy qadam qo‘yilmasin, ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni, xususan turizmni rivojlantirishga qo‘yilgan qadam bo‘ladi», – dedi Saudiya Arabistonining O‘zbekistondagi elchisi.

 

manba: https://kun.uz/02650011

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Farzand tarbiyasiga oid 6 oyat

9.01.2025   3091   2 min.
Farzand tarbiyasiga oid 6 oyat

Luqmoni Hakim o‘z o‘g‘illariga qilgan nasihatlari Qur’oni karimda keltiriladi.


Nasihatning eng birinchisi – shikrdan qaytarish.

“Ey, o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk ulkan zulmdir” (Luqmon surasi, 13-oyat).

Shirk eng og‘ir zulm, eng qabih jaholat va eng katta gunoh sanaladi.


Nasihatning ikkinchisi – ota-onaning haqqini ado etish.

“Agar ular (ya’ni ota-onang) seni o‘zing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishga zo‘rlasalar, u holda ularga itoat etma! Ularga (garchi kofir bo‘lsalarda) dunyoda yaxshi muomalada bo‘lgin” (Luqmon surasi, 15-oyat).

Ota-ona hatto mushrik bo‘lsalar-da, ularga qo‘pol munosabatda bo‘lmaslik talab etiladi.


Nasihatning uchinchisi – Alloh oshkor maxfiy har bir narsa bilib turuvchi Zot.

“Ey, o‘g‘ilcham! Shubha yo‘qki, agar xantal (o‘simligining) urug‘idek (yaxshi yoki yomon amal qilinadigan) bo‘lsa, bas, u (amal) biror xarsang tosh ichida yo osmonlarda yoki yer ostida bo‘lsa, o‘shani ham Alloh keltirur. Zero, Alloh lutfli va ogoh zotdir” (Luqmon surasi, 16-oyat).


Nasihatning to‘rtinchisi – namoz, amri ma’ruf, nahyi munkar va sabr.

“Ey, o‘g‘ilcham! Namozni barkamol ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan (balolar)ga sabr qil!...” (Luqmon surasi, 17-oyat).


Nasihatning beshinchisi – ochiq yuzli, shirin so‘zli, tavoze’li bo‘lish, kibrlanmaslik.

“Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi, 18-oyat).


Nasihatning oltinchisi – baqir-chaqir qilmaslik.

(Yurganingda) o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir(Luqmon surasi, 19-oyat).

 

Davron NURMUHAMMAD