Keyingi 5-6 yilda masjidlarimiz chin ma'noda ma'rifat maskaniga aylandi. Oldinlari imom-xatiblarga haftada bir marta juma kuni ma'lum mavzu asosida mav'iza qilishga ruxsat berilar edi. Hozirda har kuni 5 mahal namozning istalgan vaqtida va'z-nasihat qilish imkoni bor. Bundan unumli foydalangan imom-xatiblarimiz vaqtli namozlarda jamoatga ilmiy suhbatlar qilib, aholining diniy-ma'rifiy bilimlarini mustahkamlashga va ularning barcha savollariga javob berishga harakat qilmoqda. Bu jarayonda yurtimiz bo'ylab taniqli ulamo va voiz imom-xatiblar ishtirokida kechayotgan ma'rifiy suhbatlar nihoyatda samarali kechayotir.
Bugun, 6 sentyabr' kuni yurtimizning bir guruh taniqli ulamolari Toshkent viloyatidagi masjidlarga tashrif buyurib peshin va xufton namozlarini jamoat bilan birga ado etib, mo'min-musulmonlarga ma'rifiy suhbatlar qilib berdilar. Ana shunday manfaatli mav'iza peshin namozidan so'ng "Fath” masjidida bo'lib o'tdi. Unda fazilatli ustoz Ibrohimjon domla Inomov yig'ilganlarga dolzarb mavzuda ma'ruza qilib, yig'ilganlarga keyingi yillarda diniy sohada bo'layotgan ulkan o'zgarishlar haqida ham so'zlab berdi.
Bunday ilmiy suhbat “Zangiota” masjidida ham tashkil etildi. Unda Abduqaxxor domla Yunusov jamoatga Allohning bergan har bir ne'matiga shukr qilish haqida ma'ruza qildi. Abduqaxxor domla
shukrning fazilatlari xususida so'zlar ekan inson shukr qilsa, rizqi yana ziyodalashishini ta'kidlab, bu haqda hazrati Ali roziyallohu anhu quyidagi so'zlarini o'qib berdilar: “Ne'mat shukrga, shukr esa ziyodalikka bog'langandir. Modomiki, banda shukr qilishda davom etar ekan, Alloh taolo ham ziyoda qilishda bardavom bo'ladi” (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Shukr qiluvchi kishida mehr-muruvvat, insof-diyonat, qanoat, sabr kabi axloqlar mavjud bo'ladi. Bu axloqlar esa insonni dunyo va oxirat saodatiga boshlaydi, deya ta'kidladi domla o'z ma'ruzasida.
“Abdulloh ibn Ravoxa” masjidiga tashrif buyurgan namozxonlar ham ana shunday manfaatli ilmiy suhbatdan bahramand bo'ldilar. Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasur domla Raupov yig'ilganlarga kibr, manmanlik illati va kamtarlik hislatlari haqida mav'iza qilib bunday dedilar:
– Musulmon kishi uchun odamlarni kamsitish, ularni past sanash juda yomon illat. Hatto yurish-turishda ham kibru havodan, takabburlikdan saqlanish kerak. Bu boshqalarga kibr og'ir botadi. Eng muhimi: «Albatta, Alloh hech bir mutakabbir va maqtanchoqni sevmas». Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan naql qilingan rivoyatda: «Kimning qalbida zarracha mutakabbirlik bo'lsa, Alloh uni do'zaxga yuztuban tashlaydi» deyilgan. Kibr qalbdagi xastalik bo'lib, unga mubtalo bo'lgan inson Alloh subhanahu va taoloning amrlari va nahiylarini e'tiborsiz qoldirib, haqni zoye qilishdan, odamlarni past sanashdan, ularni nazar-pisand qilmaslikdan iboratdir. Kibrlanish Alloh taologa xos xislat bo'lib, banda zinhor kibru havo qilishga munosib emas, – deya ta'kidladi domla o'z so'zida.
Bunday jonli va ta'sirli ma'ruzalar boshqa taniqli va voiz imom-xatiblar Isoqjon domla Begmatov, Hasan domla Qodirov, Zakariyo domla Hafizullayev, Nurali domla Mavlonov ishtirokida ham bo'lib o'tdi.
E'tiborlisi, bunday ilmiy suhbatlarda jamoatga yig'ilganlar o'zlarini qiziqtirgan barcha savollariga javob olish imkoniyatiga ega bo'lib, ma'rifiy bilimlarini yanada mustahkamladilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Shu yilning 12 mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov fuqarolarni qabul qilib, ularning murojaat va taklif-mulohazalarini tingladi.
Mazkur qabul jarayonida fuqarolar tomonidan bildirilgan shar’iy masalalar, masjidlar qurish, haj va umra, ishga joylashish, oilaviy munosabatlar, kitob chop etish, moddiy yordam va sohani rivojlantirishga oid masalalar atroflicha o‘rganilib, mas’ullarga qisqa muddatlarda hal etish yuzasidan topshiriq berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati