Rivoyat qilinishicha, odamzotning ko'ngliga uch narsa hech urmas, ya'ni inson 3 narsadan aslo bezor bo'lmas, doimo ardoqlar ekan. Birinchisi er uchun ayol, ayol uchun er. Chunki, ayol Odam Atoning qovurg'asidan, ya'ni bir vujuddan yaralgan. Vujudda esa oshiqcha a'zo yo'q. Hech kim biron a'zosidan voz kecholmagani kabi ayol jinsi erdan, er jinsi ayoldan ayri kecha olmas ekan. Ikkinchisiesa narsa – rizq-ro'zi, yashash omili bo'lgan non ekan. Mana necha ming-ming yillar o'tsa ham Odam Ato va Momo Havo ilk bor ta'mini tatib ko'rgan bug'doy hamon ularning avlodlari nasibasi bo'lib xizmat kilib kelayotir. Dunyodagi ne bir shirinliklar, taomlar non o'rnini bosolmasligi barchaga ayon. Bashariyat farzandi uchun uchinchi ulug' narsa bu kitobdir. Zero, Qur'ondagi dastlabki oyat «Iqra!» («O'qing!») ekanligi, ulug' Payg'ambarimiz Muhammad Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o'qishni o'rganib, Allohning so'zlaridan xabardor bo'lib, ularni xalqqa etkazgani, musulmonlar diliga singdirgani ma'lumdir.
Kitobning Muqaddasligi shundaki, odamlar u orqali fikran boyiydilar, aqlan o'sadilar, ma'nan sog'lom bo'ladilar, axloqiy kamol topadilar. Shu boisdan ham Islom dinimiz sahifalaridan asosiy o'rinni yorug' olamning gultoji – Inson, uning rizq-ro'zi Non va aql-idroki mahsuli – Kitob odobnomasi va ibratnomasining o'rin olishi bejiz emas.
Modomiki Islom dinining eng birinchi buyrug'i «O'qing!» ekan, demak Islom dini – eng avvalo ma'rifat dini ekan. «Ma'rifat» so'zi arab tilidan tarjima qilinganda «kishilarning ong-bilimini, madaniyatini oshirishga qaratilgan ta'lim-tarbiya»; «maorif» degan ma'nolarni anglatadi.
Islom dinining asosiy va Muqaddas Kitobi bo'lmish Qur'oni Karimning ettidan bir qismi faqat ilm mavzusiga doir masalalardan iboratdir.
Alloh taboraka va taolo O'zining Kalomi majidi – Qur'oni karimda va Janobi Payg'ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam hadisi shariflarida ulug'lab e'zozlagan etti toifa insonlarni har bir mo'min-musulmon kishi qadrlab, hurmat qilishi lozim:
1) ota;
2) ona;
3) ustoz (manfaatli ilm yo kasb-xunar o'rgatgan inson);
4) olim (faqat diniy yo'nalishdagina emas, balki inson uchun manfaatli barcha sohalardagi olimlar. Chunki hamma sohalarning ham egasi – Alloh taoloning O'zidir);
5) Qur'oni karimdan xabardor kishi;
6) mo'ysafid odam;
7) adolatli rahbar.
Ma'lumki, bu dunyoning rivojlanishida, insoniyatning taraqqiyot etishida ustozning o'rni beqiyos. Chunki, hammaga ma'lumki, insoniyatning eng birinchi Ustozi – bu ALLOH Taoloning o'zidir. Bunga quyidagi oyat misoldir:
“Alloh Odamga barcha yaratilgan va yaratilajak narsalarga tegishli nomlarni o'rgatdi. So'ngra ularni farishtalarga birma-bir ko'rsatib dedi: “Agar e'tirozingizda rostgo'y bo'lsangiz, ana u narsalarni nomlari bilan Menga aytib beringiz!” (Qur'oni karim Baqara surasi 31 oyat),
Musulmonlarning insonlar ichida eng buyuk ustozi – PAYG'AMBARIMIZ MUHAMMAD ALAYHISSALOMDIRLAR!
Har bir inson zoti uchun esa eng birinchi ustozi – uning OTA-ONASIDIR! Undan keyingisi esa xat qalamni o'rgatgan, oq-qorani tanitgan ustozlardir.
Shuning uchun ham har bir aql-zakovatli, fahm-farosatli odam «Ustozlar va murabbiylar» bayram kunida ham eng birinchi bo'lib o'zining doimiy peshqadamlari bo'lmish o'z ota-onasidan boshlab, ustoz va murabbiylarini ko'ngillarini shod qilib, bebaho, betakror va beqiyos duolaridan bahramand bo'lishga shoshiladi.
O'zgalarga ilm o'rgatish, ma'rifat ziyosini tarqatish, nihoyatda savobli amaldur. Bunday ma'suliyatli vazifaga mutasaddi bo'lgan insonlarning darajasi ham buyukdir. Darhaqiqat, kishida ilm o'z-o'zidan paydo bo'lib qolmaydi. Albatta, buning uchun ustoz zarurdir. Ilm va uni talab qilishning fazilati naqadar ulug' bo'lsa, ilm o'rgatish, yani ustozlik kilishining fazilati undan buyukdir.
O'qituvchi va murabbiylar ana shunday etuk mutaxassis yoshlarni tarbiyalab voyaga etkazadi. Dunyoda ming-minglab kasblar borki, ularning orasidagi buyuk kasblardan biri o'qituvchilikdir. Qur'oni Karim oyatlarida va Hadisi shariflarda ilmiga amal qiluvchi olimlar, ustozlarni hurmat, qilish, e'zozlash haqida juda ko'p ko'rsatmalar berilgan. Alloh taolo Qur'oni Karimda shunday marhamat qiladi: “Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarning darajalarini yuqoriga ko'tarur. Albatta Alloh nima qilayotganlaringizdan xabardordur”. (“Mujodala” surasi (11- oyat.)
Ushbu oyati karima tafsirida Ibi Abbos (r.a) bunday deganlar: “Olimlarning darajasi ilmsiz insonlarning darajasidan 700 daraja yuqoridir. Har bir darajaning orasi 500 yillik masofaga tengdir”.
Yangi o'quv yili ham boshlanib, farzandlarimiz ulug' va muqaddas, mashaqqatli va sersavob ish bo'lmish – ilm olishga kirishdilar. Biz, ota-onalar, farzandlarimizni ulg'ayishida, ilm olib, bilimli bo'lishlarida ko'p jihatlariga e'tibor berishni muqaddas dinimiz amr-farmon qilib buyuradi.
Muqaddas Islom dinimiz hukmlari ham, jannatmakon yurtimiz buyuk va ma'rifatparvar, ulug'vor va donishmand xalqining Qur'oni Karim va hadisi shariflarga uyg'unlashib ketgan, hatto maqollari ham insonlarni ilm-fan taraqqiyotiga, ilmli kishilarni ulug'lashga undaydi, ustozlarni hurmatlashga targ'ib etadi. Ustozning maqomini mutafakkirlarning mutafakkiri Alisher Navoiy hazratlari quyidagicha tavsiflaganlar:
“Haq yo'linda kim sanga bir harf o'rgatmish ranj ila,
Aylamoq kerak oning haqqin yuz ming ganj ila”.
Yana bir shoir «Ustoz» haqida bunday qalam tebratadi:
Kunlardan bir kuni hazrat Navoiy
Sayr aylamakni qildi ixtiyor.
Mulozimlar ila chiqdilar yo'lga
Va kichik bolaga keldilar duchor.
O'shanda Navoiy otidan tushib,
O'sha yosh bolaga qilibdi ta'zim.
Mulozimlar hayron, a'yonlari lol–
Bunday uchrashuvdan qolibdilar jim.
Bir a'yon qo'lini ko'ksiga qo'yib,
So'rabdi: «Hazratim. Bu qandayin hol?
Siz bolaga emas, balki u sizga qilib ta'zim,
Salom berishi dushvor!»
Navoiy debdiki, men ko'rgan bola
Ustozim–bolaning bobosi edi.
Olislarda qolib ketgan damlarning
Uzoqlardan kelgan sadosi edi…
Ustozim men uchun otadan ulug',
Shuningchun bolaga qildim men ta'zim.
Ustozimdan qolgan nevarasiga
Salom bermasligim–gunohu azim!
Halqimizda “Ustoz otadek ulug'!” va “Ustoz otangdan ulug'!” deb aytishlarida ham juda ko'p ma'nolar bor. Zero, bu ulug' hikmatlar elning necha ming elagidan o'tib, keyin muomalaga qo'yilgan.
Iloho o'zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Alloh taolo Qur'oni karimda buyurgan, Janob Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida tavsiya etgan, o'tganlarimizni ruxlari shod bo'ladigan, xalqimiz xursand, ota-onalarimiz rozi bo'ladigan yo'llardan yurishimizni nasib etsin!
Ibrohimjon INOMOV,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari
Otalari ularga birinchi maktubni yubordi. Lekin ular uni o‘qish uchun ochmadilar, balki har birlari maktubni peshonalariga surtib: “Bu buyuk habibimizdandir”, dedilar. Ushbu xatning ko‘rinishiga nazar qilib, uni chiroyli qutiga solib qo‘yishdi. Bolalar boshqa paytlarda maktubning changini artish uchun olishar va yana joyiga qo‘yib qo‘yishardi. Otalari oilasiga yuborgan hamma xatlarni shunday qilishdi.
Yillar o‘tdi. Ota uyga qaytdi. Lekin ulardan birgina farzand qolgandi. Ota undan so‘radi:
– Onang qayerda?
O‘g‘il dedi:
– Ular qattiq kasal bo‘ldilar. Bizda onamni davolash uchun mablag‘ topilmadi va vafot etdilar.
Ota dedi:
– Birinchi maktubimni ochmadingizmi?! Men sizlarga katta mablag‘ yuborgan edim-ku!
O‘g‘il dedi:
– Yo‘q!
Ota yana so‘radi:
– Ukang qayerda?
O‘g‘il dedi:
– Siz uning ba’zi o‘rtoqlarini tanirdingiz. Onamning o‘limidan keyin unga nasihat qiladigan va uni to‘g‘ri yo‘lga soladigan kimsa topilmadi. U do‘stlari bilan ketdi.
Ota hayratlanib dedi:
– Nima uchun?! Yomon o‘rtoqlarini tark qilib, mening oldimga kelishini yozgan maktubimni o‘qimadingizmi?
O‘g‘il javoban:
– Yo‘q, – dedi.
Ota dedi:
– La havla va la quvvata illa billah. Opang qayerda?
O‘g‘il dedi:
– Turmushga chiqish uchun maslahat so‘ragan haligi yigit bilan nikohlandi va u hozir baxtsiz yashayapti.
Ota darg‘azab bo‘lib dedi:
– Sizlarga bu yigitning obro‘si, xulqi yomonligi va bu to‘yga noroziligim haqida yozgan xatimni o‘qimadingizmi?
O‘g‘il dedi:
– Yo‘q! Biz xatlaringizni bir chiroyli qutida saqladik. Doim uni ziynatladik, peshonamizga surtdik, lekin o‘qimadik.
Bu oilaning ahvoli, uning birligi qanday tarqalib ketgani, otaning maktubini o‘qimay, undan manfaat olmay, balki uni muqaddaslab, unda yozilganlarga amal qilmay, hayotlarini qiyinlashtirganliklari haqida tafakkur qildim. So‘ng stol ustidagi chiroyli qutiga solib qo‘yilgan Qur’oni Karimga nazar soldim... Sho‘rim qurisin!
Albatta, men Allohning Maktubiga anavi bolalar otalarining xatlariga muomala qilganlari kabi munosabatda bo‘lyapman. Men Mus'hafni stolim ustiga qo‘yganman-u, lekin uni o‘qimayman, undagi narsalardan foydalanmayman ham. Axir, u butun hayotimning dasturi-ku!
Robbimga istig‘for aytdim. Mus'hafni ochdim va hech qachon uni tark etmaslikka qaror qildim.
Arab tilidan Ziyoda Mirahmatova tarjimasi