frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

ShARTNOMANI SOTISh JOIZMI?

27.12.2023   1376   4 min.
ShARTNOMANI SOTISh JOIZMI?

#shartnoma #mashina #avtosalon

❓1106-CAVOL: Bugungi kunda ba'zilar avtosalonlardan shartnoma olib, boshqasiga ma'lum bir mablag' evaziga sotmoqdalar. Shu ish joizmi?

? JAVOB: Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Yo'q, bu ish shar'an joiz emas. Chunki birinchidan, bu erda bir qarashda shartnomaning o'zi sotilayotganga o'xshab ko'ringani bilan, aslida shartnoma predmeti bo'lgan mashina savdo moli bo'lib, unga qilinadigan to'lov shartnoma egasining nomidan amalga oshiriladi va mashina ham uning nomiga chiqadi. Ya'ni sotuvchi hali qo'liga kirmagan mashinani ustiga foyda qo'yib sotadi. Bu ish esa, shar'an joiz emasdir.

Bu haqida fuqaholarimiz shunday deydilar:
( لَا بَيْعُ الْمَنْقُولِ ) أَيْ لَا يَصِحُّ لِنَهْيِهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَنْ بَيْعِ مَا لَمْ يُقْبَضْ ، وَلِأَنَّ فِيهِ غَرَرَ انْفِسَاخِ الْعَقْدِ عَلَى اعْتِبَارِ الْهَلَاكِ (البحر الرائق)
Ya'ni: “Ko'char mol-mulklarni savdosi ularni qo'lga kiritishdan oldin joiz emasdir. Zero, Payg'ambarimiz sallallohu alayhi va sallam qo'lga kiritilmagan narsaning savdosidan qaytarganlar. Chunki, bu savdoda sotilgan narsa (xaridor qo'liga etib borishidan oldin) halok bo'lishi ya'ni unga talofat etishi mumkinligi e'tiboridan, savdo kelishuvi buzilishi xavfi mavjud” ("Bahrur-roiq" kitobi).

Ikkinchidan: mashinaga to'lov qilayotgan shaxs shartnoma egasining nomidan to'lov qilgani uchun, mashina ham shartnoma egasining nomiga chiqadi va qachonki u notarial idora orqali xaridor nomiga o'tkazib bermagunicha mulk ham uning ixtiyorida bo'lib, xaridor aldanib qolish ehtimoli mavjud. Bu esa, shariatda man qilingan g'arar – aldov ustiga qurilgan savdo hisoblanadi.

Uchinchidan: aksariyat holatlarda bu kabi shartnoma sotuvchilar bir nechta shartnomani qo'lga kiritib, ularni sotishga harakat qiladi. Masalan 134 mln 294 ming so'mlik avtomashina ustiga shartnomani olib bergani uchun 1200 dollar ustama qo'yadi. Tabiiyki bu narsa avtoulov narxining oshishiga sabab bo'ladi. Sun'iy ravishda narxlarni oshirishdan Rasululloh sallallohu alayhi vasallam qaytarganlar:
عن عبد الله بن عباس قال : "نَهَى رَسولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عليه وسلَّمَ أنْ يُتَلَقَّى الرُّكْبَانُ، ولَا يَبِيعَ حَاضِرٌ لِبَادٍ. قُلتُ: يا ابْنَ عَبَّاسٍ، ما قَوْلُهُ: «لايَبِيعُ حَاضِرٌ لِبَادٍ»؟ قَالَ: لا يَكونُ له سِمْسَارًا" (رواه البخاري و مسلم).
Ya'ni: Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam karvondagi dehqonlarning yo'liga peshvoz chiqib, ularni bozorga kiritmasdan mahsulotlarini arzon sotib olib, keyin shahar aholisiga qimmat narxda sotishdan qaytardilar va “Shaharlik kishi tashqaridan kelgan odam uchun sotuvchilik qilmasin”, dedilar. Men so'radim: Ey, Abbosning o'g'li, u zotning: “Shaharlik kishi tashqaridan kelgan odam uchun sotuvchilik qilmasin” deganlarining ma'nosi nima? Shunda, u dedi: “Unga dallollik qilmasin” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Demak, ushbu hadisi sharif hukmiga ko'ra, narx-navoni sun'iy ravishda oshirishdan qaytarilgan. Bu ishda karohiyat bor.
Shularni e'tiborga olgan holda avtomashina sotib olish uchun tuzilgan shartnomani sotish shar'an nojoizdir. Vallohu a'lam.

O'zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.

MUSLIM.UZ GA ? OBUNA BO'LING (https://t.me/+PSOPDevNs2Va-wt7) ✅ VA ULASHING (https://telegram.me/share/url?url=https://t.me/muslimuzportal)?

▶️ YouTube (https://www.youtube.com/@Muslimuzz/featured) | ?Instagram (https://www.instagram.com/muslimuzportali/) | ? Facebook (https://www.facebook.com/muslimuzportal)

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Tasavvuf – go‘zal axloq

23.06.2026   2461   8 min.
Tasavvuf – go‘zal axloq

Tasavvuf ilmining ta’rifi haqida 200 dan ziyod bir biriga yaqin ma’noli fikrlar aytilgan. Shulardan, mo‘tabar va boshqa ta’riflarni o‘zida jamlovchi ba’zi bir ta’riflarni keltiraman.

Shayxul islom Zakariyo Al-Ansoriy tasavvufning ta’rifi haqida quyidagi so‘zlarni aytadilar:

التصوف: علم تعرف به أحوال تزكية النفوس، وتصفية الأخلاق وتعمير الظاهر والباطن لنيل السعادة الأبدية

Tasavvuf – abadiy saodatga erishish uchun nafsni poklash, xulqlarni musaffolashtirish,  tashqi va ichki dunyoni tuzatishni o‘rgatadigan ilmdir.

 

Tasavvufning ta’rifida ba’zilar aytadiki:

التصوف كله أخلاق، فمن زاد عليك بالأخلاق زاد عليك بالتصوف

Tasavvufning barchasi go‘zal axloqdan iborat. Kimning go‘zal xulqi sening xulqingdan ziyoda bo‘lsa, bilginki u tasavvuf jihatidan sendan ustundir.

Imom Shoziliy rahmatulloh alayh tasavvufni quyidagicha ta’riflaydilar:

التصوف: تدريب النفس على العبودية، وردها لأحكام الربوبية

Tasavvuf: Bu nafsni ubudiyat (bandalik) sifatini shakllantirishga mashq qildirish  va Robboniy hukmlarga uni topshirish.

Xulosa qilib aytganda, insonni ham ichki ham tashqi dunyosini go‘zal bo‘lishiga, shariatdan qasd qilingan komil inson darajasiga ko‘tarilishiga xizmat qiladigan asosiy ilmlardan biri bu tasavvuf desak xato bo‘lmasa kerak.

Shariatdagi buyruqlar insonga nisbattan ikki qismga bo‘linadi:

1. Zohiriy amallarga ta’luqli bo‘lgan hukmlar
2. Botiniy amallarga ta’luqli bo‘lgan hukmlar.

Boshqacha qilib aytganda insonni badani,  jismiga ta’luqli bo‘lgan hukmlar va insonni qalbiga ta’luqli bo‘lgan hukmlar.

Badanga ta’luqli bo‘lgan hukmlar buyruq va qaytariqlardan iborat. Buyruqqa misol: Namoz o‘qish, zakot berish, haj qilish va hokazo… Qaytariqlarga misol: Odam o‘ldirmaslik, zino qilmaslik, o‘g‘irlik qilmaslik, aroq ichmaslik va hokazo…

Qalbiy amallar ham xuddi shunday buyruq va qaytariqlardan iborat. Buyruqlariga misol:  Allohga, uning rasullariga, farishtalarga, kitoblariga iymon keltirish, ixlosli bo‘lish, xushu’, tavakkul va hokazo… Qaytariqqa misol:  Kufr keltirmaslik, ujub, riyo, hasad qilmaslik va hokazo…

Garchi badaniy va qalbiy hukmlarning ikkalasi ham muhim bo‘lsada qalbga ta’luqli bo‘lgan hukmlar birinchisidan ko‘ra muhimroqdir. Chunki botiniy amallar zohiriy amallarning asosi va poydevori hisoblanadi. Agar botiniy amal buzilsa zohiriy amallarning barchasi fasod bo‘ladi.

Alloh taolo “Kahf” surasining 110-oyatida: “Kim Robbisiga ro‘baro‘ kelishni umid qilsa, yaxshi amal qilsin va Robbisiga ibodat qilishda birontani sherik qilmasin”, deb marhamat qilgan.

Shuning uchun Rasululloh sollalohu alayhi vasallam sahobalarning diqqatini qalblarini isloh qilishga qaratgan edilar. Ularga: “Insonning salohiyati, qalbining salohiyati, yashirin kasalliklardan salomatligiga bog‘liq”, der edilar.

Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Nabiy alayhissalom bunday dedilar:

الا و إنَ في الجسد مضغة  إذا صلحت صلح الجسد كلَه  و إذا فسدت فسد الجسد كلَه الا و هي القلب

“Ogoh bo‘ling! Jasadda bir parcha go‘sht bor. Agar o‘sha tuzalsa jasadning barchasi tuzaladi. Agar o‘sha buzilsa jasadning barchasi buziladi. Ogoh bo‘ling! o‘sha bir parcha go‘sht qalbdir”.

Xuddi shuningdek u zot sollallohu alayhi vasallam Alloh nazar tashlaydigan joy, bu qalb ekanini uqtirganlar.

Imom Buxoriy va Imom Muslim qilgan rivoyatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam quyidagilarni marhamat qilganlar:

إنَّ اللهَ لا يَنْظُرُ إِلَى أجْسَادِكُمْ وَلا إِلَى صُوَرِكُمْ وَلكِنْ يَنْظُرُ إِلَى قُلُوبِكُمْ

“Alloh sizning jismingiz yoki suratlaringizga qaramaydi. Lekin sizning qalbingizga qaraydi”.

 Modomiki insonning salohiyati  zohiriy amallarning manbasi bo‘lgan qalbga bog‘liq ekan, uni Alloh qaytargan yomon sifatlardan tozalab isloh qilish va uni go‘zal sifatlar bilan bezash lozim ekan. Mana shu ishlarni qilsa, o‘sha qalb sohibi qalbi salim najot topuvchi kishilardan bo‘lar ekan.

Alloh taolo Shuaro surasining 88-89-oyatlarida marhamat qilib aytadiki: “U kunda molu davlat ham bola-chaqa ham foyda bermaydi. Faqatgina kimki Allohga salim qalb bilan kelsa, (o‘sha salim qalb) manfa’at beradi”.

Qalbni poklash va nafsni tarbiyalash farzi aynlarning eng muhimidir. Alloh taoloning ilohiy buyruqlari shuni taqozo qiladi. Bu haqda oyat, hadis va ulamolar so‘z yuritganlar.

Alloh taolo A’rof surasining 33-oyatida  marhamat qilib aytadi: “(Ey,Muhammad): “Robbim oshkora va yashirin yomonliklardan qaytardi”, deb aytgin”.

Va yana An’om surasining 151-oyatida marhamat qilib aytadi:

“Gunoh ishlarning oshkora va yashiriniga ham yaqinlashmanglar”.

Mufassir olimlar oyatdagi ichki, yashirin gunohdan maqsad: hasad, riyo, nifoq, deb tafsir qilganlar.

Albatta bu illatlardan qutilish va ularni oldini olish masalasini tasavvuf muolaja qiladi.

Hadisdan dalillar: Hasad, kibr, riyodan qaytaruvchi va go‘zal axloqlar bilan xulqlanishga chorlovchi barcha hadislar bizning mavzumizga hujjat bo‘la oladi.

 Hadislarning birida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Iymon yetmish nechidir shoxchadan iborat. Uning eng oliysi “Laa ilaha illalloh” kalimasi bo‘lsa, uning eng pastki darajasi, yo‘ldagi aziyatlarni olib tashlash. Hayo ham o‘sha iymonning shoxchalaridan biridir”, deganlar.

Iymonning mukammalligi shu shoxchalarning bir shaxsda to‘liq jamlanishi bilan bo‘ladi. Iymonning noqisligi esa o‘sha shoxchalarning kamayishi bilan bo‘ladi.

Tasavvuf  aynan manashu shoxchalarni insonda mujassam bo‘lishida katta rol o‘ynaydi.

Olimlarning so‘zlaridan dalil: Ulamolar, alohida tavbaga muhtoj bo‘ladigan qalbning kasallaridan bo‘lgan gunohi kabiralarni sanab chiqqanlar. Va bularning barini tasavvuf yo‘nalishida muolaja qilishini bayon qilib chiqqanlar.

 “Javharatu tavhid” asarida Shayx Bajuriy quyidagilarni aytadilar: “Yaxshilikka chaqirib, chaqimchilik, g‘iybat, kibr, riyo, hasad, tortishuv va janjalga o‘xshagan yomon ishlardan o‘zingni tiy. Albatta bular nafsning aybi hisoblanadi. Va bu dardga uchraganlarning tabibi buyuk so‘fiylar hisoblanadi”.

“Hidoyatul Alaiyya” kitobining muallifi bu haqda quydagi so‘zlarni aytadi: “Shariat ko‘rsatmalari va olimlarning ijmosi hasad, musulmonlarni tahqirlash, kibr, o‘zidan o‘zi faxrlanib ujubga ketish, riyo, nifoq va shunga o‘xshagan jirkanch ishlarning harom ekanligiga dalolat qilgach, bu ishlarning hudud va chegaralarini bilib olib, barchasidan chetlanish va uzoqlashish lozim. Buning haqiqatini esa faqatgina tasavvuf ilmi bayon qilib beradi. Demak, yuqorida keltirilgan oyat va hadisi shariflardan shu bilinadiki tasavvuf musulmonlar uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lgan, muhum yo‘nalishlardan biri ekanligi kelib chiqadi”.

 

Abdulhodiy ABDURAHMONOV,
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolar tarjima va tafsiri -Toshkent. 2009. 546 b.
2. Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Sahihul buxoriy. Bayrut: “Muassatur risolatun noshirun”. 2019. 1904 b.
3. Muslim ibn Hajjoj an-Naysaburiy. Sahihi muslim. Riyoz: “Baytul afkorud davliyya”. 1998. 1473 b.
4. Alouddin Obidin. Alhidoyatul Aloiyya. Damashq: “Dorussalom”. 2003.
5. Shoh Valiyulloh Dehlaviy. Hujjatullohil balig‘a. Karachi: “Dorut tanvir”. 1998.
6. Muhammad Ibn Is’hoq Al-Buxoriy Al-Kalaboziy. At-tarruf limazhabi ahli tasavvuf. Qohira: “Turosul arab”. 2000.
7. Shayxul islom Zakariyo al-Ansoriy. Sharhu risolatil qushayriyya. Damashiq: “Dar an-nu’mon lil ulum”. 2000. 584 b.
8. Shayx Mustafo al-Madaniy. Annusratun nabaviyya. Madina: “Dor al-hikma”. 2009.
9. Alloma Hamid Saqar. Nuru tahqiq. Qohira: “Turosul arab”. 2000.