Shukrlar bo'lsinki, bugun yurtimizdagi o'ttiz to'rt milliondan ziyodni tashkil etayotgan xalqimiz tinchlik, osoyishtalikda hayot kechirmoqda. Albatta buning asosiy negizi millatlararo totuvlik, dinlararo bag'rikenglikka borib tutashadi. Bir yuz o'ttizdan ziyod millat va elat vakillari ahil inoqlqlikda, shu yurtning ertasi uchun kamarbasta bo'lib yashayotganligi har birimizning ko'zimizlarimizni quvnatmoqda.
Shunday ekan yurtning ertasi, farzandlarimizning iqboliyu, kamolini o'ylagan har bir shaxs doimo ogoh va hushyor turishligi ham muhimdir. Dunyo sahnida insoniyat bino bo'libdiki, uning hayoti doimo bir tekisda kechmaydi. Balki turli tuman qarama qarshilik, ziddiyatlardan iboratdir. Bugun ko'pgina jamiyatlar uchun asosiy xavf-xatar milliy va diniy nizoning paydo qilinishligidir.
Muqaddas dinimizda millat ajratish johillik deb qaraladi. Islom tarixiga nazar tashlasak payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomning atrofidagi sahobalarining ichida ham turli millatga mansub kishilar bo'lganligi, u zot sollallohu alayhi vasallam doimo boshqa e'tiqod vakillari bo'lmish yahudiy, nasroniy xatto bud sanamlarga sig'inadigan qatlam bilan ham kengashib yashaganliklari ma'lum va mashhurdir.
Chunki Alloh taolo qur'oni karimda shunday xitob qilgan:
يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّا خَلَقْنَاكُمْ مِنْ ذَكَرٍ وَأُنْثَى وَجَعَلْنَاكُمْ شُعُوبًا وَقَبَائِلَ لِتَعَارَفُوا إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِنْدَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ
إِنَّ اللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٌ (سُورَةُ الحُجُرَاتِ/).13
ya'ni: “Ey insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo'ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog'ingiz taqvodorrog'ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Hujurot surasi, 13-oyat).
Diqqat bilan e'tibor bersak ushbu muborak oyati karimada Alloh taolo butun boshli insoniyatga xitob o'laroq, ularning barchasining ota-onasi bir ekanligini eslatish bilan boshlamoqda. Oyatning mazmuniga yanada teranroq nigoh tashlasak, insoniyat hayotidagi turfa xillik ularning bir birlariga talpinib, tanishib yashashliklari uchun asosiy mezon ekanligiga urg'u berilmoqda. Insonlarning turli tuman e'tiqod va millatdan iborat bo'lib yashashliklari ilohiy taqsimot bo'lib, aslo urush janjal chiqarish uchun emasligi bayon etilmoqda. Darhaqiqat ayrim tushunchasi tor kishilar fikrlaganidek hamma bir xil e'tiqod, bir xil qiyofa, bir xil so'zlashuvda yashaganda edi insoniyat hayotida mazmun qolmas edi.
Bugungi kunda er yuzining sayqali bo'lib chiroy ochib turgan Samarqand zaminiga musumon qo'mondon Qutayba ibn Muslim noananaviy uslubda kirib kelgach, Samarqand ahli o'sha davrdagi musulmonlarning peshvosi bo'lmish Damashqdagi Umar ibn Abdulazizning huzuriga adolat istab chopar yuborishadi. Vaziyatni sinchkovlik bilan o'rgangan Umar ibn Abdulaziz chopardan Qutayba ibn Muslim uchun uch kun ichida samarqandni tark etishi lozimligi to'g'risidagi maktubni berib yuboradilar. Qutayba ibn Muslim esa maktubni ochib ko'rishi bilanoq aybiga iqror bo'lib shaharni tark etadi. Avval boshda ko'zlariga yovuz dushman sifatida ko'rinib, qalblarida qo'rquv paydo bo'lgan Samarqand ahli islomning bu vakillarini yaxshi ko'ra boshlaydi. Chunki ular hayotlari davomida bu kabi samimiy, mehribon, kamtarin, hushmuomila eng asosiysi adolatli kishilarni ko'rmagan edi. Endi esa Samarqand ahli o'z ixtiyori bilan Islom dinini to'p to'p bo'lib qabul qila boshladi. Biz islomiy bag'rikenglikka oid bu kabi ko'plab jonli misollarni keltirishimiz mumkin.
Eng asosiysi bugun xalqimizga, yosh avlodga musaffo ma'rifatni keng tarqatish har birimizning muhim burchimizdir. Tarkibi buzilgan suv o'zining musaffoligini yo'qotish bilan inson tanasiga zarar etkazganidek, sof ma'rifat o'zanidan bebahralik ham ko'pgina nohush xolatlarga sabab bo'lmoqda.
Alloh taolo elimiz, yurtimizni tinch omon aylab, unda istiqomat qilayotgan barcha xalqimizni bir birlariga nisbatan mehr-oqibatini yanada ziyoda va mustahkam bo'lishini nasib etsin.
Utkir domla Umirqulov Samarqand shahar «Lahutiy» jome masjidi imom-xatibi
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati